Mang‘istau viloyatining Janao‘zen va Aqtau shaharlarida suyultirilgan gaz narxini ikki baravarga tushirish talabi bilan norozilik aksiyasiga chiqqan odamlar seshanbaga o‘tar tunda ham maydonlarni tark etmadi. Aqtauda namoyishchilar chodir va o‘tovlar tikib olgan, maydonda yuzlab odam bor. Ularga qo‘shni mintaqalar, jumladan, Aqto‘be, Uralsk va Chimkentdan odamlar kelib qo‘shilayotgani aytilmoqda.
Aqtau turg‘uni Esberdi Asauov Ozodlikning qozoq xizmati muxbiriga 3 - yanvar kuni maydonda taxminan olti ming chog‘li olomon, jumladan, bolali ayollar bo‘lganini, ular huzuriga viloyat akimi Nurlan Nog‘ayev kelganini aytdi.
Akimat binosi qarshisidagi Intimaq maydonini egallagan namoyishchilar mamlakatning amaldagi hukumatini iste’foga chaqirgan. Suyultirilgan gazni arzonlashtirishdan boshlangan talablar kengaygan: Asauovga ko‘ra, norozilar o‘ziga xos rezolyutsiya e’lon qilib, unda korrupsiya va oshna-og‘aynigarchilikka barham berishni, fabrika-zavodlar qurib, ishsizlikni qisqartirishni talab qilganlar.
Ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan videolarda Aqtau maydonida to‘plangan yuzlab kishi “Shal, ket!” (“Chol, ket!”) deb xitob qilayotgani aks etgan. Bu shior sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning siyosatdan ketishi talabi bilan o‘tkaziladigan ko‘plab norozilik aksiyalarida yangraydi.
Aqtaulik Esberdi Asauovga ko‘ra, norozilar yana “Shaldar, ketіңder!” (“Chollar, ketinglar!”) deb ham qichqirishgan. To‘planganlar olov yoqib issiq ovqat pishirishiga politsiya yo‘l qo‘ymagan, ammo yaqin-atrofda yashovchi aholi namoyishchilarga yeguliklar keltirib bergan. Bugun ertalab Intimaq maydoni politsiya tomonidan qurshab olingan, maydonga eltuvchi yo‘l esa to‘sib qo‘yilgan edi.
“Namoyishchilarning aksariyati – yoshlar. Bir necha marta oramizga mast-alast kimsalarni tiqib, ig‘vo chiqarishga urinib ko‘rishdi. Lekin biz provokatsiyalarga uchmaymiz”, deydi Esberdi Asauov.
Kechasi bilan Aqtau maydonida namoyishchilar bilan bo‘lgan kasaba uyushma yetakchisi va sobiq siyosiy mahkum Amin Yeleusinov Ozodlik bilan suhbatda ular “tizimdagi barchaning” iste’foga chiqishini talab qilishayotganini aytdi. Shuningdek, u maydonda chodir va o‘tovlar tikilganini tasdiqladi.
4 - yanvar kuni Aqtauga bosh vazir o‘rinbosari Erali Tug‘janov boshliq komissiya kelishi ma’lum bo‘lgan edi. Komissiya shaharga etib borgani yoki bormagani hozircha ma’lum emas. Mahalliy vaqt bilan soat 10.00 da komissiya hali yetib kelmagandi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev “Twitter”dagi sahifasida Aqtauda hukumat komissiyasi ish boshlaganini va namoyishchilar “mas’uliyatni his etib, muloqotga tayyorliklarini ko‘rsatishlari lozim”ligi haqida xabar qoldirdi.
Faollarning so‘zlariga ko‘ra, Aqtau maydoni atrofidagi qariyb ikki chaqirim radiusda mobil internet o‘chirilgan. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Aqtauga qo‘shni hududlardan ikki uchoqda askar jo‘natilgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgandi. Aqtauda namoyish qilayotganlar aytishicha, ular mahalliy xavfsizlik kuchlari xodimlarini ko‘rishgan.
Aqtaudagi mitingga ko‘pchilik 13 chaqirim naridagi Mang‘ishloq bekatidan (Munayli tumani) piyoda kelgan. Bundan tashqari, boshqa mintaqalar, xususan, Chimkent va Uralskdan kelganlar ham bor.
Norozilik 2 - yanvar kuni Mang‘istov viloyatining neftchilar shahri bo‘lmish Janao‘zen aholisining yangi yilda keskin qimmatlagan gaz narxini tushirishni talab qilishidan boshlangan edi. Boshqa shahar va mintaqalar aholisi janao‘zenliklar bilan yakdilligini bildirmoqda.
