Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:40

“Qo‘y boqib yurgan o‘g‘limni terrorchiga chiqarishdi”. Yanvar voqealari bo‘yicha qamoqqa olinganlarning ota-onalari hikoyasi


Yanvar oyida Chimkentda qo‘lga olinganlarning ota-onalari Qozog‘iston xalqiga va mamlakat prezidentiga murojaat qilishmoqda. Ular o‘z o‘g‘illarini himoya qilishni so‘rashyapti. Odamlar tergovning adolat qilishiga ishonmay, har bir jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishayotir.

Al Forobiy tumani prokuraturasi binosi hamda Chimkentdagi 167/11-sonli tergov hibsxonasi oldida yana odamlar to‘planishmoqda. Ular ikki oy muddatga qamalgan yigitlarning ota-onalaridir.

Ozodlikning qozoq xizmati suhbatlashgan ota-onalar o‘z o‘g‘illari turli holatlarda ushlangan bo‘lsa-da, ularning barchasi bir xilda – “Terrorchilik” (Qozog‘iston JKning 255-moddasi), “Hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish” (350-modda), “O‘zgalar mulkini qasddan nobud qilish yoki shikastlash” (202-modda), “Bezorilik” (293-modda), “Qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini noqonuniy sotib olish, birovga berish, sotish, saqlash yoki olib yurish” (287-modda) hamda “O‘g‘rilik” (188-modda) kabi olti modda bilan ayblanayotganini aytishdi.

“Telefonidan 4 - yanvar kuni tinch mitingda olingan videoni topishdi”

Aygul Tleubergenova, gumonlanuvchi Saulet Maueshning onasi

– Saulet 19 yoshda, u talaba. Yoqilg‘i quyish shoxobchasida ishlardi. U 4 - yanvar kuni oqshom taxminan 20.00 larda uydan chiqib ketuvdi. Oradan qancha o‘tganini bilmayman, bir mahal katta o‘g‘lim qo‘ng‘iroq qilib, Saulet namoyishlar bo‘layotgan maydonda ekanini aytdi. Bu gapdan keyin darhol unga telefon qildim. Yarim kechaga yaqin uni shahar akimati qarshisidagi favvora yonidan topdim va uyga boshlab keldim. U paytda to‘polonlar yo‘q edi. Shundan keyin u hech qayerga bormadi.

12 - yanvar kuni kechqurun Sauletni sut olib kelgani yubordim. U ko‘chada o‘rtoqlarini uchratib qolibdi va uch kishi mashina yuvgani ketishibdi. Qaytishayotganida ularni harbiylar to‘xtatishibdi. Bunaqa vaziyatga ilgari sira tushishmagani sababli ular qo‘rqib, qochib ketishibdi. Janatalap qishlog‘iga kiraverishda ularni politsiya ushlagan. Narigi ikki yigitni qarindoshlari olib ketishgan, o‘g‘limni esa politsiya olib ketgan, go‘yo uni hech kim qidirmaydigandek.

Saulet Mauesh.
Saulet Mauesh.

Kechasi (komendantlik soati boshlanganda) Saulet qo‘ng‘iroq qilib, “Mening shaxsimni tasdiqlovchi hujjatlarni Al Forobiy tumani politsiyasiga olib keling”, dedi. Yuragim titrab ketdi. Tashqarida yomg‘ir yog‘moqda edi. Chimkent chekkasidagi Janatalap qishlog‘i yonidan o‘tgan yo‘lda mashina to‘xtatdim, u meni Kommunizm mikrotumaniga eltib qo‘ydi. U yerdan sakkiz chaqirimni yayov bosib o‘tib, Hamza tumaniga yetdim. Yig‘idan nafasim bo‘g‘ilar, yurishga majolim qolmagandi. Bir svetofor yonida mashina chirog‘ini ko‘rdimu yo‘l o‘rtasiga chiqib, turib oldim. Haydovchidan “meni o‘g‘limning yoniga eltib qo‘y”, deya yolvordim. Tungi soat ikkilarda mashina meni shahar markazidagi Al Forobiy tumani politsiya boshqarmasiga yetkazdi.

Yo‘lakda Saulet bilan bir-ikki og‘iz gaplashishga muvaffaq bo‘ldim. O‘g‘lim uni uch kishi so‘roq qilayotganini, advokati yo‘qligini, telefonini tortib olishganini aytdi. Telefonidan 4 - yanvar kuni tinch mitingda olingan videoni topishibdi. Umumiy chatda u do‘stlariga: “Mang‘istau bilan Atirau mitingga chiqyapti. Kelinglar, biz ham chiqaylik. Biz ham xalqmiz”, deb yozgan ekan.

Tergovchilar “o‘g‘ling mitingga borgan, unda ishtirok etgan”, deyishyapti. To‘s-to‘polon boshlanmasidan o‘g‘limni uyga boshlab kelganimni aytgan edim, ishonishmadi. Sauletni 11 soat ushlab turib, ertasiga choshgoh vaqtlarida prokuraturaga olib borishgan. Abay tumani prokuraturasi uni salkam yetti soat so‘roqqa tutgan. Aslida undan shaxsiy ma’lumotlarini va miting chog‘i qayerda bo‘lganini so‘raganlar xolos. Bor gap shu. Ammo tergovchi kompyuterdan boshini ko‘tarmay yozavergan. Kechasi o‘g‘limni sud-tibbiy ekspertizaga olib borishgan.

15 - yanvar kuni shahar ixtisoslashgan tergov sudi o‘g‘limni ikki oy qamoqda tutishga sanksiya berdi. Bizni bu sudga ham, keyingi apellyatsiya sudiga ham kiritishmadi.

25 - yanvarda o‘g‘limga qanday ayblar qo‘yilayotganidan xabar topdim. Qamoqxonaga advokatni yubordim, u o‘g‘lim bilan uchrashdi. “Onam xavotir olmasin, hammasi yaxshi bo‘ladi”, debdi o‘g‘lim. Kechagina maktabni tamomlagan o‘g‘limni tinch norozilik aksiyasida qatnashgani uchun “terrorchi” deb qamab qo‘yishgan ekan, men qanday qilib xotirjam o‘tira olaman?..

“Meni chiqarib olinglar, deb yolvoradi. Qayerga boray? O‘g‘limni xalos etinglar!”

Bo‘tako‘z Sherubaeva, gumonlanuvchi Dauren Saparboyning onasi

– 4 va 5 - yanvar kunlari Dauren Chimkentdagi norozilik aksiyalarida qatnashgan edi. U yetti farzandimdan ikkinchisi. Biz Turkiston viloyatining Kelintobe qishlog‘ida yashaymiz, qo‘y boqamiz. Dauren Yangi yilni do‘stlari bilan kutish uchun Chimkentga ketgan edi. Qaytishga yo‘l kirasi bo‘lmagani sababli o‘g‘lim shaharda ushlanib qolgan.

5 - yanvar, oqshom soat 20.00 larda qo‘ng‘iroq qilganimda u maydonda bo‘lgan. “Uyga qayt”, deb tayinladim. “Xo‘p, qaytaman”, dedi. O‘shanda u kaltaklangan politsiyachiga va oyog‘idan o‘q yegan bir erkakka yordam berayotgan bo‘lgan. Shu payt o‘zi ham qo‘lidan yaralanib, yiqilgan. Atrofidagi odamlardan yordam so‘ragan va soat 21.00 larda shahardagi 2-sonli shifoxonaga yetib borgan. Shifokorlar uni amaliyot qilganlar.

Dauren Saparboy
Dauren Saparboy

Men bilan gaplashganidan so‘ng telefoni taxminan uch soat o‘chiq bo‘ldi. Kechasi o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, kasalxonaga tushganini aytdi. Biz qo‘ylarni tashlab keta olmasdik, shu bois shaharga ketgan qo‘shnimizga telefon qildik – u o‘g‘limni shifoxonadan olib, uyga keltirdi. Bu kuzatuv kameralariga tushib qolgan ekan.

9 - yanvarda politsiya Daurenni uydan kuch bilan olib ketdi. Uni Saule mikrotumanidagi 167/11-sonli hibsxonaga tashladilar. Qishloqda qo‘y boqib yurgan o‘g‘limni “terrorchi” deb atashyapti. 11 - yanvar kuni politsiya Dauren “binolar, inshootlar, aloqa vositalariga hujum qilish yoki ularni bosib olish”da (JK 269-moddasi) gumon qilinayotganini aytdi. To‘rt kundan so‘ng unga yana to‘rtta moddani qo‘yishdi.

23 - yanvarda o‘g‘lim Dauren 20 yoshga to‘ldi, tug‘ilgan kunini u qamoqxonada kutib oldi. Erim o‘g‘limning dardini ko‘tarolmay, yotib qolgan. Men ham bir ahvoldaman. Duch kelgan eshikni taqillatib, o‘g‘limni himoya qilishlarini so‘rab yuribman.

Har safar ko‘rgani borganimda o‘g‘lim yig‘lab, yolvoradi: “Oyijon, meni bu yerdan chiqarib oling”. Men nima qilay? Qayerga boray? O‘g‘limni qutqaringlar, iltimos!

“Ikkala o‘g‘limni ham olib ketishdi”

Sharapat Shariyev, aka-uka gumonlanuvchilar Jenis va Jetkergen Jaksilikning otasi

– Mening bir emas, ikki o‘g‘lim hibsda. To‘ng‘ichim Jenis 25 yoshga kirgan. Oilasi, farzandlari bor. Taksichi bo‘lib ishlaydi. 21 yoshli kichik o‘g‘lim Jetkergen esa universitetda o‘qiydi. Katta o‘g‘lim Chimkent akimati yaqinidagi ko‘p qavatli uyda yashaydi. Mitinglar aynan o‘sha yerda bo‘lgan.

4 - yanvar kuni, miting boshlangan paytda katta o‘g‘lim ukasi bilan birga mashinaga o‘tirib, Turkiston viloyatining Shubarsu qishlog‘idan kelgan do‘stini kutib olishga jo‘nagandi. Ko‘chada norozi olomonga duch kelishgach, ular orqaga qaytishga qaror qilishgan, shu paytda ular ko‘cha kameralariga tushib qolishgan. Ammo o‘g‘illarim namoyishlarda qatnashishmagan. Norozilik yurishida ham ishtirok etishmagan. Tosh otishmagan, davlat mulkiga qo‘l tekkizishmagan.

Jenis va Jetkergen Jaksilik
Jenis va Jetkergen Jaksilik

7 - yanvarda politsiya kameralar orqali o‘g‘illarimning shaxsini aniqlab, uyimiz qarshisidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida ularni qo‘lga olgan.

Ikkalasi ham oltitadan modda bo‘yicha ayblanyapti. Jetkergenning telefonida miting bilan bog‘liq foto yoki video yo‘q edi. Ammo to‘ng‘ich o‘g‘limning telefonidan o‘zi deraza orqali suratga olgan video chiqqan.

Hibsxonada karantin tugagach, o‘g‘illarim bilan gaplashdim. Kattasi “g‘azablangan olomonni ko‘rganimda ular mashinani ag‘darib tashlashi mumkin, deb o‘yladim va orqaga qayrildim”, deb aytdi. Uning bor-yo‘q aybi shu. Kichik o‘g‘limning aybi esa o‘sha paytda mashinada bo‘lganidir. U nima uchun qamoqda o‘tirganini bilmaydi ham. Ruhi singan. Rostdan ham mitingga chiqqanlarida, tosh otganlarida yoki akimatni yoqqanlarida kuyunmasdim. Ularni mashina “Sergek” kamerasiga tushib qolgani uchungina qamoqqa olishgani menga juda og‘ir botyapti.

Nima deyishga hayronman. O‘g‘illarimning aybsizligi isbotlanishini, tergov adolatli bo‘lishini va ular ozod etilishini xohlayman.

XS
SM
MD
LG