Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:33

“G‘arb pragmatizmi diktatorlarni haddidan oshiryapti”. Darya Navalnaya otasi nomidan Yevroparlamentda nutq so‘zladi


Darya Navalnaya
Darya Navalnaya

Darya Navalnaya Strasburgda otasi o‘rniga Saxarov nomidagi “Fikr erkinligi uchun” mukofotini qabul qilib oldi. Aleksey Navalniy ayni paytda Vladimir viloyatidagi 2-sonli qamoqxonada jazo muddatini o‘tamoqda: u “Iv Roshe” ishi bo‘yicha uch yarim yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Siyosatchi qamalganidan so‘ng Rossiyada uni ozodlikka chiqarish talabi bilan namoyishlar o‘tkazildi, Navalniyning ko‘plab safdoshlari ta’qiblar tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishdi.

Quyida Navalniyning qizi Darьyaning otasiga topshirilgan mukofotni qabul qiish chog‘ida Yevroparlamentda so‘zlagan nutqining to‘liq matni keltirilmoqda.

Siyosatni unchalik tushunmaydigan 20 yoshli toliba sifatida biron nojo‘ya gap aytib qo‘yishdan cho‘chib turibman.

“Salom. Katta rahmat. Bu favqulodda voqea bo‘ldi. Nutqimni boshlashdan oldin bu yerda bo‘lish va otam o‘rniga ushbu mukofotni qabul qilib olish imkoniyati berilgani uchun qanchalik minnatdorligimni, shu bilan birga qo‘rquvda ekanligimni aytmoqchi edim. Bu yerda, qarshingizda turmoq – men uchun nihoyatda buyuk sharaf. Biroq siyosatni unchalik tushunmaydigan 20 yoshli toliba sifatida biron nojo‘ya gap aytib qo‘yishdan cho‘chib turibman.

Otam Aleksey Navalniy Saxarov mukofotiga sazovor bo‘lganini eshitib, quvonganimning ikki sababi bor. Birinchidan, uning xizmatlari hamda u amalga oshirgan va hozirda safdoshlari davom ettirayotgan ishlarning e’tirof etilishi yuksak sharafdir. Biroq eng muhimi, bu – Rossiyada go‘zal hayot qurish uchun kurash olib borayotgan o‘n millionlab odamlar, mening vatandoshlarimga ajoyib mujda bo‘ldi.

Ikkinchi sababni ham, garchi bu xiyla keskin va o‘ng‘aysiz bo‘lsa-da, aytaman. Otam Yevropa parlamenti mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bunaqa mukofotni olganingda bu erga kelib, parlamentga murojaat qilish imkoniyatiga ham ega bo‘lasan. Lekin, afsuski, ma’lum sabablarga ko‘ra u bugun bu yerda bo‘la olmadi. Va men tezroq Strasburgga chipta olib, barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishim kerakligi haqida o‘yladim.

Birmuncha vaqt o‘tib idrok etdimki, bu – men va oilam boshimizdan kechirayotgan dahshatlarning qiyofasi ekan: men turfa anjumanlarga boraman, otamning nomidan nutqlar irod etaman, ba’zan uning uchun qanaqadir mukofotlar berishadi. Men dunyo kezib, hazil-huzul bilan boshlanadigan nutqlar yozayotgan chog‘imda u qamoqda o‘tiribdi.

Ammo men safarlarni davom ettiryapman, otamni qanaqa rasvo sharoitda saqlashayotgani haqidagi maqolalarni ham o‘qib turibman. Bu ahvolni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Men yurtma-yurt yurib, nutq so‘zlayman. U tutqunlikda qolishda davom etadi.

Bunaqa taqdir peshonasiga bitilgan yolg‘iz Aleksey Navalniy emas. Saxarov mukofotining avvalgi sohiblari qayerda? Aksari qamoqda. 2010 - yilda Nobel tinchlik mukofotini olgan Lyu Syaobo qayerda? Qamoqda o‘ldi.

Bir narsaga hayronman, inson huquqlari uchun kurashuvchilarni ozod qilish nega bunchalar qiyin?

Bir narsaga hayronman, inson huquqlari uchun kurashuvchilarni ozod qilish nega bunchalar qiyin? Nega butun dunyoda ularni qamoqlarga tiqishadi, hatto jo‘g‘rofik jihatdan Yevropaga mansub va XXI asrda yashayotgan mamlakatlarda ham?

Yevropa buyuk va qudratli. Yevropa fuqarolarining xohish-irodasi Yevroparlament rezolyutsiyalarida o‘z aksini topadi. Bu aniq, to‘g‘ri va adolatli rezolyutsiyalar. Ularni Buyuk Britaniya, AQSh, Isroil, Yangi Zelandiya va butun erkin dunyo davlatlari qo‘llaydi.

Ammo otam kabilar hamon qamalishga va maslakdoshlari birma-bir panjara ortiga ravona bo‘lishini jimgina kuzatishga mahkumdirlar.

Bilasizmi, men bir gapni ko‘p eshitaman. Hatto mana shunaqa saroylarning yo‘laklarida ham eshitaman. Aytishadiki, “Dasha, sen nega bunday o‘ylayotganingni tushunaman, chunki bu sening oilangga va yaqinlaringga aloqador, Lekin real hayotda biz pragmatik bo‘lishimiz kerak”.

Men bosh irg‘ab qo‘yaman: “Ha, albatta”. Boshqa nima ham deya olardim? 20 yoshli talaba qiz mas’ul lavozimli va tajribali pragmatiklar bilan bahslasha olarmidi?

Ammo men shu tobda, oldimda mikrofon borligidan va uni hech kim tortib olmasligidan, hech kim men bilan shaxsan bahslashmasligidan foydalanib, mana shu pragmatizmga qarshi so‘z aytmoqchiman.

Bu Saxarov mukofoti. Andrey Saxarov esa ehtimolki eng nopragmatik odamlardan biri bo‘lgan. Uning nomidan diktatorlar bilan pragmatik aloqalar olib borishga targ‘ib etayotganlar tarix kitoblarini varaqlab ko‘rmaydilarmi? Bu juda pragmatik qadam bo‘lur edi.

O‘shanda ular diktator va mustabid hukmdorlarni tiyib turishning ushbu usuli hech qachon ish bermaganini bilib olgan bo‘lardilar.

Hokimiyatga jon-jahdi bilan yopishib olgan telba, agar unga bir oz yon berilsa yoki mulozamat ko‘rsatilsa, yaxshi bo‘lib qoladi, deb o‘zini aldashga uringanlar qanchaligi muhim emas. Chunki bunaqasi hech qachon bo‘lmaydi.

Avtoritar hokimiyatning butun mohiyati agressiya va yangi dushmanlar qidirishdan iboratdir.

Avtoritar hokimiyatning butun mohiyati agressiya va yangi dushmanlar qidirishdan iboratdir. “Keling, Lukashenkoga bosim qilmaylik”, deb u bilan muloqotni davom ettirganlar bugun uning odamlarni yoppasiga qamashiga va birgina kishini qo‘lga tushirish uchun butun boshli uchoqni qo‘ndirishdan tap tortmasligiga erishishdi.

Bu pragmatiklar go‘yo iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olmoqchi bo‘lardilaru lekin o‘zlari qo‘llariga kalkulyator olib, ularning pragmatizmi yevropalik soliq to‘lovchilarga qanchaga tushayotganini hisoblay olmaydilar.

Putin bilan murosa shungacha olib keldiki, u o‘z reytingini oshirish uchun urush boshlashga ham tayyor. Ukrainadagi urush Yevropaga qanchaga tushadi? Hech bir pragmatik savdo shartnomasi bu urush keltiradigan talafotlar o‘rnini to‘ldira olmaydi.

Rossiya muxolifati yetakchilaridan biri Boris Nemsov Kreml yaqinida orqadan otib o‘ldirildi. Mana shunaqa paytlarda pragmatik keladi-da: qo‘limizdan hech nima kelmaydi, kelinglar, tanqidiy bayonot beraylik-da, muloqotni davom ettiraylik, deydi.

Ammo ular tiyilmaydilar va Berlinda, Britaniyada keyingi muxolifatchilarni o‘ldirishda davom etishadi. Keyin esa Yevropadagi omborlardan birini portlatishadi, so‘ngra kimyoviy qurol bilan odam o‘ldirishadi. Ayrim urinishlari ular o‘ylaganidek tugamaganini bilamiz. Lekin amalga oshgan suiqasdlar qancha?

Biz bilamizki, chinakam terrorchi guruh Putinning maxsus xizmatlari ichida tashkil qilingan.

Biz bilamizki, chinakam terrorchi guruh Putinning maxsus xizmatlari ichida tashkil qilingan.