Janao‘zen shahridagi maydonda, mahalliy faollar aytishicha, seshanbaga o‘tar kechasi ikki ming nafarga yaqin namoyishchi bo‘lgan. Odamlar kechasi galma-galdan nutq so‘zlaganlar, aksari “uglevodorodlarga boy mamlakatda odamlar gazni arzonlashtirishni talab qilishga majbur bo‘layotgani adolatsizlik” ekanligini urg‘ulagan.
Janao‘zenda namoyishchilar suyultirilgan gaz narxini litriga 50 tangaga tushirishni, kelgusida gaz taqchillashuvi yuzaga kelmasligiga kafolat berilishini, shuningdek, shahar akimi Maqsat Ibagarov hamda viloyat rahbari Nurlan Nog‘ayevning iste’fosini talab qilishmoqda.
Tungi mitingda so‘zga chiqqanlardan ayrimlari “viloyat akimi, agar odamlar faqat gaz vajidan to‘plangan, deb o‘ylayotgan bo‘lsa, adashgan”ini aytishdi. Pensioner Qulmurot Sultonboyevga ko‘ra, ishsizlik, ichimlik suvi taqchilligi kabi muammolar “o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi” va odamlar “bundan keyin ham to‘planaverishadi”. Ayrim namoyishchilar gaz narxi shakllanishiga yondashuvni qonunchilik darajasida qayta ko‘rib chiqishga chaqirganlar.
Mang‘istau viloyati ma’muriy markazi bo‘lmish Aqtauda o‘tgan kecha bir guruh namoyishchi politsiya qurshovida tutilgan: norozilar dastlab akimatga tutash markaziy yo‘llardan birini to‘sib qo‘yishgan edi, so‘ngra politsiya ularni maydonga siqib chiqargan.
Dushanba kuni Qoraqiya tumanining Jetiboy qishlog‘i ahli janao‘zenliklarni qo‘llab-quvvatlab, Janao‘zen bilan Aqtauni bog‘lovchi trassani, shuningdek, mazkur tuman ma’muriy markazi bo‘lmish Quriq shaharchasiga eltuvchi yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Natijada Quriq portidan qo‘shni mintaqalarga jo‘nashi kerak bo‘lgan yuk mashinalari yo‘lga chiqa olmadi.
Nur-Sulton, Olmaota va Chimkentda mitingchilar qo‘lga olinmoqda
4 - yanvar kuni poytaxtda politsiya shahar akimati yonida kamida uch kishini qo‘lga oldi. Ozodlik muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, qo‘lga olish chog‘ida mitingchilardan biri “Chol, ket!” deya qichqirgan, ikki kishiga nisbatan kuch ishlatilgan. Ular Ozodlik muxbiriga janao‘zenliklarni dastaklash uchun aksiyaga chiqishganini, biroq “uy-joy muammosi”ni hal etishni talab qilishganini bildirganlar.
Nur-Sulton akimati yaqinida hamon bir nechta avtozak turibdi. Hududda mobil internet uzib qo‘yilgan.
Olmaotada 4 - yanvar kuni Respublika maydoni to‘silib, mobil internet cheklab qo‘yildi. Politsiya odamlarni maydonga o‘tkazmayapti, bu esa norozilik ortishiga sabab bo‘layotir.
Chimkentda politsiya o‘nlab kishilarni akimat binosi qarshisidagi ehtimoliy miting joyidan kuch bilan olib ketdi. Odamlar mang‘istauliklarga dalda bo‘luvchi so‘zlar aytishdi, narx-navo ko‘tarilishini to‘xtatishni va ish haqlarini oshirishni talab qilishdi.
Qo‘lga olish chog‘ida mitingchilar “Nazarboev, ket!” va “Biz Mang‘istau bilanmiz!” deya qichqirishdi.
Fuqaro kiyimidagi noma’lum kishilar Ozodlik muxbirining ishlashiga xalal berib, uning voqealarni videotasvirga olishiga imkon berishmagan.
Namoyishchilarni Qozog‘istonning turli siyosiy kuchlari va faollari qo‘llab-quvvatlamoqda.
Avvalroq, chet elda yashayotgan muxolif siyosatchi Muxtor Ablyazov o‘z tarafdorlarini 4 - yanvar kuni mitingga chiqishga da’vat qilgan edi.
Politsiya “profilaktika tariqasida” odamlarni qo‘lga olmoqda, mitingga chiqqanlar javobgarlikka tortilyapti. Xususan, Olmaotada kamida o‘n nafar faolga ma’muriy qamoq tayinlandi.