Oq uyning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya bir necha kun yoki hafta ichida Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligini aytib, biroq Moskva Ukraina iniqirozini hal qilish uchun diplomatiya yo‘lidan borishi ehtimoli ham yo‘q emasligini ta’kidladi.
Sallivanning bu bayonoti 6 - fevral kuni Ukraina prezidenti maslahatchisi Rossiya bilan kuchayib borayotgan ziddiyatni urushdan ko‘ra diplomatiya bilan hal qilish imkoniyati ko‘proq ekanligini ta’kidlaganidan so‘ng, qolaversa, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “qiyomat haqidagi bashoratlarga” ishonmaslik chaqiriqlaridan so‘ng yangradi.
Sallivan, “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Polshaga yetib borgan AQSh qo‘shinlari haqida ham to‘xtaldi: “Biz barqaror bo‘lmagan vaziyat yoqasidamiz. Istalgan payt yoki bir-ikki haftadan keyin Rossiya Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarga kirishi mumkin yoki aksincha diplomatiya yo‘lini tanlashi mumkin”, dedi.
“Rossiya Ukrainaning Donbas mintaqasini anneksiya qilishi, kiberhujumlar uyushtirishi yoki Ukrainaga keng ko‘lamli hujum amalga oshirishi mumkin”, dedi u ABC telekanaliga bergan intervyusida.
Vladimir Zelenskiyning maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham o‘z bayonotida Rossiya “ruhiy bosimda ushlab turish uchun” muntazam ravishda keng ko‘lamli manyovrlar va qurol-yarog‘ joylashtirishni amalga oshirayotganini aytdi.
“Bizning razvedka xizmatimiz va qurolli kuchlarimiz uchun Rossiyaning bu fe’li ajablanarli emas”, dedi u.
“Rossiyaning bunday harakatlari yana qancha davom etadi va bundan maqsad nima? Bu savolga aniq javobni faqat Kreml berishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
Dmitriy Kuleba 6 - fevralda quyidagicha bayonot bilan chiqdi: “Hammada turlicha rejalar bor, lekin Ukraina voqealarning har qanday rivojiga tayyor. Bugun Ukrainada kuchli armiya, misli ko‘rilmagan xalqaro qo‘llab-quvvatlash va ukrain xalqining o‘z mamlakatiga ishonchi bor”.
6 - fevral kuni AQShning katta harbiy kontingenti Polshaga NATOga a’zo davlat mudofaasini kuchaytirish maqsadida etib bordi.
Harbiy bo‘linma general-mayori Kris Donaxuning ta’kidlashicha, harbiy kuchlar Polsha bilan barcha jabhada shaylikni, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va kerak bo‘lsa, NATOning istalgan qismini himoya qilish uchun etib kelgan. “Shubhasiz, bunday noaniqlik davrida biz birgalikda kuchliroq bo‘lamiz” qo‘shimcha qilgan u.
“Rossiyaning harakatlari bosqinchilik rejasi yo‘qligi haqidagi da’volari yolg‘on ekanligini ko‘rsatmoqda. Rossiyaning Ukrainani vayron qilish va tahdid qilishga urinishlari jiddiy ekani aniq”, dedi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass.
“Biz ittifoqchilarimiz birgalikda Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz, agar Moskva hamma uchun yomon yo‘lni tanlasa, buning badali og‘ir bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yamiz”, deya bayon qildi u “Twitter”da.