Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:20

Gulagu.net: O‘zbekistonlik sobiq MXXchi Rossiya qamog‘idagi qiynoqlarni tasvirga olgan


Gulagu.net loyihasi YouTube-kanalidagi video skrinshoti. Illyustrativ surat
Gulagu.net loyihasi YouTube-kanalidagi video skrinshoti. Illyustrativ surat

Rossiyaning Omsk viloyatidagi 7-sonli koloniya sobiq mahkumi Zafar Ilmuradov Gulagu.net huquqbonlik loyihasiga qamoqxonadagi qiynoq faktlarini yashirin kamerasi bor qo‘l soatiga yozib olib, xotini orqali Rossiya Bosh prokuraturasi, Tergov qo‘mitasi va Jazoni ijro etish federal xizmatiga (JIEFX) yuborganini, ammo shundan so‘ng o‘zi qiynoqqa giriftor bo‘lganini so‘zlab berdi.

Ilmuradov o‘zini O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining (hozirda – DXX) sobiq xodimi deb tanishtirgan. Aytishicha, iste’foga chiqib, Rossiyaga kelganida qamoqqa tushgan va 2014 - yilning noyabrida Omsk koloniyasiga “etap qilingan”.

“U yerda bizga juda yomon muomalada bo‘lishardi, har kuni haqorat va xo‘rlik ko‘rardik”, deydi u koloniyaga endi kelgan mahkumlarga munosabatni eslarkan.

Ilmuradovga ko‘ra, yangi kelganlarning barchasi karantinga olingan. Har oqshom besh nafardan mahkumni binoning uchinchi qavatiga – 12-otryad va “faollar” bo‘lmasiga yuborishgan. O‘sha kuni navbatchilikda bo‘lgan xavfsizlik bo‘limi xodimlari ham “tomoshabin” bo‘lib o‘tirishgan.

“Ular mahkumlarning kaltaklanishini, qip-yalang‘och qilib tahqirlanishini, xo‘rlanishini, qo‘llarini skotch bilan bog‘lab, boshlariga yelimxalta kiydirishlarini tomosha qilib o‘tirishardi. Bizga: “Sizlar Omskda, 7-sonli axloq tuzatish koloniyasidasiz. Ma’muriyat xodimlari va biz nima desak, shuni qilasizlar”, deb aytishardi. Mahkumlarni o‘zlariga ayollar ismini qo‘yishga majbur qilishardi”, deydi u.

Xo‘rliklardan shikoyat qilgan mahkumlar badtar qiynoqqa solingan: ularni do‘pposlaganlar va, agar qarshilik ko‘rsatsa, jinsiy zo‘rlaganlar. Ilmuradov bir mahkum boshiga yelimxalta kiydirilib, oyog‘i osmondan qilingan holatda bir necha soat osib qo‘yilganini eslaydi.

Zafar Ilmuradovning so‘zlariga ko‘ra, u qamoqxona ma’muriyatiga ilgari maxsus xizmat xodimi bo‘lganini aytib, “faollar” bilan birga ishlashni iltimos qilib, ulardan rozilik olgan. Bir oydan so‘ng esa xotini unga ichiga yashirin kamera o‘rnatilgan qo‘l soatini keltirib bergan. Sobiq mahkum bularning barini oldindan tayyorlab, Omskka ko‘chirilishidan avval xotiniga tayinlaganini aytadi.

Ilmuradovga ko‘ra, 2015 - yilda olingan kadrlarda Omsk koloniyasi xodimlari aks etgan: ular mahkumlar qiynoqqa solingan va jinsiy zo‘rlangan paytda hozir bo‘lganlar. Bu qaydlarni Ilmuradov, Bosh prokuratura hamda inson huquqlari bo‘yicha vakilga yetkazishi uchun xotiniga topshirgan.

Ayol yozuvlarni eltib bergan, ammo ushbu vakolatli idoralar koloniyada taftish o‘tkazishmagan, faqat prokuratura yozma so‘rov bergan xolos. Qamoqxona ma’muriyati bu haqda xabar topgach, Ilmuradovni 15 sutkaga jarima izolyatoriga qamagan. U yerda bo‘lgan paytda koloniya xodimlari va prokuror kelishib, xotini va bolalarini o‘ldirish bilan tahdid qilishgan. Shundan so‘ng elektroshoker bilan qiynagach, boshiga yelim qop kiygizishib, ters holatda osib qo‘yishgan.

Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, koloniyaning atigi bir xodimi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ilmuradov bilan intervyu e’lon qilinganidan so‘ng JIEFX viloyat boshqarmasi mazkur faktlar bo‘yicha 2016 - yilda RF Jinoyat kodeksining 285-moddasiga (“Xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish”) ko‘ra jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi. Koloniya xodimi ozodlikdan mahrum etish jazosini olgani aytilmoqda, biroq jazo muddati ochiqlangan emas.

Zafar Ilmuradov ozodlikka chiqqanidan so‘ng uni FXX (FSB) xodimlari qo‘lga olishib, yoniga narkotik modda tashlab qo‘yish bilan tahdid qilishganini, shu bois koloniyada olingan tasvirlarning bir qismini ularga berishga majbur bo‘lganini so‘zlab berdi.

Omskdagi 7-sonli koloniyada mahkumlar qiynoqqa solinishi haqida avvalroq sobiq mahkum Mixail Mazin so‘zlab bergan edi. Uning aytishicha, ma’muriyat bilan hamkorlik qiluvchi mahkumlar yangi kelganlarni kaltaklab, agar noqonuniy talablarini bajarishmasa, ularni “obijenniylar” toifasiga ko‘chirish bilan tahdid qilishgan. Keyinroq bu ma’lumotni 7-sonli qamoqxonada bo‘lgan boshqa bir mahkum tasdiqladi.

Omskdagi koloniyaning yana bir sobiq mahkumi Nail Yakupov huquq himoyachilari bilan suhbatda u yerda mahkumlar kishanlangan holatda osib qo‘yilishi, hammomga borayotganda yakka ichki ishtonda ko‘chaga chiqishga majburlanishi, ularga hojatxonaga kirishga ruxsat berilmasligi va hadeb o‘tirib-turishga majbur etilishi haqida gapirib bergan. Bundan tashqari, mahkumlar yashirin sexlarda ishlatilgan.

XS
SM
MD
LG