Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:32

Buxoro yahudiylari Yulduz Usmonovani antisemitizmda ayblamoqda


Yulduz Usmonova 13 - may kuni  o‘zining Instagram kanalida Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaroga munosabat bildirib, Isroilni bosqinchi deb atagan va uni “davlat deb hisoblamasligi”ni aytgan.
Yulduz Usmonova 13 - may kuni  o‘zining Instagram kanalida Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaroga munosabat bildirib, Isroilni bosqinchi deb atagan va uni “davlat deb hisoblamasligi”ni aytgan.

O‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonovaning Isroil-Falastin mojarosi yuzasidan bildirgan fikrlari AQSh va Isroildagi Buxoro yahudiylari jamoasida g‘azab va xavotir bilan qarshilandi.

Jamoa vakillari Usmonova “antisemit ohangidagi” chiqishlari uchun Isroil xalqidan kechirim so‘rashi kerakligini aytishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda ulardan ayrimlari Yulduz Usmonovani “Xalq artisti unvonidan mahrum qilish”ga chaqirdi.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 13 - may kuni o‘zining Instagram kanalida Falastin va Isroil o‘rtasidagi mojaroga munosabat bildirib, Isroilni bosqinchi deb atagan va uni “davlat deb hisoblamasligi”ni aytgan edi.

U falastinliklar bilan birdamlik izhor qilgan va “kerak bo‘lsa, Falastin uchun jang qilishga tayyorligi”ni bildirgan.

“Isroil millati deymiz, men uni mamlakat deb hisoblamayman. Chunki o‘zlari ham juda yaxshi biladi bosqinchiligini…. Bir boshga bir o‘lim. Urush uchun boramiz, kerak bo‘lsa, agar chaqirishsa. Biz o‘zimiz bilan o‘zimiz ovora deb o‘ylashmasin. Kerak bo‘lsa, birlashamiz. Falastinliklar qahramonlarimiz, ana o‘sha yerni ko‘rib, kurashib kelyapti”, - deydi Usmonova.

Isroilning Yexud shahrida yashovchi tadbirkor Aleks Baroyev o‘zining Facebook sahifasida Usmonovaning Isroilda bir qancha konsertlarini uyushtirishga yordam berganini eslatdi:

“Sizdan Isroil davlati to‘g‘risida bunday yoqimsiz narsalarni eshitish men uchun juda og‘ir. Men sizning Isroil davlatida bir nechta konsertlaringizni uyushtirganman va siz har doim Buxoro yahudiylarini juda yaxshi ko‘rishingizni aytgansiz va sizni har doim eng iliq va mehr bilan kutib olishgan. Endi siz xafa qilgan insonlardan, shu jumladan mendan uchun ham kechirim so‘rashingiz kerak”, - deb yozdi.

Isroillik Alek Baroyev xonanda Yulduz Usmonova bilan.
Isroillik Alek Baroyev xonanda Yulduz Usmonova bilan.

"Antisemitizm shu qadar bo‘lib ketdimi O‘zbekistonda? "

Buxoro yahudiylari jamoasi vakillaridan yana biri Yefim Miratov esa Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xonandani “bu gapi uchun xalq artisti unvonidan mahrum qilishi kerak” deydi.

“Taniqli o‘zbek xonandasining antisemitizmga da’vati, to‘g‘risi bizni dahshatga soldi. O‘zbekiston xalq artisti og‘zidan bu gaplarni eshitib O‘zbekistonga, Buxoroga ziyoratga borishga ham qo‘rqib qoldik. Antisemitizm shu qadar bo‘lib ketdimi O‘zbekistonda? Mening onam Mariya Sulaymonova Buxoroda 40 yil o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan. Ming yilliklar biz Buxoroda og‘a-ini, opa-singil, yashaganmiz. Lekin, O‘zbekiston xalq artistining bu gaplaridan biz qo‘rqib qoldik. O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib Yulduz Usmonovani Xalq arstisti unvonidan mahrum qilishni talab qilamiz”, - deydi Miratov.

AQShda yashovchi Buxoro yahudiylari jamoasi vakillaridan Nargiza Shabanova Ozodlik bilan suhbatda “Yulduz Usmonova men uchun yo‘q endi”, deb aytdi.

