Aleksey Navalniy jamoasi o‘zining eng mashhur – Putinning Gelenjik yaqinidagi saroyiga bag‘ishlangan surishtiruviga bir yil to‘lishi munosabati bilan ushbu saroyning haqiqiy interyer tasvirlari deya ishonilayotgan fotosuratlarni e’lon qildi.
Youtube’da 100 milliondan ortiq kishi tomosha qilgan “Putinning saroyi. Eng katta pora tarixi” filmida bino ichki bezaklari 3D-vizuallashtirish ko‘rinishida namoyish qilingandi. Bu ayrim foydalanuvchilarda saroy ichi chindan ham shunaqa ko‘rinishda ekanligiga shubha uyg‘otdi.
“Bugun biz masalaga uzil-kesil oydinlik kiritamiz. Saroyning haqiqatda bor yoki yo‘qligi, ichki va tashqi ko‘rinishi, u yerda nimalar borligi va nimalar bo‘lganiga doir har qanday shubha-gumonlarni tarqatib yuboramiz. Biz sizga yuzlab asl fotosuratlarni ko‘rsatamiz”, deyiladi Navalniy jamoasining yangi materialida.
Interyer fototasvirlarining aksari bir yil oldin e’lon qilingan vizuallashtirilgan suratlarga o‘xshash bo‘lib, mayda-chuyda tafovutlargina seziladi, xususan, surishtiruvchilar qayd etishicha, tilla suvi bilan hallangan buyum va bezaklar aslida ko‘proq ekanligi aniqlangan. Bundan tashqari, Navalniy jamoasi “xususiy striptiz-klub” deb hisoblayotgan xona suratlari ham e’lon qilingan.
Mualliflar fotosuratlarni quruvchilar jo‘natganini aytishmoqda. Ularning haqiqiyligi nima bilan tasdiqlanishiga aniqlik kiritilmagan. Aftidan, bu fotosuratlar avvalroq olingan, chunki Navalniy filmi chiqqan o‘tgan yilning yanvar oyida “saroy”ning barcha interyerlari buzib tashlangan va bino ichkarisida ta’mirlash ishlari bo‘layotgan edi.
Navalniy jamoasi “Putinning saroyi” deganda Qora dengiz bo‘yida, Gelenjik yaqinida joylashgan katta mulkni nazarda tutadi. Ta’kidlanishicha, ushbu “saroy” asosiy binosi qurilishi va ta’mirining o‘ziga 100 mlrd rubl sarflangan.
“Saroy” haqidagi film Navalniy hibsga olinishidan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi. Muxolifatchining qo‘lga olinishi va mazkur surishtiruv natijasi o‘laroq Rossiyaning ko‘plab shaharlarida ommaviy norozilik aksiyalari o‘tkazildi. Hokimiyat bunga Navalniy safdoshlarini ta’qib etish, tuzilmalarini ekstremistik tashkilotlar “qora ro‘yxati”ga tirkash va taqiqlash bilan javob berdi. Surishtiruv mualliflari hozirda chet elda istiqomat qilishadi.
Film dunyo yuzini ko‘rganidan so‘ng Vladimir Putin “saroy” unga tegishli emasligini, u yerda hech qachon bo‘lmaganini aytdi. Putin chindan ham u yerda yashagani yoki biron marta bo‘lganining bevosita dalili surishtiruvda yo‘q, biroq hujjatlar “saroy”ga prezidentning eng yaqin odamlari aloqadorligini ko‘rsatmoqda. Film e’lon qilinganidan so‘ng o‘zini binoning mulkdori deb iddao qilib chiqqan tadbirkor Arkadiy Rotenberg Vladimir Putinning ko‘p yillik do‘stidir. Ayni chog‘da, Navalniy jamoasi uqtirishicha, mol-mulk hujjatlarida bino sohibi Rotenberg yoki uning tuzilmalari ekanligi ko‘rsatilmagan.