Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:27

Afg‘onistonga AQSh kuchlari kirganidan qariyb 20 yil o‘tib tinchlik muzokaralari boshlandi


Tolibon vakillari muzokaralar uchun Qatarga keldi.
Tolibon vakillari muzokaralar uchun Qatarga keldi.

AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishiga sabab bo‘lgan terror hujumlariga yigirma yil to‘lar ekan, Tolibon va afg‘on hukumati o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlandi.

12 sentabr kuni Afg‘oniston hukumati rasmiylari, Tolibon hamda AQSh vakillari Qatar poytaxti Dohada tinchlik muzokaralari uchun bir oraga keldi.

Rasmiy Qobul yuborgan muzokarachilarga yetakchilik qilayotgan sobiq vazir Abdulla Abdulla:

«Ishonch bilan ayta olamanki, mamlakatimiz bugungi kunni urush va xalqimiz azob-uqubatlari tugagan kun o‘laroq eslab qoladi», dedi.

Muzokaralarni boshlash marosimida qatnashgan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo muzokaralar boshlangani muhim hodisa ekanligini aytdi. Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon terrorchilarga boshpana bermaslikka rozi bo‘lgan.

Bir to‘xtab, bir davom etayotgan muzokaralarni Vashington uyushtirib keladi.

Mutaxassislar dastlabki optimizmga qaramasdan, muzokaralar munozarali bo‘lishi va uzoqqa cho‘zilishi mumkinligini aytishmoqda.

BMTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Deboroy Layons:

«Muzokarachilar afg‘onlar istaydigan mamlakat haqida murakkab savollarga javob topishlari kerak bo‘ladi», dedi.

AQSh askarlarini Afg‘onistondan olib chiqadi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasida Afg‘onistondan amerikalik harbiylarni olib chiqib ketishni va’da qilgan edi. Joriy yilgi saylov arafasida Vashington Tolibon va rasmiy Qobul o‘rtasida muzokara olib borilishini qo‘llamoqda.

10 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tramp noyabr oyigacha Afg‘onistondagi AQSh harbiylari soni 4 mingni tashkil qilishini aytdi.

Amerikalik askarlarni olib chiqib ketish jarayoni kechiktirilgani tufayli muzokaralar ham kech boshlandi.

Joriy yilning 29 fevralida Tolibon bilan erishilgan kelishuv ortidan Vashington mamlakatdagi 13 ming AQSh askarni olib chiqishga rozi bo‘lgan edi.

Pompeo yaqinda Afg‘onistonda amalga oshirilgan suiqasdlar hamda vitse-prezident Amrulla Solihga qilingan suiqasd urinishi tinchlik muzokaralariga soya solganini aytdi.

Qobuldagi yevropalik diplomat Reuters agentligiga bergan intervyusida mukammal tinchlik kelishuvini imzolash muzokaralarning asosiy maqsadi ekanligini aytdi.

«Tolibon yetakchilari jangarilar Afg‘oniston harbiylari hamda oddiy fuqarolarga hujum qilishini to‘xtatishlari kerak bo‘ladi. Zo‘ravonlik muhitni buzishda davom etmoqda va muzokaralarni izdan chiqarishi mumkin», dedi ismi oshkor qilinmagan diplomat.

Afg‘onistonda ko‘pchilik Tolibon hokimiyatga kelishidan xavotirda. Ekstremistik guruh hukmronligi davrida uning a’zolari inson huquqlarini poymol qilishda va ayollarni tahqirlashda ayblangan edi. Jangari guruh hukmronligi AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari mamlakatga 2001 yilda kirganidan keyin o‘z yakuniga yetgan.

O‘sha paytda Tolibon Afg‘onistonga hukmron edi va 11 sentabr xurujlari uyushtiruvchisi Usoma bin Lodinga boshpana bergan edi.

Hokimiyatdan chetlatilgan ekstremistlar qayta birlashdi va Qobuldagi hokimiyatga qarshi kurasha boshladi. Bugungi kunda jangarilar Afg‘onistonning yirik hududlari boshqaruvini qo‘lga kiritgan.

AQSh yetakchiligidagi harbiy koalitsiya ayni damda asosan Afg‘oniston qo‘shinlari uchun harbiy mashqlar o‘tkazish va terrorizmga qarshi kurash bilan shug‘ullanmoqda.

Afg‘onistonda 2001 yildan beri 2300 dan oshiq AQSh harbiysi nobud bo‘ldi.

Tolibon muzokarachilariga Abdul Hakim Ishoqzay yetakchilik qilmoqda. Radikal qarashlarga ega imom uzoq yillar davomida Pokistonda yashagan. Tolibon yetakchilari AQSh Afg‘onistonga bostirib kirganidan beri Pokistonda yashab keladi.

Toshkentdan olqish

O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati va "Tolibon" harakati o‘rtasida inklyuziv muzokaralar boshlanganini olqishladi.

"Afg‘onlararo muloqot o‘t ochishni barqaror to‘xtatishga olib keladi va natijada mamlakatda mustahkam va uzoq muddatli tinchlikni o‘rnatish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishiga umida qilamiz", deyilgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Vazirlik, shuningdek, ''siyosiy jarayonlar faqat afg‘onlar tomonidan va Afg‘oniston xalqi rahbarligida olib borilishi lozim'', deb ta’kidlagan.

"O‘zbekiston milliy yarashuvga erishish yo‘lidagi tomonlar sa’y-harakatlari va intilishlarini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaydi hamda do‘st Afg‘oniston xalqiga barqaror va farovon davlat barpo etishda har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etadi", deyiladi vazirlik bayonotida.

Avvalroq, O‘zbekiston afg‘onlararo muzokaralarning keyingi bosqichlaridan birini Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini bildirgandi.

XS
SM
MD
LG