Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:29

Angrenda “soqol” tadbiri - o‘nlab odamning soqoli majburan olindi 


Angren shahridagi 2-sonli ichki ishlar bo‘limi - illyustrativ surat
Angren shahridagi 2-sonli ichki ishlar bo‘limi - illyustrativ surat

Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘nlab erkak ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilib, soqoli majburiy ravishda olib tashlangan.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan angrenlik dindor 7 - iyun kuni shahar IIBsiga chaqirtirilib, soqolini olishga majburlangani haqida Ozodlikka aytib berdi.

“IIBdan telefon qilib, kelinglar, Toshkentdan, Ichki ishlar vazirligidan kelishgan, deyishdi. Borganlarni soqolini olib tashlayapti. Yo o‘zing olasan, bo‘lmasa, o‘zimiz olib qo‘yamiz, deyishdi. Oldin soqolli holatda suratga tushiradi, olib bo‘linganidan keyin yana suratga tushirib, qo‘yvoryapti. Bir hafta ichida yigirmata tanishimning soqolini olishdi”, - deydi yigit.

Soqol olish jarayoni barcha erkaklarga qo‘llanilyaptimi yoki bu ish diniy mansublikdan kelib chiqib qilinyaptimi? Ozodlik bu haqda Ichki ishlar idorasidan izoh ololmadi.

IIBga chaqirtirilganlar dindor bo‘lganliklari uchun soqollari olinganligini da’vo qilishmoqda.

“IBBga chaqirtirilganlarning hammasi dindor. Moda uchun soqol qo‘yganlarga indamayapti. O‘zbek qonunlarida soqol o‘stirish mumkin emas, deyilgan joyi bo‘lsa ko‘rsating, deb so‘rasak sizlarni soqollaring boshqacha, yurish-turishlaring boshqacha, deyishdi. Qarshilik qilganlarga IIB xodimini qonuniy talabini bajarmaslik, aybi bilan ma’muriy jazo qo‘llab, qamatish bilan tahdid qilishdi”, - deydi angrenlik boshqa yigit.

Birinchi “soqol tadbiri” emas

Ikki yil avval Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida soqoli olib tashlangan Jamoliddin Muhammadjon.
Ikki yil avval Toshkentdagi “Malika” savdo majmuasida soqoli olib tashlangan Jamoliddin Muhammadjon.

Bu O‘zbekistonda "soqol"ga qarshi birinchi tadbir emas.

Ikki yil avval Toshkentda juma namozidan so‘ng ichki ishlar xodimlari “Malika” savdo majmuasida o‘nlab soqolli erkaklarni tutib olib ketib, soqolini olishga majburlagani noroziliklarga sabab bo‘lgan va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilingan edi.

Shu yilning fevral oyida ham “Malika” majmuasidagi savdogarlar soqoli majburlab olingani haqda Ozodlikka aytishgandi.

O‘tgan oy ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahar ichki ishlar bo‘limi tezkor shtab rahbariga tegishli ekani aytilgan ovozli topshiriq audiosi tarqalib, muhokamaga sabab bo‘ldi.

Ovoz egasi Ichki ishlar vazirligidan mehmonlar kelgani, har bir bo‘lim 20 tadan soqolli erkakni topishi kerakligini aytadi.

“Hurmatli xodimlar, “Soqol” tadbiri bo‘yicha ham… tezlashtirib qilib beraylik. “Gorotdel”dan so‘rayapti, Ichki ishlar vazirligidan kelgan mehmonlar buni nazoratga olgan.

Har bitta “GOM”ga 20 tadan soqolli [fuqaroni] aniqlab, soqoli bilan rasmga olib, keyin soqoli oldirilgani holatini ham rasmga olib, oldiga ma’lumotini yozasizlar: qaerda yashaydi, nechanchi yilda tug‘ilgan, kim u?

Xuddi shunday qilib tezlashtirib qilib berishimiz kerak. Har bitta “GOM”ga 20 tadan berilgan, bizda hali bittayam bo‘lgani yo‘q. Kechqurun so‘rov bo‘ladi, e’tiroz bo‘lyapti, bo‘la qolinglar!” – deydi ovoz egasi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari esa tizimda “soqolga qarshi” amaliyotlar o‘tkazilishini rad etib keladi.

O‘tgan oy O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov Namangandagi holat ortidan: “Ichki ishlar organlarida bunday nomlanadigan tadbir umuman yo‘q. Soqol qo‘yish yoki qo‘ymaslik har fuqaroning o‘ziga, e’tiqodiga bog‘liq. Bunga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q”, - deya bayonot bergandi.

Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Irina Sayfutdinova ham Ozodlik bilan suhbatda fevral oyida “Malika” bozorida savdogarlar soqoli majburlab olinganini rad etarkan, "hech kim soqolini olishga majburlanmasligini" ta’kidlagan edi.

Ayni paytda Sayfutdinova fuqarolarga "tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportlaridagi suratlarga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan bo‘lishi mumkin"ligini inkor qilmagan.

Soqol diniy radikalizm belgisimi?

O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov soqol diniy radikalizm belgisi sifatida ko‘rilishi bois xavfsizlik xizmatlari diqqat markazida bo‘lib kelishini aytadi.

"Soqol qo‘yish har kimning shaxsiy ishi va buning uchun ta’qib qilish yoki olishga majburlash noto‘g‘ri. Lekin bizda soqol radikal islom belgisi sifatida ko‘riladi va bunga muhofazakorlik bilan qaraladi", - deydi Tashanov.

Ikki yil avval O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkor soqoli borligi uchun Farg‘ona shahar hokimligiga kiritilmagan edi.

2017 - yilda Qo‘qon shahri bozorida hijoblilar va oq do‘ppi kiyganlarning kirishi taqiqlab qo‘yilgani haqda Ozodlik xabar bergan.

Undan oldin Buxoroda stadionga futbol o‘yinini tomosha qilgani borgan futbol ishqibozlarining soqol qo‘yganlari stadionga kiritilmagan edi.

Stadion oldida turgan posbonlar ularga soqollarini oldirib kelishni aytib, ortga qaytargani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston rasmiylari va huquq-tartibot idoralarining diniy ramz deb ko‘riladigan soqol va hijobga qarshi kampaniyalari xalqaro jamoatchilik, jumladan, AQSh Davlat departamenti tomonidan tanqid qilib kelingan.

O‘tgan yil iyunidagi hisobotida Qo‘shma Shtatlar Davlat departamenti mamlakatda hamon diniy erkinlikni cheklash amaliyoti kuzatilayotgani, jumladan, erkaklarning soqolini majburan qirdirish, ayollarning hijobini yechtirish kampaniyasi, ro‘molli o‘quvchilar hamda hijobli talabalarni ta’lim dargohlariga kiritmaslik hollari kuzatilganini qayd etgandi.

Ammo 2020 - yil 7 - dekabr kuni AQSh O‘zbekistonni "sezilarli va aniq yutuqlar ortidan" diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatidan chiqargan.

Ayni paytda O‘zbekiston AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi ro‘yxatida qolmoqda. Bu komissiyaning hisoboti AQSh Davlat departamenti hisobotidan mustaqil ravishda e’lon qilib boriladi.

XS
SM
MD
LG