Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:16

Ka’ba va konstitutsiya. Mirziyoyevning Saudiyaga safari - tarixiy parallellar


Prezident Shavkat Mirziyoyev, Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan, Jidda, 17-avgust, 2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev, Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan, Jidda, 17-avgust, 2022

O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi O‘zbekiston matbuoti va ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusi bo‘ldi.

Safar asnosida prezidentning Umra ziyoratini ado etgani esa, aytish mumkinki, davlat rahbari tashrifining siyosiy va iqtisodiy kun tartibini ham bosib ketdi.

Bu Mirziyoyevning prezidentlikka kelganidan beri ilk Ka’ba ziyorati, O‘zbekiston prezidentining esa so‘nggi 30 yilda Saudiya Arabistoniga ilk davlat tashrifidir.

Ziyorat Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik muddatini nollashtirishi kutilayotgan konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarliklar borayotgan pallaga to‘g‘ri keldi.

Umra ziyorati

Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumatning o‘nlab mulozimidan iborat hay’at 17- avgust kuni Saudiyaning Madina shahriga yetib bordi. Prezident o‘sha kunning o‘zida Masjidun Nabaviyni ziyorat qildi.

18-avgust kuni prezident muftiy Nuriddin Xoliqnazarov va mulozimlar qurshovida ehrom kiyib Ka’bani ziyorat qildi. O‘zbekiston prezidentiga Ka’ba eshiklari ochilgani Masjidul haromning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyevning ko‘zda yosh bilan qilgan ibodati aks etgan videolar tarmoqlarda kuchli hissiyotlarni uyg‘otgani kuzatildi.

O‘zbekiston rahbariga bu ziyoratida hamrohlik qilganlar orasida prezident ma’muriyati mulozimlar, vazirlar, din peshvolari, yozuvchi va blogerlar ham ko‘rindi.

Ziyoratda prezidentga hamroh bo‘lgan O‘zbekiston muftiysi Nuriddin Xoliqnazarov, safardan qaytgach ilk juma ma’ruzasida, prezident bilan o‘tgan tashrifini qavmiga hikoya qilib berdi. Keyin esa, muftiyning bu hikoyasi, safar tasvirlari bilan birga butun mamlakat xalqiga ulashildi.


Bu Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti bo‘lganidan beri - Saudiya podshohligiga ilk davlat tashrifi va Ka’baga ilk ziyoratidir.

O‘zbekistonlik taniqli sharqshunos va manbashunos olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Ne’matulloh Ibrohimovga ko‘ra, Mirziyoyevning bu tashrifi "ikki davlat uchun ham birdek manfaatlidir".


18-avgust kuni o‘tgan uchrashuvlarda ikki davlat va xususiy sektor vakillari o‘rtasida 14 milliard dollarlik kelishuvga erishilgani, energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilgani rasman aytildi.​Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Energetika vazirliklari hamda Saudiya kompaniyalari o‘rtasida umumiy qiymati 12 mlrd. dollar bo‘lgan uchta yirik kelishuv imzolangan.

Jumladan, Saudiya tomoni investitsiyasiga O‘zbekistonda yashil vodorod sektorini rivojlantirish ko‘zda tutilayotgani alohida aytildi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ACWA Power kompaniyasining Qoraqalpog‘istonda quvvati 1,5 GVt bo‘lgan va dunyoda eng yirik shamol elektr stansiyasini qurishi to‘g‘risida bitim imzolangani ma’lum qilindi. Rasmiylar bu stansiya 1 million 650 ming xonadonni elektr bilan ta’minlashini va’da qilmoqda.

Shuningdek, prezident farmoni bilan 2023-yildan O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilinyapti.

O‘zbekistonlik tahlilchi Kamoliddin Rabbimov fikricha, bu gal hukumat e’lon qilgan rejalarning istiqboli yaqin va geosiyosiy nuqtai nazaridan xavfsizroqdir:

“O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan umumiy qiymati 12 milliard dollarlik energetika sohasida bitim imzolabdi. Unga ko‘ra, Saudiya Arabistoni O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston mintaqasida 1,5 GVt xajmli shamol energiya stansiyalarini quradi. Bu bir million 650 ming xonadonni elektr toki bilan ta’minlashga yetar ekan. Loyiha 2026- yilda ishga tushishi aytilmoqda. Saudiya bilan energetika borasidagi kelishuv, arzonroq, xavfsiz va natijadorligi tez ko‘rinmoqda. Qolaversa, Saudiya bu loyihani O‘zbekistonga geosiyosiy ta’sir vositasi sifatida ishlatmasligi aniq”.

“Vision 2030” va "Yangi O‘zbekiston"

Prezident Shavkat Mirziyoyev bunga qadar 2017-yilning may oyida bir marta - Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida qatnashish uchun Saudiya Arabistoniga borgandi. O‘shanda Mirziyoyevni podshohlikning valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud taklif qilgan.

Ayni paytda valiahd shahzoda podshohlikni neft zahiralariga qaramlikdan qutqarish uchun “Vision 2030” deb nomlangan taraqqiyot strategiyasini ilgari surgan.

Bu dastur mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish - ya’ni, faqat yer osti boyliklaridan emas, turfa xil sektorlardan daromad olish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasi - sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport, madaniyat va sayyohlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Ayni dastur doirasida valiahd shahzoda Saudiya ayollariga mahramsiz mashina haydash huquqini berdi. Sayyohlarni jalb qilish uchun kinoteatrlarni ochdi. Ayollarning stadion va kontsertlarga kirishiga ruxsat berildi.

G‘arb davlatlaridan boradigan investorlar uchun barcha sharoitlari muhayyo - hatto tungi klublari bo‘lgan rezidensiya va ko‘ngilochar maskanlar ochildi.

O‘zbekiston rasmiy matbuotining xabar qilishicha, hukumat shahzodaning “Vision 2030” dasturiga asoslangan yangicha siyosatini qo‘llaydi.

O‘zbekiston prezidentining rasmiy sayti Saudiya shahzodasining “Vision 2030” - “Nigoh -2030” davlat dasturi - O‘zbekistonda Mirziyoyev boshlagan - islohotlarga to‘la “Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish” strategiyasi bilan hamohang ekani haqida yozdi.

"Hamma yo‘llar Makkaga olib boradi"

Mintaqa va umuman musulmon rahbarlarning Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida Makka va Madinani ziyorat etishi, diniy amallarni bajarishi noodatiy hol emas.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov mintaqada birinchi bo‘lib Makkada ehrom kiygan va Umra ziyoratini amalga oshirgan edi.

Saudiya Arabistoni qiroli Islom Karimovga Ka’bapo‘shning «Oli Imron» surasi 97-oyati yozilgan bir parchasini sovg‘a qilgan.

Bu safarda prezidentga hukumat mulozimlari bilan birga - marhum ulamo, O‘zbekiston va mintaqa musulmonlarining sobiq rahbari Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hamrohlik qilgan.


Shavkat Mirziyoyevdan farqli, Islom Karimovning namoz o‘qib, duo qilgani teleekranlarda ko‘rsatilmagan.

Saudiyaning norozilik notasi

Islom Karimovning bu safaridan so‘ng ikki davlat o‘rtasida munosabatlar izchil rivojlana boshladi. Hajga boruvchi o‘zbekistonliklar soni oshirilgan, Saudiyalik ulamolarning O‘zbekistonga tashrifi va masjidlar, madrasalar uchun xayriyasi ko‘paygan edi.

Ammo O‘zbekistonda Gorbachev davrida boshlangan diniy uyg‘onish uzoq davom etmadi. 1991-yil dekabridagi prezident saylovlari arafasida Namanganda yuz bergan islomiy g‘alayon ortidan, inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, avvaliga Farg‘ona vodiysidagi diniy guruhlar yetakchilari, keyin esa davlatdan mustaqil kengroq musulmonlar ommasiga qarshi taqiblar boshlanib ketdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining sobiq o‘rinbosari, Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan Nuriymon Abulhasanning eslashicha, “vahhobiylik” diniy radikal oqimining asos manbai sifatida aynan Saudiya Arabistoni ko‘rilgandi.

Sobiq mulozimning Azon.uz loyihasiga bergan intervyusida aytishicha, O‘zbekistonda “vahhobiylik” oqimi asoschisi sifatida Muhammad ibn Abdulvahhob nomining tilga olinishi 2000-yillar boshida Saudiya hukumatining noroziligiga sabab bo‘lgan, podshohlik bu borada O‘zbekistonga rasmiy norozilik notasi yo‘llagan.

2016-yilda Islom Karimov vafot etishi ortidan prezidentlikka kelgan sobiq Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev diniy siyosatda islohotlarni va’da qildi.

Islom Karimov davrida taqiqlangan diniy tashkilot va harakatlarga a’zolikda gumon qilingan minglab shaxs “qora ro‘yxat” dan chiqarildi. Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida ro‘yxatdagilar soni 17 ming, chiqarilganlar soni 16 ming, degan edi.

"Davlat dinsiz, jamiyat dindor bo‘lishi kerak"

Tahlilchilar O‘zbekistonda Islom Karimov boshqaruvi davrida muttasil cheklab kelingan diniy erkinliklar qaytarilayotgani, ayni paytda mamlakat va tashqarisida diniy radikalizm tahdidining kuchayishiga sabab bo‘ladigan omillar hanuz saqlanib qolayotganini aytishadi.

“Davlat dinsiz, jamiyat dindor bo‘lishi kerak. Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti sifatida Saudiyaga qilgan rasmiy tashrifi mobaynida amalga oshirgan umra ziyoratlari uning shaxsiy ibodatidir. Bu ibodat jarayonini xalq pulidan moliyalashtiriladigan davlat mediasida keng yoritish va targ‘ibot qilish noto‘g‘ri”, deb yozdi tahlilchi Sardor Salim.

Umra ziyorati Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik muddatini nollashtirishi kutilayotgan konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir pallaga to‘g‘ri keldi.

Referendum sanasi hozirgacha e’lon qilingani yo‘q, ammo ayrim sharhlovchilar Makkaga safarni bu muhim siyosiy tadbirning bir qismi demoqda.

Birinchi prezident Islom Karimov Ka’ba ziyoratidan uch yil o‘tib, o‘zining prezidentlik muddatini referendum orqali uzaytirgandi.

Bu safargi referendum esa uch yildan so‘ng Shavkat Mirziyoyevga uchinchi muddat prezidentlikka saylanish uchun yo‘l ochishi kutiladi.

XS
SM
MD
LG