Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:45

“Jodugarlarni ovlash”. Putin Rossiyada qatag‘onlar kuchaytirishga “fatvo” berdimi?


Tomsklik Stanislav Karmakskix XIX asrda yashagan rus musavviri Vasiliy Vereshchaginning “Urush tantanasi” kartinasi nusxasini ko‘tarib turgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi
Tomsklik Stanislav Karmakskix XIX asrda yashagan rus musavviri Vasiliy Vereshchaginning “Urush tantanasi” kartinasi nusxasini ko‘tarib turgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi

Mart oyi boshlarida Rossiya shoshilinch bir tarzda ma’muriy va jinoyat kodekslariga mamlakat qurolli kuchlarini “obro‘sizlantirganlik” uchun jazolash nazarda tutilgan “drakon tuzatishlari”ni kiritdi. So‘nggi ikki haftadan beri Rossiya hukumati Ukrainada o‘tkazilayotgan “maxsus harbiy amaliyot” tanqidchilarini yoppasiga qatag‘on qilmoqda.

Kaliningrad shahrida yashovchi Mariya Nedvetskayani 14-mart kuni politsiyaga chaqirib, onasi mahalliy ruhiy xastaliklar shifoxonasiga yotqizilganini ma’lum qilishdi.

“Onam politsiya idorasida go‘yo peshtaxam so‘zlar bilan so‘kingan emish”, deydi Nedvetskaya “Sever.Realii”ga bergan intervyusida.

Mariya kasalxonaga boradi, ammo kovid cheklovlarini ro‘kach qilib, onasi bilan ko‘rishtirmaydilar. Muassasa xodimlari “Onangiz bu yerda kamida bir oy qoladi”, deb aytishadi.

59 yoshli Olga Nedvetskaya 13-mart kuni Ukrainadagi urushga qarshi kiyik norozilik aksiyasidan tutib ketilgandi. Befarq bo‘lmagan shaharliklar “kaptarlarga don berish” uchun taklif qilingan tadbirda u ukrain xalq qo‘shiqlarini kuylab, raqsga tushgan ekan.

“U ayol ruhan soppa-sog‘, – deydi kaliningradlik faol, o‘sha norozilik aksiyasi ishtirokchisi Lyudmila Zelinskaya. – Ammo qurolsiz, ekstremistik xitoblar qilmagan, hokimiyatni to‘ntarishga chaqirmagan, armiyamizni qarg‘amagan, shunchaki bolalikdan biladigan qo‘shiqlarini kuylagan odamni qo‘lga olish – mana bu nosog‘lom ish. Qip-qizil bema’nilik. Yana tag‘in jinnixonaga tiqib qo‘yishsa-ya! Bulardan qo‘rqqulik. Bular jazo psixiatriyasi amaliyotini qaytarishyapti”.

Kaliningradlik Olga Nedvetskayani (chapda) urushga qarshi namoyishda qatnashgani uchun ruhiy xastaliklar shifoxonasiga yotqizildi.
Kaliningradlik Olga Nedvetskayani (chapda) urushga qarshi namoyishda qatnashgani uchun ruhiy xastaliklar shifoxonasiga yotqizildi.

Ukrainadagi urushga oid har qanday g‘ayrirasmiy fikr ayovsiz bo‘g‘ilayotgan, prezident Vladimir Putin “palidlar va xoinlar”dan bahs etib, “ularni tuyqus og‘izga kirib ketgan pashshani tuflagandek tupurib tashlash”ga chaqirayotgan mamlakatda bu kabi voqealar oddiy holga aylanmoqda.

Hozir Kaliningrad shahrining o‘zida “qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish”ga doir yangi moddalar bo‘yicha ochilgan 58 ta ma’muriy ish yuritilmoqda, deya ma’lum qildi mahalliy huquqbon Mariya Bontsler.

“Men eshitmagan ishlar ham bo‘lsa ajab emas. Olga bilan yuz bergan voqea – qo‘rqitish usullaridan biri”, deydi Bonsler.

“Shafqatsiz diktatura tomon olg‘a”

“Natsistlar ramzlarini targ‘ib qilish” ayblovi bilan 10 sutka ma’muriy qamoqda tutilgan liberal faol va yurist Marina Savvateyeva 20-mart kuni ozodlikka chiqdi.

U chitalik professor va tarixchi Oleg Kuznetsovning Ukrainada “maxsus amaliyot”ni bajarayotgan Rossiya qo‘shinlarining lotincha Z shaklli ramzi natsistlarning SS xizmati 4-diviziyasi rasmiy belgisiga o‘xshashligi haqidagi postini ulashgani uchun javobgarlikka tortilgan.

“Men Kuznetsovning o‘zini emas, balki Chitada taniqli bir kishini repost qilgan edim. U bir oz vaqt Baykalorti o‘lkasida vazir bo‘lib ishlagan, ya’ni rejimga mutlaqo sodiq va tizimga kirishib ketgan odam”, deydi Savvateeva “Sibir.Realii” bilan suhbatda.

Chitalik Marina Savvateyeva bitta repost uchun hibsga olindi
Chitalik Marina Savvateyeva bitta repost uchun hibsga olindi

“Kuznetsovning o‘zi 5-mart kuni postini Facebook’dagi sahifasidan o‘chiribdi”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Savvateyeva shunda ham omadim bor ekan, deydi: u repost qilgan paytda “qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish” to‘g‘risidagi qonun va buning uchun 15 yillik qamoq jazosi nazarda tutilgan tuzatishlar hali qabul qilinmagan edi.

