Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:25

Erkin matbuot va Putin propagandasiga qarshi kurash. Blinken Toshkentda nimalarni muhokama qildi?


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida. Toshkent, 1-mart, 2023
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida. Toshkent, 1-mart, 2023

28-fevral - 1-mart kunlari AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Markaziy Osiyoga birinchi safarini amalga oshirdi. Bu AQSh Davlat kotibining Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon mintaqaga ilk tashrifi hamdir. Tashrif doirasida Blinken Markaziy Osiyoning ikki yetakchi davlati - Qozog‘iston va O‘zbekiston poytaxtlarida rasmiylar bilan muzokaralar olib bordi.

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi Moskva an’anaviy tarzda o‘zining "orqa hovlisi" deb hisoblaydigan mintaqa davlatlarini qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Ularning birontasi Rossiya bosqinini qoralamagan. Ayni paytda Kreml o‘zi "maxsus harbiy operatsiya" deb atayotgan Ukrainaga tajovuzni qo‘llash yoki betaraf turish borasida bu davlatlarga bosim o‘tkazib kelayotganiga ishoniladi.

Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalari Moskva bilan savdo aloqalari, tranzit yo‘llari hamda pul o‘tkazmalariga qaram Markaziy Osiyo davlatlarini iqtisodiy jihatdan ham qiyin ahvolga qo‘ygan - Blinken Ostona va Toshkentdagi chiqishlarida Qo‘shma Shtatlar mintaqa davlatlariga sanksiyalar ta’sirini yumshatish uchun 50 million dollar yordam ajratganini ma’lum qildi.

AQSh mulozimi Ostona va Toshkentdagi chiqishlarida Vashington mintaqa davlatlarining suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor urg‘uladi. Qozog‘iston prezidenti buning uchun Blinkenga shaxsan minnatdorchilik bildirdi, prezident Mirziyoyevning esa bu borada biron narsa degani rasman xabar qilingani yo‘q.

Blinken Toshkentdagi muzokaralarda Ukraina bilan bir qatorda AQSh-O‘zbekiston munosabatlarining an’anaviy kun tartibi bo‘lgan inson huquqlari va matbuot erkinligi masalalarini ham, jumladan, shaxsan prezident Mirziyoyev bilan muhokama qilganini bildirdi.


Toshkent safari

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Toshkentda Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.

Mahalliy nashlarning xabar qilishicha, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken uchrashuvining asosiy qismi yopiq eshiklar ortida o‘tgan.

Uchrashuvda biznes uchun sharoit yaratish, Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va boshqa qator masalalar muhokama qilingani aytildi, xolos.


Blinken shuningdek, Toshkentdagi "Xasti imom" kompleksini ziyorat qildi Jahon tillari universiteti talabalari bilan ham uchrashdi.

Shu kuni tushdan keyin AQSh Davlat kotibini prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.

Prezident matbuot xizmati xabarida, Entoni Blinken bu uchrashuvda, AQSh O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir ta’kidlagani alohida urg‘ulandi.

AQSh elchixonasida o‘tgan matbuot brifingida Blinken Qoraqalpog‘istonda 2022-yil iyulida yuz bergan qonli voqealar yuzasidan shaffof tergovning muhimligini ta’kidladi:

"Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning mustaqillikka erishgan yillariga borib taqaladi. So‘nggi yillarda bu hamkorlik yanada kuchaymoqda. Men bu yerga kelganimdan beri guvoh bo‘lganim bu hamkorlikni yanada kuchaytirishga bo‘lgan o‘zaro uyg‘un hamda tashabbuskor istakdir. Men bu o‘rinda 2022-yilning iyul oyida sodir bo‘lgan tartibsizliklar paytida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan sodir etilgan inson huquqlari buzilishi holatlarining to‘liq va shaffof tergov qilinishi O‘zbekiston uchun juda muhimligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman”.

Blinken mahalliy va xorijiy jurnalistlar savollariga javob berarkan, Rossiya propagandasiga qarshi samarali kurashish uchun ommaviy axborot vositalari erkin bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

AQSh mulozimiga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa qismlarida kuchli targ‘ibot va dezinformatsiya tizimini yaratgan.

“Kuchli, faol va barcha resurslarga ega mahalliy ommaviy axborot vositalarining mavjudligi biz bugun, shu jumladan, prezident [O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev] bilan muhokama qilgan masalalardan biridir. Xususan, Rossiyadan yoki boshqa manbalardan kelayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun”, deya ta’kidladi Entoni Blinken.


O‘zbek tomoni Blinken tashrifiga doir bergan rasmiy xabarlarda bu uchrashuvlarda Rossiyaning Ukrainaga bosqini yoki bu bu urush ortidan O‘zbekistondagi bugun vaziyat muhokama qilingani haqida biror ma’lumot berilmadi.

Siyosiy tahlilchi Rafael Sattorov AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan yopiq eshiklar ortida o‘tgan muloqotlarda Ukrainaga bosqini ortidan Rossiyaga qo‘llangan sanksiyalarning O‘zbekiston uchun oqibatlari muhokama etilganiga shubha qilmaydi.

Bundan tashqari tahlilchi, Rossiyaning Ukrainaga bosqini AQShning Markaziy Osiyo mintaqasiga yondashuvidagi asosiy xavotir - bu mintaqaning ojizlashgan Rossiyadan, unga avvaldan ko‘z tikkan Xitoy tomon yanada yaqinlashtirishi mumkinligidan mavjud xavotirini oshirishi tabiiy, degan xulosada.

