- Ikkinchi muddatga qayta saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev izchillik bilan hokimiyat tarkibini o‘zgartirishda davom etmoqda.
- 18 - noyabrda Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
- Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov esa viloyatdagi Chirchiq tumani hokimligiga tushirildi.
- So‘nggi norasmiy xabarlarga ko‘ra, Ochilboy Ramatov bosh vazir o‘rinbosarligidan ketishi mumkin.
- Prezident ma’muriyatiga yaqin manbalar, Bosh vazir A. Aripov va Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo‘jayev ham ketishi, o‘rniga “prezident komandasi”dan nomzod tanlanishini taxmin qilmoqda.
- Bosh vazir almashishi haqidagi xabarlarga rasman munosabat bildirilmadi. Ammo, Toshkent shahar hokimligi Ortiqxo‘jayevning lavozimdan olinishi haqidagi xabarlarni rad etdi.
- 18 - noyabr kun davomida yana bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi aytilgan. Hozirgacha kuzatilgan o‘zgarishlar asosan, kadrlar rokirovkasidan iborat bo‘lmoqda - mavjud kadrlar almashtirilmoqda.
- Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri hukumatni to‘liq o‘zgartirish va ko‘proq yoshlarni olib kelishni va’da qilgan. Ammo hanuz amalga oshmagan edi.
- 17 - yanvar kuni 44 yashar Sh. Shermatov Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri, Xitoydagi elchi, 40 yashar B. Saidov Xalq ta’limi vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari, 48 yashar B. Musayev esa Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlandi.
- So‘nggi o‘zgarishlarga qaraganda, Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov boshqaruvi paytidagi 13 yil bosh vazir bo‘lgan paytlaridan beri o‘ziga sodiq qolgan safdoshlarini ham unutmayotir.
- Zotan bunday izchil kadrlar almashinuvi, O‘zbekistonda qariyb 30 yil hokimiyatdagi ta’sirini saqlab turgan va eng qudratli shaxs ko‘rilgan Rustam Inoyatovning iste’fosi fonida tezlashdi.
O. Ramatov "ketishi mumkin"
Ijtimoiy tarmoqlarda yoyilayotgan xabarlarga ko‘ra, Bosh vazirning kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ham lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Kun.uz nashrining yozishicha, qurilish vaziri Botir Zokirov esa bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga qaytishi kutilmoqda.
Hozircha O. Ramatovning keyingi tayinlovi yoki Botir Zokirovning hukumatda aynan qaysi sohaga mas’ul bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.
- 1962 - yilda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ilgan Ochilboy Ramatov 1988 - yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlagan.
- 1988-1995 - yillarda Toshkent teplovozlarni ta’mirlash zavodida usta, sex boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
- 1995-2001 - yillarda "O‘ztemiryo‘lmashta’mir" unitar korxonasi bosh direktori, 2001-2002 - yillarda "O‘zbekiston temir yo‘llari"ning bosh menejeri-bosh muhandisi, 2002-2019 - yillarda boshqaruv raisi bo‘lgan.
- 2012-2020 - yillar orasida O‘zbekiston Boks federatsiyasi prezidenti, Futbol Federatsiyasi prezidenti, Oliy Majlis deputati, Oliy Majlis Senatining a’zosi, O‘zbekiston transport vaziri bo‘lgan.
- 2016 - yildan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — kommunal soha, qurilish, transport majmuasi rahbari bo‘lib ishlamoqda.
Bojxona qo‘mitasiga rais tayinlandi
Oliy majlis Qonunchilik palatasida Akmalxo‘ja Mavlonov Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga ma’qullandi.
Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirlar lavozimga tayinlanishidan avval ularning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
2021 - yil 18 - noyabrь kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga Akmalxo‘ja Mavlonov nomzodini ma’qulladi.
- Akmalxo‘ja Mavlonov 1975 - yilda tug‘ilgan, huquqshunos. 2002 - yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
- 2002 - yilda Davlatobod tuman prokuraturasida, keyin Namangan viloyati prokuraturasida, 2006 - yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, Marg‘ilon shahar prokurori, Sirdaryo viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari, Xorazm viloyati prokurori lavozimlarida ishlagan.
- 2018 - yil fevralda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i bo‘lgan, o‘sha yili avgustda Bosh prokuror o‘rinbosari etib tayinlangan.
- Akmalxo‘ja Mavlonov 2019 - yil iyulidan beri Namangan viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgandi.
J. Ortiqxo‘jayev "boshqa ishga o‘tadi"
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘lishi haqida yana bir xabar paydo bo‘ldi.
Bunday xabarni Kun.uz nashri ham, o‘z manbasigaya tayanib yozdi. Hozircha Ortiqxo‘jayevning hukumatda qaysi sohaga mas’ul bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.
Bu ma’lumotlar hozircha bu xabar rasman tasdiqlangani yo‘q.
Bunga qadar Prezident ma’muriyatiga yaqin manbalar, Bosh vazir A. Aripov va Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo‘jayev ham ketishi, o‘rniga “prezident komandasi”dan nomzod tanlanishini taxmin qilayotgandi.
Bosh vazir almashishi haqidagi xabarlarga hanuz rasman munosabat bildirilmadi. Ammo, Toshkent shahar hokimligi Ortiqxo‘jayevning lavozimdan olinishi haqidagi xabarlarni rad etgandi.
- 1975 - yilda Toshkentda tug‘ilgan Jahongir Ortiqxo‘jayev 1996 - yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
- «Jahongir» MChJ direktori sifatida ish boshlagan, 2000 - yilda Akfa, 2011 - yilda Artel shirkatlarini ochgan.
- 2017-2018 - yillarda Tashkent city direksiyasiga direktor bo‘lgan.
- 2018 - yil aprelidan beri Toshkent shahriga hokimlik qiladi.
Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi esa biroz avvalroq bo‘sh qolgandi - Behzod Musayev SSV rahbari lavozimiga o‘tkazilgan.
Bundan avvalroq Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahri hokimi lavozimidan ketishi va uning o‘rnini Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov egallashi haqida xabarlar tarqalgan, Kun.uz manbasi bu ma’lumotni rad etib, Hidoyatov Toshkent viloyatining Chirchiq shahri hokimi bo‘lishini ma’lum qilgandi.
Z. Mirzayev Toshkentga qaytdi
O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan 18 - noyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, Mirzayev Toshkent viloyatiga hokimi vazifasini bajaruvchi qilib tayinlangan.
Toshkent viloyatiga hokimlik qilib kelayotgan Davron Hidoyatovni esa prezident Chirchiq tumaniga hokim qilib tayinlanishga farmon bergan.
Bunga qadar Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati uning yuqori lavzimga ko‘tarilishi haqida xabar qilgan edi: "Qashqadaryo xalqi - xalqparvar rahbarlarni unutmaydi" - Zoyir Mirzayev yangi lavozimga munosib kuzatildi".
18 - noyabr kuni viloyat hokimligi majlislar zalida o‘tgan faollar yig‘ilishida prezident Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov shaxsan qatnashgan.
Uning o‘rniga esa Murodjon Berdialiyevich Azimov Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Azimov 1976 - yil Kitob tumanida tug‘ilgan. U 2018 - yilning fevral oyidan buyon Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Qashqadaryo viloyat hokimligi, tantanali kuzatuv marosimida Mirzayevning ko‘zda yosh bilan xayrlashgani haqidagi videoni yoyinladi.
- 1968 - yilda Samarqandda tug‘ilgan Zoyir Mirzayev 1994 - yil Toshkent moliya institutini tamomlagan.
- 2003-2016 - yillar orasida o‘zi tug‘ilgan viloyatida, tuman hokimi, viloyati hokimi o‘rinbosari va viloyat hokimi bo‘lib ishlagan.
- 2016 - yildan 2018 - yilgacha bosh vazir o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, agrosanoat majmuasi rahbari bo‘lgan.
- 2018 - yildan - bosh vazir o‘rinbosari - agrosanoat, oziq-ovqat va xalq iste’mol mollari majmuasi rahbari bo‘lib ishlagan. Aynan shu lavozimda ishlayotgan paytida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida hokimiyat mulozim va fermerlarni ariqdagi sovuq suvga tushirib, bir necha fermerni tosh ko‘tarishga majburlab, xo‘rlagach, lavozimidan olingan edi.
- Tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan o‘sha hodisadan keyin 2018 - yil 7 - noyabrdan Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimiga tayinlangan, 2019 - yil oktabridan buyon Qashqadaryo viloyatiga hokimlik qilayotgan edi.
Hokimdan oldin mashinasi "ko‘chdi"
18 - noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi Toshkent shahar hokimi yuqori lavozimga o‘tishi mumkinligi aytilmoqda Davron Hidoyatov ham lavozimidan ozod qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimiga berilgan xizmat mashinasi 18 - noyabrdan Ekologiya qo‘mitasi balansiga o‘tkazilgani haqidagi hujjat paydo bo‘ldi.
Hujjatda, 2015 - yildan beri viloyat hokimligi balansida bo‘lgan “CHEVROLET CAPTIVA” rusumidagi xizmat mashinasi, 4 - noyabrdagi hujjatga tayangan holda Davlat ekologiya qo‘mitasi balansiga o‘tkazilgan.
Bundan, Toshkent viloyati hokimining Ekologiya qo‘mitasiga rais bo‘lib o‘tishi taxmin qilinayotgan edi. Ammo, Jahongir Ortiqxo‘jayevga o‘rinbosarlik qilib, Toshkentdagi qurilish va buzilishlarda ko‘rinish berib yurgan bu mulozim viloyat hokimidan tuman hokimi darajasiga tushirildi.
- 45 yashar Davron Hidoyatov Toshkentda tug‘ilgan, kasbi iqtisodchi. 1998 - yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2001 - yilda Bank-moliya akademiyasini tugatgan.
- U Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelganidan so‘ng, qisqa muddatda katta lavozimlarga ko‘tarilgan yosh kadrlardan biri hisoblanadi.
- 1996-2004 - yillarda Markaziy Bankda ishlagan, 2004-2005 - yillarda «Aziya-Invest Banka» boshqaruv kengashi raisi (Moskva) bo‘lgan.
- 2009-2012 - yillarda GM Uzbekistan shirkati moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012-2014 - yillarda MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasi bosh direktori bo‘lgan. 2014-2017 - yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
- 2017 - yil apreldan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi vazifasini bajaruvchi, 2018 - yil, 4 - oktabrdan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqho‘jayevning arxitektura va kapital qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
- 2021 - yil, 30 - yanvardan Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, 19 martdan esa hokimi bo‘lib ishlayotgan edi.
- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudov 24 - avgust kuni ishdan olingan, o‘shandan buyon qo‘mita rahbarsiz ishlayotgandi.
Bosh vazir o‘zgarishi mumkin
Hukumatdagi o‘zgarishlar borasida nomi eng ko‘p tilga olinayotganlardan yana biri Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri Sardor Umurzoqovdir.
Ozodlik suhbatlashgan bir-biridan mustaqil manbalar Sardor Umurzoqov bosh vazirlikka ehtimoliy nomzodlardan biri ekanini aytmoqda.
Umurzoqovni shaxsan taniganlarning ayrimlari, uni “murosasoz”, “munosabatlarda balansni saqlashga” intiladigan, g‘arb hukumatlari va investorlar bilan gaplasha oladigan zamonaviy rahbar deb ta’riflasa, tanqidchilari “ashaddiy karyerist”, prezident izmidan chiqmaydigan “itoatgo‘y shogird”, deb sifatlamoqda.
1977 - yilda Toshkentda tug‘ilgan Sardor Umurzoqov, O‘zbekiston hukumatining tashqi iqtisodiy aloqalardagi muhim idorasi - O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tayinlangan eng yosh kadrdir.
Uning Shavkat Mirziyoyev bilan ustoz-shogirdlik munosabatlari borligi va prezidentning odami ekani aytib kelinadi. Ozodlik, O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan bunday ehtimol haqida biror izoh ololgani yo‘q. Ammo vazirlikning ismini sir saqlash sharti bilan gaplashgan mulozimiga ko‘ra, Umurzoqov “barchadan teng masofalanish” yoki hokimiyat doiralaridagi turli guruhlar o‘rtasida muvozanatni ushlash tarafdori.
Yaqinda Umurzoqovdan intervyu olgan “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomovaga ko‘ra, Umurzoqov mamlakat tashqi investitsion siyosatida muhim rol o‘ynayotgan rahbar.
“Umid”chi yosh vazirlar
O‘zbekistonda jami 24 ta vazirlik, 10 ta davlat qo‘mitasi, 6 ta davlat inspeksiyasi va yana bir necha davlat agentligi bor. Bularning aksaridagi 1-rahbar va o‘rinbosarlarining o‘rtacha yoshi 65-70 yoshlar oralig‘ida.
Katta yoshdagi vazirlarning aksar qismi sovet davrida ta’lim olgan, sovet nomenklaturasidan chiqqan rahbarlardir.
Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan, davlat strukturasini isloh qilish, xodimlar sonini qisqartirish hamda yoshartirishni va’da qilgandi.
Keyingi yillarda bir necha muhim vazirliklarga nisbatan yosh kadrlarni tayinladi ham:
- 44 yashar Sardor Umurzoqov Tashqi investitsiyalar va savdo vaziri,
- 44 yashar Sherzod Shermatov sobiq Xalq ta’limi, endilikda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri,
- 41 yashar Ruslanbek Davletov Adliya vaziri,
- 42 yashar Temur Ishmetov Moliya vazir,
- 48 yashar Behzod Musayev Sog‘liqni saqlash vaziri,
- 40 yashar Baxtiyor Saidov Xalq ta’limi vaziri shular jumlasidandir.
Ozodlikning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalariga ko‘ra, bir-biri bilan tengqur bu kadlarning hammasi Shavkat Mirziyoyev shaxsan tanlagan kadrlardan iborat “prezident komandasi”ga mansub.
Ularning aksari o‘z vaqtida marhum prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ochilgan “Umid” jamg‘armasi vositada Yevropadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib qaytgan.
Aksariga “xorijda o‘qigan, chet tillarni biladigan, zamonaviy ilg‘or texnologiya va siyosiy tendensiyalardan xabardor” degan ta’riflar beriladi.
"Sadoqat"
Ozodlik gaplashgan hukumatga yaqin mulozimlardan biri ularning yana bir mushtarak jihati “prezidentga sadoqati va itoati” ekanini aytdi.
“Sardor Umurzoqov, Sherzod Shermatov, Temur Ishmetov, Ruslanbek Davletov - bularning hammasi vazir qilinishi bilan darrov ko‘zga ko‘rindi. O‘ziga ishonadi, gapiradigan gapini biladi, siyosatni tushunadi. Lekin bularning hammasi prezidentga itoat qiladigan, siyosiy irodasini ko‘rsatib, ortiqcha gapirib boshlasa, amaldagi sistema ko‘tarmasligini juda yaxshi tushunadigan bolalar”, deydi ismini sir saqlab gaplashgan hukumatga yaqin manba.
Mirziyoyev o‘z chiqishlarida mulozimlarning sadoqati haqida ko‘p gapiradi va tahlilchilar ham Karimov davridan buyon kadlarga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri prezidentga shaxsiy sadoqat bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydilar.
Sobiq mulozimlardan birining aytishicha, xuddi shu narsa amaldorlarning korruptsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq ko‘pgina harakatlariga ko‘z yumilishiga sabab bo‘ladi.
Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, joriy prezidentga sadoqat hukumatdagi nisbatan yosh kadrlarni Karimov davrida hokimiyatda mustahkam ildiz otgan eski va qudratli mulozimlar, mahalliy klan va moliya-sanoat guruhlarining bosimidan ham himoyalashi mumkin.
Ammo bular faqat taxmin va faraz, xolos - hukumat tarkibidagi juz’iy o‘zgarishlar hamda ochiqlik haqidagi gap-so‘zlarga qaramasdan, O‘zbekistondagi hokimiyatning tabiati o‘zgarmas - yopiqligicha qolmoqda.