Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:23

Tarbiyalanuvchilari jinsiy zo‘rlangan Marg‘ilondagi yetimxona yopilmoqda


Marg‘ilon shahridagi 1-son Mehribonlik uyi
Marg‘ilon shahridagi 1-son Mehribonlik uyi

Tarbiyalanuvchilarni jinsiy zo‘rlash, homilador bo‘lib qolgan qizlarni bolasini tushirishga majburlash va xayriya mablag‘larini talon-toroj qilish singari mojarolar markazida qolgan Marg‘ilondagi 1-sonli Mehribonlik uyi yopilishga tushgan.

Mehribonlik uyining ismi oshkor etilishini istamagan rahbar xodimlaridan biri Ozodlikka bu haqda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i chiqqanini aytdi.

Unga ko‘ra, buyruq asosida yarim yetimlarni oilasiga qaytarish, chin yetimlarni esa, Qo‘qondagi Mehribonlik uyiga ko‘chirish boshlangan.

Farg‘ona viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Marg‘ilondagi 1-sonli Mehribonlik uyi yopilayotganini Ozodlikka tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu ishga qarovsiz qolgan bolalarni tarbiyalashning shakl va metodlarini takomillashtirish maqsadida qo‘l urilmoqda".

Ikki yil avval Marg‘ilondagi Mehribonlik uyida himoyasiz voyaga yetmagan qizlar fohishalikka majburlangani va ulardan jinsiy xizmat ko‘rsatishda foydalanilgani bilan bog‘liq jinoyat o‘rtaga chiqqach, yetimxona rahbari dohil o‘ndan ziyod xodim o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanib, javobgarlikka tortilgan edi.

Mehribonlik uyining ismi oshkor etilishini istamagan yangi rahbar xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, endilikda ushbu muassasa yopilishga tushgan.

U yerdagi 117 nafar tarbiyalanuvchining taqdiri esa muallaq qolmoqda.

"Ikki yil oldingi o‘sha voqea qora tamg‘a bo‘lib qoldi-da baribir, shunga Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i chiqqan, yopishyapti. Ellik nafar yarim yetim bor, bizda. Otasi bor onasi yo‘q, yoki teskarisi. Shularni oilalarga chiqarish masalasini ko‘ryapmiz. Ular esa bolasini olgisi yo‘q. 23 chin yetim bor, ularni Qo‘qondagi yetimxonaga o‘tkazamiz, desak u yerda joy yo‘q. Yana kam ta’minlanganlar, nogironligi borlarning farzandlari ham bor, ularning taqdiri ham muallaq bo‘lib turibdi", - deydi Mehribonlik uyi rahbar xodimlaridan biri.

Marg‘ilondagi Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchisi Shermuhammad Dehqonov yetimxonaning yopilishi o‘nlab bolani davlat imtiyozlaridan mahrum qilib, ko‘chaga uloqtirishi mumkinligidan tashvish bildiradi.

"Qo‘qonda ikkita yetimxona bor edi. Bittasi yopildiyu tarbiyalanuvchilari bozorda isiriq tutatib yurganini ko‘rganmiz. Hozir bilishimcha, Marg‘ilondagi yetimxonani yopib, bolalarni oilalarga tarqatib yuborishmoqchi, binoni maktab yoki kasalxona qilishmoqchi. Mening o‘zim shu yetimxonada 1-sinfdaligimdan tarbiyalanganman. O‘zbekistonda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi qator imtiyozlarga ega. Kvartira beriladi, umumiy balldan 36 olsa, byudjetga o‘qishga qabul qilinadi. Mening o‘zim ham hozir studentman. Hozir bu bolalar bu yerdan chiqib ketsa imtiyozsiz qoladi, kvartira ham ololmaydi, o‘qishga ham kirolmaydi, ko‘chada qoladi", - deydi Shermuhammad Dehqonov.

Farg‘ona viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining Mehribonlik uylari bo‘yicha mas’ul xodimi Vosit Karimov Marg‘ilondagi 1-son Mehribonlik uyi yopilayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Mulozim bu yopilishga ikki yil avval yetimxonada yuz bergan voqealarning aloqasi yo‘qligini aytdi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qarovsiz qolgan bolalarni tarbiyalashning shakl va metodlarini takomillashtirish maqsadida 2008 yilda qabul qilingan 104-son qaroriga muvofiq bu ishga qo‘l urilyapti.

"Qabul qilingan yangi nizomga ko‘ra, bizda bu yog‘iga Mehribonlik uylari bo‘lmaydi. Bolalarni iloji boricha oilasiga qaytaramiz. Umuman, ota-onasi bo‘lmagan bolalar uchun Qo‘qonda "Bolalar shaharchasi" tashkil etiladi. U yerda bolalar alohida oilalarga bo‘lingan holda, alohida uylarda yashashadi. Hamma bola bir joyda yotib-turadigan yetimxona degan tushuncha bo‘lmaydi bizda. Ertaga qiynalmasin, "yetimxonadan chiqqan" degan tushuncha bilan yashamasin, deb shu ish qilinyapti", - deydi Vosit Karimov.

Ammo Marg‘ilondagi Mehribonlik uyining yopilish sanasi, Vosit Karimovga ko‘ra, aniq emas.

"Oilalarga qaytarish choralari ko‘rilyapti. Lekin bu Mehribonlik uyi erta yoki indinga yopiladi, degani emas", - dedi Karimov.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi nogironlik uylari, maktab hamda bog‘chalarda bolalar kaltaklangani, ayrim bog‘chalar tungi islovotxonaga aylantirilgani hollari o‘rtaga chiqdi.

Zo‘rlash va tahqirlashlar

Marg‘ilondagi 1-son Mehribonlik uyida eng shov-shuvli voqea 2018 - yilda sodir bo‘ldi.

2018 - yilning boshida ushbu yetimxonada himoyasiz bolalar tahqirlangani, zo‘rlangani va homilador qizchalar bolasini tushirishga majburlangani, yetimlarga hukumat va xalqaro tashkilotlar tarafidan ajratilgan xayriya mablag‘lari talon-toroj qilingani holatlari yuzasidan jinoyat ishi ochilib, jami 16 shaxs o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblandi.

Mehribonlik uyi rahbari hamda muovini, hisobchisi va o‘ndan ziyod tarbiyachi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 115-moddasi (ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash) 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) singari ja’mi 10 ga yaqin moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 yildan 10 yilgacha muddatga qamaldi.

O‘zbekiston ta’lim-tarbiya maskanlarida bunday qonunbuzarliklar faqat Marg‘ilondagi Mehribonlik uyida fosh etilgani yo‘q.

Marg‘ilondagi hodisadan oldin Ozodlik Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bolalar bog‘chalarida tungi paytlarda qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash faoliyati yuritganlik holatlari aks etgan videotasvirlarni e’lon qilgan edi.

Videolavhada Surxondaryoning Denov, Angor va Termiz shaharlaridagi bog‘chalarning kechqurunlari fohishaxonaga aylangani aks etgan.

Боғча: Кундузи қийноқхона, кечаси ишратхона
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:26 0:00

2016 - yil noyabr oyida xavfsizlik kamerasiga tushib qolgan tasvirlarda bog‘cha qorovullari bolalar dam oladigan xonani pul evaziga jinsiy xizmat ko‘rsatadigan ayollarga bergani ko‘rinadi.

Videotasvirlar Ozodlikda e’lon qilingach, bog‘cha rahbarlari lavozimidan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

XS
SM
MD
LG