Baydenning maktubi


Tahlilchilar fikricha, Ukraina urushi manzarasida Kremlning bilvosita agressiyasi bilan yuzma-yuz qolgan mintaqa davlatlari uchun G‘arbning siyosiy dastagiga har doimgidan ko‘ra ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda. Bu dastakni his qilish va namoyish qilish boshqa-boshqa narsalar, deydi tahlilchilar.

Xuddi shu manzarada o‘tgan oy AQSh prezidenti Jo Baydenning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab yozgan maktubi tahlilchilar e’tiborini tortdi.

“O‘zbekiston bilan iqtisodiyot va energetika masalalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Sizning mamlakat siyosiy tizimini modernizatsiya va isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlash AQSh uchun ustuvor ahamiyatga ega», deyiladi Bayden nomidan e’lon qilingan maktubda.


Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomovga ko‘ra, aslida energetika sohasida AQSh bilan hamkorlik - aslida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘lishi mumkin.

Zotan, Rossiya gaz-neft sanoatiga sanksiyalar qo‘llagan Yevropaning hozirda Markaziy Osiyodagi energetik zahiralarga ehtiyoji ortgan, deb hisoblaydi tahlilchi:

“Agar Markaziy Osiyo davlatlari o‘z energetik resurslarini Osiyo davlatlari orqali bo‘lsa ham jahon bozoriga olib chiqa olsa, bu Yevropa uchun ma’lum bir miqdorda foyda keltiradi. Ya’ni, bu holda bizning mintaqadan borayotgan energoresurslar Yaqin sharq yoki Rossiya mahsulotlariga raqobatchi bo‘ladi, Yevropaga yetkaziladigan resurs ko‘lami ham ortadi. Buning uchun bu resurslarni janubiy-g‘arbiy yo‘nalishda uzatish tizimlari, quvurlar va boshqa tizimlarni rivojlantirish kerak bo‘ladi. Bu ham G‘arb uchun strategik ahamiyatga ega”.

Moskvadagi Karnegi fondi eksperti Temur Umarovga ko‘ra, AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan bunday yumshoq va sokin yondashuvi bu davlatning Rossiya-Ukraina urushiga o‘ralashib qolgani va bu mintaqa uchun ajratadigan resurslarining o‘ta cheklangani bilan bog‘liq:

“Entoni Blinkenning Markaziy Osiyoga safari birinchi navbatda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va mintaqa davlatlarini Ukrainadagi vaziyat borasida nisbatan aniq pozitsiyani tutishga undash maqsadida amalga oshirildi. Shuning uchun AQSh tomoni ikkilamchi sanksiyalar va buning oqibatida Markaziy Osiyo davlatlari ko‘radigan zararni qoplashga tayyorligini tez-tez gapirmoqda. Lekin, boshqa tarafdan Markaziy Osiyo davlatlari uchun AQShning mintaqaga yondoshuvi u qadar ishonchli ko‘rinmayotir. Chunki, AQSh bu mintaqan o‘z manfaati uchun zarurat tug‘ilgandagina yodga oladi, degan skeptik qarash mavjud. Ammo, bu safar orqali AQShning ishonchli strategik hamkor ekanini ko‘rsatish ham maqsad qilingan”.

Rossiya ta’siridan uzoqlashish

23-fevral kuni BMT tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bosqinini zudlik bilan to‘xtatish va Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketish talabi ovozga qo‘yildi.

O‘shanda Markaziy Osiyoning 4 respublikasi - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston betaraf qolgan 32 davlat safidan joy oldi, Turkmaniston esa ovoz bermadi.

Bu talabni 141 davlat yoqladi, 7 davlat, jumladan, Xitoy, Belarus va Rossiya qarshi ovoz berdi.

Ammo, Markaziy Osiyo davlatlarining sukuti - o‘tgan asrda Kreml qaramida bo‘lgan bu hududning hanuz Putin hokimiyatining keskin bosimi ostida ekanini yaqqol ko‘rsatdi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Donald Lu ham buni alohida qayd etarkan, AQSh ma’muriyati bu davlatlarning asta-sekinlik bilan Rossiyadan ajralishi uchun ko‘makka tayyorligini bildirdi.

“Biz ushbu sanksiyalar natijasida Markaziy Osiyo iqtisodiyotini Rossiyadan ajratishda haqiqiy o‘sish bo‘layotganini kuzatyapmiz. Biz Markaziy Osiyo respublikalarini bu yo‘nalishda rag‘batlantirishda davom etamiz”, dedi Donald Lu.

Shu yilning 19-fevral kuni O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 31 yil to‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon O‘zbekiston-AQSh munosabatlari nisbatan sokin davom etdi va bu munosabatlar ko‘proq “C5+1” loyihasi doirasidagi rasmiy aloqalardangina iborat bo‘lgani kuzatildi.

AQSh Davlat Departamentiga ko‘ra, O‘zbekiston hanuz Afg‘onistonga xalqaro insonparvarlik yordamini yetkazish va xususan, bu davlatni elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi muhim hamkori ekanicha qolmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hamkorlik hajmi ham 2020-yilda 277 million, 2021-yilda 424 million AQSh dollarini tashkil qilgan va hozir AQSh O‘zbekistonning 16-o‘rindagi savdo hamkoridir.

1992-yildan beri AQSh O‘zbekiston iqtisodiga kiritgan sarmoya miqdori esa atigi 1 milliard 800 million AQSh dollarini tashkil qiladi. Qozog‘istonda esa AQSh sarmoyasi miqdori 1993-yildan beri 62 milliard dollardan oshgan.

XS
SM
MD
LG