Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:30

Pandemiya avjida SESning minglab xodimi ishdan bo‘shatilishini kutmoqda


Sanitariya-epideomiologiya osoyishtalik agentligi xodimi - iyul, 2020 -yil
Sanitariya-epideomiologiya osoyishtalik agentligi xodimi - iyul, 2020 -yil

O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologiya xizmatining 20 mingdan ortiq xodimi ishdan bo‘shatilishi haqidagi ogohlantiruv ijrosini kutmoqda.

Shu yilning 25 - iyulida prezident Mirziyoyev 15 mingdan ortiq xodimi bo‘lgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (SEOA) hamda 4 yarim mingdan ortiq xodimi bo‘lgan Sanitariya-epidemiologiya nazorati (SEN) davlat inspeksiyasini tugatish haqidagi farmonni imzolagandi.

(SES - Sanitariya-epidemiologiya xizmati bu ikki tuzilma uchun mas’ul davlat boshqaruv organi hisoblanadi - tahr.)

Biri Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana biri Vazirlar Mahkamasi qoshida bo‘lgan ushbu ikki tashkilot xodimlarining yangi (eski) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tarkibida ish boshlashi aytilgan, biroq bu tashkilotga 17554 ta shtat berilgan, xolos.

Ozodlik suhbatlashgan soha mutaxassislari, shu tariqa bir yilda ikkinchi marta qayta tashkil etilayotgan tuzilmaning jami 12 mingga yaqin xodimi ayni pandemiya kuchaygan bir pallada ishidan ayrilgani, ularning aksariyati xorijga ishga ketayotganini aytmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining markaziy apparatida ishlaydigan mas’ul shu yilning 18 - avgustida ishdan bo‘shashi haqida ogohlantiruv xati olganini aytadi.

“Istalgan vaqtda ishdan bo‘shashim mumkinligi haqida 18 - avgust kuni ogohlantiruv xati berishgan menga. 1 - sentabrdan yangi Sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX) ish boshlaydi, deyishgandi. Mana oktabr keldiyam shu masala havoda osilib turibdi. Minglab xodim yugurib yuribdi, qisqartirishga men tushib qolmay, deb. Lekin markaziy apparatda, boshqarmalardagi ko‘pchilik xodimlar ishdan bo‘shab ham ketdi”.

Uning aytishicha, SEOA tizimida 17 mingdan ortiq xodim bor, SEN davlat inspeksiyasi tizimida esa, 4 yarim ming atrofida.

“Yangi xizmatda katta shtat qisqarishi bo‘lmaydi, deyishgan. Lekin, prezident farmonni imzolaganidan beri ikki yarim oycha vaqt o‘tdi, haliyam yangi xizmat uchun shtat jadvali tasdiqlanmadi”, - dedi SEOA tuzilmasining ismini oshkor etmaslikni so‘ragan mas’ul xodimi.

SES xodimlari Telergam guruhlarida tarqalgan, yangi tuzilma ish shtatiga oid hujjat qoralamasi (qoralama 8 - oktabr kuni Ozodlikka kelib tushdi)
SES xodimlari Telergam guruhlarida tarqalgan, yangi tuzilma ish shtatiga oid hujjat qoralamasi (qoralama 8 - oktabr kuni Ozodlikka kelib tushdi)

Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tarkibidagi bo‘limlardan birining xodimi ham avgust oyida ogohlantirilgani, yangi tuzilmaga ishga o‘tkazilishini kutayotganini aytdi.

“Ikki oy ogohlantiruv muddati o‘tishi kerak ekan, qonunchilik bo‘yicha. 15 -oktabrgacha kutasizlar, keyin hal bo‘ladi deyishgan, kutyapmiz. Kuni kecha Bahodir Yusupaliyev rasman tasdiqlandi, balki endi bir o‘zgarish bo‘lib qolar. Men 20 yildan beri shu sohadaman, sanitar vrachman. Bo‘shatishmas, deb umid qilyapman”, - dedi xorazmlik mutaxassis.

Shu yilning 25 - iyulida prezident Sh. Mirziyoyev «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi yangi farmonni imzolagan.

Farmonda Sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX) tashkil qilinishi, SEOA va SEN davlat inspeksiyasi tugatilishi aytilgan.

SES xodimlari Telergam guruhlarida tarqalgan, yangi tuzilma ish shtatiga oid hujjat qoralamasi (qoralama 8 - oktabr kuni Ozodlikka kelib tushdi)
SES xodimlari Telergam guruhlarida tarqalgan, yangi tuzilma ish shtatiga oid hujjat qoralamasi (qoralama 8 - oktabr kuni Ozodlikka kelib tushdi)

Vaholanki, SEX tizimi avval mavjud edi va 2019 - yilning sentabrida prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan ikkiga bo‘lingan edi.

Xorazmlik vrachga ko‘ra, ikki tashkilot xodimlari o‘tgan 9 oy davomida bir ishni bajarib kelgan.

“Masalan, davlat tashkilotlari, maktablar yoki bog‘chaga SEOA dan borgan xodim sanitariyani tekshirib ko‘rsatma berardi. Keyin SENdan odam borib, yana tekshirib jarima berib kelardi. Bitta ishni qilib keldik shu paytgacha. Bu davlat byudjeti uchun katta harajat bo‘ldi aslida, ikkisini birlashtirgani to‘g‘ri bo‘ldi, chunki ajratgani aslida noto‘g‘ri bo‘lgan”, - deydi shifokor.

SEOA agentligidagi mas’ul xodim esa, pandemiya paytida noto‘g‘ri bo‘lingan bu ikki struktura ishi butkul izdan chiqqani, natijada sohaning anchagina mutaxassisi ishini tashlab ketganini aytadi.

“Juda ko‘p rus tilida ish yurita oladigan, 15 yildan ortiq tajribasi bo‘lgan epidemiolog, epidemiolog vrach yordamchisi, vrach dezinfeksionist, parazitolog, entomolog, ximik, biolog, injener, radiolog, toksikolog, bakteriolog, immunolog – shunaqa mutaxassislarimiz Rossiya, Qozog‘istonga ketib qolishdi. Pandemiya boshlanganidan keyin bo‘limlar, sohalar, 10 dan ortiq laboratoriya ishi falaj bo‘lib qoldi. Chunki laborantlarning ko‘pchiligi Virusologiya instituti va klinikasiga ishga o‘tib ketishdi, hamma Kovid bilan ovora”.

Bu xodim, Sanitariya xizmati 9 oy avval ikkiga bo‘lingan kezda sohadagi minglab o‘rta va kichik tibbiy xodimlar shtati ham qisqartirib yuborilganini eslatdi.

Natijada, shu yilning mart oyidan boshlangan pandemiya paytida, SEOA hududiy bo‘linmalarida oddiy dezinfektorlar ham topilmay qoldi.

“Ajratilganda agentlikka 17000, inspeksiyaga 4000 shtat berilgan. 7000 odam ishdan bo‘shatilgan. Bir yil ichida ikkita reforma, ikki marta qisqartirish va umumiy hisobda-12 ming mutaxassis ko‘chada. Hozir oddiy dezinfektor ham mutaxassis bo‘lib qoldi. Karantin paytida 25 mingdan ortiq soha bo‘yicha bilimsiz, tajribasiz odamlar Mehnat birjasidan jalb qilinib, ularga millardlab pul to‘landi. Avval parchalash, yana qo‘shish, pandemiya davrida 10 minglab tayyor kadrni ko‘chaga olib chiqib qo‘yish, g‘irt savodsiz shaxslarga sohani berishning oqibatlarini tushunmaydimi bular?!”? deydi SEOA markaziy tuzilmasidagi mas’ul xodim.

Epidemiolog vrachlarga ko‘ra, hozir COVID-19 dan boshqa yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq vaziyat "o‘ta ayanchli".

"Qizamiq, OITS, quturish, gepatitlar, qoqshol va boshqa infeksiyalar bilan ishlash, kalendar emlash sohalari butunlay izdan chiqqan hozir. Ovqatdan zaharlanish, guruhli kasallanish, shifoxona ichi infeksiyalarni gapirmasam ham bo‘ladi. Markaziy apparatda epidemiologiya sohasini biladigan mutaxassis kadr 2-3 nafargina. Yangi rahbar SSVdan keldi, o‘zining komandasi bilan. Aloqa vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, SSVda ishlagan travmatolog, pediatr, buxgalter, kassir – kadrlar hujjatini ko‘tarishsa, ko‘rishadi. Eng qizig‘i, xizmatni barbod qilib, yana o‘z holiga qaytishi, o‘rtada tizim butunlay izdan chiqishi, kadrlar ketishi, umuman bu xaosga sababchilar jazo olarmikin? Chunki jabrini odamlar tortyapti hozir!”, deydi asli kasbi epidemiolog bo‘lgan SEOA mas’uli.

Ozodlik o‘tgan yili sanitariya sohasining 10 mingdan ortiq xodimi ishdan bo‘shatilgani, bu tashkilotga berilayotgan mablag‘ ham kesilganini yoritgandi.

2019 - yil 1 - yanvarida boshlangan qisqartirish jarayoni 2020 - yilning 1 - yanvarida yakuniga yetgan.

Sohada ishlagan ko‘plab o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari, sanitar vrach yordamchisi va laborantlar ishsiz qolganliklaridan arz qilib, videomurojaatlar yo‘llashgan.

Ozodlik tizimdagi ahvolni yaqindan kuzatishda davom etadi.

Agar siz soha mutaxassisi bo‘lsangiz yoki tizimdagi o‘zgarishlar sizga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, biz bilan bog‘laning.

Messenjer va imeyl
+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

ozodcomments@gmail.com

uzbekweb@rferl.org

skype: OzodSkype; OzodOvoz; OzodlikOnline

XS
SM
MD
LG