Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:26

Ijtimoiy masofa va ijtimoiy tengsizlik. O‘zbekistonda karantin choralariga nima bo‘ldi?


Toshkent, O‘zbekiston.
Toshkent, O‘zbekiston.

O‘zbekistonda 13 - avgustdan masjidlarda yana juma namozlarini ado etishga ruxsat berildi. Avvalroq Respublika maxsus komissiyasi umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga cheklovlarni ham yumshatgan edi.

Yangi talablarga muvofiq, masjid va restoranlarning ishchi-xodimlari ham tashrif buyuruvchilar ham koronavirusga qarshi emlangan bo‘lishi, tibbiy niqobda va ijtimoiy masofa saqlashi lozim.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bozor, ko‘ngilochar maskanlar pandemiyadan oldin qanday gavjum bo‘lsa, bugun ham deyarli shunday.

Bozorlarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda odamlarning tibbiy niqobsiz yurishi, quchoqlashib ko‘rishishlari odatiy hol.

“Jamoat transportlarida ham odamlar tibbiy niqob taqmay qo‘ydi. Ijtimoiy masofa degan narsaga, bir yil bo‘lyapti, hech kim amal qilayotgani yo‘q”, - deydi toshkentlik Komila.

9 - avgust kuni Tokio Olimpiadasidan qaytib kelgan o‘zbek sportchilarini kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportida uyushtirilgan tadbirda ham kutib olayotganlar orasida ijtimoiy masofa yo‘qligi va qatnashchilarning ko‘pchiligi niqobsiz ekani ko‘rindi.

O‘zbekiston masjidlarida ham namozlar niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda ochiq sahnalarda ado etilishi kerakligi aytilgan. Qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish taqiqlanadi.

Lekin Ozodlikka yuborilgan tasvirlarda ijtimoiy masofa qoidalariga amal qilinmayotgani ko‘rinadi.

Bir paytning o‘zida ommaviy tadbirlarni cheklash borasidagi hukumat komissiyasi qarorlarining ko‘pincha rasmiy tadbirlar chog‘ida buzilayotganini kuzatish mumkin.

Karantin choralariga qat’iy amal qilish, tibbiy niqob taqish va ijtimoiy masofa saqlash haqida o‘zbekistonliklarning bot-bot ogohlantirayotgan davlat rahbari - Shavkat Mirziyoyevning o‘zi oxirgi marta o‘tgan yili tibbiy niqob taqqan holda ko‘ringan.

"Balo eng yaqinimizda"

Odamlar orasidagi bu kabi xotirjamlik O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘paya boshlagan bir paytda kuzatilmoqda.

“Men kasal emasman, balo ham urmaydi, yon-atrofimda odamlar binoyidek yuribdi” deb o‘ylaydiganlar ko‘p, afsuski. Lekin, o‘sha balo eng yaqinimizda. Odamlar juda barvaqt xotirjamlikka berilgan”, - deydi Toshkentdagi “EraMed” xususiy tibbiy klinikasi shifokori Gulbahor Norboyeva.

O‘zbekistonning Koronavirusga qarshi kurashish shtabi boshlig‘i Nurmat Otabekov o‘tgan hafta Toshkentda o‘tkazilgan brifingda odamlarning “bemalolgarchilikka berilgani” haqida gapirgandi.

“Haddan ortiq bemalolgarchilikka berilish, kasallik yuqib qolishi mumkin, degan xavotirning yo‘qolishi, qator tavsiyalarga e’tiborsizlik — niqob taqmaslik, ijtimoiy masofa saqlamaslik, antiseptik vositalardan foydalanmaslik oqibatida kasallanish ko‘rsatkichi oshib ketdi”, - degan Otabekov.

O‘zbekistonda koronavirus infektsiyasi qayd etilganlar soni, 2021 - yil 11 - avgust holatiga ko‘ra, 140 ming nafardan oshgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga muvofiq, mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalinish bilan bog‘liq kunlik raqamlar 900 ming kishidan ko‘proqni tashkil etmoqda.

Joylardan olinayotgan xabarlarda esa, vaziyat yana ham murakkab ekani aytiladi.

“Ko‘chamizda kasallik kirib bormagan xonadon qolmadi. O‘ylardan mayit chiqishi oddiy hol bo‘lib qoldi”, - deydi Toshkentning Yunusobod tumani, “Shodlik” mahallasi turg‘uni.

Xorazm viloyati Urganch tumanida shu oy boshida bir kunda bir xonadondan ikki mayit chiqdi.

“Bobo va nevara bir kunda koronavirusdan o‘ldi. Bir kunda janozasi bo‘ldi. Xonadon mansublaridan yana biri og‘ir ahvolda yotibdi. Kasallikni yuqtirish ko‘p bo‘lyapti. Gumbur-gumbur to‘ylar ham ko‘p”, - Urganch tumani markazida yashovchi Jumanazar.

"Kasallikdan qo‘rqmaslik hissi eng katta xavf"

Toshkentdagi “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov odamlar ongidagi kasallikdan qo‘rqmaslik hissi eng katta xavf ekanini aytadi.

“Menga balo ham qilmaydi, deguvchilar, afsuski ko‘p. Kasallikdan qo‘rqmaslik xalqimizda azaldan bor. Hatto o‘zim guvohi bo‘ldim, Zangiotada yotgan kovid bemorlar do‘konga chiqib kelaman, deb bemalol odamlar orasiga kirib ketayotganini. Aslida, mana shu kasallik yuqishi xavfini mensimaslik katta xavf”, - deydi Tashanov.

O‘tgan yilgi qat’iy karantin choralaridan farqli, prezident Mirziyoyev bu yil "hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz", deb aytgan.

Mirziyoyev buning sababini iqtisodiyotni ko‘tarishga qaratilgan choralar bilan izohlagan, “yopilsak, qo‘yilgan marralarga erisholmasligimiz mumkin”, degandi.

Ammo aftidan, tartib intizomni kuchaytirish borasida hukumat qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar buning ortida rasmiylar aytayotgan odamlarning xotirjamlikka berilganidan tashqari, iqtisodiy omillar ham turganini aytishadi.

Ishsizlik darajasi yuqori va aholini ijtimoiy dastaklash zaif bo‘lgan O‘zbekistonda odamlar oldidagi tanlov unchalik katta emas.

Mahalliy blogerlar hukumatning koronavirusga qarshi ayrim choralarini "ikkiyuzlamachilik" deb atashdi. Shu yilning 8 - avgust kuni iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida millionlab o‘zbekistonlikning tirikchiligi hisoblangan umumiy ovqatlanish korxonalariga cheklovlar mamlakat elitasiga tegishli deb bilinadigan bizneslarni chetlab o‘tgani haqida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda ham, viloyatlarda ham sektor rahbarlariga tegishli joylar amalda "qonundan tashqarida". Yemakxonalar faoliyatiga cheklovlar yumshatilishidan avval ham u yerlarda biznes odatdagidek davom etgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlar mintaqalar o‘rtasidagi tengsizlik ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, eng boy Navoiy viloyati bilan eng kambag‘al Namangan viloyati o‘rtasida jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmidagi farq 5 barobardan ko‘proqni tashkil etgan.

Koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi, boylar va kambag‘allar orasidagi tafovutning ortishiga sabab bo‘lgan. Pandemiya arafasida O‘zbekiston hukumati kambag‘allikni rasman tan olgan va unga qarshi kurash choralarini e’lon qilgan edi. Ammo mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, xususan, pandemiya vaqtida kambag‘al aholini qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan choralar etarli bo‘lmagan. Ozodlik tadqiqoti o‘zbekistonliklarning o‘rtacha maoshi Toshkentdagi xususiy klinikada koviddan 1,5 kun davolanish uchun yetarli bo‘lishini ko‘rsatgan.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik miqdori 2 million 971 ming 100 so‘mni tashkil qilgan.

O‘zbekistondagi xususiy klinikalarda koviddan bir kun davolanish bemorga o‘rtacha 2 mln.so‘mga, bunday klinikalarning jonlantirish bo‘limlarida bir kun yotish esa, kamida 4 mln. so‘mga tushadi.

XS
SM
MD
LG