Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:16

Gruziyada ukrain qochqinlari qanday yashashmoqda? (VIDEO)


Gruziya hukumati ukrainalik qochqinlarni bepul turar-joy bilan ta’minlashni to‘xtatdi. Ushbu dastur fevral oyi oxirlarida qabul qilingan bo‘lib, hukumat qochqinlarning mehmonxonada istiqomat qilish haqini batamom to‘lab kelmoqda edi. Birinchi avgustdan boshlab boshpana topish va ijara haqini to‘lash ularning o‘z zimmasiga tushdi. Buning o‘rniga davlat qochqinlar uchun nafaqa puli tayinladi.

Yelena Gruziyaga eri va ikki farzandi bilan iyunning oxirlarida kelgan. Ukrainada ular Xerson viloyatining Skadovsk shahrida yashar edilar. Mart oyi adog‘ida shaharni Rossiya qo‘shinlari bosib oldi.

Yelena okkupatsiyada kechgan kunlari haqida so‘zlar ekan, Rossiya harbiylari ukrain vatanparvarlari o‘tkazgan mitinglarni tarqatish uchun osmonga o‘q uzishganini, turg‘unlarning uylarini tintuv qilishganini va asosan erkaklarni ushlab, “filtrlash”ga jo‘natishganini eslaydi. Shuningdek, shaharga bir necha marta raketalar tushganini, u yerda qolish xavfli bo‘lib qolganini aytadi.

Yelenaning oilasi bosib olingan Qrim orqali o‘z avtomashinasida chet elga chiqib ketadi, chunki Kiyev nazoratidagi hududlarga eltuvchi yo‘laklar Rossiya askarlari tomonidan o‘qqa tutilar edi. Rossiya blokpostida harbiylar Yelenaning eri bilan maxsus suhbat o‘tkazishadi va telefonidagi ma’lumotlarni birma-bir tekshirishadi.

“Erimni kutib turganimda ichkaridan bir yigit chiqdi, ko‘rinishi juda xomush edi. Qaylig‘i yonimizdagi mashinada o‘tirgan ekan, ikkovlon bir oz so‘zlashishgach, qiz uning narsalarini bitta qopchaga solib, qo‘liga tutqazdi. Shundan so‘ng vidolashdilar. Qiz yig‘laganini, yigitni bo‘ynidan quchib o‘pganini ko‘rdim. Ikkovi ham yosh edi: yigit 25, qiz esa ko‘pi bilan 20 yoshlarda. Erim chiqib, mashinaga o‘tirgach: “Bu yigitchani nima uchun hibsga olishganini bilasanmi? Telefonidan ko‘chadan o‘tib borayotgan Rossiya harbiy texnikalari videosi chiqdi”, deb aytdi”, hikoya qiladi Yelena Latotskaya.

Oila Gruziyaga yetib kelgach, Tbilisi mehmonxonalaridan biriga joylashadi. Ukrain qochqinlarini bepul boshpana bilan ta’minlash dasturiga “ilinish”ga ulguradilar. Yelena aytishicha, Gruziyada yashash unga yoqadi, ammo tekin turar-joy dasturi bekor qilinganidan so‘ng bu yerda qolish niyati yo‘q: ish topish qiyin, o‘rtacha oylik esa ijara haqiga ham yetmasligi mumkin, deydi. Urushdan oldin Skadovskda o‘z poyabzal do‘konlari bor edi. Hozirda er-xotin ishsiz, daromadsiz qolishgan.

“Tuzukkina biznesimiz bor edi, yilda bir necha marta sayohatga chiqishga qurbimiz yetardi. Ukrainada, jonajon shahrimiz Skadovskda turmushimiz juda ajoyib o‘tayotgan edi. Endi boshqa mamlakatga ko‘chishga qaror qildik – keyingi manzilimiz Litva yoki Polsha bo‘ladi. Shuningdek, Kanada vizasini olishga hujjat topshirganmiz. Tez orada shulardan biriga ketamiz”, deydi ayol.

Yelena Klyuyeva ham Skadovskdan kelgan qochqin. U ham ikki bolasi bilan birga, Qrim orqali Ukrainani tark etgan. Bepul turar-joy dasturi bekor qilinganiga qaramay, Yelena Tbilisidan ketmoqchi emas. Boshpana topib qo‘ygan, ammo, aytishicha, bu juda qiyin bo‘lgan.

