Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:21

"Beti qattiq tizim". UzIMEI O‘zbekistonni "orqaga tortayotgani"ni rad etib chiqdi


UzIMEI tizimi Jahon Banki eksperti va mahalliy blogerlarning "keraksiz" va "byurokratik" degan tanqidlarini rad etib chiqdi.

31 - yanvar kuni rasmiy Telegram-kanalidagi bayonotda UzIMEI "O‘zbekiston hududiga rasmiy olib kelingan mobil qurilmalardan foydalanishda hech qanday muammo yo‘q"ligini ta’kidlagan.

Avvalroq Jahon bankining O‘zbekistondagi eksperti Vinayak Nagaraj UzIMEI "O‘zbekistonni oldinga emas, orqaga tortayotgani"ni aytib, bir kun bu "tushunarsiz byurokratik tizim"ga barham berilishiga umid qilishini aytgan edi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi Vinayak Nagarajga ko‘ra, UzIMEI tizimi fuqarolarga noqulayliklar tug‘dirishdan tashqari texnologiyalarni joriy etish va ularni keng qo‘llashga xalal beradi. Holbuki, dunyoda IOT (The Internet of things) iqtisodiyotning barcha sohalarida, xususan, qishloq xo‘jaligida intensivlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

"Davom ettirishim mumkin, ammo bu mening har yillik hafsalam pir bo‘lishi namunasidir. O‘zbekistondagi islohotlar va uning salohiyati borasida umidim katta. Qisqa muddat ichida juda ko‘p narsa o‘zgardi. Shuning uchun ham UzIMEI tizimidan yuragim og‘riydi”, deydi Jahon banki eksperti.

Mamlakatda telekommunikatsiya islohotlarini samarali yo‘lga qo‘yish va telefonlarning UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tish singari murakkablashtirilgan tizimidan voz kechish borasidagi fikrlarini bayon etgan ekspert, O‘zbekistonda muloqot erkinligiga rahna solmaydigan tizim tarafdori ekanini bayon qiladi.

Jahon banki eksperti tanqidi yangrab turgan bir paytda, tizimning Telegram-kanalida rasmiy bayonot berildi.

Unda O‘zbekiston hududiga rasmiy olib kelingan mobil qurilmalardan foydalanishda hech qanday muammo yo‘qligi, chunki "bunday mobil qurilmalar Davlat chegarasini kesib o‘tganda bojxona ko‘rigidan hamda IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilishi” urg‘ulangan.

Bayonotda qayd etilishicha, iste’molchiga SIM slot yoki eSIM slot ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.

“2021 - yilda respublikamizga rasmiy ravishda 3 mln. dan ziyod bunday qurilmalar olib kirilgan bu degani shuncha iste’molchi xarid qilgan qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. Biroq norasmiy (kontrabanda yo‘li bilan) olib kirilgan qurilmalar iste’molchilarga dardu sard bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.

Ikkinchi SIM slot yoki eSIM slotini ruyxatdan o‘tkazishda ham muammo mavjud emas, bugungi kunga qadar 2 mln.tadan ziyod ikkinchi SIM slot yoki eSIM slot muammosiz ro‘yxatga olingan, deb ta’kidlanadi, UzIMEI tizimi ijtimoiy sahifasida 30 - yanvar kuni paydo bo‘lgan bayonotda.

UzIMEI tizimi va uning tanqidlarga munosabati o‘zbekistonlik taniqli blogerlar tomonidan ham keskin tanqid qilinmoqda.

Jumladan, Shahnoza Soatova bu tizimni “beti ham, orqasi ham qattiq ekan” deya tanqid qildi:

“UzIMEI ning beti qattiq demaganmidim? Mana bergan munosabati.
"Munosabat berdingmi?" "Berdim" "Nima deb?" "Allayoyo-alla"...
Qo‘yilgan bironta savolga javob yo‘q, keltirilgan aniq faktlar quruq gap bilan rad etilgan, "hamma ahmoq, biz aqlli", hammasi joyida, muammo yo‘q, tinch uxlang deyishibdi. Shuncha pulni nima qilyapsizlar?”, deb tizim rahbariyatini savolga tutadi bloger Shahnoza Soatova.

O‘zbekiston Adliya vazirining maslahatchisi bo‘lgan bloger avvalroq qo‘yilgan postida:

"IMEI kodlar ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pul to‘lagan iste’molchi buning evaziga nima olyapti? Bevosita shu to‘lagan puli uchun nima xizmat ko‘rsatilyapti qo‘shimcha??? Tizim byudjeti esa yopiq, necha pul tushyapti, qayerga ketyapti - bilib bo‘psan! Nimaga o‘zi bu tepalikka chiqqandik? ”, degan savollarni ham o‘rtaga tashlagandi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari xos IMEIlarga ega bo‘lmagan mobil qurilmalari orqali huquqbuzarliklarning sodir etilishi, mobil qurilmalari sotish bilan bog‘liq holatlarda soliq yukidan bo‘yin tovlash holatlari tez-tez uchrayotganini iddao qilib keladi.

Shuningdek, sohada katta miqdorda kontrabanda bilan bog‘liq holatlarning fosh etilganiga e’tibor qaratadi.

O‘tgan yili jahon matbuotida Hindistonda 13 500 dona Vivo smartfoni birgina IMEI kodidan foydalangani bilan bog‘liq voqea katta shov-shuv bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG