Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:30

YeI Belarusga qarshi sanksiyalar borasida kelishuvga erishishga urinmoqda


Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Jozep Borrel Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashadi
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Jozep Borrel Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashadi

21 - sentabr kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Bryusselda Belarusga qarshi sanksiya joriy qilish masalasida yuzaga kelgan kelishmovchilikka yechim topishga urinadi.

Shu kuni Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning Bryusselda YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel hamda blokka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralari rejalangan.

YeI uch hafta oldin Belarusda 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalari soxtalashtirilishi va namoyishchilarga qarshi keskin choralarga aloqador rasmiylarga nisbatan sanksiya joriy qilinishini e’lon qilgan edi.

YeI Minsk hukumatiga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini tuzgan, ammo Kipr unga e’tiroz bildirgan. Kipr Belarusga sanksiya joriy qilishdan oldin O‘rta Yer dengizida tabiiy gaz qazib olish masalasida Turkiya bilan kelib chiqqan kelishmovchilikni hal qilishni talab qilmoqda.

Belarusda amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlar olti haftadan beri tinmayapti. 20 - sentabr kuni mamlakat politsiyasi norozilik aksiyasiga chiqqan yuzlab odamni hibsga oldi.

17 - sentabr kuni Yevropa parlamenti noyabr oyida Lukashenkoning joriy muddati tugashi ortidan uni Belarus prezidenti o‘laroq tan olmaslik haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi.

Belarus muxolifati va g‘arb davlatlari saylov natijalari soxtalashtirilganini aytib keladi.

21 sentabr kuni Litva, Polsha va Ruminiya prezidentlari YeIdan Belarus uchun yordam dasturi tayyorlashni so‘rashlarini bildirdilar. Taklif qilinayotgan dastur Minskka YeI bilan qulay savdo rejimi o‘rnatish, vizasiz sayohat hamda Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish yo‘lidagi yordamni nazarda tutadi.

Uch davlat prezidentlari e’lon qilgan bildirishda «Xalqaro hamjamiyatni Yevropa Ittifoqi hamda a’zo davlatlarga Belarus uchun ijobiy kun tartibini hozirlash va mamlakatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘tish jarayonini dastaklashga doir choralar paketini tuzishda ko‘maklashishga chorlaymiz», deyiladi.

YeI unga a’zo barcha 27 davlat rozi bo‘lsigina sanksiya joriy qila oladi.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyaen 16 - sentabr kuni so‘zlagan nutqida har bir mamlakatda veto huquqi bo‘lgani uchun YeI siyosati qo‘li bog‘lanib qolganidan afsus bildirgan.

YeI Kipr va Gretsiyaning O‘rta Yer dengizida Turkiya ko‘rayotgan choralar noqonuniy ekani haqidagi iddaolarini qo‘llayotgan bo‘lsa-da, Germaniya Afina va Anqara o‘rtasida diplomatik yechim topishga urinmoqda.

Germaniya rasmiylari Turkiyaga qarshi sanksiya joriy qilish Anqarani qo‘zg‘ab, Suriya va Liviyadagi mojarolarga yechim topishni mushkullashtirishini aytmoqdalar.

Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, Belarusga qarshi sanktsiyalar masalasi bugun yechilmasa, ushbu masala 24-25 - sentabrga belgilangan YeI sammitida qayta ko‘rib chiqiladi.

XS
SM
MD
LG