Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:22

OzodTa'sir: MIB ijrochilari oldida o‘zini yoqqan namanganlik ayolning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochildi


Gulandom Dedabayevaning o‘zini yoqishiga IIB va MIB xodimlari qarshilik ko‘rsatmagan.
Gulandom Dedabayevaning o‘zini yoqishiga IIB va MIB xodimlari qarshilik ko‘rsatmagan.

Ozodlikda e’lon qilinganidan bir kun o‘tib, Namangan shahar prokuraturasi MIB xodimlari ko‘zi o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘ygan 35 yashar Gulandom Dedabayevaning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochgan.

29 - sentabr kuni sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan dastlabki tergov jarayoni boshlangani haqida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Telegram kanalida xabar berdi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi JKning 103-moddasi(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Bosh prokuratura xabarida shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha sudga oid tibbiy, sudga oid yong‘in texnikaviy va boshqa zaruriy ekspertizalar tayinlangani ma’lum qilinadi.

Xabarda aytilishicha, MIB Namangan shahar bo‘limi davlat ijrochisi va Namangan shahar IIO‘ FMB 2-sonli IIB HPG TP profilaktika inspektori harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

МИБ ходимлари уйидан мажбурлаб чиқармоқчи бўлган наманганлик аёл ўзига ўт қўйиб ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:30 0:00

"Tomoshabinlar jazoga tortilsin!"

Ozodlik 1 - oktabr kuni Namangan shahar, Istiqbol MFYda istiqomat qilgan 35 yashar yolg‘iz ayol Gulandom Dedabayeva 29 - sentabr kuni o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi 103-moddasining 1-qismi:

“Moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaram bo‘lmagan shaxsga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish, — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Marhuma Gulandom Dedabayeva 29 - sentabr kuni uni qonuniy sotib olgan uyidan sudning qarori bilan majburan chiqarishga kelgan Namangan shahar MIB va IIB xodimlariga bir yarim soat davomida norozilik bildirgan, o‘ziga o‘t yoqishidan 13 minut avval ustiga bir baklajka benzinni quyib yuborgan va MIB xodimi unga yaqinlashgan paytda o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan edi.

Marhuma onasi 58 yashar Muhabbat Dedabayevaning iddao qilishicha, MIB xodimi “baribir yoqolmaysan” deb, unga yaqinlashgan paytda achchiq ustida qizi o‘t yondirgichni ko‘kragiga olib borib, yondirib yuborgan.

2 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan Muhabbat Dedabayevaning aytishicha, fojiadan uch kun o‘tgan bo‘lsa ham, na hokimlik, na MIB, na IIB, na prokuraturadan “nega bunday bo‘ldi” deb, hech kim so‘rab kelmagan:

“Hech kim kelmadi. Gulday qizim haqiqat istab o‘lib ketdi. Bittasi ham xabar olmadi, nima bo‘ldi o‘zi, deb so‘ramadi. Faqat bugun shahar prokuraturasidan kimdir telefon qilib, ko‘rsatma bergani prokuraturaga kelib ketmaysizmi, deb so‘radi. Men o‘zim qanday ahvoldayu, qanday boraman, o‘zlaring kelib so‘ramaysizlarmi, dedim. Kecha sizlar xabar bergandan keyin bugun oltita O‘zbekiston telekanallaridan jurnalistlar keldi. Hammasiga bor narsani aytib berdim, lekin ular mening gaplarimni chiqarishadimi yoki yo‘qmi, buni bilmayman. Ikkita yetim bilan o‘zim qoldim. Bu masalani adolatli hal qilib, qizimning o‘zini yoqishigacha olib borgan va bunga tomoshabin bo‘lib turgan MIB, IIB, mahalla mulozimlarini javobgarlikka tortishni talab qilaman”.

Muhabbat Dedabayeva Ozodlikka janjalli uy haqida yana ikkita hujjat taqdim qildi.

Birinchi hujjat, unga uy sotgan Fotima Nasriddinova bilan davlat notariusi tasdiqlagan “Turar joy oldi-sotdi shartnomasi”

Turar joy oldi-sotdi shartnomasi
Turar joy oldi-sotdi shartnomasi

Bu shartnomada sotiladigan uyning kadastr raqami ham ko‘rsatilgan.

Ikkinchi hujjat Fotima Nasriddinovaga ana shu janjal bo‘layotgan yerda uy qurishga, uni sotishga, uning qarindoshi Ahmat Djurayevdan berilgan uch yillik ishonchnoma.

Fotima Nasriddinovaga berilgan ishonchnoma
Fotima Nasriddinovaga berilgan ishonchnoma

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan sudida Ahmat Djurayev bu ishonchnomani notarius uning ishtirokisiz tuzgani haqida ko‘rsatma bergan.

Fotima Nasriddinova ana shu qalbaki ishonchnoma asosida uyni Muhabbat Dedabayevaga sotgani aytiladi.

Muhabbat Dedabayeva soxta ishonchnoma tuzgan notariusni ham javobgarlikka tortishni talab qiladi.

Ozodlik voqea rivojini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG