Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:29

“Fuqarolik olmoqchi edi...” Ukraina urushida qatnashgani uchun vatanida qamalgan yigit


Baliqchi shahridagi kamtarona xonadonni manti va palov hidi tutgan. Xonadon sohibi Asilbek Qodirbekov (ism o‘zgartirilgan) o‘g‘li uchun ovqat pishirmoqda.

Qodirbekov yolg‘iz yashaydi, o‘g‘li esa Bishkekdagi tergov hibsxonasida – u Rossiya armiyasiga qo‘shilib Ukraina hududida urushda qatnashgani uchun 10 yilga qamalgan.

Pasport olish dardida

Qodirbekovning o‘g‘li 10 yildan beri Rossiyada tinchgina ishlab yurgan ekan. Shu bois ota uning bir kuni qo‘liga qurol olib, o‘zga yurtga urushga jo‘nashini xayoliga ham keltirmagan.

“Hech gapdan xabarim yo‘q edi. O‘g‘lim ahyon-ahyonda qo‘ng‘iroq qilar, shunda ham kamgap edi. “Ishlayapman, hammasi yaxshi”, derdi xolos. Pasport olmoqchi edi, fuqarolikka kirib tuzukroq ishga joylashishni istardi”, - deydi Qodirbekov.

Asilbek uzr so‘rab, suhbatni bo‘ladi – qon bosimini o‘lchaydigan vaqt bo‘lgandi. Bir necha yil burun u yurak xurujini kechirgan: o‘shandan beri bir ko‘zi g‘ira-shira ko‘radi, tez-tez qon bosimi ko‘tariladi. Dardmand ekaniga qaramay har shanba o‘g‘lini ko‘rgani boradi, unga osh-ovqat, kiyim-kechak eltadi.

“Sud qarori e’lon qilinganidan keyin ahvolim badtar bo‘ldi... O‘g‘lim menga qaragani Moskvadan uchib kelgandi, lekin uygacha yetib kelolmadi, Bishkekdayoq qo‘lga olishdi uni. Qon bosimim ba’zan 200 gacha ko‘tarilib ketadi. Ilinib yuribman...”,- arzi hol qiladi Asilbek Qodirbekov.

Suhbatdoshimizning o‘g‘li K.u.A. 2023-yil 11-yanvar kuni Bishkekda ushlangan. O‘shanda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) u chet davlat hududida qurolli mojaroda ishtirok etganlikka doir jinoyat ishi doirasida hibs etilganini ma’lum qilgan. Maxsus xizmatlar yoyinlagan fotosuratdan, garchi unda odamlarning ko‘zlari qora chiziq bilan to‘silgan bo‘lsa-da, K.u.A. Rossiya armiyasidagi xizmatdoshlari bilan birga suratga tushganini anglash mumkin edi.

Keyinroq, birinchi instansiya sudi hukmidan sudlanuvchi 2022-yil iyunda Moskvada Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish maqsadida “Lugansk xalq respublikasi” (LXR) qurolli tuzilmalari safiga qo‘shilishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi. Iyulda u Bryansk shahriga yetib kelgan va oyiga 180 ming rubl ish haqi bilan harbiy xizmatga olingan. Xizmatga kirgach, razvedka amaliyotlarida qatnashgan, jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan, minomyot qurilmalari hamda o‘q-dori ta’minoti bilan shug‘ullangan. Tergov qaydlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik 2022-yil noyabrda harbiy xizmatdan bo‘shab, dastlab Moskvaga borgan, u yerdan Bishkekka kelganida esa qo‘lga olingan.

“Tirik qaytganiga shukr”

Asilbek Qodirbekovning xotini va boshqa farzandlari mehnat migratsiyasida. Sog‘lig‘ini yo‘qotganidan so‘ng o‘g‘li unga qarab turgani qaytayotgandi. Lekin hatto Baliqchiga yetib kelishga ulgurmadi.

30 yashar K.u.A.ning onasi 5 yildirki Italiyada ishlaydi. U Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining qilmishidan qattiq kuyunganini, ayni chog‘da uning to‘rt muchasi sog‘ va o‘z vatanida ekanini o‘ylab ko‘ngli taskin topayotganini so‘zlab berdi. Ayol qirg‘izistonliklar Ukraina urushida halok bo‘layotgani haqida internetda o‘qib turarkan.

“Menga hech kim hech nima demagan. O‘g‘lim bilan qizim bilisharkan. Yangi yilga Qirg‘izistonga boruvdim, barchamiz yig‘ilib bayram qiluvdik. Bolalar bilan Bishkekda ham bo‘ldik. 11-yanvar kuni to‘satdan MXDQ xodimlari bostirib kirib, o‘g‘limni qo‘lga olishdi. O‘g‘lim urushda bo‘lganini ulardan eshitdim. Bungacha bexabar edim. Bir tarafdan, sog‘-salomat qaytgani uchun tangriga shukr qilaman. Boshqa tomondan, endi u Qirg‘iziston qonunlariga binoan jazo olishini o‘ylayman. Mayli, har qalay bolam Qirg‘izistonda, o‘z yurtida-ku, deya o‘zimni yupataman. Rossiyada qamalganida ahvoli ne kechardi? Men o‘zim oilamni boqish uchun shu yerlarda ishlab yuribman”, - deydi ona.

Ozodlikda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada Rossiya qo‘shinlari safida kamida 10 qirg‘izistonlik halok bo‘lgan.

Ayol o‘g‘li jang qilmaganini, faqat gumanitar yordam tarqatish bilan shug‘ullanganini aytgani haqida so‘zlab berdi:

“U bilan gaplashganimda Ukrainaga o‘z xohishi bilan borganini aytdi. "Ona, menga pul kerak emasdi, pasport olish uchun bordim", dedi. Qo‘liga qurol ushlamagan, faqat gumanitar yuklarni tarqatish bilan shug‘ullangan emish. "Shuning uchun bus-butun qaytdim, men jang qilmadim, hech kimga o‘q uzmadim", dedi”.

“U yoqlarga borishmasin”

Asilbek Qodirbekov soat 14:00 dan 16:00 gacha o‘g‘liga narsalarni yetkazib ulgurishi kerak, yo‘l esa 180 chaqirimdan ziyod. Odatda u og‘ir sumkalarni ko‘targancha avtovokzalga oshiqar ekan. Biroq bu safar uni Ozodlik muxbiri mashinada eltib qo‘yadi.

Ota Bishkek yo‘lida anchaga dovur jim ketadi. Qaysidir lahzada sukutni buzib, yo‘lda hamisha o‘g‘li haqida o‘y surishini aytadi. O‘zining qisqa monologlaridan birida yana o‘g‘lidan hasrat qildi:

“Hali yosh, bo‘ydoq. Boshqalar kabi oila qurmoqchi, ishlamoqchi, uy solmoqchi edi. Shunaqa qonun borligini bilmagan-da. Men ham bilmasdim. O‘zingiz tanigan-bilgan yigitlarga ayting, u yerlarga borishmasin. Xato qilishmasin. G‘ofillik tufayli dog‘da qolmasinlar. "Pasport beramiz" deb, aldab, urushga jo‘natishyapti axir”.

MXDQning Bishkekdagi hibsxonasi shanba kunlari gavjum bo‘ladi. Qamoqdagi qarindoshi uchun sumkalarda oziq-ovqat, dori va kiyim-kechak keltirgan o‘nlab odam eshik tagida kutib turibdi. MXDQ hibsxonasi yopiq muassasa bo‘lib, turli moddalar bo‘yicha gumonlanuvchilar va sudlanganlar saqlanadi. Qodirbekovning o‘g‘li esa – Ukrainada urushda qatnashgani uchun qamalgan birinchi mahkum.

Ukrainada yana nechta qirg‘iz fuqarosi jang qilayotgan bo‘lishi mumkinligini aniqlash imkoni hozircha yo‘q. MXDQ janglar ishtirokchilariga qarshi kamida ikkita jinoyat ishi ochgan. K.u.A. vatanida javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, ikkinchi fuqaro Qirg‘izistonga qaytmadi.

XS
SM
MD
LG