Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:29

2022-Mintaqa: ​​​​​​​Qonli nizolar va ko‘rpaga yashirilgan bolalar


Yakunlanayotgan 2022-yilda, Markaziy Osiyo muqaddam misli ko‘rilmagan qonli voqealarga guvoh bo‘ldi:

  • Tanklar, o‘qotar qurollar, bolalarini ko‘rpaga o‘rab yashirishga uringan ayollar yig‘isi, yuzga yaqin qurbon - tojik-qirg‘iz chegarasi, kuz.
  • Liq to‘la maydon, minglab odam yig‘ilgan tinch namoyish, so‘ngra yana o‘qotar qurol ovozi, qizilga burkangan yerlar, o‘nlab qurbon - Qoraqalpog‘iston, yoz.
  • Yana minglab odam ko‘chada, yana o‘qotar qurol, yana dubinkalar, yana yuzi ko‘zi qonga belangan namoyishchilar - Qozog‘iston, qish.

Qozog‘iston, yanvar voqealari

2022-yil Qozog‘istonda misli ko‘rilmagan namoyishlar bilan boshlandi.

Mang‘istau viloyatining Janao‘zen shahri aholisi suyultirilgan gaz narxining oshirilishidan norozi bo‘lib, namoyishga chiqdi.

4-yanvarga kelib namoyishlar, energetik taqchillik kuzatila boshlagan mamlakatga yoyildi. Olmaotada tartibsizliklar boshlanib ketdi. O‘q otildi.

Hukumat gaz narxi tushirilishini e’lon qilishiga qaramay, noroziliklar to‘xtamadi - namoyishchilar siyosiy talablarni ilgari sura boshladi.

Ular hukumat iste’fosi va mamlakat birinchi prezidenti, o‘sha kezda Xavfsizlik kengashi raisi Nursulton Nazarboyevning siyosatdan ketishini talab qila boshladilar.

Namoyishlar manzarasida Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqarildi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev 5-yanvar kuni farmon imzoladi.

Tinch namoyishlar qanday qilib tartibsizlikka ulandi, tartibsizliklar qisqa muddatda qanday qilib butun mamlakatga yoyildi - bu kabi savollar hanuz ochiq qolmoqda.

Ammo, Qozog‘iston prezidenti o‘sha kezda bu voqeani “mamlakatga nisbatan terrorchilar, xorijlik jangarilar ishtirokidagi agressiya” deb baholadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqealarda ayblanib, 10 mingga yaqin odam ushlangan, 1112 kishi sudlangan va ularning 128 nafari ozodlikdan mahrum qilingan.

Bu voqea - mintaqadagi qo‘shni respublikalarni ham jiddiy tahlikaga soldi.

O‘zbek rasmiy matbuoti voqeani yoritmadi. Mahalliy mustaqil Internet nashrlari, jumladan Daryo.uz, Gazeta.uz qisqa xabarlar bilan cheklandi.

Ammo, bu voqeani o‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari diqqat bilan kuzatdi. Tarmoqlarda hodisaga oid videolar qo‘lma-qo‘l ulashildi.

Natijada, voqealarning to‘rtinchi kuniga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonot berib, bu tartibsizliklarni Qozog‘iston hukumati ichki imkonlari bilan to‘xtatishiga ishonch bildirdi:

“Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qat’iyat va irodaga egaligiga ishonamiz”.

2022-yilning 25-yanvarida esa Markaziy Osiyoning uch davlati - O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda birdan chiroq o‘chdi - blekaut sodir bo‘ldi.

Bu ham misli ko‘rilmagan hodisa edi. Zotan, so‘nggi yillardan bu uch davlat aholisi energetik taqchillik va energoresurslar narxi oshishidan aziyat chekib keladi.

Bu aziyatning katta qismi - O‘zbekistonning 36 millionlik aholisi zimmasiga tushgan.

O‘zbekistonda, nafaqat gaz va elektr toki taqchil yoxud narxi oshmoqda, balki yillardan buyon qishda deyarli gaz va svet ko‘rmaydigan qishloqlar, tumanlar bor.

Hatto, poytaxt Toshkentda 2022-yilning qishi yanada masshtabi kengaygan energetik kollaps bilan boshlandi.

Ahvol hanuz o‘nglangani yo‘q. Qishning ayozi esa hali oldinda.

ZIMISTON-UZ. 7-qism: Кўчага ҳайдалган аёл Вазирлар Маҳкамасига борди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:22 0:00

Qoraqalpog‘iston, iyul voqealari

2022-yil davomida mintaqani larzaga solgan yana bir voqea - O‘zbekiston tarkibidagi suveren respublika - Qoraqalpog‘istonda bo‘ldi.

Shu yil iyunda, O‘zbekiston konstitutsiyasiga kiritilajak o‘zgarishlar sirasida Qoraqalpog‘istonning suverenlik maqomini bekor qilish taklifi ham e’lon qilindi.

Bu taklif Qoraqalpog‘istonda katta norozilik bilan qarshi olindi.

1-iyulga kelib, Nukus ko‘chalariga minglab odam chiqdi. 2-iyulda zo‘ravonliklar aks etgan videolar tarqaldi.

Prezident Qoraqalpog‘iston oliy hokimiyat organi - Jo‘qorg‘i Kengesdagi chiqishida, masu’liyatni mahalliy qonun chiqaruvchilarga yukladi va Qoraqalpog‘istonga oid o‘zgarishlar bekor qilinishini bildirdi.

Nukusdagi namoyishlar kuch bilan bostirildi. Rasmiylarga ko‘ra, 21 kishi o‘lgan, 243 kishi yaralangan.

Lekin o‘zbek rasmiylari harbiylarning namoyishchilarga o‘q uzganini rad etgan.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, jami 516 kishi ushlangan. Ilk 22 kishi Buxoroda sudlandi. Tartibsizliklar bo‘yicha 171 shaxs ayblanuvchi sifatida jalb etilgan.

Bu voqealardan so‘ng Qoraqalpog‘iston - maqomi huquq normalariga zid, Ukrainadagi urush fonida esa, bo‘lginchilik tahlikasiga yaqin muxtor mintaqa sifatida kun tartibiga chiqdi.

Yevropa Ittifoqi, BMT va AQSh tomoni O‘zbekiston hukumatini Nukus voqealari yuzasidan mustaqil va ochiq surishtiruv o‘tkazishga chaqirib kelmoqda.

  • "Qoraqalpog‘istonda iyul oyida ko‘p odam halok bo‘lgan va yuzlab odam yaralangan – ba’zilari o‘ta dahshatli jarohat olgan. Kamida 21 kishi nobud bo‘lgan, jumladan, 4 nafar huquq-tartibot xodimi; 270 dan ortiq kishi jarohatlangan. O‘zbekiston ushbu hodisalar, jumladan, xavfsizlik kuchlarining xatti-harakatlari bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazishi kerak". Xyu Uilyamson, Human Rights Watch
Shavkat Mirziyoyev hukumati mustaqil surishtiruv chaqiriqlariga hanuz ochiq javob bergani yo‘q.

Ammo, O‘zbekiston prezidenti ham, xuddi yanvar voqealarida Qozog‘iston prezidenti qilgani kabi, voqealarning kelib chiqishida “tashqi kuchlar”ni aybladi:

  • "Albatta, bu voqealar bir kunda yoki o‘n kunda tashkil qilingan emas. Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan. Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan". Mirziyoyev, 6-iyul, 2022.

Qoraqalpog‘istondagi voqealar, ayniqsa qo‘shni Qozog‘istonda jiddiy shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Voqealardan so‘ng Qozog‘istonga qochgan qoraqalpoq faollari dunyoga murojaat qilib, kuch ishlatar tuzilmalar qonunbuzarliklaridan shikoyat qilishda davom etdi.

Sentabr – oktabr oylarida Qozog‘istonda yashab kelgan qoraqalpog‘istonlik faollardan 4 nafari - Ziuar Mirmanbetova, Raisa Xudaybergenova, Jangeldi Jaksimbetov va Qoshkarbay Toremuratovlar, O‘zbekiston so‘rovi bilan qo‘lga olindi.

Xalqaro tashkilotlar Qozog‘istonni bu faollarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilmaslikka chaqirgan. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ular hanuz Qozog‘istonda, hibsda.

  • “Namoyishchilarga kuch qo‘llashga kim buyruq bergan? Kuch qo‘llanilgani aniq. Mahalliy hokimiyat Toshkent bilan bemaslahat hech narsa qilmasligini ham bilamiz. Buyruq qayerdan berilgan? Bu savol ham ochiq qolmoqda. Qamoqqa olinganlar qayerda? Besh yuzdan ortiq kishi hibsga olingan. Ular qanday so‘roq qilindi? Mahalliy liderlar qayerda, qanday sharoitda ushlab turilibdi? Voqealarni yoritgan mahalliy jurnalistlar qayerda? Savollar ko‘p. Voqealarni o‘rganayotgan aksari hukumat a’zolaridan tashkil topgan komissiya vaziyatga xolis baho berishiga ishonish qiyin”, deydi Bryus Pannier, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert.

Qirg‘iz-tojik chegarasi, sentabr voqealari

2022-yilning 14-sentabr tongida qirg‘iz-tojik chegarasida otishma ovozi eshitildi.

Otishma to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududida joylashgan Tojikistonning Vorux qishlog‘i bilan Qirg‘izistonning Buloqboshi qishlog‘i o‘rtasidagi chegarada ro‘y berdi.

Qirg‘iz-tojik chegarasi nisbatan notinch, joriy yil davomida bir necha qurolli to‘qnashuvlar bo‘lgandi. Ammo, bu safargi to‘qnashuv harbiy texnika va askarlar aralashgan bir necha kunlik qonli nizoga aylanib ketdi.

Qirg‘iz va tojik tarafidan jami 100ga yaqin odam o‘lgani aytildi. O‘tgan yilning aprelida ham Voruxda shunday nizo bo‘lgan, ikki tarafdan jami 55 kishi o‘lgandi.

O‘sha misli ko‘rilmagan to‘qnashuvlar paytida, mintaqa rahbarlari O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘layotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga yig‘ilgandi.

Sammitda lierlar bu nizo bo‘yicha alohida bayonotlar berdi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan chegarani alohida muhokama qildi. Ularning qurolli nizoni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani ham aytildi.

Ammo, bu muzokaralar ham o‘sha kezda chegaradagi qurolli to‘qnashuvni darhol to‘xtata olmadi. Shu holatning o‘ziyoq, mintaqa hukumatlari uchun bahsli chegara hududlari muammosini hal qilish naqadar mushkul masala bo‘lib qolayotganini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.

Aslida chegara masalasi - Markaziy Osiyodagi 5 davlatdan 3 tasi - O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida - bu respublikalar mustaqillikka erishganidan buyon keskin muammo bo‘lib qolmoqda.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi chegara 970 kilometrga uzangan bo‘lib, uning 519 kilometri aniqlangan, qolgan qismi esa shu kungacha aniqlanmay qolmoqda.

Aniqlanmagan hududda bir necha bahsli uchastka mavjud.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari bilan aloqani uzib qo‘ygan prezidenti Islom Karimov 2016-yilda vafot etishi ortidan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev ishni qo‘shnilar bilan chegaralarni ochishdan boshlagandi.

Avvaliga Tojikiston, keyin Qirg‘iziston bilan muhim chegara o‘tkazish punktlari ochildi, go‘yoki aholi qatnovi erkinlashdi. Ammo, chegara muammolari hanuz to‘liq yechilgani yo‘q.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasi uzunligi 1378 kilometr. Buning 1170 kilometri, ya’ni 85 foizi 2017-yilda, yana 13 foizi 2021-yilning fevralida aniqlangan.

Qirg‘iziston rasmiylari 2022-yil fevralda, bahsli bo‘lib qolayotgan so‘nggi 2 foiz hudud bo‘yicha ham kelishilgani ma’lum qilgan.

Ammo, joriy yilda so‘nggi bahsli hududlardan biri bo‘lgan Kampirobod yoki Andijon suv ombori yana munozaralarga sabab bo‘ldi.

Shu yilning oktabrida Qirg‘izistonda, Kampirobod suv ombori O‘zbekistonga berib yuborilmasin, degan talab bilan bir necha namoyish bo‘ldi.

24-oktabr kuni o‘nlab faol Bishkekda chegara bo‘yicha so‘nggi oylarda Bishkek rasmiylari aytayotgan kelishuvdan noroziligini bildirdi, 20 dan ortig‘i hibsga olindi.

Namoyishlar, Qirg‘iziston tomonidan suv omboriga eng yaqin O‘zgan tumanining Qizil oktabr aholi punktida ham kuzatildi.

Kampirobod suv ombori hamda chegaraning qator bahsli hududlari bo‘yicha Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuv loyihasiga ko‘ra:

  • - Chegara chizig‘i bo‘ylab tushgan Kampirobod suv omborining 19 ming gektar yeri Qirg‘izistonda qoladigan, 4485 gektari esa O‘zbekistonga o‘tadigan bo‘lgan.
  • - Suv omborini, Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasida tuzilgan va har ikki tarafdan 4 (12) nafardan vakil kiritilgan qo‘shma korxona boshqaradi.
  • - Suv hajmi gorizontal darajasi 908 metrdan 900 metrga tushiriladi, buning ortidan 1246 gektar joy bo‘shaydi va bu yerlar ham Qirg‘izistonga o‘tadi.

Mazkur kelishuvni 18-noyabr kuni O‘zbekiston Senati ham ma’qulladi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 12-dekabrda Vashingtonda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan o‘tgan muzokaralardan so‘ng Vashington Toshkent va Bishkek o‘rtasida erishilgan chegara shartnomasini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

2022-yil yakunlangan ushbu kunlar - o‘zbekistonliklar, qisman mintaqadagi qolgan respublikalar aholisi uchun ham yil boshiga o‘xshash manzaraga guvoh bo‘lmoqdalar.

Xususan, O‘zbekistonda yana gaz-svet yo‘q, yil boshida Janao‘zen ahlini qo‘zg‘atgan energoresurslar narxi nafaqat mintaqa, balki dunyoda oshib bormoqda.

Ammo, O‘zbekiston hukumati aholining ijtimoiy himoyasi va xususan, energoresurslar ta’minotini yaxshilashni va’da qilmoqda.

2023-yilda ham O‘zbekiston va dunyoda sodir bo‘layotgan boshqa muhim voqealarni Ozodlik bilan birga kuzating, xayr, omon bo‘ling!

XS
SM
MD
LG