Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:29

"Imomning shaxsiy fikri". Diniy idora Adliya vazirining bayonotini qo‘llab chiqdi


Toshkent bosh imomi Rahmatulloh Sayfutdinov
Toshkent bosh imomi Rahmatulloh Sayfutdinov

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent bosh imom- xatibining davlatning diniy siyosati borasidagi talqinini rad etib chiqdi.

Avvalroq Din ishlari qo‘mitasi imom Rahmatulloh Sayfutdinovning tarmoqlarda munozaralarga sabab bo‘lgan ma’ruzasiga rasmiy raddiya bergan edi.

15 - fevral kuni tarmoqlarda tarqalgan ma’ruzasida Toshkent bosh imomi “amri ma’ruf”ni taqiqlash O‘zbekiston hukumati siyosatiga zid", deya ta’kidlagan.

Uning so‘zlari Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning imomlarning “o‘z qarashlaridan kelib chiqib jamiyatdagi o‘lchovlarni belgilashiga" qarshi ogohlantirishidan so‘ng yangragandi.

Ixtilofli mavzular mehrobga tashilmasin!

17 - fevral kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent bosh imom-xatibi ma’ruzasining mazmuni qoralangan bayonotni e‘lon qildi.

Idora bayonotida bosh imom Rahmatulloh Sayfutdinovning ismi tilga olinmadi. Ammo so‘nggi paytlarda tarmoqlarda "salbiy munozaralarga" sabab imom-xatiblarning ma’ruzalari idoraning Odob-ahloq komissiyasi yig‘ilishida muhokama qilingani ta’kidlandi.

Aytilishicha, imom-xatiblarga ixtilofga sabab bo‘ladigan mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik tushuntirilgan.

“Ta’kidlash joizki, alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmaydi”. “Zero, mehrob muqaddas joy bo‘lib, bu yerda voizning shaxsiy talqini asosida bildirilgan fikrlar dindorlar tomonidan fatvo sifatida qabul qilinadi”.

“O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamoaviy va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda amaldagi qonunchilikka rioya etishga, amri ma’ruf va nahyi munkarni Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida olib borishga chaqiradi. Fuqarolardan esa bunday mavzularni g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirmaslikni so‘raydi”, deyiladi diniy idora bayonotida.

“Domlalarning jamiyatga o‘lchov qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaymiz”

Joriy yil 7 - fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, jamoatchilikka hisob berarkan, imomlarning munozarali chiqishlariga to‘xtalgan edi.

Adliya vaziri O‘zbekiston qonunchiligiga binoan imomlarning “o‘z qarashlaridan kelib chiqib jamiyatda o‘lchov belgilashiga yo‘l qo‘yilmasligi”ni ta’kidladi.

“Amerikalik yozuvchi Devid Frimen “odamlarga do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar» degan. O‘zi kiradiku, kirsa! Buni katta olimlar bekorga aytmagan. Bu jamiyat rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan narsalar. O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor”, dedi vazir.

Voqeadan bir hafta o‘tib, 15 - fevral kuni, Toshkent bosh imomi Rahmatulloh Sayfutdinovning vazir bayonotiga keskin norozilik bildirgan ma’ruzasi tarmoqlarda tarqaldi.

Imom vazirning bu chiqishini “uning shaxsiy fikri” deb atab, imomlarga “amri ma’ruf”ni taqiqlash O‘zbekiston hukumati siyosatiga zid, deb ta’kidladi.

Shaxsiy fikrni ommaviy munosabat, deb talqin qilmang!

16 - fevral kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi tarmoqlarda munozarali chiqish qilayotgan imomlar masalasida bayonot e‘lon qildi.
Qo‘mita bayonotida ham Toshkent bosh imom-xatibining ismi tilga olinmadi, ammo ayrim “diniy soha vakillari”ning munozarali shaxsiy fikrini jamoatchilikka singdirish harakati, “dunyoviy, huquqiy demokratik” O‘zbekistonning qonunchiligiga zid ekani ta’kidlandi.

“Fuqarolarimizdan diniy mavzu o‘ta xassos ekanini e’tiborga olib, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masala hamda davlatning din sohasidagi pozitsiyasiga munosabat bildirganda xolis bo‘lish, ayni vaqtda, davlatning dunyoviy demokratik tamoyillarini qat’iy yodda tutgan holda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘rab qolamiz!” deya imomlarga yuzlandi Din ishlari qo‘mitasi.

Tarmoqlardagi aks-sado

Imomlarning bunday chiqishlari esa tarmoqlarda turlicha aks-sado bermoqda.

Dindor qatlam Rahmatulloh Sayfutdinovning Adliya vaziriga javobini, imomlarni nazoratga olishga uringan hukumatning ehtimoliy cheklovlariga qarshi jasoratli chiqish, deya olqishlamoqda.

Jumladan, Telegram tarmog‘ida eng ko‘p tarqalgan videoklipga: “Adliya vaziriga Rahmatulloh Termiziy domlamizdan ajoyib javob”, degan izoh berildi.

Diniy ulamolar va Adliya vaziri o‘rtasidagi bahslarni kuzatayotgan toshkentlik jurnalist bunday munozaralar mamlakatning dindor va dindor bo‘lmagan aholisi orasidagi ziddiyatni kuchaytirmoqda, degan fikrda.

Uning ta’kidlashicha, din siyosatiga mas’ul qilib qo‘yilgan imomlar va hukumat vakillari avvalo birdek qonunga amal qilishi lozim.

“Tarbiya uchun mas’ullar dindan gapirganda dunyoviylikni, qonundan gapirganda dinni yomonotliq qilib qo‘yishdan tiyilishi kerak. Adliya vaziri mutloq to‘g‘ri gapirdi, deyish ham juda soddalik bo‘ldi. Jurnalistlarning savollariga ayrim hollarda gapni aylantirib javob beradi. Ya’ni, o‘zi ham qonunga to‘liq amal qiladigan mulozim emas. Aslida, qaysidir ma’noda shunday bahslarning bo‘lgani yaxshi. Chunki kim bo‘lsa ham, vazirmi, domlami o‘z ustida ishlashga, qonunlarni, diniy qo‘llanmalarni varaqlab ko‘rishga undaydi bu holatlar”, deydi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘zbekistonlik jurnalist.

Munozarali imomlar

Toshkent shahriga 4 oy avval bosh imom qilib tayinlangan va mamlakatdagi musulmonlar orasida ilmli va qat’iyatli imom, deb tanilgan Rahmatulloh Sayfutdinov, qator ijtimoiy mavzulardagi ziddiyatli ma’ruzalari bilan avval ham muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Imom jumladan, erkaklarning doyalik qilishini sharmandalik, turk seriallarini esa millat zehniyatiga zararli, deb qoralagan.

Aslida, ma’ruzalari bahs bo‘lgan va hatto, qonuniy jazoga tortilishi so‘ralgan - birgina Toshkent bosh imomi emas. Tarmoqlarda yirik dahanaki mojaro chiqargan yana bir imom, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi «Fath» jome masjidida imom noibi bo‘lgan Solixon domla - Solixon Ortiqxo‘jayev bo‘ldi.

Bu domla, ichkilikka berilgan musulmonlarni gapirarkan, Xorazm viloyati aholisini umumlashtirib qoralagani keskin norozilikka sabab bo‘ldi. Buning uchun qonuniy javobgarlikka tortish talablari yangradi. Noroziliklar ortidan O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi imomni vazifasidan chetlatdi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Bosh imom xatibi, Shukrullo Egamberdiyev (Shukrullo domla)ning ma’ruzalaridan birida ayol kishiga nisbatan “rasvo” jumlasini qo‘llagani ham mojaro bo‘ldi.

Milliy davlatchilik strategiyasi

Germaniyada yashayotgan siyosiy tahlilchi Xurshid Habib, Toshkent bosh imomi Rahmatulloh Sayfutdinov hamda Adliya vaziri Ruslanbek Davletovlar chiqishini tahlil qilarkan, hozirgi O‘zbekiston uchun milliy davlatchilik strategiyasini belgilab olish muhimligini ta’kidlaydi.

Xurshid Habibga ko‘ra, Adliya vazirining chiqishini, nafaqat imomlar balki jamiyatning barcha a’zolari juda jiddiy qabul qilishlari lozim:

"Birinchidan, Adliya vaziri halqqa hisob berdi va bu paytda aytilgan fikrlar, Ruslan Davletovning shaxsiy fikri emas, buni jiddiy qabul qilish kerak. Ikkinchidan, Rahmatulloh domlaning, bu fikrlarning prezidentga aloqasi yo‘q, degan gapiga qisman qo‘shilish mumkin. Chunki, prezidentlik - saylanadigan davlat lavozimi. Shuning uchun prezident saylovchilarning fikri va kayfiyatini e’tiborga olishga, ma’lum bir diniy masalalarda konservativ jamiyat a’zolari yonini olib, ularga advokatlik qiladigan chiqishlar qilishga majbur. Kelgusida davlat rahbariyati va turli institutlar rasmiylari, O‘zbekistonning kelajagi uchun shu ikki pozitsiyadagi shaxslarni milliy davlatchilik yo‘lida birlashtira olish strategiyasidan borishi kerak, deb o‘ylayman".

Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasining Rahmatulloh Sayfutdinov chiqishiga javoban munosabatida, yaqinda qayta qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 5 va 7-moddalari tilga olindi.

Qonunning 5-moddasida “fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

7-moddada esa “davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan va ularga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishi” belgilab qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG