Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:16

“Britaniyaga qulupnay terishga jo‘natamiz”. Markaziy osiyolik ishtalablar firibgarlarga qanday aldanishmoqda?


Markaziy Osiyoda yuzlab odam firibgarlarga aldanmoqda: ular o‘zlarini chet elda ishga joylashtiruvchi ajnabiy firmalarning vakili yoki vositachisi deb ko‘rsatib, viza va boshqa xizmatlar uchun fuqarolarni mo‘may pulga tushirishyapti.

Toshkentda chet elda ishga joylab qo‘yish va’dasi bilan soddadil fuqarolardan aldov yo‘li bilan qariyb 50 ming dollar undirgan bir guruh firibgarlar fosh qilindi, deya ma’lum qilgan edi iyun oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Prokuratura xabarnomasida urg‘ulanishicha, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmish firibgarlar odamlarga G‘arb mamlakatlari elchixonalarida ishlaydigan tanishlari orqali viza olib berishlarini aytib, “xizmat haqi”ni oldindan to‘lashni talab qilganlar.

Bunaqa holatlar qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham qayd etilgan. Bu mamlakatlarda firibgarlar o‘z xizmatlarini asosan ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilishadi.

Ish topib berish va’dasi bilan firibgarlik qilish holatlari mutlaqo yangilik emas, biroq hukumat idoralari va ekspertlar kovid cheklovlari yumshatilib, xorijga chiqish osonlashgani manzarasida so‘nggi oylarda soxta firmalar va firibgarlar soni keskin oshganidan ogohlantirishmoqda.

Markaziy osiyolik himoyasiz odamlar Rossiyada tuzukroq ish izlash asnosida jinoyatchilarga o‘lja bo‘lishyapti. Mamlakat Ukrainaga bostirib kirganiga javoban G‘arbning ayovsiz sanksiyalariga yo‘liqqanidan so‘ng millionlab migrantlarning daromadlari kesildi, ish topish imkoniyatlari kamayib ketdi.

Qirg‘izistonlik 150 dan ziyod migrantning har biri Yevropaga katta haq to‘lanadigan mavsumiy ishga yuborishni va’da qilgan Moskvadagi xususiy shirkatga kamida 1600 dollardan to‘lagan va pirovardida puliga kuygan.

Jabrlanuvchilardan bir nechasi Ozodlikning qirg‘iz xizmati bilan suhbatda Immigration 365 nomli shirkat ulardan go‘yo mehnat vizalari va bandlikni rasmiylashtirish xizmatlari uchun oldindan haq to‘lashni talab qilganini aytdi.

44 yoshli Oyzoda Murodilova Immigration 365 shirkatiga salkam 2 ming dollar to‘laydi. Unga Yevropa mamlakatlaridan birida qishloq xo‘jaligi sohasidan yaxshi ish topib berishni va’da qilishgan ekan.

“Avvaliga fevralda jo‘nab ketasiz deb aytishgandi, keyin martga ko‘chdi, so‘ngra aprelga... Aprelda borganimda sizga taklifnoma keldi, hademay uchasiz, deyishdi. Lekin taklifnomani ko‘rsatishmadi”, deydi Murodilova.

Shirkat Murodilovaga vizani Yekaterinburgdagi konsulxonadan olishni taklif qiladi. Ayol 1670 kilometr yo‘l bosib, Moskvadan Yekaterinburgga boradi – o‘sha yerda uning firibgarlarga aldangani ma’lum bo‘ladi.

Qirg‘izistonning Moskvadagi diplomatlari Murodilova hamda boshqa qirg‘izistonliklar firibgarlarni tutish va zararni undirishda yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilishganini tasdiqladilar.

Qirg‘iziston militsiyasi joriy yil birinchi choragining o‘zida immigratsiya bilan bog‘liq firibgarlik holatlari bo‘yicha 32 ta jinoyat ishi ochgan.

Firibgarlar o‘z qurbonlarini asosan Yevropa, AQSh, Kanada va Janubiy Koreyaga ishga jo‘natish va’dasi bilan chuv tushirganlar.

Noqonuniy bandlik shirkatlar tobora ko‘paymoqda

So‘nggi oylarda Markaziy Osiyodan minglab kishi Buyuk Britaniyada Brekzit tufayli yuzaga kelgan ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etish uchun mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga qonuniy yollandi.

Ishchilar uchinchi tomon – Britaniya firmalari bilan shartnoma tuzgan rasmiy rekruting shirkatlari orqali tanlab olindi.

Biroq Markaziy Osiyodagi firibgarlar bundan xabar topgach, o‘zlarini rekruting firmasi vakillari deb ko‘rsatib, “Buyuk Britaniyaga ishga jo‘natamiz”, degan mazmunda e’lonlar tarqatishdi.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar idoralariga ko‘ra, firibgarlar Buyuk Britaniyaga qulupnay terishga jo‘natish uchun ish izlovchilardan ko‘pincha 100 dollardan 1000 dollargacha pul talab qilishmoqda.

Bu Buyuk Britaniyadagi ayrim ish beruvchilarni Markaziy Osiyodagi potensial ishchilarni firibgarlardan ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirishga undadi.

Xususan, Britaniyadagi Fruitful Jobs shirkati Markaziy Osiyodagi talabgorlarni u bilan shartnoma imzolagan yagona rekruting firmasi – AGRI HR orqali ariza berishga chaqirdi.

Markaziy Osiyo davlatlari rasmiylari talabgorlarga ishni qonuniy faoliyat yuritayotgan kanallar orqali izlashni, rekruting shirkatlarining vakolatlarini sinchiklab tekshirishni va oldindan haq to‘lashni talab qiluvchilarga ishonmaslikni tavsiya qilishmoqda.

“Litsenziyasiz, noqonuniy faoliyat ko‘rsatuvchi shirkatlar soni tobora oshib boryapti”, deydi O‘zbekiston Mehnat vazirligining yuqori martabali mulozimi Zohid Asqarov.

“Qonunga muvofiq, faqat rasman ro‘yxatdan o‘tgan shirkatlargina chet elga ishga jo‘natish huquqiga ega, shu bois fuqarolarimizdan pul to‘lashdan oldin shirkatlar faoliyatini tekshirishni so‘raymiz”, dedi u Toshkentda o‘tkazilgan anjumanda.

Ekspertlar fikricha, firibgarlar odamlar ishga joylashish va viza olishning asosiy qoidalarini, chet tilini bilmasligidan foydalanib qolayotganini aytadilar.

“Agar shirkat ishchi vizasini ikki haftada olib berishini, buning uchun pulni oldindan berish kerakligini aytsa, hushyor torting. Odatda ishchi vizasini olishga uch oydan olti oygacha vaqt kerak bo‘ladi”, deydi Qirg‘izistondagi bandlik firmasi xodimi Doniyor Mukanbetov.

XS
SM
MD
LG