Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:29

2020: Qafasdan chiqishga uringan so‘z erkinligi


Pandemiya cheklovlari, jurnalistlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erkinligi uchun jiddiy sinov bo‘ldi
Pandemiya cheklovlari, jurnalistlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erkinligi uchun jiddiy sinov bo‘ldi

2020 - yilda O‘zbekiston matbuoti ziddiyatli jarayonlarni boshdan o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev matbuotga erkinlik berish zarurligi, mansabdorlar OAV bilan hamkorlik qilishi va ularning savollariga javob berish haqida baland minbarlarda bot-bot aytib turgan bo‘lsa ham, ijtimoiy voqealarni yoritgan nashrlar va blogerlar AOKA tomonidan ketma-ket ogohlantirishlar oldi.

Aholining gaz va svet muammosini yoritgan xususiy telekanallarga bu mavzuda faqat rasmiy nuqtai nazar bilan cheklanish topshirig‘i berildi.

2020 - yil davomida o‘zbek OAVlari shu kabi voqealar – prezidentning erkin matbuotni qo‘llab-quvvatlashi va prezident administratsiyasi huzuridagi AOKAning esa jurnalist va blogerlarni jilovlab turish urinishlari manzarasida kechdi.

AQShdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said o‘zbek matbuotining 2020 - yildagi o‘zgarishlarini ikki qismga bo‘ladi:

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said

“So‘z erkinligi borasidagi 2020 - yilgi vaziyatni o‘tgan yilga qiyoslasak, albatta O‘zbekistonda bir qancha ijobiy qadamlar haqida gapirish mumkin. Lekin O‘zbekiston OAV to‘liq ravishda Karimov davridagi qafasdan chiqib keta olmadi. Hali ham erkin so‘zga, erkin fikrlarga davlat rasmiylari toqatsizlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Ijobiy tomoni shundaki, agar 2019 - yilda jurnalist va bloger qamoqqa olingan bo‘lsa, 2020 - yilda bunday holat kuzatilmadi. Biz bu haqda o‘zimizning yillik hisobotimizda ham aytib o‘tganmiz. O‘zbekiston hozir aynan kasbiy faoliyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan jurnalistlar yo‘q. Va yana yaxshi bir ijobiy qadam. Tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosi berish Jinoyat kodeksidan olib tashlandi”.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:57 0:00
Бевосита линк

Gulnoza Said fikricha, ayni paytda “yolg‘on xabar” uchun jurnalistlarning yana jazoga tortilishi haqidagi yangi qonun erkin so‘zga bo‘lgan harakatni tushovlab qo‘yadi:

“Bu ko‘pgina postsovet davlatlarida kuzatilayotgan tendensiyaning bir qismi. Masalan, Tojikistonda ham shunday qilinganini ko‘rdik. O‘zbekiston so‘z erkinligi sari qadam qo‘yar ekan, qonunlarda bunday moddalar bo‘lmasligi kerak”.

O‘tgan bir yil davomida jurnalistlar va blogerlarning tanqidiy maqolalariga O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi(AOKA) munosabat bildirib, ularni ogohlantirgani ijtimoiy tarmoqlarda keng bahsu munozaralarga sabab bo‘ldi.

AOKA 2020 - yilning 15 - mart kuni Telegram tarmog‘idagi kanallarga ogohlantiruv xatlarini yo‘llashni boshladi.

Ogohlantiruvda ma’lum bir postda yolg‘on ma’lumot aniqlangani, kanal ma’muriyati bu postni olib tashlamasa, Jinoyat kodeksining 244-1 moddasiga​ binoan javobgarlikka tortilishi aytilgan.

Bundan biroz muqaddam AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov yolg‘on va uydirma ma’lumot tarqatganlar 5 yilgacha qamalishi mumkinligini eslatgan edi.

Joriy yilning 1 - avgustida “Mening yurtim”( MY5) telekanalining “Ochiqchasiga gaplashamiz" ko‘rsatuvi efir vaqtida uzib qo‘yildi.

Buning ortidan kanal Bosh direktori Qobuljon Ahmedov ishdan ketdi. Ahmedov “o‘z ixtiyori bilan ishdan ketgani”ni bildirishiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda uning iste’fosi “efirdan uzilgan ko‘rsatuv”ga bog‘landi.

Ogohlantirish xati.
Ogohlantirish xati.

Ozodlikka yetib kelgan rasmiy hujjat - “Ogohlantirish xati” ushbu taxminlarga aniqlik kiritdi.

AOKA direktori Asadjon Xodjayev Kun.uz nashrini aholining gaz-svet muammosi yoritilgan maqolasi uchun "noxolislik"da ayblagan va "jiddiy huquqiy oqibatlar"dan 23 - noyabr kuni ogohlantirdi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Gulnoza Said fikricha, bu senzuradan boshqa narsa emas:

“Hukumat tomonidan jurnalistlarga ko‘rsatilayotgan bosim senzura hisoblanadi. Men bu haqda ilgari ham ko‘p aytganman, AOKA kabi tashkilotlarga esa aslida hojat yo‘q. Jurnalistlar qonunga rioya qilib faoliyat yuritishlari kerak. Bu agentlik hozir OAV yo‘lidagi to‘siqqa aylanyapti. Agar bu agentlik tuzilgan bo‘lsa, uning vazifasi jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yordam berishi kerak. AOKA rahbarining qator OAV va blogerlarni ogohlantirgani mutlaqo agentlik maqsadlariga zid”.

