Rossiyaning Ukrainadagi bo‘lginchi hududlarni mustaqil deb tan olishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga nimani anglatadi va Putin qanday mujdalar yo‘llamoqda?
21 - fevral kuni Kreml “LXR” va “DXR”ni mustaqil respublikalar sifatida tan olganini e’lon qildi, ertasiga esa Putin “ularni butun Lugansk va Donetsk viloyatlari chegarasi doirasida tan oldik”, deya aniqlik kiritdi. Bugungi kunda mazkur viloyatlarning bir qismini Ukraina nazorat qilmoqda.
Putin xalqiga murojaatida “Sovet Ukrainasi bolsheviklar siyosati natijasida vujudga kelgan”ini va ushbu mamlakatni “bugun ham Vladimir Ilyich Lenin nomidagi Ukraina deb atash uchun asos mavjud”ligini iddao qildi.
“Ukraina davlatining muallifi va me’mori – Lenin. Buni arxiv hujjatlari, jumladan, Leninning Ukraina tarkibiga tom ma’noda tiqishtirilgan Donbassga doir direktivalari batamom tasdiqlaydi”, dedi u.
Bo‘lginchi “Donetsk Xalq Respublikasi” va “Lugansk Xalq Respublikasi”ni “mustaqil davlatlar” deb tan olish haqidagi hujjatlar hamda “do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida”gi shartnomalar o‘sha kuniyoq rasmiy TVda ham namoyish etildi.
Qariyb bir soatga cho‘zilgan nutqida Putin Ukrainani “Rossiyaning dushmani va o‘z tarixiga ega bo‘lmagan davlat” deb atadi.
Putinga ko‘ra, SSSR parchalanganidan so‘ng Rossiya Ukraina bilan do‘stlashgan, unga yordam bergan, biroq Kiyev “ikkisini bog‘lovchi barcha rishtalarni inkor etuvchi davlatchilik qurishga qaror qiladi” va shu manzarada u yerda “natsizm va rusofobiya avj oladi”.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskva mamlakat mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga putur yetkazayotganini aytdi.
“Mening ortimda xalqaro tan olingan chegaralaridagi Ukraina turibdi, bu chegaralar Rossiyaning har turli iddaolari va xatti-harakatlaridan qat’i nazar, o‘zgarmayajak. Donetsk va Lugansk viloyatlarining bosib olingan hududlarini mustaqil deb tan olish Rossiyaning Minsk bitimlaridan bir tomonlama chiqqanini va “Normand formati” doirasida qabul qilingan qarorlarni pisand qilmaganini bildiradi”, dedi Zelenskiy.
Ukraina Bosh prokuraturasi bo‘lginchi hududlar Moskva tarafidan tan olingani fakti bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
“Dilda Ukrainaga xayrixohlik va sirtda Rossiyaga itoat”
Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspertlar Rossiya prezidentining gaplari sobiq sovet respublikalariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan tendensiyadan mujda ekanini aytadilar. Ukrainadagi voqealardan so‘ng Rossiyaga qarshi joriy sanksiyalar joriy etilishi uning mintaqaviy qo‘shnilariga ham zarar berishi mumkin.
Xususan, o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Rossiyaning mintaqaga tahdidi xiyla ortgan.
“Bu yil 70 yoshga to‘layotgan Putin ochiq agressiya ko‘rsatdi. Iqtidorga kelgan paytlarida u o‘zini vazmin tutishga harakat qilardi, ammo keyinchalik shunaqa obraz kasb etdi. Bu ayniqsa 2007 - yilgi Myunxen xavfsizlik konferensiyasidan so‘ng yuzaga chiqdi. 2008 - yilda u bo‘lginchi hududlarni dastaklab, Gruziyani bo‘lib yubordi. 2014 - yilda Ukrainaga tegishli Qrimni anneksiya qildi. Hozirda o‘zini G‘arbga qarshi yolg‘iz jang qilayotgan qora ritsar kabi tutmoqda”, deydi ekspert.
Rabbimovga ko‘ra, Putin birvarakayiga barchaga urush e’lon qila olmaydi. Ammo u bu ishlari bilan “rus yerlarini yig‘ish”da davom etajagiga ishoralar bermoqda.
“Uning 21 - fevral kungi nutqi negizida “sovet davrida Rossiyaga qarashli yerlar g‘irromlik bilan boshqa ittifoqdosh respublikalarga berib yuborilgan”, degan iddao yotadi. So‘nggi ikki yil davomida Putin o‘z chiqishlarida bu haqda tez-tez eslatib turdi”, deydi Kamoliddin Rabbimov Ozodlik bilan suhbatda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 - iyun kuni “Rossiya 1” telekanalining “Moskva. Kreml. Putin” dasturi uchun bergan intervyusida, jumladan, shunday degan edi: “Savol tug‘iladi: u yoki bu respublika Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgach Rossiya erlaridan, azaldan Rossiyaga tegishli bo‘lgan tarixiy hududlardan kattagina bo‘lakni qabul qilib oldi, ammo keyin daf’atan Ittifoq tarkibidan chiqishga qaror berdi – loaqal qanday kelgan, shu holicha chiqib ketsin edi, rus xalqining hadyasini o‘zi bilan olib ketmasdan”.
Kamoliddin Rabbimov fikricha, Rossiya prezidenti Ukrainaga oid bayonotlari bilan diplomatiya odobiga ham, siyosiy muvozanatga ham rioya qilishni istamasligini ko‘rsatgan.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyaning xatti-harakatlarini bezovtalanib kuzatmoqda. Biroq, garchi bu mamlakatlar ichdan Ukrainaga xayrixoh bo‘lishsa-da, rasmiy munosabatlarda Rossiyaga itoatsizlik qilishga botina olishmaydi. Rossiya Markaziy Osiyo uchun asosiy savdo-iqtisodiy hamkordir”, deydi u.
Ekspert Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya axborot makonidan chiqishga qodir emas, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, 30 yillik mustaqillik davrida Markaziy Osiyoda Rossiya OAVlariga qarshi tura oladigan mustaqil axborot makoni yaratilmagan.
“Sobiq sovet respublikalari orasida hozircha faqat Markaziy Osiyoga tegishmadi. Ammo Putin integratsiya loyihasi sifatida SSSRni yangi shaklda bunyod etmoqchi. Shundan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mamlakatlariga bosim kuchaymoqda. Rossiya ishtiroki bilan Kavkazda anchadan beri hududiy yaxlitlik masalasiga doir bahslar ko‘tarilmoqda. Belarus esa shusiz ham Rossiya nazorati ostida. Bularning bari Markaziy Osiyo siyosiy elitasini tashvishga soladi. To‘laqonli demokratiya hatto Qirg‘izistonda ham yo‘q, Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlarida avtoritar rejimlar hukmronlik qilmoqda. Shu bois vaziyat juda murakkab”, deya xulosa qiladi Kamoliddin Rabbimov.
Rossiya va G‘arb bilan munosabatlar hamda Xitoyning ta’siri
Markaziy Osiyo bo‘yicha mustaqil ekspertlardan biri, Parviz Mullajonov Rossiya Ukraina sharqidagi bo‘lginchi hududlar mustaqilligini tan olish bilan Minsk bitimlaridan voz kechgani haqida mujda yo‘llaganini aytadi. “Putin Ukrainada rossiyaparast liderni iqtidorga keltira olmaganidan so‘ng Ukraina va G‘arbga shu tariqa bosim o‘tkazmoqchi”, deydi u.
Uning aytishicha, Rossiya bu xatti-harakatlari ortidan G‘arbning muayyan sanksiyalariga yo‘liqadi. Rossiyaga qarshi qo‘llangan sanksiyalar Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham ta’sir qilishi muqarrar.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy jihatdan Rossiyaga qattiq bog‘lanib qolgan. Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston Rossiya bilan birga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligini hisobga olsak, Rossiyadagi inqiroz boshqalarga ham zarar bermay qolmaydi. Qozog‘istonning moliyaviy xavfsizlik yostig‘i ilgari ancha baquvvat edi, lekin hozir mamlakatning moliyaviy zaxiralari ancha kamayib ketgan. Agar Rossiya rubli devalvatsiyaga uchrasa, mintaqa mamlakatlarining milliy valyutalari ham qadrsizlanadi. Bu O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmiga ta’sir etadi”, deya izoh beradi Parviz Mullajonov.
Ekspert fikricha, agarda Rossiya Ukrainadagi vaziyat tufayli energiya resurslarini yetkazib berishda to‘siqlarga yoki sanktsiyalarga duch kelsa, bu Qozog‘iston uchun foydali bo‘lishi mumkin. Ya’ni, Qozog‘iston Rossiya uchun zarur ayrim energiya resurslari transportirovkasidan pul ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Ayrim energiya resurslariga talab oshgan taqdirda ularning muayyan qismi Qozog‘iston hududi orqali tashilishi ehtimoldan xoli emas.
“Biroq, umuman olganda, Rossiya iqtisodiyoti cho‘kishni boshlasa, mintaqa mamlakatlarini o‘zi bilan birga pastga tortadi. Oqibatlar og‘ir bo‘ladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya bilan ham, G‘arb bilan ham aloqalarni uzishni xohlamaydi. Agar Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Ukrainaning bo‘lginchi hududlari mastaqilligini tan olishni talab qilsa, ular juda og‘ir vaziyatda qoladi”, deydi Parviz Mullajonov Ozodlikka bergan intervьyusida.
Shuningdek, ekspert taxminicha, Rossiya Ukrainadagi vaziyat bilan ovora bo‘lib turgan paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari Xitoyning ta’sir doirasiga o‘tishi mumkin, bu esa ayrim geosiyosiy evrilishlarga olib kelishi tayin.
Rossiyaning “boshqa vositalari”
Turkmaniston bo‘yicha ekspert Farid Tuxbatullin Ashxobod betaraf mavqeda turganini, chunki uning hududida chet mamlakatlarning harbiy bazalari yo‘qligini aytadi. Unga ko‘ra, Rossiyaning “do‘stona niyatlari” yo‘qligi belgisi bu – SSSR o‘rniga kelgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakat soni tobora kamayib borayotganidir.
“Afg‘onistondagi vaziyatni va ushbu mamlakatga xalqaro yordam yuklari yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni hisobga olganda Markaziy Osiyo nafaqat Rossiya, balki boshqalar bilan ham hamkorlik olib borishi mumkin. Ammo Ukrainadagi vaziyat mintaqa mamlakatlarini behalovat qiladi”, deydi u Ozodlik bilan muloqotda.
Farid Tuxbutullin ham Rossiya yanvar voqealari chog‘ida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) nomi bilan Qozog‘istonga kirganiga e’tibor qaratadi.
“Bu Rossiya boshqa vositalar bilan mintaqa mamlakatlarining ichki ishlariga aralisha olishini ko‘rsatadi. Ukrainadagi voqealardan so‘ng mintaqada tushkun kayfiyat hukm surmoqda. Moskva tinchlikni xohlamasligiga, muammolarni boshqacha tarzda hal qilishga moyilligiga amin bo‘ldik”, deydi ekspert.
Bugun, 23 - fevralda Rossiya Vatan himoyachilari kunini nishonlamoqda. Sovet davrida bu sana dastlab “Sovet armiyasi kuni”, keyinroq “Sovet armiyasi va Harbiy-dengiz floti kuni” deb atalgan. Aslida ushbu bayram 1922 - yilda “Qizil armiya kuni” sifatida belgilangan. Shuni hisobga olganda, bugungi vorisi Rossiya armiyasi bo‘lmish Qizil armiya tashkil etilganiga 100 yil to‘ldi. Ukraina bo‘lginchi mintaqalarining Rossiya tomonidan tan olinishi va Putinning Sovet Ittifoqi tarixi reviziyasiga oid shov-shuvli nutqi shu sanaga to‘g‘ri kelib qolgani g‘alati bo‘ldi.