Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:17

Insulin biznesi. O‘zbekiston ikkinchi zavodni qurmoqchi. Birinchisi ishga tushgani yo‘q


Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonda qurilgan insulin zavodi ochilish marosimida, 2018-yil
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonda qurilgan insulin zavodi ochilish marosimida, 2018-yil

O‘zbekiston hukumati mamlakatda yana bir yirik insulin zavodini ishga tushirish rejasini e’lon qildi. Zavod Rossiya sarmoyasiga quriladi.

Insulin - 1-turdagi qandli diabetga chalingan bemorlarni hayotda saqlab turish uchun kundalik ravishda beriladigan inyeksion preparatdir.

Aprel oxirida Toshkentda o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning "ZUMA-PHARMA" mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan Rossiyaning “Gerofarma” shirkati o‘rtasida insulin ishlab chiqaradigan zavodni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilingan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir zavod qurilishiga tayyorgarlik bormoqda. Ammo, qachon va qayerda qurilishi, qancha miqdorda mahsulot chiqarishi hamda preparat bemorlarga qachon yetib borishi haqida hanuz ma’lumot yo‘q.

Agar bu zavod qurilsa, rasman O‘zbekistonda insulin chiqaradigan ikkinchi zavod bo‘ladi. 2018-yilda Andijonda qurilgan “Markaziy Osiyoda insulin chiqaruvchi yagona zavod” hanuz ishga tushgani yo‘q.

Loyiha atrofida yirik korrupsiya iddaolari ham ilgari surilgan.


Hayot-mamot orasidagi ona

Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida istiqomat qiladigan 55 yashar Maxsuma Ibrohimova 3 yildan buyon insulinga qaram hayot kechirmoqda.

Qizining aytishicha, onasi 1-tur qandli diabetdan azob chekadi va 3 yildan beri hayot-mamoti davlat tomonidan bepul beriladigan insulinga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Bu oilaga ko‘ra, ba’zan insulin ta’minotida uzilish bo‘lib turadi.

“Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan bir oyda bir marta insulin tarqatiladi, bir oyga yetadigan qilib. 3 yil ichida 2 marta uzilish bo‘ldi, o‘tgan yili kuz va yoz oylarida. Ikkisida ham onam og‘irlashib, shifoxonaga tushib qoldilar. 2 kundan jonlantirish bo‘limi, keyin 8 kundan shifoxonada yotib chiqdilar. Hozir ahvoli judayam og‘irlashib qolgan, insulin ham foyda qilmayapti. Bu yildan Lantus degan yanayam kuchli insulinga o‘tkazishdi, lekin uni o‘zimiz sotib olishimiz kerak ekan”, deydi Maxsuma Ibrohimovani parvarish qilayotgan qizi. U ismi ochiqlanishini istamadi.

Davlat ta’minotida uzilish bo‘lganda bemorlar, 3-5 kunga yetadigan dozadagi inyeksiyani o‘rtacha 80 ming so‘mdan, shpritsni esa donasini 200 so‘mdan xarid qiladilar. Nurafshonlik suhbatdoshning aytishicha, erkin savdoda insulin preparati bor, ammo ayrim paytlarda xususiy dorixonalardan ham g‘oyib bo‘lib qoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 245 ming nafardan ortiq bo‘lib, shundan 2300 nafardan ortig‘i bolalar va 879 nafari o‘smirlar hisoblanadi. O‘zbekistonda insulin dori vositasi, davlat dasturi asosida bemorlarga bepul tarqatiladi.

Insulin chiqaradigan zavod qurilishi haqidagi xabar, Maxsuma Ibragimova kabi bemorlari bor oilalarga, insulin ta’minotida uzilish to‘xtaydi, degan umidni bermoqda.

Moskvada erishilgan kelishuv

Toshkent viloyati hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyaning “Gerofarm” shirkati bilan insulin ishlab chiqarish loyihasi Toshkent viloyatida joylashgan "ZUMA-PHARMA" shirkati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Rossiya shirkatining O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishi haqidagi xabar shu yilning fevral oyida paydo bo‘lgan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiyaning «Gerofarm» biotexnologiya kompaniyasi O‘zbekistonda zavodni ishga tushirish bo‘yicha bitimga 1-fevral kuni Moskvada erishilgan.

25-27-aprel kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasi paytida tomonlar o‘rtasida kelishuv imzolangani aytildi.

Ammo hanuzgacha zavodning qayerda va qachon ochilishi, qancha mahsulot ishlab chiqarishi haqida biror ma’lumot yo‘q.

Jumladan, Toshkent viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi, Olmaliq tumanidagi bir zavodni insulin ishlab chiqarishga moslash rejasi borligidan xabardorligi, biroq aniq ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

Rasmiy bayonotlarda tilga olingan "ZUMA-PHARMA" mas’uliyati cheklangan jamiyati - O‘zbekiston farmatsevtika bozorida 2011-yildan beri ishlayotgan “UZGERMED PHARM” shirkatining sho‘’ba korxonasidir.

"ZUMA-PHARMA" mas’uliyati cheklangan jamiyati haqida orginfo.uz saytida keltirilgan ma’lumot
"ZUMA-PHARMA" mas’uliyati cheklangan jamiyati haqida orginfo.uz saytida keltirilgan ma’lumot

“Biz ampulada turli xil dori vositalari chiqaramiz. Masalan geparin va shunga o‘xshagan. Keyingi paytlarda ko‘proq kovid dorilarini chiqardik. Zumafarma bizning dochernoy shirkat", dedi “UZGERMED PHARM” shirkatining o‘zini tanishtirmagan vakili.

“UZGERMED PHARM” shirkati direktori o‘rinbosari G‘ayrat Ibragimov esa: “Barcha savollaringizni Telegramdan yozib yuboring, javob beraman” deb va’da qildi. Ozodlik muxbiri savollarni yubordi, mulozim savollarni ko‘rdi, hali javob bermadi.

Shuningdek, "ZUMA-PHARMA" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Mansurbek Ahmedov ham rasmiy ravishda xat yuborilgan taqdirda barcha savollarga javob berishini bildirdi. Ozodlik javob olishi bilan e’lon qiladi.

Rossiyaning aynan shu shirkat bilan kelishuv imzolagan “Gerofarm” kompaniyasi esa biotexnologik dorilarni ishlab chiqaradi va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu shirkat chiqaradigan insulinga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorida talab katta.

Ochilgan, ammo ishga tushmagan zavod

O‘zbekistonda yirik insulin zavodi ochilishi haqidagi ma’lumotlar farmatsevtika bozori vakillari va jamoatchilikda jiddiy savollarni tug‘dirmoqda.

Boisi Toshkent viloyatida ochilishi aytilayotgan zavod, agar ishga tushsa, O‘zbekistondagi ikkinchi insulin zavodi bo‘ladi.

Birinchi zavod 2018-yilda katta dabdaba bilan Andijon viloyatida ochilgan. O‘z vaqtida hukumat bu zavodni “Markaziy Osiyoda insulin ishlab chiqaradigan yagona zavod” deb taqdim qilgan.

Andijon viloyatining Andijon tumanida qurilgan «Zamin Bio Health» MChJ zavodini prezident Shavkat Mirziyoyev ham borib ko‘rgan.

Unda yiliga 10 million flakon dori ishlab chiqarilishi, 3-4 AQSh dollaridan chetdan xarid qilinayotgan insulinning narxi o‘rtacha 2,5 AQSh dollariga tushishi aytilgandi.

Ammo, bu zavod ishga tushmadi.

Ozodlikka ma’lumot bergan andijonlik farmatsevtga ko‘ra, aslida bu zavod tantanali ochilish marosimidan so‘ng bir kun ham ishlamagan.

“Insulin zavodi “Trastbank”ning 23 yarim milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan barpo etilgan. Lekin insulin zavodini yo‘lga qo‘yish uchun eng zaruriy xomashyo bazasi haqida hech qanday ish qilinmadi va bir tiyin ham sarflanmadi. Chetdan tayyor insulinni olib kelib, qadoqlab sotish uchun esa juda katta valyuta talab qilinadi. Mahsulotning tannarxi osmonga chiqib ketadi. Boshlanishida zavod ochilishi uchun olib kelingan insulin esa qadoqlanib, davlatga qimmat narxda sotildi. Bilishimcha, o‘shaniyam pulini olisholmadi. Aslida bu biznes tepasida turganlar sobiq SSV vazirining qarindoshlari edi. Vazir korrupsiyadagi katta ayblovlar bilan ishdan ketdi, zavod ham o‘ldi. Bu zavodga ajratilgan mablag‘ nima bo‘ldi, va’dalar nima bo‘ldi - hech qanday javob yo‘q”, deb iddao qildi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan andijonlik farmatsevt.

Ozodlik bu iddaoga oydinlik kirituvchi savollarni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevga yo‘lladi, savollarga javob kutmoqda.

Ishlab chiqarishmas, qadoqlash biznesi

Xalqqa katta va’dalar bilan taqdim qilingan birinchi zavod taqdiri haqida lom-mim demayotgan hukumatning, endilikda ikkinchi zavodni qurish va’dalari ekspertlar tomonidan shubha bilan qarshi olinmoqda.

Jumladan, Kanadaning Alberta shahrida ishlayotgan asli o‘zbekistonlik mikrobiolog Obid Mamadaliyev, bu o‘rinda O‘zbekistonda insulinni ishlab chiqarish emas, balki qadoqlash biznesi haqida gap borayotganini alohida urg‘ulaydi.

“O‘zbekistonda dori preparatlarni ishlab chiqarish sanoati yo‘q, faqat qadoqlash biznesi bor. Men shaxsan o‘zim bunaqa zavodlarda bo‘lganman va bu biznes qanday ishlashini bilaman. Andijonda ham qadoqlashmoqchi edi. Nafaqat dorining o‘zi, balki qadoqlanadigan quti yoki flakonlarigacha chet eldan keladi. Buning sabablari ko‘p. Birinchidan, xomashyo olib keldik, deb qo‘shimcha qiymat solig‘idan qutulishadi. Keyin, mahalliy mahsulot chiqaramiz, deb yana bir dunyo imtiyozlardan foydalanishadi. Uchinchidan, davlatga qimmat narxda sotib, yana pul ishlashadi”, deydi muqaddam bojxona tizimida ham ishlagan Mamadaliyev.

U shuningdek, bugungi kunda Rossiya farmatsevtika shirkatlarining O‘zbekistonga favqulodda qiziqishi sabablarini ham e’tibordan qochirmaslik kerak, deb urg‘ulaydi.

“Rossiyaning o‘zi ehtiyoj uchun insulinning 50 foizga yaqinini xorijdan oladi, birinchidan. Ikkinchidan, hozir sanksiyaga tushgani bois, insulin ishlab chiqarishda zarur ayrim komponentlarni G‘arbdan olishda muammo bor. Nazarimda, O‘zbekistonda ochiladigan zavod, O‘zbekiston ehtiyojlari uchun emas, aksincha Rossiyani insulin bilan ta’minlash uchun ochilyapti. Ya’ni, O‘zbekiston chetdan zarur komponentlarni bemalol oladi va insulinni chiqarib, birinchi galda Rossiya elitasini hayot uchun zarur sifatli dori bilan ta’minlaydi. Bu loyihalarning tepasida Rossiyadagi taniqli oligarximiz Alisher Usmonov turganidan ham buni anglash mumkin”, deya taxmin qiladi mikrobiolog.

Ozodlik bu taxminlarga oydinlik kirituvchi savollarni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevga yo‘lladi, savollarga javob kutmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari Sardor Qoriyev, hozirda Rossiya shirkatlari bilan, insulin va kimyo terapiya uchun zarur preparatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha 2 ta loyiha imzolanganini ma’lum qilgan.

Umumiy qiymati 65 million AQSh dollariga teng bo‘lgan bu loyihalar 25 - 27- aprel kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasi paytida imzolangan.

Bu ko‘rgazma Rossiyaning “Innoprom” platformasi tomonidan tashkil qilindi hamda ekspertlar tomonidan, Ukrainaga bosqini bois G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiya shirkatlarining O‘zbekistonga ko‘chishi uchun bir ko‘prik vazifasini o‘tadi, deb baholandi.

“Айланма йўлдаги омбор”. Яккаланган Россия иқтисодий санкцияларни Ўзбекистон орқали айланиб ўтмоқчи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:21 0:00
XS
SM
MD
LG