Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:20

Finlashish? Makronning bayonoti Kiyevni asabiylashtirib, Xelsinkida yomon xotiralarni yodga soldi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin fin hamkasbi Sauli Niinisto bilan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin fin hamkasbi Sauli Niinisto bilan.

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan uch yil o‘tib, urush boshida qudratli Qizil Armiya ustidan g‘alaba qozongan Finlyandiya sharqiy qo‘shnisi bilan shartnoma imzoladi. Kelishuv Xelsinkining betarafligini mustahkamlab, uni yangi paydo bo‘lgan NATOdan uzoqlashtirdi va Finlyandiya siyosatiga o‘nlab yillar davomida ta’sir ko‘rsatdi.

Ushbu vaziyat "Finlashtirish" degan geosiyosiy atama bilan nomlandi. Finlyandiyada bu so‘z yoqimsiz qarshi olinadi. Ayni kunlarda bu so‘z Kiyevda haqorat o‘laroq qarshilandi.

Shu hafta Kiyevga safari chog‘ida Fransiya prezidenti mazkur atamani qo‘llab ayni g‘oyani ilgari surgani xabar qilinmoqda. Bu mavjud ziddiyatni hal qilishning “pichoqqa ilinadigan” muqobil varianti ekani aytilgan.

Emmanuel Makronning Moskvaga tashrifi oldidan Kiyevga borgani Rossiyaning yangi bosqini oldini olishga qaratilgan so‘nggi yuqori darajadagi sa’y-harakatlardan biri bo‘ldi.

Makron keyinchalik bu atamani ishlatganini rad etdi. Ammo xabarlarga ko‘ra, u o‘zi bilan hamrohlik qilgan jurnalistlarga: "Bu ayni damda muhokama uchun choralardan biri. Biz hozir vaziyatni qaysi so‘z bilan atashni emas, muammoga yechim topish haqida bosh qotirishimiz kerak", deya ta’kidlagan.

8 - fevral kuni Kiyevda o‘tgan matbuot anjumanidan keyin Vladimir Zelenskiy Fransiya yetakchisidan “finlashtirish” atamasini eshitmaganini aytdi.

"Ukraina uchun bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa", deydi Kiyevdagi Razumkov tahlil markazining Tashqi aloqalar va xalqaro xavfsizlik dasturi raisi Oleksiy Melnik.

"Agar doimiy betaraflikni qabul qilsangiz, mantiqan buning evaziga biror narsa olishingiz kerak. Xo‘sh, Ukraina buning evaziga nima olishi mumkin? Rossiya bu borada hech narsa degani yo‘q.”

Bu atama Finlyandiyada afsus va pushaymonlik bilan eslanadi.

Finlyandiya xalqaro munosabatlar institutining katta ilmiy xodimi Matti Pesu: "Fin nuqtai nazaridan, bu haqoratli so‘z. Finlar bu so‘zni yoqtirmaydi va siyosiy yechim sifatida ham taklif qilmaydi. Finlar har doim tashqi kuch tomonidan o‘rnatilgan tizimga qarshi."

"Zaharli ta’sir"

1948 - yilda imzolangan Sovet-Finlyandiya do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomasi Xelsinkining Sovet Ittifoqi bilan urushdan keyingi munosabatlariga asos bo‘ldi. Moskva Finlyandiyaga bostirib kirmasligini kafolatladi.

Ammo 1960‑yillarga kelib, “Finlashtirish” atamasi Germaniyada SSSRga yaqin bo‘lgan davlatlarning munosabatlarini tushuntirish uchun qisqacha tavsif sifatida qo‘llanila boshlandi.

1939-40 - yillarda Sovet Ittifoqi bilan jangdagi Finlyandiya qo‘shinlari.
1939-40 - yillarda Sovet Ittifoqi bilan jangdagi Finlyandiya qo‘shinlari.

"Siz buni Finlyandiyaning Moskva bilan munosabatlarda omon qolish mexanizmi sifatida ko‘rishingiz mumkin. Ammo bu ichki siyosatga zaharli ta’sir ko‘rsatdi”, deydi xelsinkilik xalqaro siyosat, xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha tadqiqotchi Charli Salonius-Pasternak.

Kekkonen davrida Finlyandiya siyosati Moskvaga nisbatan "moyil" bo‘lgan. Finlyandiya siyosatida Moskvani keskin tanqid qilish mumkin emas edi. Fin ommaviy axborot vositalarida ham Sovet siyosati kamdan-kam tanqid qilingan.

Sovuq urushdan keyin Finlyandiya 1995 - yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilib, G‘arb bilan yaqinroq aloqalar sari intildi. Biroq, 2014 yilda Rossiya Ukrainaning Qrim yarim orolini anneksiya qilgani Xelsinki uchun kutilmagan keskin voqea bo‘ldi.

Finlyandiya NATOga a’zo emas, biroq ekspertlarning ta’kidlashicha, u tashqi alьyans bilan anchagina integratsiyalashgan.

"Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lganimizdan beri biz betaraf emasmiz, – dedi Salonius-Pasternak. – Siyosat nuqtai nazaridan biz NATO va AQSh bilan mustahkam aloqalarga egamiz."

Finlyandiya jamiyati ham NATOga a’zolikni qo‘llab-quvvatlash tomon sezilarli darajada qadam tashladi. Biroq ijtimoiy so‘rovlar bu borada noaniqlikni ko‘rsatmoqda. Finlyandiya Bosh vaziri ham mamlakat NATOga a’zo bo‘lishi "ehtimoldan yiroqligini” aytdi.

Ukraina uchun bu muammo ancha murakkab. Kreml Finlyandiyaning Evropa bilan yaqin bo‘lishiga oddiy qarasa-da, Moskva Kievning xuddi shu yo‘nalishdagi harakatlarini to‘xtatish choralarini ko‘rmoqda.

“Moskvaga Ukrainaga nisbatan “finlashtirish” siyosatini qo‘llashiga ruxsat berish xavfli qadam bo‘ladi”, deydi Salonius-Pasternak.

"Finlar Ukrainaga mamnuniyat bilan taklif qiladigan tajriba"

"Finlashtirish" Ukrainaning eng yirik harbiy yordam bilan ta’minlovchi va qat’iy qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar uchun ham yoqimsiz so‘z.

G‘arb rasmiylari Moskva aslida Ukraina tashqi siyosatiga veto qo‘yishni talab qilayotganini aytmoqda.

NATO rasmiylari alyans eshigi Ukraina uchun ochiq qolishini, biroq yaqin kelajakda mamlakat ittifoqqa qo‘shilmasligini ochiq ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Finlyandiya prezidenti Sauli Niinisto 2019 - yil sentabr oyida Kiyevda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Finlyandiya prezidenti Sauli Niinisto 2019 - yil sentabr oyida Kiyevda.

“Prezident Makron bu atamani tilga olmaganini va NATOning “Ochiq eshiklar” siyosatiga chek qo‘yish chinakam muammo bo‘lishini aytdi.

“Biz bunga qo‘shilamiz”, dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jalina Porter “Finlashtirish” haqidagi savolga javoban. “Ilgari aytganimizdek, biz suveren davlatlar o‘z xavfsizligi bo‘yicha o‘zi qaror qabul qilish huquqiga sodiqmiz", qo‘shimcha qilgan u.

"Ukraina Finlyandiyadan nimanidir o‘rgana oladimi? Finlyandiya kuchli qo‘shnisi bilan keskin vaziyatdan chiqish tajribasiga ega. Bu davlat Shvetsiya, Norvegiya va NATO bilan mustahkam mudofaa aloqalariga ega. Finlyandiya funktsional jamiyatga ega, dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan mamlakatlardan biri. Bu finlar Ukrainaga ham mamnuniyat bilan taklif qiladigan tajribalar”, deya xulosa qildi Finlyandiya xalqaro munosabatlar institutining katta ilmiy xodimi Matti Pesu.

XS
SM
MD
LG