Ular mening vatandoshlarimni sudsiz-tergovsiz o‘ldirishmoqda. Mening onamni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi, otam ham ularning dastidan o‘lishiga sal qoldi.

Va ertaga yevropalik siyosatchilar eshik dastagini ushlashi bilan o‘lib qolmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Siz allaqachon politsiya va xavfsizlik xizmatlarining byudjetlarini oshirdingiz, bu og‘udan himoyalanish uchun millionlarni sarflayapsiz. Bular bari pragmatizmning oqibatidir.

“Bosim qilmang, diktatorlarning jahlini chiqarmaslik uchun ehtiyot bo‘lishimiz kerak”, – deydi pragmatik. Ertasi kuni esa diktator Yevroittifoq chegaralariga minglab migrantlarni boshlab keladi, ayollar va bolalarni to‘siqdan oshib o‘tishga majburlarkan, ichida “Ulardan birontasini otib qo‘ysalar edi”, deya orzulanadi.

Pragmatiklar mening e’tirozlarimga javoban: “Muddaong nima? Bular suveren davlatlar. O‘z hukumatlari bor. Bizning imkoniyatlarimiz cheklangan. Siyosiy tutqunlarni ozod qilamiz deb yadro urishini boshlaylikmi?” deya og‘zimga urishlari mumkin.

Men urush boshlashni taklif qilayotganim yo‘q, albatta. Biroq u qisman boshlanib bo‘ldi. Haqiqiy qurbonlar bor. Ular kiberqurollarni va kimyoviy qurollarni qo‘llashmoqda. Evropa banklari Putin va uning do‘stlari pul yuvishiga izn berayotganiga, Putin oligarxlarining yaxtalari Yevropaning O‘rta yer dengizida bemalol suzib yurganiga, Rossiya va Belarus rasmiylarining 99 foizi jinoyatlarga qo‘l urganiga qaramay Yevropa bo‘ylab bahuzur sayr qilib yurganiga qaraganda G‘arbning iqtidordagi rahbarlari bu urushda qanday yutib chiqish haqida bosh qotirayotganga o‘xshamaydi.

Menimcha, diktatorlarga yoqish va mumkin qadar ularning asabiga tegmaslik istagi mutlaqo pragmatik yondashuv emas.

Bu haqda baralla gapirish fursati etdi. Pragmatizm bayrog‘i ostida beorlik, munofiqlik va korrupsiya yashiringan.

Idealizm bilan pragmatizm hamisha o‘zaro kurashib kelgan. Yevropa siyosatida ham bahs-munozaralar tinmaydi. Biroq pragmatizmni tanlagan siyosatchilar o‘z ideallariga xiyonat qilmasinlar.

Otamdan “Sizning nomingizdan nima deyishimni istaysiz”, deb so‘raganimda u shunday dedi: Rossiya bu Putinning rejimi degani emas, ularni aslo bir narsa deb o‘ylamasinlar. Rossiya Yevropaning bir qismi va biz uning chinakam bo‘lagi bo‘lish uchun harakat qilamiz. Ammo Yevropa ham o‘zligini eslab, o‘ziga, o‘z prinsiplariga intilsa yaxshi bo‘lardi.

Biz Yevropa g‘oyalariga, inson huquqlari himoyasi va demokratiyaga intilyapmiz. Biz kanslerlari va vazirlari Putin qo‘lidagi davlat shirkatlarining direktorlar kengashiga kirishni va oligarxlarning yaxtalarida sayr etishni orzu qiladigan Yevropaga intilmaymiz”.

So‘zim yakunida ushbu yuksak mukofotga nomi berilgan buyuk vatandoshimdan iqtibos keltirmoqchiman. “Mening taqdirim qaysidir ma’noda juda noyob bo‘ldi. Soxta kamtarlikdan emas, aniqlikni yoqtiruvchi bir kishi o‘laroq aytamanki, taqdirim mening shaxsiyatimdan ko‘ra yirikroq chiqdi. Men o‘z taqdirim darajasida bo‘lishga intildim xolos. O‘z taqdirimizga munosib bo‘lishga barchamizning qurbimiz etadi, deb umid qilaman”.

"Aleksey Navalniyga ozodlik!”.

Muxolifatchi Aleksey Navalniy Yevropa Ittifoqining inson haqlari sohasidagi bosh mukofoti bo‘lmish Saxarov mukofotiga sazovor bo‘lgani 20 - oktabrda ma’lum qilingan edi.

XS
SM
MD
LG