“Men Usmonova qo‘shiqlarini sevib tinglayman. Men suygan qo‘shiqchi. Kecha u aytgan gaplar meni va bu yerdagi yahudiy jamoasini qattiq xafa qildi. Menimcha qo‘shiqchilar va san’at ahli bunday vaziyatda tomonlarni tinchlikka chaqiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Isroil degan mamlakat yo‘q, kerak bo‘lsa, chaqirishsa, urushga boraman, deyish menimcha san’atkorlar aytadigan gap emas. Men uchun endi bunday ashulachi yo‘q ”, - deydi Nyu Yorkda yashovchi Shabanova.

Fransiyada yashovchi o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Yulduz Usmonovaning Yaqin Sharqda bo‘layotgan voqealarga munosabati O‘zbekiston aholisining mutlaq aksariyati pozitsiyasini, qarashlarini ifoda qiladi.

“Agar O‘zbekiston demokratik davlat bo‘lganida edi, O‘zbekistonda millionlab Yulduz Usmonovalar bo‘lardi, ular Falastin, Sharqiy Turkiston, Rohinja musulmonlari yoki boshqa zo‘ravonliklar, genotsidlar, zulmlar borasida o‘z fikrini barallar aytgan bo‘lardi”, deydi Rabbimov.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi Usmonovaning aytganlari O‘zbekiston hukumati pozitsiyasini ifodalamasligini aytdi.

Janjalkash xonanda

Yulduz Usmonovaning tarmoqlardagi ziddiyatli chiqishlari bundan oldin ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.

O‘tgan yili Usmonovaning Instagram’da jonli efirda ichki ishlar xodimlarini la’natlovchi so‘zlari uning ustidan ma’muriy ishi ochilishiga sabab bo‘lgan edi.

Shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda Yulduz Usmonovaning uzr so‘rab chiqqan videosi tarqaldi.

Marhum prezident Islom Karimov davrida 11 yil davomida taqiqda bo‘lgan va mamlakatni bir muddat tark etgan Yulduz Usmonova Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan yana sahnaga qaytdi.

U o‘zining “zapret”dan chiqishiga joriy prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva sababchi bo‘lganini aytgan.

O‘z vaqtida hozirda qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimovaga atab “Gulisan” deya qo‘shiq kuylagan xonanda yaqinda Shavkat Mirziyoyevning yangi tug‘ilgan nevarasiga atab qo‘shiq aytdi.

O‘zbekiston rasmiy idoralari Yulduz Usmonovaning bayonotiga munosabat bildirganicha yo‘q.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotirda ekanligini bildirgan.

“Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz.

Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur, deb hisoblaymiz.

Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar hamda “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etilishi lozim”, deyiladi vazirlik 13 - may kuni e’lon qilgan bayonotda.

Buxoro yahudiylari

Dunyodagi eng yirik yahudiy diasporalaridan bo‘lgan Buxoro yahudiylarining aksari Sovet Ittifoqining oxirgi va mustaqillikning ilk yillarida AQSh va Isroilga ko‘chib ketgan.

Ularning vakillari o‘zlari tug‘ilgan Buxoro va O‘zbekistonni ikkinchi vatani deb hisoblashini aytishadi.

Иши юришганлар қурултойи: Бухоро яҳудийларини ҳам ўзбек тили, ўзбекча ош ва ўзбек мусиқаси бирлаштиради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:38 0:00

Buxoro yahudiylari orasidan Izro Malakov, Berta Davidova hamda Muhabbat Shamayeva singari ko‘plab atoqli san’atkorlar yetishib chiqqan.

Buxoro yahudiylari O‘zbekiston bilan yaqin madaniy aloqalarni saqlab keladi. Markaziy Osiyoning eng katta musulmon aholisiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Isroil davlati bilan yaqin siyosiy va iqtisodiy aloqalarga ega dunyodagi kam sonli musulmon davlatlardan.

G‘azo bombardimonlar ostida

Yaqin Sharqda zo‘ravonliklar besh kundirki davom etmoqda. Dushanba kunidan buyon yuzdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilliklar orasida talafotlar soni sakkiz kishini tashkil etmoqda.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azodagi Falastin jangarilariga qarshi harbiy amaliyot "qancha lozim bo‘lsa, shuncha davom etishi"ni aytgan.

Hamas ham Isroil hujumlarini javobsiz qoldirmasligini bildirgan.

G‘azo va Isroildagi so‘nggi zo‘ravonliklar 2014 - yildan buyon kuzatilgan eng yomoni ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG