Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:30

Hajga borish uchun ruxsatnoma kerak bo‘ladi. Xitoy Shinjondagi diniy ishlar bo‘yicha nizom qabul qildi


Urumchidagi masjidda namozni ado etib chiqayotgan uyg‘urlar. Shinjon, 12-sentabr, 2004
Urumchidagi masjidda namozni ado etib chiqayotgan uyg‘urlar. Shinjon, 12-sentabr, 2004

1-fevraldan Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatida dindorlarni nazorat qilish uchun maxsus nizom kuchga kiradi. Hujjatga ko‘ra, bundan buyon masjid qurish, ziyorat va diniy ta’lim faqat mahalliy hokimiyat ruxsati bilan amalga oshiriladi. Nizom, shuningdek, mobil telefon va kompyuterlarda diniy fayllarni saqlashni ham taqiqlaydi. Ekspertlar fikricha, Pekin yangi qoidalar yordamida Shinjondagi inson huquqlari buzilishini qonuniylashtirmoqda.

Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyati diniy ishlari to‘g‘risidagi Nizom 2023-yil oxirida Shinjondagi Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan.

Qonuniy kuchga ega bo‘lgan yangi hujjatga ko‘ra, hech bir tashkilot yoki shaxs biznes yoki madaniyat sohasida diniy faoliyatdan foydalana olmaydi. Masalan, hech kim to‘y va dafn marosimlarini qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, shunchaki o‘z diniy taomillariga ko‘ra o‘tkaza olmaydi. Diniy binolarni rekonstruksiya qilish yoki qurish mahalliy hokimiyatlarning diniy ishlar bo‘limi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Qoidalarda haj qilish faqat Xitoy Islom uyushmasi nazorati ostida tashkil etilishi ham belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni diniy yig‘inlarga olib borish va ularga umuman diniy ta’lim berish taqiqlanadi.

Diniy erkinlik va inson huquqlarini yorituvchi "Bitter Winter" nashri, "Pekin shu tariqa qonunchilik va xitoylashtirish siyosati niqobi ostida masjidlarni vayron qilishni oqlashga urinmoqda", deb yozadi.

“Shinjondagi Nizom moddalari boshqa viloyatlar va mintaqalardagi qoidalarga qaraganda qattiqroq. Hatto Xitoy propagandasi ham Shinjonda din «oddiy» viloyat va mintaqalarga qaraganda qattiqroq nazorat qilinishini tan oladi, biroq odatdagidek buni «ekstremizm» va «terrorizm»ga qarshi kurashish zarurati bilan oqlaydi, deyiladi maqolada.

Асли қозоғистонлик этник уйғурнинг Хитой қамоқхонасидаги 15 ойи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:26 0:00

Masalan, yangi Nizomga ko‘ra, diniy obidalar, hatto allaqachon qurilgan bo‘lsa ham, arxitektura, haykaltaroshlik, rangtasvir nuqtai nazaridan “xitoycha o‘ziga xoslik va uslub”ni aks ettirishi, ibodatxonalar, masjid va cherkovlar esa mahalliy hokimiyatga hisobot berishi shart.

Diniy maqola va kitoblarni nashr etish qoidalari ham qattiqlashtirildi, ularni nashr etish faqat Shinjon xalq hokimiyati diniy ishlar bo‘limi ruxsati bilan mumkin. Shu bilan birga, hech bir tashkilot yoki jismoniy shaxs raqamli nashrlardan, jumladan, internet, ijtimoiy tarmoqlar va hatto mobil telefondagi yozuvlardan foydalana olmaydi.

Qonunda diniy muassasalar rahbarlari – imomlar, cherkovlar, ibodatxonalar rahbarlari uchun bir nechta moddalar mavjud. Ularda din arboblari “vatanparvar va qonunga itoatkor bo‘lishi, to‘g‘ri yo‘ldan borishi, ekstremizmga qarshi turishi kerak” deb yozilgan. Shinjondagi mullalar endi chet el tashkilotlari yoki shaxslaridan unvonlar olishi mumkin emas.

Qoidalar buzilgan taqdirda, diniy yetakchilar, diniy mansabdor shaxslar va diniy markazlar ruxsatnomadan mahrum etiladi. Ushbu qonunni buzgan diniy guruhlar va shaxslar jarimadan tortib, jinoiy javobgarlikkacha tortilishi mumkin.

«Shinjonda ko‘p odam janozasiz ko‘milmoqda»

Shinjondagi etnik qozoqlar muammolarini ko‘taruvchi, ro‘yxatdan o‘tmagan «Atajurt» tashkiloti rahbari Bekzat Maqsutxonuli fikricha, “bu qonun orqali Xitoy Shinjondagi diniy zulmni qonuniylashtiryapti”.

