Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:28

Blinken Kiyevda: AQSh Ukrainaga harbiy yordamni oshirmoqda


AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 19 - yanvar kuni Kiyevdagi AQSh elchixonasi xodimlari bilan suhbatda.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 19 - yanvar kuni Kiyevdagi AQSh elchixonasi xodimlari bilan suhbatda.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga tashrifi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bosqini haqidagi xavotirlarga ishora qilib Vladimir Putinni “tinch yo‘l”dan borishga chaqirdi.

Rossiya Ukraina chegaralari bo‘ylab 100 000 lik harbiy qo‘shin to‘plagani va Moskva Minsk bilan hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlar uchun Belarusga ham salmoqli harbiylarini kiritgani G‘arb davlatlarida aks-sado berib, yangi yirik mojaro haqida ogohlantirishlarga sabab bo‘lmoqda.

“Biz diplomatik va tinch yo‘ldan davom eta olishimizga umidim katta, lekin oxir-oqibat, bu Prezident Putinning qaroriga bog‘liq bo‘ladi”, dedi Blinken 19 - yanvar kuni AQShning Kiyevdagi elchixonasi xodimlari bilan uchrashuvdan keyin.

“Biz bilamizki, harbiy kuchlarni qisqa vaqt ichida yanada ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Bu prezident Putinga qisqa fursatda Ukrainaga qarshi keyingi agressiyani amalga oshirish imkoniyatini beradi”, deya ogohlantirdi Blinken.

Avvalroq AQShning yuqori martabali rasmiylaridan biri prezident Jo Bayden ma’muriyati o‘tgan oy Kiyevga mudofaa xavfsizligi bo‘yicha qo‘shimcha yordam sifatida 200 million dollar ajratishni ma’qullaganini va Vashington “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiq qolishini” aytgan edi.

Anonimlik sharti bilan gapirgan rasmiy mulozim yordam paketining mazmuniga batafsil to‘xtalmagan.

Blinken Kiyevda prezident Volodimir Zelenskiy va Ukrainaning boshqa yuqori darajadagi rasmiylari bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng u Berlinga, G‘arb bilan yakdil hamkorlikni ta’minlash masalasida Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun jo‘nab ketadi.

21 - yanvar kuni AQShning bosh diplomati Jenevada rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashishi ham kutilmoqda. Ular kecha 18 - yanvar kuni telefon orqali gaplashgan.

Rossiyaga qo‘shib olingan Qrim mintaqasi va Ukraina chegarasi bo‘ylab rus qo‘shinlarining joylashtirilishi Moskvaning 2014 - yilning martida Qora dengizdagi Qrim yarim orolini egallab olganidan keyingi eng yirik harbiy amaliyotlaridan biri bo‘ldi. Shuningdek, Rossiya Ukraina sharqida 2014 - yil aprelidan beri 13200 dan ortiq inson hayotiga zomin bo‘lgan urushda ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Moskva Ukrainaga hujum qilishni rejalaganini rad etib, o‘z navbatida, NATOni ham Ukrainani alyans a’zoligiga qabul qilishni va u yerda hujumkor qurollar joylashtirishni ko‘zlayotganlikda ayblagan.

O‘tgan hafta rossiyalik diplomatlar AQSh, NATO va Yevropa davlatlarining yuqori doiradagi rasmiylari bilan uchrashib, Moskva qo‘ygan keng qamrovli talablarni muhokama qildi.

Muzokaralar hech qanday natija bermadi. Moskvaning jangovar ritorikasi G‘arb rasmiylarini jiddiy xavotirga soldi.

Vashingtonda Rossiyaning ehtimoliy hujumi Belarus orqali sodir bo‘lishi mumkinligidan xavotirlar ortgan. Belarusda Aleksandr Lukashenkoning 27 yillik shafqatsiz boshqaruviga qarshi noroziliklarga qaramay u Vladimir Putinning qo‘llab-quvvatlovi sababli hali hanuz hokimiyatda qolmoqda.

Litva mudofaa vaziri Arvidas Anusauskas 19 - yanvar kuni qoldirgan tvitida sobiq Ittifoq respublikasi va NATOning amaldagi a’zosi bo‘lgan Litva Rossiya qo‘shinlarining Belarusda joylashtirilishini “nafaqat vaziyatni beqarorlashtiruvchi omil, balki Litvaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid” deb hisoblashini ma’lum qilgan.

AQSh davlat departamentining yuqori martabali mulozimining jurnalistlarga bildirishicha, Rossiyaning Belarusdagi harakatlari “na harbiy mashg‘ulot, na odatiy qo‘shin harakati emas. Bu inqirozni keltirib chiqarish yoki unga bahona topish uchun mo‘ljallangan provokatsiya. Chunki Rossiya ehtimoliy bosqinni rejalashtirmoqda".

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan AQSh rasmiysi Blinkenning Lavrov bilan uchrashuvini izohlar ekan, bu “ehtimol diplomatiya o‘lmaganidan dalolat beradi”, dedi.

Blinken Berlinda Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan uchrashadi. Shuningdek , Britaniya va Fransiya rasmiylari bilan ham muzokaralar olib borishi ko‘zda tutilgan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlarda “Rossiyaning Ukrainaga nisbatan keyingi tajovuzini to‘xtatish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar” va yana shuningdek, “Rossiyani og‘ir iqtisodiy oqibatlarga duchor qilishga tayyorgarlik” masalalari muhokama qilinadi.

Qo‘shma Shtatlar va uning G‘arbdagi ittifoqchilari Rossiya agarda Ukrainaga yangi bosqin uyushtirsa, bu Moskva uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirib kelmoqda.

18 - yanvar kuni Berbok Moskvada Lavrov bilan uchrashuvidan so‘ng, Berlin Ukraina borasidagi Rossiya bilan mojaroda “iqtisodiy badali” yuqori bo‘lishiga qaramay, fundamental qadriyatlarni himoya qilishga tayyorligini bildirdi.

Rossiya bilan chuqur iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan Germaniya AQSh va NATOdagi boshqa ittifoqchilarning bosimi ostida qolgan. Ular Germaniyani Moskvaga nisbatan qat’iyroq munosabatda bo‘lishga undamoqda.

Germaniya kantsleri Olaf Sholts 18 - yanvar kuni Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, Berlin “Shimoliy oqim 2” quvuri loyihasini to‘xtatish masalasini muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Qurib bitkazilgan, ammo hali ochilishiga ruxsat etilmagan dengiz ostidan o‘tgan quvur Rossiyadan G‘arbiy Yevropaga gaz oqimi hajmini oshiradi. Ko‘plab tanqidchilar , jumladan, Vashington ham bu Berlinni Moskvaga yanada qaram qiladi, deb hisoblaydi.

“Agar Ukrainaga harbiy bosqin uyushtirilsa, buning to‘lovi katta bo‘lishi aniq, har qanday chora ko‘rib chiqilishi mumkin”, dedi Sholts jurnalistlarga bergan intervьyusida.

XS
SM
MD
LG