Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:29

"Hamma Afg‘onistondan ketish qayg‘usida". Tolibondan qochayotgan o‘zbeklar hikoyasi


Afg‘oniston va Eron chegarasi.
Afg‘oniston va Eron chegarasi.

31 - avgust kuni AQShning do‘nggi askari Afg‘onistonni tark etdi. Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchi davlatlar so‘nggi ikki hafta ichida Afg‘onistondan 120 mingdan ziyod odamni evakuatsiya qilishga ulgurdi.

Ammo halqaro kuchlar yoki Tolibon tomonidan ag‘darilgan hukumatga ishlagan ko‘plab afg‘onlar mamlakat ichida qolayotir.

Qo‘shma Shtatlar Kobul aeroportidagi vaziyat, quruqlikdagi chegaralarning pandemiya va terror tahdidi tufayli yopilgani sabab hammani evakuatsiya qila olmasligini aytgan.

Ayni paytda O‘zbekiston ham Xayraton ko‘prigini yopib qo‘ydi. Faqat vizasi borlarga chegaradan qonuniy o‘tishlariga izn bermoqda.

Shu paytgacha bir yarim mingdan ziyod afg‘on qochqini O‘zbekistonga o‘tgani ishoniladi. Ozodlik Tolibonda qochishga ulgurgan va ulgurolmagan afg‘onistonliklar bilan suhbatlashdi.

“Kim bilan gaplashmang, Afg‘onistondan ketish qayg‘usida”

Afg‘onistonlik Abdulla (ismi xavfsizligi nuqtai nazaridan o‘zgartirilgan) oilasi bilan O‘zbekistonga qochib o‘tishga muvafaq bo‘lgan afg‘on qochqinlaridan biri.

Termiz shahrida qo‘nim topgan Abdulla so‘nggi haftalarda boshdan kechirganlari haqida Ozodlikka so‘zlab berdi.

“O‘zim va oilamning jonini saqlash uchun Kobuldan Xayraton tumaniga kelib (Xayraton ko‘prigining Afg‘oniston tomonida joylashgan ayni nomdagi port-shahar-tahr.) toliblar nazoratidan o‘tdim. Ko‘prikning yarmidan o‘tgandan so‘ng qushdek yengil bo‘ldim. O‘zimni xavfsiz his qildim. Albatta, mening vizam borligi sabab o‘zimni va oilamni bu yomon holatdan qutqardim. Endi bu yog‘iga O‘zbekistonda qanday yashar ekanman, degan o‘y meni qiynayapti. Bu yerda yashashga pul kerak. Puli va ishi bo‘lmagan odam qanday yashar ekan, bilmayman”, - deydi Abdulla.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston poytaxti Kabuldan tortib barcha uzoq va yaqin hududlarida yashovchi odamlar Tolibon hokimiyatidan chega qochishga yo‘l axtarmoqda.

“Amerikaliklar Kobuldan yuz mingdan ortiq kishini ayrim o‘lkalarga chiqarishgan. Besh kun oldin Kobul aeroportida yuz bergan qonli portlashdan keyin mazkur maydonga kirish imkoniyati cheklandi, hatto AQSh Grin-kardi borlar ham Kobulda qolib ketdi. Ko‘pchiligi Tolibondan qo‘rqib aeroportga yaqinlasha olmadilar.

Afg‘onistonda hali yangi hukumat qurilmagan, ba’zi idoralarda toliblar boshqaruvni o‘rnatgan. Hammasi "Mullo" va "Mavlaviy" ismi bilan. Masalan, Sog‘liq bo‘limida doktor bo‘lishi lozim, lekin hech qanday ilmi yo‘q kishini mas’ul etib tayinlaganlar. Ko‘p insonlar, jumladan, vrach, o‘qituvchi, shoir, naqqosh, kinochi jurnalist va boshqa kasb egalari chet davlatlarga ketish yo‘lini axtarmoqda. Kim bilan gaplashmang, Afg‘onistondan ketish qayg‘usida. Hamma telefon yoki WhatsApp kabi tarmoqlar orqali "Kim ketdi?", "Kim qoldi?", "Hujjat tayyorladingmi?","Hech kimni tanimaysanmi, bizni chiqarishga yordam bersa?", "Ertaga nima bo‘ladi?" deb so‘raydi”, - deydi Abdulla.

Tolibon avvalgi hukumatga ishlaganlardan qasos olmasligini aytayotgan esa-da, ko‘pchilik, jumladan Abdulla ham bunga ishonmaydi, ular mamlakat kelajagidan xavotirda ekanliklarini aytishadi.

“Men toliblarning va’dalariga ishonmayman, chunki bu guruh o‘z ichida hech qanday bir hamohanligi yo‘qligi yonida, kim bilan qanday bir ravishda muomala qilishni ham bilmaydi. Toliblar bilan yuzma-yuz bo‘lganda, har qanday odam vujudiga bir iztirob topiladi, shahar va viloyatlarda odamlar ruhi va ravnaqi yo‘q, hamma mavhum bir kelajak bilan duch kelmoqda”, - deydi Abdulla.

“Qochadigan joy yo‘q ”

Shibirg‘onlik jurnalist Ahmad (ismi uning xavfsizligi nuqtai nazaridan o‘zgartirilgan) O‘zbekiston chegarani yopib qo‘yishi ortidan turmush o‘rtog‘i va ikki farzandi bilan mamlakat ichida qolib ketgan.

“Toliblar hukumatga ishlagan jurnalistlarni qidiryapti, degan xabarlar kelyapti. Hozir O‘zbekiston tomoni vizasi borlarni ham o‘tkazmayapti. Ko‘prikni yopib qo‘ygan. Avval Tolibondan qochib o‘tganlarni qaytarib yuboryapti. Yuzlab oilalar bu yerda chegara ochilishiga ko‘z tikib o‘tiribdi. Kobuldan uchib ketarmiz deb borsak, bugundan parvozlar to‘xtadi. Aeroport yopilgan. Turkmaniston va Tojikiston ham kiritmayapti. Xitoy bilan ozgina chegara bor, u yerdan ham o‘tib bo‘lmaydi. Yagona yo‘l - Eron va Pokiston orqali. Tanishi, imkoniyati borlar shu mamlakatlar orqali chiqib ketyapti”, - deydi Ahmad.

Tolibon barchaga o‘qish va ishlash uchun Islom qonunchiligi doirasida ruxsat etilishini aytgan, ammo Ahmad bunga ishonmaydi.

“Shibirg‘onda hozirdan ayollar ko‘chaga chiqolmaydi. Muhit buzilgan. Ishsizlik ko‘p. Maktablarni ochgan, lekin qizlar bormayapti. Tizim izdan chiqqan. Normal hayot izdan chiqqan. Bugun Tolibon kelganiga yigirma kun bo‘lyapti, qo‘rquv ichida qolganmiz. Ko‘pchilik iqtisodiy qiyinchilik bilan yuzma-yuz kelyapti.

Oldimizdagi qish ocharchilik qishi bo‘ladi, narx-navo hozirdan baland. Ishsizlik, qashshoqlik avj olyapti. Chunki Tolibonni hech kim tan olmaydi, iqtisodiy yordamlar to‘xtagan.

Hamma qochishni o‘ylayapti, lekin qochadigan joy yo‘q. Biz afg‘onistonlik o‘zbeklarmiz. O‘zbekiston tomoni? hech bo‘lmasa chegara hududida lager qilib bersa, hamma o‘sha yerga borishga rozi bo‘lib turishibdi”.

O‘tgan hafta Toshkent hukumati Afg‘onistonda Tolibonning hokimiyatni egallashi ortidan jon saqlash ilinjida O‘zbekistonga qochib o‘tgan 150 nafar afg‘on fuqarosi vataniga qaytarilganini bildirgan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi "Tolibon" rahbariyati bilan kelishuv natijasida chegarani noqnuniy kesib o‘tgan 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi o‘z xohishi bilan vataniga qaytarilganini tasdiqlagan.

Vazirlikka ko‘ra, “Tolibon” rahbariyati bu shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq qilinmasligini va’da qilgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga qaytarib yuborgan afg‘on fuqarolarining keyingi taqdiri borasida hech narsa ma’lum emas.

BMT Qochqinlar idorasi shu yilning o‘zida yarim milliondan ziyod odam Afg‘onistonni tark etishi mumkin, deya bayonot bergan.

BMT Afg‘onistonga qo‘shni barcha davlatlardan boshpana izlayotgan odamlar uchun chegaralarini ochishni so‘ramoqda.

XS
SM
MD
LG