“Shinjonda diniy faoliyat deyarli yo‘q. 2016-yildan beri odamlar diniy ta’lim muassasalari ochish va diniy marosimlarni bajarish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Xitoyning o‘zi o‘qitgan imomlarning aksariyati lagerlarda qamalgan. Ozodlikka chiqqanlarning aksariyati sog‘lig‘ini yo‘qotgan yoki diniy marosimlarni bajarishdan qo‘rqadi. Bir qishloqning imomi boshqa qishloqqa borib, u erda Qur’on o‘qiy olmaydi. Hozir Shinjonda ko‘p hollarda imomlar yo‘qligi yoki huquqlari cheklangani uchun o‘liklar janozasiz dafn etilmoqda. Bizda shunday faktlar borki, bir qishloqning imomi boshqa qishloqda janoza marosimini o‘tkazgani uchun ta’qibga uchragan. Xitoyda aniq qonunlar qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Shinjonda diniy huquqlar anchadan beri cheklangan. Bu qonun avvalgi barcha harakatlarni qonuniylashtirishdir”, deydi u.

Shinjon qozoqlari muammosi bilan shug‘ullanuvchi yana bir tashkilot “Atajurt eriktileri” rahbari Erbol Dauletbekuli “Shinjonda ilgari diniy erkinlik yo‘q edi va Xitoy Shinjondagi shu kungacha qilib kelgan ishlarini yangi qonun bilan oqlamoqchi”, deydi.

«2017-yildan beri Xitoy Shinjondagi genotsidni din bilan, dinni esa terrorizm bilan bog‘lab keladi. Millionlab odamlar terrorizmda ayblanib, lagerlarga qamalgan va mafkura tufayli mehnatga majburlangan. Hozir Xitoy Shinjondagi jinoyatlarini dunyo va xalqaro hamjamiyat oldida oqlashga, ularni qonuniy ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Bu qonun ham shulardan biri. Bundan tashqari, Shinjondagi “baxtli hayot”ni ko‘rsatish uchun xorijdan jurnalist va blogerlar taklif qilinadi. Ammo Shinjonda lagerlar, qamoqxonalar va majburiy mehnat hamon mavjud. Diniy faoliyat bu qonun qabul qilinishidan oldin ham nazorat qilingan edi”, deydi u.

Мирзиёев Сианда. Хитой ва Россия сиам эгизакларми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:22 0:00

Shinjonda din to‘g‘risidagi nizom XXR raisi Si Szinpin Shinjonda “islomni sindirish” maqsadini qo‘yganidan keyin qabul qilingan. O‘tgan yil 26-avgust kuni Si Shinjon markazi Urumchiga tashrifi chog‘ida mahalliy amaldorlarga “islomni xitoylashtirish siyosatini davom ettirish” va “noqonuniy diniy faoliyatni nazorat qilish” haqida ko‘rsatma bergan edi.

Shinjondagi vaziyat 2017-yildan beri yomonlashgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yildan beri Shinjondagi siyosiy qayta tarbiyalash lagerlarida bir milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmonlar hibsga olingan. Xalqaro tashkilotlar Xitoyning harakatlarini tanqid qiladi, biroq Pekin o‘zining Shinjon siyosatini “ekstremizmga qarshi kurash”, siyosiy lagerlarini esa “kasbga qayta tayyorlash markazlari” deb ataydi.

Lagerlardan ozod qilingan uyg‘urlar va qozoqlar bir necha bor qiynoqqa solingani, zo‘rlangani, noma’lum dorilar berilgani va majburiy mehnatga jalb qilinganini aytishgan.

Qo‘shma Shtatlar va G‘arb davlatlari Xitoyning Shinjon mintaqasida o‘zboshimcha hibsga olishlari, qiynoqlar, ayollarni majburiy sterilizatsiya qilishi va majburiy mehnat genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar ekanligini ta’kidladi.

O‘tgan yili Human Rights Watch tashkiloti Xitoy Shinjonda zulmni davom ettirayotganini aytgan edi. Hududdagi masjidlarning uchdan ikki qismi yopilgan, cherkovlardagi minora va gumbazlar olib tashlangan. Tashkilot, shuningdek, rasmiylar mamlakat bo‘ylab masjidlarga kameralar o‘rnatganini xabar qildi.

Xitoy BMT va G‘arb ekspertlarini Shinjonga kiritmayapti. Pekin o‘ziga xayrixoh davlatlarning diplomatlari va jurnalistlarini Shinjonga taklif qiladi va ekskursiyalar o‘tkazadi. Qozoq diplomatlari va jurnalistlari ham shunday sayohat qilishdi.

XS
SM
MD
LG