Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:27

“Genotsid o‘yinlari”. Uyg‘ur faol Xitoydagi olimpiadani boykot qilishga chaqirmoqda


2008 - yil Pekinda bo‘lib o‘tgan Yozgi Olimpiada o‘yinlari mash’aldorlaridan biri bo‘lgan uyg‘ur faol Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Qishki Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishga chorlamoqda.

Ayni damda AQShda yashayotgan Kamolturk Yolqin “The Associated Press” agentligiga bergan intervyusida:

“Global fuqaro va sportchi hissi bu safargi Olimpiada o‘yinlari arafasida chetga surib qo‘yilgandek tuyulyapti”, dedi.

So‘nggi yillarda Pekin Xitoy g‘arbida joylashgan Shinjon-Uyg‘ur muxtor bo‘lgasida musulmon xalqlarni qatag‘on qilib keladi.

Juma kuni Pekinda Olimpiada o‘yinlari boshlanishi kutilar ekan, mezbon davlatning uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklarga nisbatan munosabati yana global bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Xitoy bir milliondan ortiq uyg‘ur va Shinjondagi boshqa mahalliy, asosan musulmon, turkiy tilli etnik guruhlar vakillarini qayta tarbiyalash maqsadida hibsga olgani uchun xalqaro tanqidlarga uchramoqda va sanksiyalarga duchor bo‘lmoqda.

Inson huquqlari guruhlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarini “Genotsid o‘yinlari” deb atamoqda.

Xitoy mamlakatda inson huquqlari buzilayotganini rad etib, bu ayblovlarni “asr yolg‘oni” deb ataydi. Xitoyning ta’kidlashicha, Shinjondagi lagerlar odamlarni terrorizmdan himoya qilish maqsadida ochilgan “kasbiy ta’lim markazlaridir”.

Yolqin Xitoyda o‘tkazilgan ilk Olimpiada o‘yinlarida qatnashganidan o‘sha paytda faxrlanganini eslaydi. Ammo otasi Yolqin Ro‘zi daraksiz g‘oyib bo‘lgach, bu tuyg‘u yo‘qolgan. Uyg‘ur adabiyotiga oid kitoblarni tahrir qilib kelgan Ro‘zi 2016 - yilda hibsga olingan va Xitoy davlatini “ag‘darishga” urinishda ayblanib, 15 yilga qamalgan.

Yolqin otasini shu bilan boshqa ko‘rmagan. Otasi bedarak yo‘qolganidan besh yil o‘tgach, CGTN davlat teleradiokompaniyasi Shinjon haqida hozirlagan hujjatli filmda otasini tanib qolgan.

Yolqin 2014 - yilda magistratura qilish uchun AQShga ko‘chib borgan va mamlakatda qolgan.

So‘nggi oylarda Yolqin Boston shahrida Qishki Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishga chaqirib o‘tkazilgan norozilik namoyishlarida muntazam qatnashib keladi.

2008 - yilgi Yozgi Olimpiada o‘yinlari arafasida tibetlik faollar Pekinning zulmiga qarshi namoyish o‘tkazgan edi.

Yolqin o‘shanda bu haqda hech narsa bilmaganini aytdi. Siyosatga qiziqmagan o‘rta maktab o‘quvchisi sifatida u poytaxtga borganidan hamda Olimpiadadagi yoshlar lagerini ko‘rganidan mamnun bo‘lgan.

O‘shanda Shinjonda ta’lim uchun mas’ul amaldorlar bir nechta maktabdan eng namunali o‘quvchilarni tanlab olgan. So‘ngra ularning muomala odobini hamda ingliz tilida so‘zlashish qobiliyatini aniqlash uchun Kommunistik yoshlar ligasining mintaqaviy bo‘limi intervyu o‘tkazgan. Yolqinga qo‘ng‘iroq qilib, tanlab olinganini aytishganda, uning boshi ko‘kka yetgan.

“Ko‘ngilli o‘laroq bo‘ladimi yoki mash’aldor o‘laroq bo‘ladimi yoki shunchaki tomoshabin sifatida bo‘ladimi, o‘yinlarda qatnashish imkonini qo‘lga kiritgan har bir odam faxrlanardi”, dedi u.

Pekindagi Olimpiada qo‘mitasi keyinchalik Yolqinni mash’aldorlar safiga qo‘shgan.

Yolqin mash’al bilan yugurish issiq iyul kuniga to‘g‘ri kelganini va “ko‘z ochib yumguncha” o‘tib ketganini so‘zlab berdi. Yolqin va boshqalar Buyuk Xitoy devorining sharqiy chekkasida, Sinxuandao shahridagi qirg‘oqdan boshlangan qismi bo‘ylab yugurgan.

“Yugurishimiz kerak bo‘lgan masofa juda qisqa edi, ehtimol 30 metr”, dedi u AP agentligi bilan suhbatda.

Har bir mash’aldorga naqshlar bilan bezatilgan qizil rangli alyuminiy mash’al berilgan.

Yolqin uzunchoq alyuminiy mash’alni esdalik sifatida saqlab qo‘ygan. Pekinga avtobusda qaytganida yo‘lovchilar mash’al bilan suratga tushishni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda hammani hayajon qamrab olgan bo‘lgan.

O‘sha tunda politsiya u qolgan mehmonxonaga borib, tintuv o‘tkazgan. Mash’al va mash’aldor formasini ko‘rgach, politsiya uni tinch qo‘ygan. Xitoydagi yirik shaharlarda politsiya uyg‘ur sayohatchilarni muntazam ravishda tekshirib turadi.

Yolqinning Pekindagi kunlari tez o‘tgan. U Olimpiada yoshlar lagerida Xitoy nomidan qatnashish uchun tanlangan 70 nafar yoshning biri bo‘lgan. 400 dan ortiq yoshlar guruhi Taqiqlangan shahar va yangi qurilgan savdo markazlari kabi joylarda aylantirilgan. Yolqin fursatdan foydalanib, boshqa mamlakatlardan kelgan o‘quvchilar bilan tanishgan.

2008 - yilgi Olimpiada o‘yinlar Xitoy uchun o‘z qudratini ko‘z-ko‘z qilish uchun imkoniyat bo‘ldi. Mamlakat olimpiadadan oldinga yillarda tez sur’atda o‘sib va boyib kelayotgan edi. Bir paytlar velosipedlarga to‘la bo‘lgan keng xiyobonlar endi mashinalar bilan gavjum edi.

Yolqinni baland osmono‘par binolar va keng ko‘chalar emas, balki daraxtlar ko‘proq hayratga solgan.

“U paytda Xitoy atrof-muhitga unchalik ahamiyat bermasdi. Hamma joyda faqat beton va sement edi, tabiat yo‘q edi”, deydi u.

Ammo yangi qurilgan xalqaro aeroportdan shaharga eltuvchi yo‘l bo‘ylab ekilgan yam-yashil daraxtlarni ko‘rib, hayratga tushgan.

“Qayerga qaramay, yam-yashil o‘simliklarni ko‘rdim”.

Ayni damda Yolqinning tug‘ilib o‘sgan vataniga qaytish niyati yo‘q. Tinchlik va do‘stlik ramzi hisoblanuvchi Olimpiada alangasi u uchun o‘chgan.

Bu yilgi Olimpiadaga qarshi diplomatik boykotni Avstraliya, Kanada va Buyuk Britaniya qo‘llayotgan bo‘lishiga qaramay, Yolqinning hafsalasi pir bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq boykot bo‘lishi kerak edi, jumladan, sportchilar tomonidan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, juma kuni bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimida ko‘plab davlat rahbarlari va yuqori martabali amaldorlar, jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etishi kutilmoqda.

“Bunday vahshiyliklar sodir bo‘layotgani uchun jamoaviy javobgarlik bo‘lishi kerak”, dedi Yolqin.

“Odamlarning bu qadar sovuqqon munosabatini ko‘rish men uchun juda og‘riqli”.

XS
SM
MD
LG