“E’lonlar bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilganda: “Moskvadan kelganmisiz?” deb so‘rashar ekan. Ha, deyilsa, muammo yo‘q, rozi bo‘lishadi. Biz esa, albatta, Ukrainadan ekanimizni aytdik. Rad qilishdi. Ayrim ukrainlarda qochqin maqomi bor, ular ijara haqini to‘lay olmay qolgan taqdirda ham kvartira egalari ularni ko‘chaga haydab solishi mumkin emas. Shuni deb ayrim gruzinlar ukrain qochqinlariga joy berishni istamaydi”, deydi Yelena Klyuyeva.

Ayolning ijaraga kvartira izlash va ko‘chishdan boshqa tashvishlari ham bor: kuzga dovur bolalarini maktabga joylashi kerak. Yelena ularni yo onlayn shaklda, yoki Tbilisidagi ukrain tilli maktabda o‘qitmoqchi. Aksiga olib, eri juda kechikdi. U olisga qatnaydigan kemada dengizchi bo‘lib xizmat qiladi. Hozir Indoneziyada. Ukrainadagi urush tufayli uning ekipaji rotatsiya bo‘lish va ta’til olish uchun portga qayta olmayapti.

“To‘qqizinchi oy ketyapti, dadamiz qachon qaytishini hanuz bilmaymiz, chunki ularni almashtiradigan ekipaj yo‘q. Ukrainadan dengizchilarni chiqarishmayapti, ular bari vaziyat qurboni bo‘ldi: sohildagilar chiqib keta olmaydi, dengizdagilar esa portga kirolmaydi”, hikoyasini davom ettiradi Yelena.

Ular qo‘nim topgan mehmonxona boshqaruvchisi ham Ukrainadan. Mariya Starikova Gruziyada avval ham yashagan, pandemiya boshlanganida vataniga qaytib ketgan ekan. Urush boshlangach Tbilisiga qaytganida do‘stlaridan biri unga shu mehmonxonani boshqarishni taklif qilibdi. Mariya aprelda ish boshladi va o‘zi kabi qochqin ukrain qizini yordamchi qilib oldi.

“Ikkovimiz birgalashib personal to‘play boshladik: oqsochlar, oshpazlar kerak edi. Shunda o‘zimizda yashayotgan odamlarni ishga yollasak-chi, deb o‘ylab qoldik. Istiqomat qiluvchilarning aksari ukrainaliklar bo‘lsa, ularga ukrain taomlari kerak, bolalar ham borsh, sho‘rva, kotlet va bo‘tqalar yeb o‘rgangan. Shunday qilib, ularni oshxona ishlariga oldik, navbat bilan ishlashyapti, yaxshi haq to‘layapmiz”, deydi Mariya.

Mehmonxonada atigi 30 ta xona bo‘lib, ularda ukrainalik 80 nafar qochqin yashab turibdi. Birinchi avgustdan davlat ular yashayotgan xonalar uchun ijara haqi to‘lashni to‘xtatdi.

Mariya ukrainalik qochqinlarni bepul turar-joy bilan ta’minlash dasturining muddati bir necha marta uzaytirilganini, binobarin uning uzil-kesil to‘xtatilishi odamlar uchun kutilmagan hol bo‘lmaganini aytadi.

Dasturga asosan Tbilisidagi mehmonxonalar kiritilgan edi. Gruziya poytaxtida fevral oyi oxiridan beri jami 2300 dan ortiq ukrainalik qochqin bepul boshpana dasturidan foydalandi. Avgustdan e’tiboran hukumat buning o‘rniga har bir oilaga 300 va qo‘shimcha ravishda kishi boshiga 45 laridan nafaqa to‘laydi. Bu mos ravishda 110 va 15 AQSh dollariga teng. Qolaversa, BMT va World Vision xalqaro gumanitar tashkiloti ham har bir qochqinga 245 lari, ya’ni taxminan 90 dollardan pul beradi. Bundan tashqari, Ukraina fuqarolari uchun Gruziyada munitsipal transportdan foydalanish, maktab va bog‘chada ta’lim olish, sport markazlariga qatnash, teatr va muzeylarga kirish ham tekinligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG