Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:28

HRW: Toliblar afg‘on xavfsizlik kuchlarining 100 dan ortiq sobiq xodimini o‘g‘irlagan va o‘ldirgan


Tolibon radikal harakati Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan beri uning jangarilari to‘rt viloyatda 100 dan ortiq sobiq politsiyachi va razvedka xodimlarini o‘ldirgan yoki o‘g‘irlab ketgan, deyiladi Human Rights Watch hisobotda.

30 - noyabr kuni tashkilot saytiga joylangan 25 sahifali hisobotda toliblar, umumiy afv e’lon qilinganiga qaramay, ag‘darilgan hukumat qurolli kuchlaridan o‘ch olishda davom etgani aytiladi.

HRW 15 - avgustdan oktabr oyi oxirlarigacha toliblar sobiq afg‘on harbiylari, politsiyachilari va xavfsizlik xizmati xodimlaridan 47 kishini o‘ldirgani haqida ishonchli ma’lumotlar to‘plaganini ta’kidlamoqda. O‘lganlar yoki bedarak yo‘qolganlar soni G‘azni, Helmand, Qandahor va Qunduz viloyatlarining o‘zida 100 kishidan ziyod.

HRWga ko‘ra, hisobot 67 intervyu, jumladan, guvohlar, qurbonlarning qarindoshlari va do‘stlaridan olingan 40 ta shaxsiy intervyu hamda Tolibon jangarilari bergan ma’lumotlar asosida tuzilgan.

“Human Rights Watch” Osiyo sho‘’basi direktori Patritsiya Gusman shunday deydi: “Tolibon yetakchilari va’da qilgan amnistiya jangarilarning afg‘on xavfsizlik kuchlari sobiq xodimlarini qatl etishiga yoki o‘g‘irlab ketishiga xalal bermadi. Tolibon yangi qatllarning oldini olishi, ko‘rsatilgan har bir holatni tergov qilishi va qurbonlarning oilalariga tovon to‘lashi shart”.

Hisobotda urg‘ulanishicha, Tolibon yetakchilari taslim bo‘lgan xavfsizlik kuchlari xodimlarining xavfsizligini saqlash uchun ularga o‘z ma’lumotlarini qayddan o‘tkazishga chaqirgan. Biroq jangarilar ushbu ma’lumotlardan ularni qo‘lga olib, sud va tergovsiz jazolashda foydalangan.

Toliblar HRWga yo‘llagan rasmiy javobida hisobotdagi ma’lumotlarning hammasi ham to‘g‘ri emasligini iddao qilgan. “Hisobotda qayd etilgan ayrim holatlar ushbu jinoyatlarning aynan bu odamlar tomonidan sodir etilganini isbotlamaydi. Bizning o‘z razvdka ma’lumotlarimizga ko‘ra, ular yangi ma’muriyatga qarshi fitna qo‘zg‘ashga urinishmoqda”, deyiladi javobda.

HRW hisobotiga ko‘ra, Tolibon sobiq hukumat mulozimlari haqidagi ma’lumotlar bazasini qo‘lga kiritib, undan odamlarni qo‘lga olish va o‘ldirishda foydalangan.

Huquqbonlik tashkiloti ma’lum qilishicha, bir kuni toliblar xavfsizlik kuchlari sobiq xodimi “Bo‘zmuhammad”ning uyiga kelib, uni hibsga olgan, keyin esa qarindoshlari uning jasadini topganlar.

“Human Rights Watch” hisobotida toliblar qidiruv amaliyotlari va tungi reydlar o‘tkazib, sobiq hukumat mulozimlarini qo‘lga olgani yoki o‘g‘irlagani bildiriladi.

Afg‘onistonlik jamoat faoli xalqaro tashkilotga bergan intervyusida toliblarning tungi reydlarini “dahshatli” deb atagan: unga ko‘ra, toliblar o‘z qurbonlarini kechasi o‘g‘irlab ketadi, ularning oilalari esa hatto qayerga olib ketishayotganini so‘rashga va voqea haqida biror idoraga xabar berishga ham jur’at qila olmaydi.

Hisobotda Helmandda yuz bergan yana bir voqea tilga olingan: Abduroziq ismli sobiq mahalliy zobit taslim bo‘lganidan so‘ng sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan va oilasi hanuz uning tirik yoki o‘likligini bilmaydi.

HRW 21 - sentabr kuni Tolibon inson haqlari buzilganiga oid xabarlarni taftish qiluvchi komissiya tuzilgani haqida e’lon qilganini, ammo ushbu komissiya biror qotillik, odam o‘g‘irlash va boshqa holatlarni tergov qilgani to‘g‘risida hanuzgacha ma’lumot bermaganini eslatgan.

“Human Rights Watch” tashkiloti bildirishicha, toliblar hisobotga javobida inson huquqlari buzilishiga aloqador shaxslar xizmatdan bo‘shatilganini ma’lum qilishgan, lekin buni tasdiqlovchi ishonchli dalillarni taqdim eta olmagan.

XS
SM
MD
LG