Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:32

Freedom for Eurasia Nukus voqealarida o‘lgani aytilayotgan 55 kishining ro‘yxatini e’lon qildi


Avstriyadagi Freedom for Eurasia huquqni himoya qilish tashkiloti ilk bor Nukus voqealarida halok bo‘lganlarning rasmiy ro‘yxatini va faollar tomonidan tuzilgan norasmiy ro‘yxatni e’lon qildi. Tashkilot iddaosicha, Nukusda O‘zbekiston hukumati ta’kidlab kelayotganiday 21 kishi emas, kamida 70 kishi halok bo‘lgan. Bu boradagi hisobot Freedom for Eurasia saytida e’lon qilindi.

Mazkur hisobot taniqli huquq faoli Vitaliy Ponomaryov tomonidan mintaqadagi faollar Galim Ageleuov (Qozog‘iston) va Dmitriy Kabak yordamida yozildi. Ular Qoraqalpog‘istonga va Buxoroga ikki marta safar qilib, dalil-isbotlarni yig‘ishgan va Nukus voqealarining bevosita guvohlari bilan suhbatlashgan. O‘zbekiston hukumati uchinchi marta huquq faollarini Qoraqalpog‘istonga kiritmagan.

Bundan tashqari hisobotga qoraqalpoq faollari ham hissa qo‘shgani, ammo xavfsizlik yuzasidan ularning ismlari aytilmagani qayd etilgan.

Hisobotda aytilishicha, huquq faollari Buxorodagi sud jarayonlarini kuzatish, jinoyat ishlaridagi ma’lumotlarni o‘rganish ortidan rasman halok bo‘lgani aytilgan 21 kishining shaxsini aniqlagan.

“O‘zbekiston hukumati halok bo‘lganlar ro‘yxatini avval e’lon qilmagan edi”, deyiladi hisobotda.


“Nukus voqealarida halok bo‘lganlar to‘g‘risidagi ilk raqamlar 2022 - yilning iyulida Bosh prokuratura va Milliy Gvardiya rasmiylari tomonidan e’lon qilingan edi. 4-iyulda AOKAda o‘tgan brifingda rasmiylar tartibsizliklar chog‘ida 18 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Oradan ikki hafta o‘tgach, prokuratura yana uch kishi kasalxonalarda o‘lgani to‘g‘risida ma’lumot bergan. OAVlarda shu kungacha 21 kishi o‘lgani eslanadi, holbuki jinoyat ishi materiallarida faqat 19 kishi o‘lgani qayd etilgan. Huquq-tartibot organlari versiyasiga ko‘ra, ularning barchasi “ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi” bo‘lgan”,-deyiladi hisobotda.

Tashkilot Milliy gvardiyaning tartibsizliklarni bostirishga jalb qilingan huquq-tartibot tuzilmalari xodimlaridan to‘rt nafari halok bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tasdiqlanmaganini iddao qilgan.

“Aslida 2022- yilning 1-2-iyulida jamoat tartibini saqlash uchun Qoraqalpog‘istonga jalb qilingan kuch ishlatar tuzilmalar xodimlaridan birortasi ham halok bo‘lgan emas”, deyiladi hisobotda.


Huquq faollari mustaqil surishtiruvlar natijasida Nukus voqealarida kamida yana 34 kishi halok bo‘lganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Hisobot mualliflari bu yakuniy ro‘yxat emasligini, voqealar paytida kamida 70 kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar borligini bildirgan.

Freedom for Eurasia hisobotida 34 kishidan iborat norasmiy ro‘yxatga rasmiy ro‘yxatda nomi qayd etilgan shaxslar kiritilmagani ta’kidlanadi. Quyida hisobotda keltirilgan mazkur ikki ro‘yxat bilan tanisha olasiz.

Rasmiy ro‘yxat

Freedom for Eurasia qaydicha, Nukusda 2022 - yilning 1-2 - iyul voqealarida halok bo‘lganlarning rasmiy ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Oliy sudining 2023 -yil 5-maydagi A. Sagidullayev va N. Urazbayev ishi bo‘yicha chiqargan hukmidan olindi va boshqa manbalar orqali to‘ldirildi.

1. Absattarov Abdisamad Abdinasirovich, 18.06.1987, 2022-yilning 2-iyulida Nukus IIB oldida yaralanganidan so‘ng halok bo‘ldi, sud-tibbiyot ekspertiza akti №103/9 , 29.07.2022;

2. Ayimbetov Genjebek Arzimbetovich, 14.10.1982, 2022- yilning 2 -iyulida Nukus xalqaro aeroporti va “Shorsha baba” qabristoni o‘rtasidagi hududda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №21/15, 02.08.2022;

3. Bakirov Sabit Majitovich, 27.02.1978, 2022- yilning 2- iyulida Nukus va Xo‘jayli tumanini bog‘lovchi Amudaryodan o‘tgan ko‘prikda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №23/1 , 20.07.2022 (Nukus);

4. Dauletnazarov Islambek Baxadirovich, 08.08.1993, 2-iyulda Nukus IIB oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №105/11, 02.08.2022;

5. Jaqsimuratov Bahadir Sarsenbayevich, 05.05.1978, “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” muxolifat partiyasi a’zosi, 1- iyulda I.Karimov prospektidagi Jog‘arqi Kenesh binosi oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №96/2, 02.08.2022;

6. Emjarov Jumabek Kurbanbayevich, 02.02.1981, 2022- yilning 2 -iyulida Nukus xalqaro aeroporti va “Shorsha baba” qabristoni o‘rtasidagi hududda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №106/12, 03.08.2022;

7. Esenov Azamat Uspanovich, 1981, 2022 - yilning 2 - iyulida Nukus xalqaro aeroporti va “Shorsha baba” qabristoni o‘rtasidagi hududda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №107/13, 20.07.2022;

8. Ziuatdinov Xamdulla Xabibullayevich, 18.04.1986, 2 - iyulda Nukus IIB oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №98/4, 02.08.2022;

9. Kurbanov Azamat Bekmuratovich, 15.06.1984, 2 - iyulda Nukusda Sanitar epidemiologik farovonlik va jamoat salomatligi xizmati oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №99/5, 20.07.2022;

10. Najimatdinov Orazbay Djienbayevich, 1972, 2022 - yilning 2 - iyulida Nukus va Xo‘jayli tumanini bog‘lovchi Amudaryodan o‘tgan ko‘prikda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №24/2, 20.07.2022 (Xo‘jayli);

11. Otegenov Baxtiyar Kosibayevich, 04.12.1982, 2022- yilning 2- iyulida Nukusdagi Sarancha ko‘prigi oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №95, 15.07.2022;

12. Pirnazarov Muratbay Maxsetbay uli, 03.03.1994, 2022- yilning 2- iyulida Nukus xalqaro aeroporti va “Shorsha baba” qabristoni o‘rtasidagi hududa halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №104/10, 02.08.2022;

13. Seytjanov Azamat Pirjanovich, 14.06.1986, 2022 -yilning 2- iyulida Nukus xalqaro aeroporti va “Shorsha baba” qabristoni o‘rtasidagi hududda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №97/3, 15.07.2022;

14. Tleumuratov Baxtiyar Begimbayevich, 1970, 2022 -yilning 2- iyulida Nukus IIB oldida halok bo‘ldi, sud-tibbiyot ekspertiza akti №100/6, 03.08.2022;

15. Turamuratov Jalg‘as Sharipbayevich, 22.12.198978, 2022 -yilning 2- iyulida Nukus xalqaro aeroporti va “Shorsha baba” qabristoni o‘rtasidagi hududda halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №114/18, 05.08.2022;

16. Turdimuratov Axmad Kidirmuratovich, 07.07.1997, 2- iyulda I.Karimov prospektidagi Jog‘arqi Kenesh binosi oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №210, 10.07.2022.

17. Xojanov Muxammed Karimbay uli, 23.11.1991, 2- iyulda Nukusning Koskol-1 tumanida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №108/14, 19.07.2022;

18. Sharipov Kurbangaliy Tokpolatovich, 1979, 2- iyulda Nukusda QR IIVning spetspriyomnigi (ma’muriy ish bilan ushlanganlar uchun) oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №101/7, 01.08.2022;

19. Yusupov Ilxam Maxmudovich, 26.08.1988, informatika o‘qituvchisi, 2022- yil 2- iyulda soat 20:30 da Nukus IIB oldida halok bo‘lgan, sud-tibbiyot ekspertiza akti №102/8, 02.08.2022.

Freedom for Eurasia ro‘yxati

Tashkilotning bildirishicha, mazkur ro‘yxatga rasmiy ro‘yxatda qayd etilganlar kiritilmagan. Bu ro‘yxat “Ochiq dialog” fondi materiallari, “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tuzilgan. Ayrim keyslar qo‘shimcha tekshiruvni talab qiladi.

1. Abdijalov Kayratdin, Sho‘manay tumani;

2. Azizov (Arizov?) Muxameddin Yerejepayevich, 1992, Nukus;

3. Akmaliyev Abusattar, 1989(?), Nukus;

4. Alimbetov Raxmet Keulimjayevich, Nukus;

5. Amirbayev Dmitriy Xojaaxmetovich, Xo‘jayli tumani, o‘qotar quroldan otilgan;

6. Atadjanov Perdebay, 28.06.1991, Amudaryo tumani;

7. Babaniyazov Mirbek Muratbayevich, 04.08.1985, Nukus(?);

8. Baltabayev Toktamurat, 1980, Nukus, ish joyida lo‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan o‘lgan;

9. Daribayev Alisher Sabit uli, 31.10.2002, Nukus, QDU talabasi, 2022- yil 2- iyulida Nukusdagi “Svetlana” bozori oldida soat 17 lar chamasida halok bo‘lgan, 3- iyul kuni “Salmen ota” qabristoniga dafn etilgan (hujjatlar mavjud);

10. Yerimbetov Kaliy, 1964, Taxtako‘pir tumani;

11. Yesemuratov Sultan, 25.01.1992, boks bo‘yicha murabbiy, Nukus, o‘qotar quroldan halok bo‘lgan;

12. Jumabayev Azamat, 1996, 2022- yil 2- iyulda Nukus IIB oldida halok bo‘lgan;

13. Ibragimov Merey, 18.08.1978, Nukus;

14. Iskenderov Jolibay, 1987, Qonliko‘l tumanidagi Nauriz mavzesida yashagan, Qonliko‘l tumanidagi tekstil kombinati yaqinida 2022- yil 2- iyulda o‘qotar quroldan halok bo‘lgan;

15. Kaipov Yermanbay Daryabayevich, 21.05.1990, Shimboy tumani;

16. Kalimbetov Baxram (Bayram?) Jolimbetovich, 1976, Nukus;

17. Karamatdinov Orazbay, 1973, Shumanay tumani, o‘qotar quroldan boshiga otilgan;

18. Kurbanov Abbas, 1997, Shumanay tumani;

19. Kutlimuratov Muratbay Dauletbaevich, 1974, Nukus;

20. Kidirniyazov Iklas, 1995, Nukus;

21. Maxambetov Umbet, 1997(?), Nukus;

22. Moldagaliyev Saparbay, 1999, Nukus;

23. Orazbayev Ilxam, Nukus;

24. Romanov Ilxam Maxmudovich 1988, Bo‘zatau tumani;

25. Sayinbetov Murat Kidirbayevich, 1981, Xo‘jayli tumani, jasadini morgdan olishda muammolar paydo bo‘lgan;

26. Seytmashev (Seytjanov? Seytmanov?) Jumabek, 2005, Xo‘jayli tumani;

27. Sultanov Yunus, 1996, Nukus;

28. Tokpolatov Kurmangali, Shimboy tumani;

29. Tulepov Marat, 1964 (1967?), Taxtako‘pir tumani (o‘lmagan bo‘lishi ham ehtimol);

30. Shoydiyev Baxtiyar, 1984, Qonliko‘l tumanidagi Nauriz mavzesida yashagan, 2022-yil 2-iyulda Qonliqo‘l tumanidagi tekstil kombinatiya yaqinida o‘qotar quroldan halok bo‘lgan;

31. (Kudiyarov?) Islam Anvarovich, 1991, Xo‘jayli tumani;
32. (Familiyasi noma’lum) Abbas, 1985, Xalqobod, 2022- yil 2- iyulda Kegeylidan Nukusga eltuvchi yo‘lda o‘qotar quroldan boshiga otilgan, jasadi 2022- yil 4- iyul kuni Xalqobodga keltirilgan.

Qiynoqlardan o‘lganlar

33. Ibragimov Ruslan, 1977, Nukus, (Mang‘it ko‘chasi - sobiq Shaydakova), 04.07.2022 da norozilar lideri Dauletmurat Tajimuratovga ko‘maklashgani uchun qo‘lga olingan, oradan ikki kun o‘tib, IIBda qiynoqlardan o‘lgan, jasadi 6.07.2022 da yaqinlariga berilgan;

34. Orazbayev Madiyar Sarsenbayevich, 28.11.1975, Nukus, (Mang‘it ko‘chasi - sobiq Shaydakova), 04.07.2022 da norozilar lideri Dauletmurat Tajimuratovga ko‘maklashgani uchun qo‘lga olingan, IIBda tergov jarayonida qattiq kaltaklangan, kasalxonaga yotqizilgan, shoshilinch operatsiya qilingan, ammo hayoti saqlab qolinmagan, jasadi 6.07.2022 da yaqinlariga berilgan.

Nukus voqealari va sud qarorlari

2022- yilning 1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir.

Nukus voqealari deb nom olgan norozilik chiqishlari o‘tgan yilning iyul oyi boshida O‘zbekiston konstitutsiyasining yangi tahririda Qoraqalpog‘iston respublikasi suveren maqomining bekor qilinishiga qarshi boshlanib ketgan edi.

2-iyul kuni Nukusga etib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi.

Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022- yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022- yil 2- avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi.

4- iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqeaalarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari ekani aytildi. 500 dan ortiq odam ushlangan.

Oradan bir necha kun o‘tgach yaralangani ortidan kasalxonaga yotqizilganlardan uch nafari vafot etgani va bu bilan Nukus voqealarida xalok bo‘lganlar soni 21 kishiga yetgani atilgan.

Namoyishlar kuch bilan bostirilgan, biroq o‘zbek rasmiylari harbiylarning namoyishchilarga qarata o‘q uzganini rad etgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish qilgan.

Nukus voqealari bo‘yicha Buxorodagi ilk sud jarayoni shu yilning 31-yanvarida yakunlangan. Unda 22 kishiga nisbatan sud qarori chiqarilgan. Sudda asosiy ayblanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga qamalgan, yana 17 kishi 3 yildan 8,5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan, Lolagul Qallixanova doxil to‘rt kishi esa sud zalidan ozod qilingan.

Ilk sud bo‘yicha 16 sudlanuvchining shikoyatlarini apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish shu yil 5-iyunida yakunlangan. Oliy sud ajrimiga ko‘ra, Nukus voqealari bo‘yicha asosiy ayblanuvchi sifatida ko‘rilgan Dauletmurat Tajimuratovga belgilangan 16 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan, 8 nafar sudlanuvchining qamoq jazosi ozodlikni cheklash bilan almashtirgan, 6 nafar sudlanuvchining esa jazo muddati qisqartirilgan.

Nukus voqealari bo‘yicha ikkinchi sud ham Buxoro viloyat sudida o‘tkazilgan. Mazkur sudda 2023-yilning 17-mart kuni Nukus voqealari ishtirokchilaridan 39 nafariga nisbatan hukm e’lon qilingan. Sud hukmiga muvofiq, sudlanuvchilardan 28 nafari 5 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan, 11 nafari esa shartli ravishda sud zalidan ozod qilingan.

Oliy sud hay’ati Nukus voqealari bo‘yicha birinchi instantsiya sudining 17-martdagi hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan 28 nafar shaxsning apellyatsiya tartibida berilgan shikoyat arizalarini ko‘rib chiqishni 12-iyun kuni yakunlagan. Sud qaroriga muvofiq, sudlanuvchilardan 5 nafarining qamoq jazosi ozodlikni cheklash jazsi bilan almashtirilgan, sudlanuvchilardan 16 nafarining jazo muddati qisqartirilgan, 7 nafariga nisbatan esa birinchi instantsiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Avvalroq AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham o‘zbek rasmiylarini Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi haddan ziyod kuch qo‘llanilganiga oid iddaolarni tekshirishga chaqirgan. Ammo ikkinchi suddagi ayblanuvchilar orasida ham namoyish ishtirokchilariga qarshi noqonuniy kuch qo‘llaganlikda gumonlangan xavfsizlik kuchlari xodimlari ko‘ringan emas.

XS
SM
MD
LG