Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:22

Rossiya Tergov qo‘mitasi o‘zbekistonlik er-xotinning "qullikda ushlab turilgani"ni tekshirmoqda


Zafarbekning so‘zlariga ko‘ra, u va ayoli "Alternativa"ga murojaat qilmagan
Zafarbekning so‘zlariga ko‘ra, u va ayoli "Alternativa"ga murojaat qilmagan

Rossiya Tergov qo‘mitasi Yoqutistonda o‘zbekistonlik er-xotinning qullikda ushlab turilgani borasida internetda paydo bo‘lgan xabarlar yuzasidan tekshiruv boshlagan. Qullikka qarshi kurashuvchi “Alternativa” tashkiloti Zafarbek R. va uning ayoli asli qirg‘izistonlikka tegishli bo‘lgan “Aziya” kafesida 2015 - yildan buyon majburan ushlab turilganini iddao qilgan edi.

Ammo kafe egasi va "jabrlanuvchi" Zafarbekning o‘zi Rossiya ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan xabar haqiqatdan yiroq ekani va vaziyat boshqacha tus olgani to‘g‘risida gapirmoqda.

Tergov qo‘mitasi: Xabar tekshirilmoqda

Yoqutiston huquq-tartibot organlari ikki nafar O‘zbekiston fuqarosining mehnat qulligida ushlab turilgani to‘g‘risida internetda paydo bo‘lgan ma’lumot ustidan protsessual tekshiruv boshlaganini e’lon qildi.

Mintaqa Tergov qo‘mitasi boshqarmasi xabariga ko‘ra, er-xotin bo‘lgan o‘zbeklar Megino-Kangalas tumanidagi Nijniy Bestyax qo‘rg‘onidagi kafeda mahalliy jamoatchilik harakati tomonidan qulliqdan ozod qilingan.

Xabar qilinishicha, er-xotindan hujjatlari tortib olingan, ular kaltaklangan, kafe binosidan tashqariga chiqarilmagan, shuningdek ularga ish haqi berilmagan. Tergovchilar e’lon qilingan ma’lumotlarning haqiqiyligini tekshirishadi va ular o‘z tasdig‘ini topsa, noqonuniy amallarga aloqador shaxslar xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi”, deyiladi Tergov qo‘mitasi rasmiy xabarnomasida.

Ozodlik Yoqutistonda sodir bo‘lgan bu hodisa to‘g‘risidagi ma’lumot Rossiyada qullikka qarshi kurashuvchi “Alternativa” ko‘ngillilar harakati rasmiy saytida paydo bo‘lganini aniqladi.

“Alternativa”: O‘zbekistonlik er-xotin 2015 - yildan buyon qullikda ushlab turilgan

Qullikka qarshi tashkilotning 2020 - yilning 23 - oktabridagi xabarida aytilishicha, o‘zbekistonliklar ushlab turilgan “Aziya” kafesi Nijniy Bestyax qo‘rg‘onida joylashgan va u Mirzoxid K. ismli shaxsga tegishlidir.

“Alternativa” qullikda bo‘lgani iddao qilinayotgan Zafarbek R.ning intervyusini e’lon qildi. Unda o‘zbek muhojiri xotini bilan birga 2015 - yildan buyon maoshsiz ishlatilgani, ammo uni ishlatgan shaxs ustidan politsiyaga arz qilmoqchi emasligini gapiradi.

Zafarbek birinchi marotaba 2015 - yilda bir tanishi ortidan Yakutskka kelib qolgani, kafe egasi hujjatlarini tortib olgani, qattiq kaltaklagani va haq to‘lamasdan ushlab turilganini aytadi. U kafe o‘zi va xotiniga 135 ming berishi kerakligini ham gapiradi.

Videoda Zafarbek “Alternativa” ko‘ngillilari uning va turmush o‘rtog‘ining hujjatlarini kafe egasi Mirzohiddan olib bergani va O‘zbekistonga ketishga bilet ham sovg‘a qilganini ma’lum qiladi.

Bu video ortidan Rossiya ommaviy axborot vositalarida "Yoqutistonda o‘zbekistonlik er-xotin qullikdan ozod etildi" sarlavhasi ostida xabar va maqolalar paydo bo‘ldi.

“Alternativa” tashkiloti Zafarbek R.va uning xotini 22 - oktabr kuni ozod etilgani va Mirzohid K. ustidan politsiyaga ariza yozganini e’lon qildi.

