Qozog‘istonning qator shaharlarida uch kundan beri keng ko‘lamli norozilik namoyishlari davom etmoqda. Aholi dastlab suyultirilgan gaz narxi bir yarim baravardan ortiq – 70 tangadan 120 tangaga qimmatlashgani tufayli ko‘chalarga chiqqan edi, biroq keyinchalik ularning talablari tobora siyosiylashdi.
Namoyishchilar korrupsiya va oshna-og‘aynigarchilikka barham berishga, zavod-fabrikalar qurishga va ishsizlikni kamaytirishga chaqirishmoqda. Odamlar, shuningdek, “Chol, ket!” deya hayqirmoqdalar: sobiq prezident Nursulton Nazarboyevga qaratilgan ushbu xitob mitinglarda yangraydi. Yana bir necha kishi “Nazarboyevlarsiz!” deb yozilgan banner bilan ko‘chaga chiqishdi.
Politsiya namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va yorug‘lik-shovqin granatalarini qo‘llamoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Olmaota, Chimkent va Nur-Sultonda 200 nafarga yaqin kishi qo‘lga olingan.
Qozog‘iston rahbariyati norozilikni yumshatish maqsadida dastlab gaz narxini ikki baravardan ziyod – bir litr uchun 50 tanga miqdorga tushirdi. Keyinroq namoyishchilarning eng katta siyosiy talabi bajarildi – prezident mamlakat hukumatini iste’foga chiqardi.
Qasim-Jomart Toqayev millatga murojaat qilib, namoyish ishtirokchilarini “jamiyat barqarorligi va birligiga putur yetkazishdan manfaatdor buzg‘unchi kuchlar fitnalariga uchmaslik”ka chaqirdi.
“Yoshlarga qarata shuni aytamanki, hayot yo‘lingizga zarar yetkazmang, yaqinlaringizning hayotini zaharlamang. Sizning barcha qonuniy iltimos va talablaringiz inobatga olinadi va zarur qarorlar qabul qilinadi”, dedi Toqaev o‘z murojaatida.
To‘rtinchi yanvar kuni Qozog‘istonda internet ishlashida uzilishlar kuzatila boshlandi: mamlakatda ommaviy norozilik bo‘layotgan paytda hukumat hamisha shu chorani qo‘llaydi.
“Liberti” fondi rahbari Galim Ageleulov “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga bergan intervyusida Qozog‘istonda gaz keskin qimmatlashgani ortida mamlakatning hukmron elitasi, eng avvalo birinchi prezident Nursulton Nazarboyev oilasi manfaatlari yotganini urg‘uladi. Biroq kovid bilan bog‘liq ikki yillik iqtisodiy inqiroz holdan toydirgan iste’molchilar gaz uchun buncha haq to‘lay olishmaydi, buni xohlamaydilar ham. Hokimiyat ularni eshitmayotganini anglagach, ular yoppasiga ko‘chalarga chiqishdi: norozilik neft-gaz konlari joylashgan g‘arbiy mintaqada boshlanib, bir necha kun ichida boshqa hududlarga ham yoyildi.
“Qozog‘iston xalqi avtoritar boshqaruvdan charchagan: bu rejim fuqarolik jamiyati bilan hisoblashmaydi, fuqarolarning mamlakat boshqaruvida ishtirok etish huquqidan foydalanishiga qo‘ymaydi. Avtoritarizm har qanday fuqaroviy tashabbuslarni bo‘g‘adi. Chunki amaldagi hokimiyatga fuqaroviy millat kerak emas. Ularga neft shirkatlarida ishlab, elitaga xizmat qiluvchi qaram tobelar kerak xolos”, deydi Galim Ageleulov.
Siyosatshunos fikricha, gazni aholiga arzon narxlarda sotishga Qozog‘istonning bemalol qurbi yetadi.
“Mamlakatda neft va gazni Nursulton Nazarboyev oilasi – sobiq prezidentning o‘rtancha qizining eri Timur Quliboyev hamda Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘aning muhtamal turmush o‘rtog‘i Qayrat Sharipboyevlar orqali nazorat qiladi”, urg‘ulaydi Ageleulov.
Ekspert taxmin qilishicha, Sharipboyev va Quliboyevlar nazoratidagi shirkatlar Qozog‘istonda qazib olingan gazni Rossiyaning Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga naqd pulga sotayotgani tufayli mamlakatning o‘zida gaz iste’molchilar uchun qimmatlashgan.
Ageleulov gazni bu tariqa sotishdan Qozog‘iston g‘aznasiga soliq to‘lanmasligini ta’kidlaydi.
“Gap 750-850 million dollar haqida bormoqda, bu to‘g‘rida prezident Nazarboyevning nabirasi ham gapirgan edi. Qozog‘iston gazi sotilishi hisobiga byudjetga tushishi lozim bo‘lgan ushbu mablag‘lar boshqalarning cho‘ntagiga kiradi”, izoh beradi ekspert.
Siyosatshunos Qozog‘istondagi hozirgi norozilik harakatining yaqqol yetakchisi yo‘qligini urg‘ularkan, shunga qaramay ko‘plab shaharlarda namoyishchilar uyushqoqlik bilan harakat qilishayotganini aytadi.
Mutaxassis fikricha, Toqayev va boshqa hokimiyat vakillari nechog‘li iddao qilishmasin, namoyishchilarning kayfiyatiga tashqaridan hech kim ta’sir etayotgani yo‘q.
“Harakat faollarini o‘sha paytdayoq hibs qilishgan edi, chunonchi Atirauda aholi orasida obro‘ qozongan Maks Bokayev qo‘lga olindi. Biroq Janao‘zenda yaqqol yetakchi yo‘q, u yerda odamlar jamoaviy harakat qilishmoqda, biron kishini yetakchi qilib saylashmadi, chunki buning ortidan qatag‘onlar bo‘lishini bilishadi. Albatta, o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida Qozog‘iston hukumati ommani ortidan ergashtira oladigan qatlamni izchil ravishda yo‘q qilib keldi: men siyosiy islohotlar va jamiyatni demokratlashtirish haqida baralla so‘zlay oladigan ilg‘or kishilarni nazarda tutyapman”, deydi Galim Ageleulov.
Janao‘zenda norozilik aksiyasi 2 - yanvar kuni boshlangan edi, unga mahalliy aholidan yuzlab kishi keldi. Mitingchilar tunni shahar maydonida o‘tkazishdi, 3 - yanvarda esa to‘planganlar soni mingdan oshdi. Janao‘zendagi norozilik harakatini qo‘llab-quvvatlab Aqtau, Aqto‘be, Uralsk, Taroz, Chimkent, Ko‘kshetau va Nur-Sulton shaharlarida ham odamlar ko‘chalarga chiqishdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta mitinglar Aqtau shahrida bo‘lmoqda: u yerda 16 ming kishi namoyishga chiqqan. Janao‘zendagi namoyishchilar soni 10 ming kishiga yaqin. Aqtauliklar maydonga chodir va o‘tovlar tikib olishgan. Shaharga qo‘shni hududlar, jumladan Aqto‘be va Uralskdan odamlar kelmoqda.