Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:39

Bloger M. Bozorov ustidan sud boshlandi. Uni "uy qamog‘i"dan chiqarish talabi rad etildi


Miraziz Bozorov ustidan sud boshlandi, Mirobod tuman Jinoyat ishlari sudi, 20 - yanvar, 2022
Miraziz Bozorov ustidan sud boshlandi, Mirobod tuman Jinoyat ishlari sudi, 20 - yanvar, 2022

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi bloger Miraziz Bozorov ustidan, tergovi uzoq davom etgan jinoyat ishini ko‘rishni boshladi.

U O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi g-bandi bilan tuhmat qilishda ayblanmoqda.

30 yashar bloger ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatini korrupsiyada ayblab, qilgan keskin tanqidiy chiqishlari va Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarish haqidagi chaqiriqlar bilan tanilgan.

20 - yanvar kungi birinchi majlis ochiq deb e’lon qilingandi, lekin unga jurnalistlar qo‘yilmadi.

Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova jurnalistlardan manfiy PZR-test natijasini talab qildi.
Avvaldan ogohlantirilmaganidan norozi bo‘lgan OAV vakillari savollariga javob bermadi.

Ammo, mahkamada qatnashayotgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, chet el diplomatik korpusi, Yevropa Ittifoqi va BMT vakolatxonasidan vakillar sudga kiritilgan.

Advokati Sergey Mayorov, 20 - yanvar kungi mahkamada sud ishtirokchilariga tafsilotlarni ochiqlash sudya tomonidan taqiqlanganini ma’lum qildi:

- Sudya, sud jarayoni tugaguncha ishtirokchilarga biror bir tafsilotni biror bir ko‘rinishda oshkor qilish yoki tarqatishni taqiqlash haqida qaror qabul qildi. Shu bois, ma’lumot berolmayman. Jarayonni audio yoki videoqaydga olish ham taqiqlandi. Men bunga qarshilik bildirdim, chunki sud davlat tilida bo‘ldi, tarjima qilindi, tarjima va aslida tafovut bo‘lishi mumkinligini inobatga olishni so‘radim, ammo qanoatlantirilmadi.

Hozircha, 20 - yanvar kungi majlis boshida himoyaning M. Bozorovga nisbatan "uy qamog‘i" ehtiyot chorasini bekor qilish so‘rovi qabul qilinmagan, majlisda asosan jabrlanuvchi tomonning ko‘rsatmasi tinglangan.

Bozorov ustidan sudga shikoyat arizasi kiritgan jabrlanuvchilar 4 kishi.

Islom sivilizatsiyasi markazi sobiq xodimi, tarmoqlarda Abror Muxtor Aliy taxallusi ostidagi ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Abror Abduazimov, Yutyub tarmog‘idagi kanali bilan tanilgan Shuhrat Musayev, Telegram tarmog‘ida faol Abusolih Salimov hamda 110-maktabning bir o‘qituvchisi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatini korrupsiyada ayblab, keskin tanqid qilgan va LGBT huquqlarini himoya qilish, xususan Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarib tashlashga chaqirgan 30 yashar bloger Miraziz Bozorov ustidan tergov qariyb 10 oy davom etdi.

Ish tafsilotlarini kuzatayotgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Tergovning cho‘zilishiga pandemiya hamda ayblanuvchining sog‘ligi sabab qilib keltirilgan.

Jinoyat ishi o‘tgan yil 28 - aprelda ochilgan. Blogerning o‘zi 29 - aprelda uy qamog‘iga tashlangan, sudga ham uy qamog‘idan olib kelindi.

Uzoq davom etgan tergov jarayonida bloger avval jabrlanuvchi bo‘ldi, keyin gumonlanuvchiga aylandi va jinoyatchi o‘laroq sudga keltirildi.

O‘tgan yilning 28 - mart oqshomida bir guruh noma’lum shaxs blogerni o‘z uyi oldida kaltaklab ketgandi.

O‘sha kuni u Toshkent markazidagi Amir Temur xiyobonida, yapon animesi va koreys pop musiqasi muxlislari yig‘inini o‘tkazishni rejalagan, ammo o‘tkaza olmagandi.

Kaltaklanishidan avval, Ozodlik bilan gaplashgan bloger, har yakshanba bo‘ladigan tadbirga, bu gal agressiv kayfiyatdagi yuzga yaqin odam qarshilik qilgani, tadbir qoldirilganini bildirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda o‘sha kuni bu tadbirni, LGBT guruhlari targ‘iboti, deb qoralagan o‘nlab norozilarning xiyobonda "Allohu Akbar" deb hayqirgani va yurish qilgani aks etgan. Guvohlarga ko‘ra, bir yosh yigit va qiz kaltaklangan. Ularni olomon g‘azabidan ichki ishlar xodimlari qutqarib qolgani xabar qilingandi.

O‘sha kuni oqshom, yuziga niqob taqqan noma’lum shaxslar blogerni o‘z uyi oldida beysbol to‘qmoqlari bilan kaltaklab ketdi.

Og‘ir tan jarohatlari olgan bloger kasalxonaga yotqizildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi surishtiruv boshladi. Blogerni kaltaklaganlardan birining fotorobotini e’lon qildi.

Ammo surishtiruv nihoyasida IIV, shifoxonada yotgan Miraziz Bozorov ustidan ham 28 ta ariza tushgani, bular orasida Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilari borligini ma’lum qildi.

Advokati Sergey Mayorovga ko‘ra, norozilar blogerning TikTok tarmog‘idagi chiqishlari, jumladan “Maktab-eski qullar va omadsizlar, yosh avlodni qul va omadsiz bo‘lishga o‘rgatadigan joy” kabi gaplariga e’tiroz bildirishgan.

So‘ngra shikoyatchilar safiga blogerlar qo‘shildi, Bozorovni haqorat va tuhmatda ayblashdi.

Shu tariqa, og‘ir ahvolda aravada shifoxonaga yetkazilgan bloger, u yerdan qo‘lida kishan bilan olib chiqildi va uy qamog‘iga tashlandi.

Ammo, Amir Temur xiyobonidagi voqealardan avval ham bloger jamoatchilik diqqat markazida qolayotgan edi.

U o‘zining “Kanal Bazarova” Telegram kanalida, prezident Mirziyoyev boshqaruvi ostida korrupsiya kuchayib ketgani, yangi boshlangan siyosiy-iqtisodiy islohotlar xalq uchun “katta yo‘qotish” deb bilishini, pandemiya paytida hukumat “xalq puli o‘g‘irladi” degan xulosalari aks etgan videopostlarni bot bot e’lon qilgan.

2021 - yil 24 - oktabrda bo‘lgan prezidentlik saylovini “boykot qilishga” ham chaqirgan.

Qator xalqaro tashkilotlar, jumladan xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi, Xyuman Rayst Votch inson huquqlari tashkiloti, shuningdek AQSh hamda Britaniyaning O‘zbekistondagi elchilari bloger ishiga e’tibor qaratgan.

Ular Miraziz Bozorovga hujumni qoralagan va o‘zbek rasmiylarini hodisa yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqirganlar.

20 - yanvar kungi mahkamada qatnashgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov, hozircha sudlov va tergov xulosasida Miraziz Bozorovning faoliyatiga oid siyosiy ayblov ko‘zga tashlanmaganini aytadi.

20 - yanvarda Toshkentda boshlangan mahkamada jamoatchilik va tarmoqlarning diqqat markazida.

Bir tarafda, Bozorovni LGBT targ‘ibotchisi deb qoralayotgan guruhlar bo‘lsa, boshqa tarafda unga nisbatan bosimni, blogerning hukumatga qaratilgan tanqidiy chiqishlariga bog‘liq, deb taxmin qilayotgan xalqaro jamoatchilik turibdi.

Hozircha sudning birinchi majlisi tafsilotlarini ochiqlash taqiqlandi.

Sudning keyingi majlisi 21 - yanvar soat 10 ga belgilangan.

Aybdor deb topilgani taqdirda Bozorov katta miqdorda jarima, yoki majburiy jamoat ishlariga jalb etish, yohud 3 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG