Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:18

Tuqqan ayolga suyunchi bergan Qirg‘iziston parlamenti spikerini saylovdan chetlatish talabi yangradi


Jo‘g‘o‘rqu Kenesh spikeri Dastan Jumabekov
Jo‘g‘o‘rqu Kenesh spikeri Dastan Jumabekov

Qirg‘iz Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 16 sentabrda bo‘lib o‘tadigan majlisi kun tartibiga komissiya a’zolaridan birining “Qirg‘iziston” partiyasi ko‘rsatgan nomzod Dastan Jumabekovni saylovdan chetlatish to‘g‘risidagi taklifi kiritilmadi.

MSK a’zosining fikricha, Jo‘g‘o‘rqu Kenesh spikeri Dastan Jumabekovning 14 sentabr kuni ko‘zi yorigan yosh ayolga suyunchi bergani ovoz sotib olishga urinishdir.

4 oktabrda bo‘lib o‘tadigan Qirg‘iziston parlamenti sayloviga mamlakatda rasmiy qayddan o‘tkazilgan 200 dan ortiq partiyadan 16 tasi qatnashmoqda.

Nomzodi Jo‘g‘o‘rqu Kenesh deputatligiga “Qirg‘iziston” partiyasidan ko‘rsatilgan Dastan Jumabekov parlamentning hozirgi spikeridir. U 14 sentabrda Talas viloyatiga qilgan safari chog‘ida chaqalog‘iga Dastan ismini qo‘ygan yosh ayolga 50 ming qirg‘iz so‘mi (taqriban $600) berayotgani aks etgan suratlar o‘sha kuniyoq ijtimoiy tarmoqlarda yashinday tarqab, qizg‘in muhokamalar obyektiga aylandi. Ertasiga suratlar tarmoqdan o‘chirildi.

Spikerning matbuot kotibi Jo‘o‘mart Maksatbekov ayolga pul berilganini Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga tasdiqlab, bunday dedi:

“Dastan Jumabekov yangi spiker ish boshlaguniga qadar Jo‘g‘o‘rqu Kenesh raisi sifatidagi vakolatlarini bajaraveradi. U Talas viloyatida spiker sifatida amaliy safarda yuribdi. O‘g‘il ko‘rgan ayol chaqalog‘iga Dastanbek Aristanbekovichning ismini qo‘ygan ekan. Shuning uchun moliyaviy yordam ko‘rsatdi”.

Parlament spikeri va ayni paytda deputatlikka nomzod Dastan Jumabekovning bu ishini muhokama qilgan qirg‘izistonliklar orasida spiker saylov oldidan ma’muriy resursdan foydalanmoqda deganlar ko‘p. Bundaylar orasida MSK a’zosi Atir Abdraxmatova ham bo‘lib, uning fikricha, spiker xizmat vakolatlarini suiiste’mol qildi hamda saylovga oid qonunlarni buzdi:

“Agar u spikerlik vakolatlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib, pulni spiker fondidan bergan bo‘lsa, bu ma’muriy resursdan foydalanishdir. Agar saylovoldi tashviqoti paytida o‘z cho‘ntagidan bergan bo‘lsa, bu holatda ovoz sotib olish deb hisoblayman”.

Atir Abdraxmatova
Atir Abdraxmatova

Atir Abdraxmatova spikerning bu harakati uchun MSKga “Qirg‘iziston” partiyasi mas’uliyatini ko‘rib chiqish va Dastan Jumabekovni saylovdan chetlatish masalasini ko‘rib chiqishni 15 sentabrda taklif qildi va shu kuniyoq taklifi o‘tmaganini Feysbukdagi sahifasida xabar qildi.

Buning ortidan Jo‘g‘o‘rqu Kenesh matbuot xizmati spiker ayolga pulni oilasi nomidan suyunchi sifatida berdi, degan mazmunda bayonot tarqatdi.

4 oktabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oldidan tashviqot kampaniyasi 4 sentabrda boshlangan va MSK deputatlikka nomzodlar xayriya ishlari bilan shug‘allanmasligi, saylovchilarga pul tarqatmasligi kerakligi to‘g‘risida rasman ogohlantirgan. Qirg‘iziston qonunlariga ko‘ra, saylovoldi kampaniyasi davomida kimgadir berilgan moddiy yordam ovoz sotib olish sifatida malakalanadi.

Fuqarolik jamiyati vakillari tuqqan ayolga davlat tomonidan hozir berilayotgan bir martalik yordam puli - 4 ming so‘mni ($50) 50 ming so‘mga ($600) yetkazish “Qirg‘iziston” partiyasining saylov oldidagi asosiy chaqiriqlaridan biri ekanligiga e’tibor qaratmoqda. Partiya nomzodi Dastan Jumabekov talaslik ayolga aynan shuncha aqcha berdi.

Spiker Dastanbek Jumabekov Talasda ko‘zi yorigan ayolga suyunchi berayotgan paytda olingan surat. Ijtimoiy tarmoqlarda 14 sentabrda e’lon qilinib, keyin o‘chirilgan.
Spiker Dastanbek Jumabekov Talasda ko‘zi yorigan ayolga suyunchi berayotgan paytda olingan surat. Ijtimoiy tarmoqlarda 14 sentabrda e’lon qilinib, keyin o‘chirilgan.

Qirg‘iz Respublikasi parlamenti – 120 o‘rinli Jo‘g‘o‘rqu Keneshga navbatdagi saylov 4 oktabrda bo‘lib o‘tadi. Saylovda hammasi bo‘lib 16 siyosiy partiya ishtirok etmoqda. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, parlament saylovi partiyaviy ro‘yxatlar asosida bo‘lib o‘tadi. Ya’ni saylovchilar nomzodlar uchun emas, partiyalar uchun ovoz beradi. Saylov natijalariga ko‘ra, partiyalar olgan ovozlariga mutanosib tarzda parlamentdan o‘rin oladi. Saylovga qatnashganlarning kamida 7 foyizi ovozini ololmagan partiya yutqazgan partiya hisoblanadi va unga parlamentdan joy tegmaydi.

XS
SM
MD
LG