Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:23

Hujjat: “O‘zbekiston temir yo‘llari” qurilishlarida bir oyda to‘rt baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi


"O‘zbekiston temir yo‘llari" vagon kuzatuvchilari yer usti metrosining Qo‘yliq hududidagi qurilishida ishlamoqda.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" vagon kuzatuvchilari yer usti metrosining Qo‘yliq hududidagi qurilishida ishlamoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli obyektlarda so‘nggi bir oy ichida kamida to‘rtta “og‘ir baxtsiz hodisa” sodir bo‘lgan¸ ulardan bittasi o‘lim bilan tugagan.

Bu ma’lumot jamiyatning Ozodlikka sizdirilgan ichki hujjatlaridan olindi.

Ozodlikka “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mulozimlaridan biri tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda qurilish obyektlarida ro‘y bergan baxtsiz hodisalar tafsiloti keltirilgan.

2021 - yilning 18 - martiga qadar bo‘lgan bir oy davrni qamragan bu hujjatlarda ishlab chiqarish bilan bog‘liq to‘rtta baxtsiz hodisa qayd qilingan.

Shulardan uchtasining oqibati hujjatlarda “og‘ir” deya malakalangan, bittasining oqibati esa o‘lim bilan tugagan.

Hujjatlarda baxtsiz hodisa deb keltirilayotgan xolatlarning ikkitasi o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligi sababli, bittasi esa texnologik jarayon talablarining buzilishi tufayli sodir bo‘lgani aytiladi.

O‘lim bilan tugagan yana bir hodisa esa, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi tufayli ro‘y bergan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mulozimi taqdim etgan hujjatlarda jamiyatga qarashli qurilish obyektlarida ro‘y bergan baxtsiz hodisalar tafsiloti yozilgan.

"O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korxonada ishlab chiqarish bilan bog‘liq sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar bo‘yicha ma’lumot.
"O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korxonada ishlab chiqarish bilan bog‘liq sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar bo‘yicha ma’lumot.

Sardobadagi o‘lim

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘lim bilan yakun topgan hodisa o‘tgan oy Sirdaryo viloyatida Sardoba suv ombori yaqinida ro‘y bergan.

Hujjatlarda yo‘l harakati qoidalarining buzilishi tufayli ro‘y bergani aytilayotgan hodisada Sardoba suv omborida xizmatni tashkil etish bo‘yicha boshliq o‘rinbosari 28 yoshli Dilshod Abdukarimov halok bo‘lgan.

Abdukarimov xizmat avtomashinasida uch hamkasbi bilan Sardoba suv ombori hududiga xizmatni o‘tash uchun borayotgan paytda yo‘l transport hodisasiga uchragani aytiladi.

Halokat oqibatda Abdukarimov bosh qismidan og‘ir tan jarohati olgan va voqea joyida halok bo‘lgan. Fojiada omon qolgan ikki hamkasbi esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Domkrat ag‘nab, haydovchini yuk mashina bosib qolgan

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli obyektda ro‘y bergan yana bir hodisa o‘tgan oy Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida sodir bo‘lgan.

Yangi temir yo‘l qurilishi obyektining “Qipchoq” ishlab chiqarish uchastkasida “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi haydovchisi Quvondiq Do‘schonov MAN rusumli yuk tashuvchi avtomashinasini ressorini almashtirish uchun domkratni tikib, mashina tagiga yotgan.

Chiqayotgan vaqtida domkrat sirg‘anib ketib, mashina haydovchini bosib qolgan. Hujjatlarda avtomashinaning tutun chiqish moslamasi, ya’ni glushiteli haydovchi qorniga urilgani, oqibatida taloq ezilishi jarohatini olgani aytiladi.

Chilangar 8 metrlik krandan tushib ketgan

Yana bir xolat Surxondaryoning Denov tumanidagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasining 166 – sonli Yo‘l mashina stansiyasi (PMS-166) hududida yuz bergan.

Chilangar Husan O‘rozov yuk ko‘taradigan 8 metrli kranning tepa qismiga maxsus himoya kamari va maxsus himoya kaskasiz chiqib ishlayotgan vaqtida 7,6 metr balandlikdan yiqilib tushishi oqibatida og‘ir tan jarohati olgani aytiladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hujjatlarida tilga olingan bu holatlar matbuotda yoritilmagan.

Majruh bo‘lgan yoki o‘lgan ishchilarning oilalariga ish joyida ro‘y bergan baxtsiz hodisa uchun tovon puli to‘langaniga oid ma’lumotlar hujjatlarda keltirilmagan.

Bu borada jamiyatdan rasmiy javob olishning imkoni bo‘lmadi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” rasmiy saytida keltirilgan media markaz telefon raqamlariga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Ozodlikka hujjatlarni taqdim etgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mulozimining ta’kidlashicha¸ tilga olingan holatlar jamiyatga qarashli obyektlarda bo‘layotgan baxtsiz hodisalardan ayrimlaridir.

“Yollanma ishchilar bilan bog‘liq xolatlar juda ko‘p bo‘ladi, lekin ular “O‘TY” tarkibiga kiruvchi korxonalarning rasman ishchisi hisoblanmasligi sababli hisobotlarga kirmay qoladi”, - deydi mulozim.

“O‘TY” qurilishlaridagi fojialar

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘ziga qarashli qurilish obyektlarida so‘nggi yillarda ro‘y bergan qator fojialar uchun tanqid qilib kelinadi.

O‘tgan yil dekabrida Toshkentning Yunusobod metrosi qurilishida tuproq o‘pirilishi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan edi.

Ekspertiza xulosasida fojiaga tunnelni ochiq usulda kovlashda texnik xavfsizlik qoidalarining buzilganligi va qurilish ishlarining sifatsiz bajarilganligi sabab qilib keltirilgan.

O‘tgan yil may oyi boshida yorilib, O‘zbekiston va Qozog‘istonning minglab aholi uylari va dehqonchilik dalalarini yuvib ketgan “Sardoba” suv omborini ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” qurgan.

Yaqinda esa Ohangaron tumaniga qarashli Shovvozsoy hududidagi, Ozodlik surishtiruviga ko‘ra, davlat byudjetiga yuzlab million dollarga tushgan yashirin qarorgoh va suv omborining ham bosh buyurtmachisi “O‘zbekiston temir yo‘llari”dir.

Ozodlik “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning maxsus qurilish obyektlarida malakasiz yollanma ishchilar, ba’zi uchastkalarda mardikorlar va vagon kuzatuvchilari ishlatilgani haqida yozgan edi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mulozimi ham yollanma ishchilar ishlatilganini tasdiqlarkan, ularning kunlik me’yordan ortiqcha uzoq soatlab ishlatilishi holatlari ham bo‘lganini aytadi.

“Juda ko‘p yollanma ishchilar ishlaydi bizda. Sardobada yoki Toshkent metrosi qurilishida, xabaringiz bor, provodniklar (vagon kuzatuvchilari)ni olib kelib ishlatishdi. Texnika xavfsizligi qoidalarini bilmaydigan ishchilar. Viloyatlardan kelgan mardikorlarni ishlatishdi. Chunki arzon, ayrimlari bepul ishchi. Ular texnika qoidalarini bilmaganidan keyin fojialar ham ko‘p bo‘lyapti. Bundan tashqari, ishchilar 12 soatlar dam olishsiz ishlagani holatlari ham ko‘p bo‘lgan”, - deydi O‘TY mulozimi.

“O‘zbekiston temir yo‘lllari” AJ¸ qolaversa butun Transport vazirligi faoliyati Yunusobod metrosi qurilishidagi fojia ortidan prezident Shavkat Mirziyoyev tanqidiga uchragandi.

Lekin “O‘zbekiston temir yo‘llari” qurgan obyektlardagi fojialar yuzasidan mahkama jarayonlari "davlat siri" vajidan yopiq o‘tkazilgan. Xususan, shu kunlarda yopiq mahkamada tergov qilinayotgan Sardoba to‘g‘onining o‘pirilishi bilan bog‘liq ko‘pgina savollar javobsiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG