Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:19

Eronda mullalarga nisbatan ommaviy nafrat kuchaymoqda


Shialarning muqaddas Qum shahrida bir ayol hijobi haqida tanbeh bergan ulamoga tashlanib, uning sallasini uloqtirib oyoqosti qilgan. Voqea aks etgan video o‘tgan yili internetda tarqalgach, ko‘pchilik bu ayolni maqtadi, ammo ruhoniyning tarafini olganlar bo‘lmadi.

Ayolning hibsga olinishi bilan yakunlangan voqea 1979-yilgi Islom inqilobidan keyin hokimiyatga kelgan ulamolarga nisbatan jamoatchilikning noroziligini uyg‘otdi.

Buni Eronda ulamolarga qarshi jismoniy hujumlar ortayotganidan ham ko‘rish mumkin.

Tehronlik qochqin ulamo Abulfazl Najafiy-Tehroniy Ozodlik bilan suhbatda aholi g‘azabiga Eron diniy idorasining yaxshi ishlamayotgani, eronliklarning kundalik hayotiga aralashishi va ulamolarning zamonaviy ehtiyojlarga unchalik ham toqat qilmasligi sabab bo‘lganini aytdi.

“Oxirgi yillarda biz odamlarning davlat siyosatidagi ulamolarga nisbatan nafrat va g‘azabi kuchayganiga guvoh bo‘ldik ”, dedi Najafiy-Tehroniy. Bu g‘azab “o‘z reaksion turmush tarzini boshqalarga yuklayotgan” ulamolarga nisbatan hujumlarga sabab bo‘lganini qo‘shimcha qildi u.

Oxirgi bir necha oy ichida ommaviy axborot vositalarida din arboblariga nisbatan bir necha jismoniy tajovuz sodir etilgani xabar qilindi.

Jumladan, iyun oyi boshida Oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiyning Isfaxon viloyatidagi vakilini pichoqlashga uringan shaxs haqida xabar berildi. Oyatulloh Yusuf Tabatainajod hujumdan keyin intervyu berib, hujum qilgan yosh yigit ekanini va hujum sabablari o‘rganilayotganini aytdi.

Iyul boshida Isfahonda bir din arbobi suiqasd chog‘ida yaralangan bo‘lsa, oradan bir nechta hafta o‘tib, 28-iyul kuni Karaj ziyoratgohida va’z o‘qiyotgan yosh mullaga bir necha marta pichoq bilan jarohat yetkazildi.

Aprel oyida Eron shimoli-sharqidagi Mashhadda, Imom Rizo ziyoratgohida ikki nafar eronlik mulla pichoqlab o‘ldirilgan, yana biri yaralangan edi. Hujum qilgan shaxs afg‘onistonlik 21 yoshli etnik o‘zbek bo‘lib, radikal sunniy qarashlarga ega bo‘lgan.

So‘nggi yillarda sodir bo‘lgan hujumlarning aksariyati islom qoidalarini, jumladan, inqilobdan keyin majburiy bo‘lgan hijob qoidalarini omma oldida tatbiq etishga urinayotgan ulamolarga qaratilgan.

Aprel oyida Fars axborot agentligi so‘nggi 10 yil ichida hujumga uchragan yigirma nafar ulamoning ismlarini e’lon qildi. Hujumlar natijasida 3 nafar ulamo halok bo‘lgan, ikkitasi ko‘zidan ayrilgan.

Islom inqilobidan keyingi dastlabki yillarda Mujohiddin Xalq Tashkiloti (MXT) kabi guruhlar yuqori martabali ulamolarga qarshi bir necha bor suiqasd uyushtirishdi. Yuqori martabali amaldorlar hujumlar haqida ochiq izoh bermadi.

Islomiy respublikada so‘nggi so‘zni aytadigan Xomanaiy iyun oyida qilgan chiqishida general Qosim Sulaymoniy dafn marosimiga “millionlab” yig‘ilganlarga ishora qilib, inqilob boshidan beri odamlarning din va ruhoniylarga “xayrixohligi” kuchayganini da’vo qilgan edi.

Najafiy-Tehroniyning aytishicha, odamlar joriy iqtisodiy qiyinchilikda ulamolarni ayblaydi.

“Odamlar din arboblarining vakolatlari cheklanishini, din va diniy vakillarning davlat ishiga aralashmasligini talab qilmoqda. Inqilobdan 43 yil o‘tib, dinga asoslangan boshqaruv tizimi samarasizligini xalq anglab yetdi”, deya ta’kidladi Najafiy.

U shuningdek, ko‘plab eronliklar kun kechirish uchun qiynalayotgan bir paytda ko‘pchilik davlat byudjeti seminariyalarga sarflanayotganidan norozi ekanini qo‘shimcha qildi. Shu oy boshida Xojatulislom Muhammad Nuralioxun xalq va ulamo o‘rtasidagi “juda jiddiy” tafovut haqida ogohlantirib, bo‘linishda ulamolarni aybladi.

Tehronlik dissident ulamo Abulfazl Najafiy Tehroniy
Tehronlik dissident ulamo Abulfazl Najafiy Tehroniy

“Bugungi kunda biz yuqori martabali ulamolar rasmiy va davlat marosimlari haqida bayonotlar berishiga guvohmiz, lekin ular adolatsizliklar, tengsizliklar, noto‘g‘ri qarorlar va odamlarga qilingan zo‘ravonliklar haqida kamdan-kam hollarda gapirishadi”, deydi Nuralioxun.

1979-yildagi inqilobning dastlabki yillarida ko‘plab eronliklar ulamolar haqida muntazam ravishda hazillashib, ularni qobiliyatsiz va johil qilib ko‘rsatgan. O‘shanda aksar taksi haydovchilari ularni olib ketishdan bosh tortishardi. So‘nggi yillarda iqtisodiy qiyinchiliklar ortib borayotgan bir paytda, aholining ulamolarga nisbatan g‘azabi kuchaygandan kuchaydi.

2019-yil noyabr oyida benzin narxining keskin oshishiga qarshi norozilik namoyishlari chog‘ida to‘qqizta seminariya va juma namozi peshvolarining idoralari g‘azablangan namoyishchilar nishoniga aylandi. Namoyishchilar Eron yetakchilariga, shu jumladan Xomanaiyga qarshi chiqdilar.

Najafiy-Tehroniyning fikricha, olomon g‘azabi asosan tuzum tarafdori bo‘lgan ulamolarga qaratilgan. Najafiyning aytishicha u zarur bo‘lmagan paytda salla o‘ramaydi. Chunki odamlar rejim tarafdorlari va unga qarshilarni ajrata olmaydilar, deya izohlaydi u.

“Men ham joriy vaziyat tanqidchilaridanman deb sallamga yozib qo‘yolmayman‑ku”, deydi u.

XS
SM
MD
LG