5 - yanvar, chorshanba kuni ommaviy ko‘cha namoyishlari sababli Qozog‘istonning qudratli shaxsi, Xavfsizlik kengashi rahbari Nursulton Nazarboyev lavozimidan ozod etildi. U 1991 - yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan 2019 - yilga qadar Qozog‘istonni boshqardi.
Hukumat iste’fosiga sabab bo‘lgan norozilik namoyishlarida 81 yoshli sobiq prezidentga qarshi shiorlar ham yangragan.
2019 - yilda prezidentlik lavozimini tark etib, hukumatni o‘zi tanlagan vorisga topshirganiga qaramay, Nazarboyev mamlakatdagi haqiqiy hokimiyatni izmida ushlab qoldi. Prezident Qasim-Jomart Toqaev chorshanba kungi telemurojaatida Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga bundan buyon o‘zi rahbarlik qilishini e’lon qildi. Biroq bir necha kundan beri ko‘rinmayotgan Nazarboyevni tilga olmadi. Bu haqida “Reuters” xabar berdi.
Nazarboyev Qozog‘istonni qariyb o‘ttiz yil davomida qattiqqo‘llik bilan boshqarib, energetika va metallurgiya sohalariga yuzlab milliard dollarlik xorijiy sarmoyalarni jalb qildi. Rossiya va Xitoy kabi qudratli qo‘shnilar bilan aloqalarni mohirlik bilan olib bordi.
G‘arb davlatlari va inson huquqlari guruhlari Nazarboyevni postsovet davlatida demokratik erkinliklarga to‘siq bo‘lganlikda ayblab, tanqid qilgan. Uning oilasi Qozog‘iston iqtisodiyotining katta qismini nazorat qiladi, deb ishoniladi. Biroq uning o‘zi bu ayblovlarga hali raddiya bildirmagan.
Po‘lat sanoati odami
1940 - yilda tug‘ilgan Nazarboyev Sovet Ittifoqi parchalanishi arafasida kommunistik partiyada faoliyat yuritgan. 1990 - yilda Siyosiy byuro a’zosiga aylangan.
O‘sha paytlarda u Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan, radikal islom, etnik nizolar va giyohvand moddalar savdosi avj olgan beqaror Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va farovonlik haqidagi va’dalari bilan qozoqlarning e’tiboriga tushdi.
U bir paytlar o‘zi ishlagan temir zavodi joylashgan Temirtau shahriga tashrifi chog‘ida “Bizning avlodimiz po‘latdek mustahkam, bukilmas iroda va maqsadga ega avlod edi. Bu fazilatlar bizga eng qiyin vazifalarni ham yengish va har qanday cho‘qqini zabt etish imkonini berdi”, deya eslagan.
“Reuters” maqolasida keltirilishicha, Qozog‘iston mustaqillikka erishgandan so‘ng, u o‘z ixtiyori bilan mamlakat yadro arsenalidan voz kechishini e’lon qildi va G‘arbda hurmat qozondi. Iqtisodiyotni Rossiya bilan qayta integratsiya qilish harakatlaridan voz kechib, u kuchli moliya tizimini yarata oladigan islohotchilarni tayinladi.
Nazarboyevning aytishicha, postsovet davrida abgor ahvolda qolgan sanoatni qutqarish uchun xorijiy kapital zarur edi. Ko‘pchilik uni hukmronligining 20 yilida kuchli iqtisodiy o‘sishga, o‘z davlatini yaqin qo‘shnilar duchor bo‘lgan ijtimoiy keskinliklardan himoya qila olganligi uchun e’tirof etadi.
2010 - yilda parlament unga jinoiy javobgarlikka tortilmaslik va hatto pensiyaga chiqqanidan keyin ham siyosat yuritish huquqini berganidan so‘ng unga “Elboshi” unvoni berildi.
Shuningdek, u shimoliy dashtlarda yangi poytaxt – Ostonani qurdirdi, keyinchalik bu shahar uning sharafiga Nur-Sulton deb nomlandi.
Tanqidchilar uzoq vaqtdan beri Nazarboyevni oila a’zolari va yaqinlarini hukumatdagi muhim lavozimlarga tayinlaganlikda, erkin matbuotga yo‘l bermaganlikda ayblab keladi. Xalqaro kuzatuvchilar shu paytgacha Qozog‘istonda o‘tgan hech bir saylovni erkin va adolatli deb baholamagan.
Nazarboyevning faqat uchta qizi bor – Darig‘a, Dinara va Aliya.