Zafarbek: Meni hech kim qullikda ushlamagan, urmagan!

Biroq Mirzohid ismli tadbirkor Ozodlik suhbatda “Alternativa” tarqatgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.

U Zafarbek haqida mahalliy matbuotda tarqatilayotgan ma’lumotlardan hayratga tushganini aytadi.

- Men ancha yildan beri shu yerda tadbirkorlik qilaman. Birinchidan, men u kafeni egasiman - uni boshqa odamlar arendaga olib ishlatadi. Ikkinchidan, Zafar 2015 -yildan beri bir necha marta Qirg‘izistonga Aravonga borib kelgan, chunki uni nikohidagi ayol o‘sha yerdan, meni hamqishlog‘im. Qanaqasiga men u ayolni qullikda ushlashim mumkin?! Tergovchilar tekshirsin - pasporti yo‘q bo‘lsa qanday Qirg‘izistonga bir necha marta borib keladi? "Alternativa" tekshirmasdan birov gapirgan gapni haqiqat deb tarqataverar ekanda! To‘g‘risi, bu tuhmatlar menga ham juda salbiy ta’sir qildi. O‘zbeklar nomiga ham isnod keltirdi bu gaplar.

Mirzohid politsiya va tergovchilar tekshiruv o‘tkazib, hech qanday jinoyat alomatlari aniqlanmagani to‘g‘risida xulosa chiqarganini bildirdi. U na Zafarbek na boshqa odamdan tergovchilarga shikoyat tushganini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Aziya” kafesi Nijniy Bestyaxni respublika markazi Yakutsk bilan bog‘lab turuvchi yagona trassa bo‘yidagi gavjum joyda joylashgan va Yoqutistonning eng yirik transport markazi hamdir.

Suhbatdosh 5,5 ming aholisi bor Nijniy Bestyaxda joylashgan bu o‘zbek kafesi xodimlari ham so‘roq qilinganini aytdi.

Ozodlik aniqlashicha, Zafarbek bugunda Blagoveshchenskda oshpazlik qilmoqda. 40 yashar O‘zbekiston grajdani bo‘lgan Zafarbek R.da Rossiyada 2023 - yilgacha vaqtinchalik yashash guvohnomasi bor, u Nijniy Bestyaxda oshpaz bo‘lgan va nikohida bo‘lgan bir ayol bilan yashab kelgan.

Ozodlik Zafarbek bilan ham telefon orqali bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi.

- Men 2013 - yildan u kafeda yaxshi ishlab kelganman, 8 yil davomida. Hech kim aslida meni urmagan, oyliklarimni vaqtida olib kelardim. Ish joyimga qanaqadir xodimlar kelib, olib ketishdi, nima bo‘lganini tushunmadim. Avvaliga organ xodimlari deb o‘ylabman "Alternativadan" kelganlarni. Ular meni go‘yo kimdir Bestyaxda qul sifatida ishlatgani to‘g‘risida xabar topibdi. Ikkitasi o‘sha kuni kelib, “Seni bu yerdan olib ketamiz, keyin tushuntiramiz”, deyishdi va meni mehmonxonaga olib ketishdi. O‘sha yerda savol-javob qilishdi va nima deyishni o‘rgatishdi, - deydi unga hech kim tahdid qilmagani va yordam so‘rab hech kimga arz qilmaganini aytgan Zafarbek.

O‘zbek muhojiri hodisaning bu tarzda tus olishiga O‘zbekistondagi birinchi turmush o‘rtog‘i bilan bo‘lgan tortishuv sabab bo‘lganini aytadi.

- Aslida “Alternativa"ga O‘zbekistondan meni birinchi xotinim murojaat qilgan ekan. Men u bilan yashamayman va o‘sha kuni ozgina tortishib qoldik telefonda. “Nega kelmayapsan?”, dedi. Jahl ustida “Meni qul qilib ushlab turishibdi, pulimni bermay, bormayman uyga!” degan edim. Birinchi xotinim O‘zbekistonda prokuraturaga ariza yozibdi, u yerdan elchixona murojaat qilibdi va boshlanib ketdi. Ozgina tushunmovchilik orqasidan shuncha gap! Men tinchgina ishlamoqchiman, meni shaxsiy hayotimga aralashishlarini istamayman, charchatvorishdi, - dedi Zafarbek.

Saxa (Yoqutiston) Tergov qo‘mitasi boshqarmasi bu murojaatnoma yuzasidan surishtiruv davom etayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG