Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:27

Gollandiyaning Stone City Energy shirkat O‘zbekistonda yangi elektr stansiyasini quradi


O‘zbekiston Energetika vazirligi Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Stone City Energy kompaniyasi bilan gaz turbinali elektr stansiyasini qurish uchun 1,2 milliard dollarlik shartnoma imzoladi. Bu haqda Reuters agentligiga tayanib Power Technology nashri xabar bermoqda.

Agentlik xabariga ko‘ra, shirkat 25 yil davomida 1 560 MVt quvvatga ega elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish, ishga tushirish va boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi.

O‘zbekiston hukumat stansiya uchun Surxondaryo viloyatining Angor tumanida 150 ga yer maydonini ajratgan.

Stansiya 2024 - yil oxiriga qadar ishga tushishi kutilmoqda.

Energetika vaziri Alisher Sultonov matbuotga:

"Stone City Energy bilan imzolangan shartnomalar O‘zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan mamlakat manfaati yo‘lida ishlayotganining yana bir misolidir", degan.

"Mamlakatimizning iqtisodiy o‘sishi va aholining o‘sib borayotgan ehtiyojlari tufayli biz kelajakda energiyaga bo‘ladigan ehtiyojni qondirishimiz kerak. Kelgusi yillarda Stone City bilan yaqin hamkorlik qilishni orziqib kutyapmiz", - degan vazir.

Stone City Energy shirkatiga 2019 - yilda asos solingan bo‘lib, u elektr energiyasini ishlab chiqarish va tarqatish sohalarida faoliyat yuritadi.

Power Technology nashrining xabar berishicha, O‘zbekiston hukumati Electricite de France shirkati bilan O‘zbekistonda ilk gidroakkumulyator elektr stansiyasi – GAES qurish masalasida alohida muzokaralar olib bormoqda.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Energetika vazirligi Siemens Energy shirkati bilan bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Memorandumda kelajakda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar uchun yo‘l xaritasi belgilangan.

Memorandumni Sultonov va Siemens Energy prezidenti Kristian Brux imzolagan.

"O‘zbekiston o‘zining energetika strategiyasini amalga oshirish uchun eng yaxshi xalqaro hamkorlar bilan yaqindan ishlashishda davom etmoqda", degan vazir hujjat imzolanishi ortidan.

"Biz uglevodorod ishlab chiqaruvchi dunyoda iqlimni boshqarish bo‘yicha o‘z bo‘ynimizga olgan majburiyatlarimizni bajarishda yetakchilik qilishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Siemens dunyo miqyosida tanilgan va biz munosabatlarimizni yanada chuqurlashtirishni istaymiz", - degan vazir.

XS
SM
MD
LG