Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:25

Belarus: “Tixanovskiy ishi” bo‘yicha hukm o‘qilishi kutilmoqda


Belarus respublikasi Oliy Sudi majlislar zali. Minsk shahri.
Belarus respublikasi Oliy Sudi majlislar zali. Minsk shahri.

14 - dekabr kuni Gomel shahridagi tergov izolyatorida “Tixanovskiy ishi” bo‘yicha hukm e’lon qilinadi. Sud 24 - iyunda boshlangan edi, majlislar tergov izolyatorining o‘zida, yopiq tartibda o‘tkazildi. Jinoyat ishi figurantlari qo‘lga olinib, hibsda tutilayotganiga bir yarim yildan oshdi.

Ularning barchasi – bloger Sergey Tixanovskiy, siyosatchi Nikolay Statkevich, Ozodlik radiosi belarus xizmati media maslahatchisi Igorь Losik, minsklik bloger Vladimir Siganovich, “Strana dlya jizni” yutub-kanali operatori Artyom Sakov hamda ushbu kanalning ijtimoiy tarmoqlar moderatori Dmitriy Popov – bir necha modda bo‘yicha, jumladan ijtimoiy adovatni qo‘zg‘ash va ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda ayblanmoqda. Ular 12 va 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Sud jarayoni haqida nimalar ma’lum?

Sud jarayoni tafsilotlari va yakuniy ayblov ayblanuvchilarning qarindoshlariga ham, huquqbonlarga ham maxfiyligicha qolmoqda, chunki advokatlar tergov va sud ishiga doir ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqida tilxat berishgan. Shuningdek, Igor Losikka qo‘yilgan uchinchi modda ham noma’lum.

Ayblanuvchilarning oila a’zolari va yaqinlari sud majlislarida qatnasha olishmadi, nodavlat OAVlardan hech biriga jarayonni yoritish imkoniyati berilgani yo‘q.

Nikolay Statkevich ish to‘liq soxtalashtirilgan, deb hisoblab, sud majlisida ishtirok etishdan bosh tortgan. Rafiqasi Marina Adamovich ma’lum qilishicha, Statkevich bu to‘g‘rida sud jarayoni boshlanishidan oldin ariza orqali bildirgan.

Sentabrda ishni ko‘rayotgan sudya almashtirildi. Ilgari aksar siyosiy ishlarni ko‘rgan, ammo, Ozodlikning belarus xizmatiga ko‘ra, eng og‘ir jazo tayinlashdan tiyilgan Nikolay Bakunov o‘rniga jarayonni Nikolay Dolya davom ettirdi. Sudya almashtirilishi sababi ochiqlanmagan.

Sergey Tixanovskiyni himoya qilgan advokat Natalya Matskevich oktabr oyida advokatlar hay’ati a’zoligidan chiqarildi. Tixanovskiy bunga quyidagicha munosabat bildirdi: “Mazkur qaror meni himoyadan mahrum etadi. Zero, boz ustiga sud ham yopiq tartibda o‘tmoqda va men na guvohlarni chaqirish, na dalillarni ishga qo‘shib qo‘yish imkoniga egaman. Adolatsizlik shu qadar!”

O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha BMT ishchi guruhi Sergey Tixanovskiyning qonunga xilof ravishda qamoqqa olingani va nomaqbul sharoitda hibsda saqlanayotganligi haqidagi shikoyatini o‘rganib chiqib, Belarus huquq idoralari Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt qoidalarini buzgan, degan xulosaga kelgan. Belarus ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgani bois, BMT ishchi guruhi mamlakat hukumatiga Sergey Tixanovskiyni zudlik bilan ozod etish va huquqlari buzilgani uchun unga tovon to‘lash, shuningdek Tixanovskiyning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishiga olib kelgan holatlarni taftish qilish talabini qo‘ydi.

Ayblov

Belarus Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, sudlanuvchilar “saylovdan keyin mamlakat hududida ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni uyushtirish bilan uzoq vaqt mobaynida faol tarzda shug‘ullangan”. Tixanovskiy esa Yotube va Telegram’dagi “Strana dlya jizni” kanali orqali “hokimiyat va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillariga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ochiq da’vat etgan, shuningdek o‘z fikrlari bilan jamiyatda ijtimoiy adovat va nizo chiqargan”.

“Sodir etilgan jinoyatlar bilan Nexta, “Belarus golovnogo mozga” va boshqa telegram-kanallar vositasida jamoatchilik ongini zaharlovchi ekstremistlar faoliyati o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjudligiga dalillar yig‘ildiki, bu jinoyat ishi, tezkor-qidiruv faoliyati materiallari, tilshunoslik va psixologik ekspertizalar xulosalari bilan tasdiqlangan”, deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarnomasida.

Qo‘mita iddaosiga ko‘ra, “ularning chaqiriqlaridan ruhlangan va o‘zlarining jazosiz qolishiga ishongan” o‘nlab kishilar ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etishgan.

Tergov idorasi Tixanovskiy va safdoshlarining xatti-harakatlaridan yetkazilgan zararni 3.5 mln belarus rubliga (taxminan 1.4 mln dollar) baholamoqda. Ayblanuvchilarning mol-mulklari va bank hisoblari xatlangan.

Bundan tashqari, Belarusь TQ avvalroq “Tixanovskiy ishi”dan 25 kishiga nisbatan to‘qqizta jinoyat ishi alohida ajratilganini va ularning aksariyati allaqachon sudlanganini ma’lum qildi. Tergov idorasi fikricha, ular “Sergey Tixanovskiy bilan til biriktirgan holda” harakat qilganlar. Ayblanuvchilar ayblariga iqror bo‘lishmagan.

XS
SM
MD
LG