“Tuzatishlar qabul qilingan bo‘lganida, uzoq muddatga qamalishim aniq edi. Biz ayovsiz diktatura sari katta qadamlar bilan ketyapmiz”, deydi u.

Urush tantanasi

6-mart kuni Tomsk shahri markazida o‘tkazilgan urushga qarshi aksiyada mahalliy turg‘un Stanislav Karmakskix qo‘lga olindi.

“Yetib kelgan politsiya xodimlari go‘yo Rossiya qurolli kuchlarini obro‘sizlantirayotganimiz to‘g‘risida bizni ogohlantirdi”, deydi u.

Karmakskix aksiyada XIX asrda yashagan rus musavviri Vasiliy Vereshchaginning “Urush tantanasi” kartinasi nusxasini ko‘tarib turgan edi. Kartinada quyosh tig‘ida va biydek cho‘l manzarasida tog‘dek uyilgan son-sanoqsiz bosh chanoqlari va ular ustida aylanayotgan quzg‘unlar tasvirlangan. Surat foni Ukraina bayrog‘ining ko‘k-sariq ranglarini eslatadi.

“Politsiyachilar yoniga o‘zim borib, kartinani ko‘rsatdim va: “Yigitlar, agar hozir to‘xtamasak, bizning kelajagimiz manavinaqa bo‘ladi”, dedim. Ular bir zum kalovlanib turgach, meni ushlashdi. Men bilan birga 20 kishini olib ketishdi”, eslaydi Karmakskix.

Ularning barchasi ma’muriy kodeksning yangi moddasi bo‘yicha ayblandi. Karmakskixga 45 ming rubl jarima solishdi. Sud qarorida uning “Tomsk aholisida Rossiya fuqarolari manfaatlarini himoya qilish maqsadida Ukrainada maxsus harbiy amaliyot o‘tkazayotgan RF qurolli kuchlariga nisbatan salbiy fikr uyg‘otishga qaratilgan” mitingda qatnashgani urg‘ulangan edi.

Tomskda urushga qarshi aksiya
Tomskda urushga qarshi aksiya

“O‘zgacha fikrlovchilarning hayotini zaharlash kampaniyasi”

18-mart ertalab soat 7 larda Pskov shahrida kuchishlatar xodimlar barcha taniqli faollar, jurnalistlar va ularning qarindoshlarining uylarida va ofislarida tintuv o‘tkazdi. Uyi va idorasi tintilganlar orasida “Yabloko” partiyasi koordinatori Lev Shlosberg, munitsipal deputat Nikolay Kuzmin, “Pskovskaya guberniya” gazetasi bosh muharriri Denis Kamalyaginning ota-onasi, kutubxonachi Yekaterina Novikova hamda “Sever.Realii” muxbiri Svetlana Prokopyevalar bor.

Tintuvlar Pskov viloyati gubernatori Mixail Vedyornikovga “tuhmat qilish”ga doir ish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida olib borilgan, deya ma’lum qildi advokat va huquqbon Tatyana Martinova. Mazkur ish anonim telegram-kanalda viloyat rahbarining mustaqil OAVlarga nisbatan siyosati haqida tanqidiy maqola e’lon qilinishi ortidan qo‘zg‘atilgan edi.

Svetlana Prokopyevaning uyi tintuvdan keyin.
Svetlana Prokopyevaning uyi tintuvdan keyin.

“Ular chamasi 10 kishi edi... Hammasi niqobda. Eshikni buzib kirishdiyu “Yerga yotlaring”, deb baqirishdi. Meni kuch bilan yiqitib, kishanband qilishdi, so‘ng qo‘limdan telefonimni tortib olishdi. Hech kim tintuvga ruxsatnoma ko‘rsatgani, izoh bergani yo‘q”, eslaydi Prokopyeva.

Prokopyeva anonim telegram-kanaldan mutlaqo bexabarligini aytarkan, kuchishlatar idoralarning xatti-harakatlaridan mantiq izlamasligini, bu ishlarning bari Putinning “milliy xoinlar”ni topish buyrug‘iga javoban uyushtirilgan “o‘zgacha fikrlovchi odamlarning hayotini zaharlash kampaniyasi” ekanini urg‘ulaydi.

Siyosatshunos Andrey Kolesnikov “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga bergan intervyusida Rossiyada qatag‘on mashinasi g‘ildiraklari tobora tezlashayotganini aytadi.

“Biz amalda ikki frontni ko‘rib turibmiz. Birinchi front “Rossiyadan tashqaridagi maxsus harbiy amaliyot” deb ataladi. Ikkinchi front esa “Rossiya aholisiga qarshi maxsus harbiy amaliyot”dir. Ikkisi bir vaqtda, bir-birini kuchaytirgan holda bo‘lyapti. Menimcha, qatag‘onlar bundan keyin faqat zo‘rayadi”, deydi ekspert.

Kolesnikov prezident Putinning milliy xoinlar haqidagi iddaolarini kuchishlatar idoralarga berilgan “oq fotiha” deb ataydi. “Aybdorlarni qidirishadi. Putin nazarda tutgan “beshinchi kolonna”ni. Kuchishlatar xodimlarga natija ko‘rsatish uchun har qanday zo‘ravonlikdan tap tortmaslik vakolati berildi”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Siyosatshunos “milliy xoinlar” iborasini mustabid Iosif Stalin boshqaruvi yillariga oid “xalq dushmani” yorlig‘i muqobili deb hisoblaydi.

“OVD-Info” huquqbonlik loyihasi ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangan 24- fevral sanasidan beri Rossiyada 15 mingdan ortiq kishi urushga qarshi aksiyalarda qatnashgani uchun hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG