Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:38

"Al-Azhar", soxta pasport va Misr hibsxonasi. Suriyaga ketgani iddao qilingan marg‘ilonlik oila hikoyasi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Misrda hibsga olingan marg‘ilonlik Abdujabbor Tashbaltayevning (pasport bo‘yicha familiyasi - tahr.) oilasi uning begunohligi va asossiz ravishda qidiruvga berilgani, O‘zbekistonga qaytarilgani taqdirda qiynoqlarga yuz tutishini aytmoqda.

6 oydan beri hibsda qolayotgan 37 yashar Abdujabbor Tashbaltayev, yaqinlarining aytishicha, 2014-yilda unga nisbatan O‘zbekistonda Jinoyat Kodeksining 159, 222-1, 244-2-moddalari bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilingan.

O‘zbek huquq-tartibot idoralari uni o‘zbekistonliklarni Suriyaga urushga yollashda gumon qilib, qidiruvga bergan.

Yaqinlari Misrda qalbakilashtirilgan pasport bilan ushlangan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan Tashbaltayev O‘zbekistonga qaytarilgani taqdirda asossiz ayblov va qiynoqlarga yuz tutishi mumkinligidan xavotirda.

U bilan birga Misrda yashayotgan ikki ukasi, singlisi hamda Marg‘ilondagi onasi Tashbaltayevning Misr hibsxonasidan ozod etilishida ko‘mak so‘rab, inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qilishgan.

Misrdagi hibs

Oilasi taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra, asli marg‘ilonlik 37 yashar Abdujabbor Tashbaltayev o‘tgan yilning 17-oktabrida Misrning Marsa Matrux shahrida qo‘lga olingan.

Tashbaltayevning, u bilan birga Misrda yashayotganini aytgan ukasi Abdulaziz Mamasodiqov (akasi otasining familiyasida, ukasi esa bobosining ismi bilan berilgan familiyada ekanini aytmoqda - tahr.) Ozodlikka Marsa Matrux prokuraturasidan berilgan hujjatni hamda hujjatning ingliz tiliga tarjimasini taqdim qildi.

Abdulaziz Mamasodiqov taqdim etgan hujjat. Ozodlikda bu hujjat va undagi ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlovchi ma’lumot yo‘q.
Abdulaziz Mamasodiqov taqdim etgan hujjat. Ozodlikda bu hujjat va undagi ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlovchi ma’lumot yo‘q.

Marsa Matrux prokuraturasi tomonidan 16-yanvar sanasi bilan berilgan hujjatda, A. Tashbaltayevga nisbatan ochilgan ma’muriy ish tafsilotlari qayd etilgan. Unda prokurorning birinchi o‘rinbosari imzosi aks etgan. (Ozodlikda bu hujjat va undagi ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlovchi qo‘shimcha ma’lumot yo‘q.)

Hujjatda qayd etilishicha, 2021-yilning 17-oktabrida shaharda o‘tkazilgan tekshiruv paytida Abdujabbor Tashbaltayev yonida ikki davlat - Ukraina va O‘zbekiston pasporti bilan qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, pasportlarda Tashbaltayevning rasmi ayni, ammo shaxsiga oid ma’lumotlar har- xil.

Abdulaziz Mamasodiqovga ko‘ra, shundan buyon akasi hibsxonada saqlanmoqda va uni O‘zbekistonga qaytarishlari mumkin.

“Akam 6 oydan beri hibsda. Soxta hujjat bilan ushlandi, deb olingan. Uni O‘zbekistonga berib yuboradi, deb xavotir qilyapmiz. O‘zbekistonda nohaq ayblov qo‘yilgan, qidiruvga berilgan va uni erda qiynoqqa solishlari mumkin, zulm bo‘lishi mumkin. Hozir bir necha kundan beri akamdan darak yo‘q, advokatlari ham jim",- dedi Abdulaziz Ozodlik bilan suhbatda.

Galatoy mahallasidagi yig‘ilish

Oilasi bergan ma’lumotga ko‘ra, A. Tashbaltayev O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining 159, 222-1, 244-2-moddalarida ayblanib, qidiruvga berilgan.

Ukasi Abdulazizning da’vosicha, aslida akasi 2012-yilda o‘qish uchun Misrga borgan va “Al-Azhar” universitetida o‘qigan, buni tasdiqlovchi hujjatlari bor.

Abdulaziz 2012-2014-yillar orasida, ikki uka va bir singil ham, oilasi va bolalarini olib, akasining oldiga - Misrga ketishgani, shundan buyon u yerda yashayotganini iddao qilmoqda.

"Lekin bular akam va unga qo‘shib bizniyam orqamizdan ayblashgan. 2014-yilning oxirlarida maktabda yig‘ilish qilishib, otamni turg‘izib qo‘yishib, izza qilishgan. Otam: “Bolalarim Misrda, o‘qishga ketgan" desa, gapirtirishmagan. O‘sha yig‘ilishni s’yomka qilib, 2015-yilning yanvar oyida oldin Marg‘ilon telekanalida, keyin O‘zbekiston telekanalida ko‘rsatishgan, mahallani oldida izza qilishgan, mahalladan ko‘chiramiz, deyishib", - deydi Abdulaziz Mamasodiqov.

Matbuotdagi chiqishlar

2015 -2016-yillar orasida bir necha Internet nashrlarida A. Tashbaltayevga qo‘yilgan ayblovga oid tafsilotlar berildi.


Jumladan, 12news nashri 2015-yilning 24-iyul kuni, Tashbaltayevning “Turkiyada turib, marg‘ilonliklarni IShID (“Islom davlati” terror guruhi - tahr.) safiga yollagani”, shuningdek, “o‘z oilasi 20 a’zosining mamlakatdan chiqishini tashkillashtirgani fosh qilindi”, deb xabar qilgan.

Sentral.asia-news.com va 365info.kz saytlari, 2016-yilning avgust oyida, Adliya vazirligi vakili Jahongir Temirovga tayanib, “Marg‘ilonda yashovchi Tashbaltayev, o‘z qarindoshlaridan 20 kishini Suriyaga ketishga yollagan”, degan xabarga o‘rin bergan.

RIA Novosti agentligi esa, Suriyaga borayotgan fuqarolarga pora evaziga pasport yasab bergan Farg‘ona viloyati IIV podpolkovnigi Odiljon Soliyev qamalganini ham ilova qildi.

Bu voqealar sodir bo‘lgan payt - 2014-yilning iyun oyida, Suriyada “Islom davlati” terrorchi guruhi halifalik e’lon qilgandi. G‘arb davlatlari maxsus xizmatlari guruhga qo‘shilganlar orasida yuzlab o‘zbekistonlik borligini aytgan.

Ozodlikning Marg‘ilon shahridagi manbalari 2015-yilning oktabr oyida Marg‘ilonning Galatoy mahallasidagi oila, uning 18 a’zosi Suriyaga ketdi, degan ayblov bilan mahalla qo‘mitalari va hokimiyatda bir necha bor muhokama qilinganini tasdiqlashgan.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi shahardagi jome masjidlari imomlaridan aholini ogohlantirishni talab qilayotgani aytilgan.

Ozodlik muxbiri Tashbaltayevlarning Galatoy mahallasida istiqomat qiluvchi oilasidan takror-takror izoh olishga uringan, oila Ozodlikka ma’lumot berishdan bosh tortgan edi.

O‘zbekistondan ketish

Joriy yil aprel oyida Ozodlikka Misrdan bog‘langanini aytgan Abdulaziz Mamasodiqovning da’vo qilishicha, akasiga qo‘yilgan ayblov asossiz.

U akasi va u bilan birga Suriyaga ketdi, deya qidiruvga berilgan oilaning yana 3 a’zosi - ikki o‘g‘il va bir qiz, ularning turmush o‘rtoqlari - Suriyaga borishmagan.

“Akam Misrda o‘qish uchun 2012-yilda ketgan va “Al-Azhar” universitetida o‘qigan. Keyin akamni orqasidan 2013-yilda opam oilasi bilan ketgan. Keyin 2014-yilda yana bir akam va keyin men ketganman. Hech birimiz Suriyaga bormaganmiz. Hamma gap yolg‘on, tuhmat”, -dedi Abdulaziz Mamasodiqov.

Ozodlik bilan gaplashgan oilaning yana bir a’zosi, 39 yashar Abdusamat Tashbaltayev ham ayni iddaoni takrorladi. Uning aytishicha, yurtdan birin -ketin chiqib ketishlariga, oilasi dindor bo‘lgani uchun 2008-yillardan boshlab ta’qib ostida qolgani sabab bo‘lgan.

“Tazyiq birinchi Abdujabborga nisbatan boshlangan. Rossiyada ishlab yurgan paytlarida, zulmga qarshi gapirgani, jim turmagani uchun. Ozodlikka ham intervyu berganman, degan keyin, bizga aytmagan, bilmaganmiz. Keyin Hindistonga qonuniy yo‘l bilan 6 oyga o‘qishga borib kelganidan keyin, zulm yana kuchaygan. Butun oilamizga nisbatan. Endi u paytda musulmonlarga zulm juda kuchli edi. Shuning uchun, biz O‘zbekistondan chiqib ketganmiz. Misrga borganmiz, o‘shandan beri Misrdamiz. Uyimizga MXXdan (hozirgi DXX - Davlat xavfsizlik xizmati) odamlar kelganda, bu yerdagi hujjatlarimiz, uylarimizni rasmi, videolarini ham tashlaganmiz, ko‘rishgan. Bilishadi qayerda ekanimizni. Lekin hech qaysisini inobatga olishmagan”, deydi Abdusamat Tashbaltayev.

Marg‘ilonlik aka-ukalar, hozir hibsda qolayotgan inisi Abdujabbor Tashbaltayev O‘zbekistonda ayblanib qidiruvga berilgani bois Mirsda qamalib qolgani, shuning uchun hujjatlarining muddati tugab, boshqa davlat fuqaroligini olayotganda aldanib qolganini iddao qilmoqda.

Ularga ko‘ra, Abdujabbor o‘zbek maxsus xizmatlari so‘rovi bilan Misrda ham qidirilgan.

“2017-yili akam Misrda ham qidirilgan. Akam qo‘lga tushmagan, ammo men va opamning turmush o‘rtog‘ini Misr xavfsizlik xizmati xodimlari ushlab ketishgan va ularda akamning pasporti nusxalari bor edi. Hozir akamdan hech qanday xabar yo‘q. Butun oila xatar ostida qolgan. Bizlarga inson huquqlari tashkilotlari zudlik bilan ko‘mak berishlarini so‘raymiz”, - deydi Abdulaziz Mamasodiqov.

Aka-ukalar Suriyaga bormagani va terrorchi guruhlar safiga kirmaganini tasdiqlaydigan hujjatlarga ega ekani va ularni tegishli idoralarga taqdim qilishga hozirligini aytmoqda.

Aybsizlik prezumpsiyasi

Ozodlikka taqdim etilgan 30 dan ortiq hujjat orasida pasport, viza va Misrda berilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari mavjud. Ammo Ozodlik bu hujjatlar va ulardagi ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlash imkoniga ega emas.

Ozodlik ixtiyorida Tashbaltaevlar oilasidan biron kishi, jumladan, hibsda qolayotgan Abdujabbor Tashbaltayevning o‘zi Suriyaga borgani yoki bormaganini mustaqil ravishda tasdiqlovchi ma’lumotlar mavjud emas.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov, Tashbaltayevlar oilasi haqida Ozodlikka ma’lumot bera olmasligini aytdi.

Matbuot kotibiga ko‘ra, alohida shaxslarning qidiruvga berilgani, ularga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari haqidagi ma’lumotlar, aybsizlik prezumptsiyasiga binoan jamoatchilikka oshkor qilinmaydi.

G‘iyosov, shuningdek, Jinoyat kodeksining konkret moddalari bilan ayblanib, qidiruvga berilgan fuqarolar xorijda hibsga olinsa, qonuniy tartibda O‘zbekistonga qaytarilishi va ularga nisbatan ochilgan jinoyat ishi mantiqiy yakuniga yetkazib, ish sudda yechim topishini eslatdi.

Himoyachilardagi xavotir

Marg‘ilonlik oila huquqlarini himoya qilayotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva, O‘zbekistonda hanuz odil sudlov yo‘qligini ta’kidlaydi.

Parijdagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Ataeva.
Parijdagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Ataeva.

Himoyachiga ko‘ra, agar Abdujabbor Tashbaltayev yurtiga qaytarilsa, aybi isbotini topmay turib qiynoqqa solinishi va asossiz qamalishi ehtimoli katta:

Tashbaltayev terrorizmga aloqadorlikda ayblangan va go‘yoki, Suriyada jang qilgan, deb xalqaro qidiruvga berilgan. U taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra, bu paytda u Misrda yashagan va universitetda o‘qigan. Hozir uni Misr qamoqxonasida qiynoqqa solishyapti va o‘zbek maxsus xizmatlari qo‘ygan aylovni tan olib, iqrorlik ko‘rsatmasi berishgan majburlashyapti. Xuddi shunday sabablar bilan oilaning boshqa a’zolari ham ta’qib qilinmoqda. Ular ham hibsga olinish va qiynoqqa solinish xavfi ostida. Uning ota-onasi va O‘zbekistonda yashayotgan boshqa qarindoshlari ham diskriminatsiyaga uchragan. Agar Tashbaltauev​ O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinsa, unga nisbatan sud adolatli bo‘lishiga umid qilish, soddalik bo‘lardi. O‘zbekistonda terrorga qarshi kurashish shiori ostida o‘ta og‘ir jinoyatlardagi asossiz ayblovlar ilgari surlishi hollari kam emas. Har bir insonning, unga nisbatan qanday ayblov ilgari surilishidan qat’iy nazar, o‘zini himoya qilish va qiynoqlardan himoyalanish huquqi kafolatlangan bo‘lishi lozim”.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda prezidentlikka kelganidan so‘ng, turli diniy oqim va radikal guruhlarga aloqadorlikda gumon qilingan 16 mingdan ko‘proq fuqaro "qora ro‘yxat"lardan chiqarildi.

Shuningdek, "Islom davlati" terrorchi guruhi nazoratidagi Suriya va Iroqda bo‘lgan yuzlab o‘zbek oilalari vataniga qaytarildi.

Ayni paytda Karimov davrida radikal diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib, qidiruvga berilgan, ammo Mirziyoyev davridagi afvlardan so‘ng ham xorijdan qaytishga qo‘rqayotgan o‘zbekistonliklar ham ko‘p. Ularning aniq soni borasida bironta rasmiy ma’lumot mavjud emas.

Huquq faollariga ko‘ra, bu kabi vaziyatda qolayotgan vatandoshlarning xavotirlariga sabab mamlakatda hanuz mustaqil va odil sudlovning qaror topmaganidir.

XS
SM
MD
LG