"So‘z erkinligi sovg‘a qilib berilmaydi!"

2020 - yilda O‘zbekistonda blogerlik faoliyati kuchaygani kuzatildi, Facebook, Telegram, YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar rasmiylarning vakolati doirasidan chiqqani, hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarni haqorat qilishi, gaz va chiroq tanqisligi kabi muammolar haqida tinimsiz xabar bera boshladi.

O‘zbekistonlik bloger va jurnalist Zafar Solijonovning aytishicha, qalam ahli o‘zidagi qo‘rquvni yenga olishi kerak:

O‘zbekistonlik bloger va jurnalist Zafar Solijonov.
O‘zbekistonlik bloger va jurnalist Zafar Solijonov.

“AOKAning mahalliy nashrlarga ogohlantirishi bu yangi narsa emas, avvaldan bor edi. O‘zimga kelsak, men gaz temasi bo‘ladimi, chiroqmi materiallarni berib turibman. Ortiqcha bosim bo‘lgani yo‘q, hozircha. Tanqid ham qilyapmiz, kerak bo‘lsa davlat rahbari siyosatini tanqid qilyapmiz. So‘z erkinligi o‘z-o‘zidan berib qo‘yilmaydi, jurnalistlar ham tushunish kerak shu narsani. Masalan ZO”R TVning jurnalistlariga shunaqa bosim bo‘ldi, nega o‘zlari chiqib gapirmaydi? Kun.uz birinchi bo‘lib yozdi, keyin qolganlar yozdi. Kimdir boshida lokomotiv bo‘lib, keyin boshqalar ergashishi kerakmi? Bunaqada so‘z erkinligi tatimaydi, mard bo‘lsa chiqsin gapirsin. Bizga ham keldi xabar, masalan, qaysi bir jurnalistni ishdan bo‘shatibdi, degan xabar. Lekin o‘zi chiqib gapirmasa biz qanday qilib uni yoritishimiz mumkin? O‘zi qo‘rqsa, o‘zi-o‘zini tsenzuralasa? Kim aytdi bularga so‘z erkinligi sovg‘a qilib beriladi, deb? Berilmaydi, kurashib olinadi! Harakat qilib o‘zlari ham kurashsin, nolib yashagandan mard bo‘lib yashagan yaxshi emasmi?”

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:12 0:00
Бевосита линк

"Blogerlarning himoyachisi yo‘q!"

Ammo ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik blogerlardan biri Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan muntazam bosim bo‘layotganini Ozodlikka aytdi:

“Bizga ogohlantirish xati yozib o‘tirishmaydi, to‘g‘ri ichkariga olib kirib “tarbiyaviy” dars o‘tadi. Mening o‘zimni uch marta chaqirishdi. Uni yozma, buni yozma, siyosatga aralashma, oqibati voy bo‘ladi, deydi. Jurnalistning egasi bor, ortida u ishlaydigan nashr turadi. Bloger esa etim, ijtimoiy tarmoqdan boshqa hech kim himoya qilolmaydi. Mana, shu yil andijonlik bloger Otabek Nuriddinov davlat byudjetidagi o‘marishlarni yozgani uchun 15 sutka qamalib chiqdi, so‘xlik bloger Haydarjon Bobohaydarov ham noroziliklarni yoritgani uchun qamab qo‘yishdi, keyin jamoatchilik ta’sirida ozod qilishdi. So‘z erkinligi yo‘q emas, bor. Lekin doim hadik bor. Har bir postni yozganimdan keyin yurak hovuchlab turaman, kechqurun kelib olib ketmasmikin, ertaga chaqirmasmikin, deb”.

Hukumat nashri "Xalq so‘zi" gazetasida ishlagan jurnalist Umid Soriyevning aytishicha, sohavi matbuotda ancha jonlanish kuzatilgan, ammo hukumat nashrlari hamon Karimov davri bilan yashamoqda:

O‘zbekistonlik jurnalist Umid Soriyev.
O‘zbekistonlik jurnalist Umid Soriyev.

"Masalan, "Jamiyat", "Oila va jamiyat", "Ishonch" kabi gazetalarda "tirik" maqolalar paydo bo‘lyapti. Hukumat va partiya nashrlari esa o‘sha eski qolipda turibdi. prezident aytgani bilan, tashkilot va korxonalardan ma’lumot olish juda murakkab. Oddiy bir ma’lumotni kunlab kutasiz, o‘z tajribamdan chiqib aytyapman. Bu bevosita o‘sha korxona va tashkilot rahbarlarida huquqiy ongning yetishmasligi bilan bog‘liq. Prezident ochiq bo‘l, oshkora bo‘l deyapti, lekin teskarisi bo‘lyapti. Mana bugun prezident yana bir bor shunday rahbarlarni tanqid qildi. Qani ko‘ramiz, 2021 - yilda qanday o‘zgarish bo‘lar ekan".

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:51 0:00
Бевосита линк

29 - dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan murojaatida yana bir bor eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlarning OAVga munosabatini tanqid qildi:

“Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.

Biz o‘tgan to‘rt yil davomida jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib boryapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularni ish uslubini o‘zgartirish va mas’uliyatini oshirishga majbur qilmoqda”.

XS
SM
MD
LG