Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:22

"8 kishilik xona". SSV  Zangiotadagi kovid-markazda joy qolmaganini rad etmoqda


Ayrim viloyatlarda olti oy avval yopilgan Covid-19 bemorlariga mo‘ljallangan markazlar qayta ochilmoqda.
Ayrim viloyatlarda olti oy avval yopilgan Covid-19 bemorlariga mo‘ljallangan markazlar qayta ochilmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus yuqtirish hollari keskin ko‘payishi manzarasida Toshkentning Zangiota tumanidagi kovid-markazda bemorlar soni keskin oshgani haqida xabarlar kelmoqda. Ayrim viloyatlarda ham olti oy avval yopilgan Covid-19 bemorlariga mo‘ljallangan markazlar qayta ochilmoqda.

Ozodlikka Telegram orqali bog‘langan toshkentlik ayol Zangiotadagi markazda turmush o‘rtog‘i davolanayotganini aytib, u yerda bemorlarga joy yetishmayotgani haqida yozdi:

“Kasal haqiqatan ko‘p. To‘rt bemorga mo‘ljallangan palatalarda koykalarni zich qo‘yib, yetti-sakkiz kasalni yotqizib qo‘yishgan. Sharoit juda yomon”, deydi ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan toshkentlik ayol.

Zangiota maxsus shifoxonasi o‘tgan yilning sentabrida ochilgandi.
Zangiota maxsus shifoxonasi o‘tgan yilning sentabrida ochilgandi.

Shu oy o‘rtalarida koronavirusdan vafot etgan taniqli aktyor, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov ham o‘limidan bir necha kuni avval Zangiota shifoxonasida bemor ko‘pligini aytib, sharoitlardan shikoyat qilgani o‘rtaga chiqqandi.

“Achavotdaman go‘yo”

Marhum aktyorning vafotidan bir necha kun avval O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayevga yozgan xati “Hurriyat” gazetasida e’lon qilindi.

“Zangiotada yotibman. Sakkiz kishilik xonada – “Achavot”daman go‘yo. Shovqin, baqir-chaqir ichidaman. Ketib qoladiganga o‘xshayman. Biron rahbarlarimizga ayting, meni sharoiti tuzukroq joyga o‘tkazib berishsin”, - deya iltijo qiladi aktyor jumladan.

Mirza Azizovning bu xati ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi. “Hatto mashhur aktyorga qarashmagan bo‘lsa, oddiy odamlarning ahvoli qanday bo‘lsa?”, deb yozdi Feysbuk foydalanuvchilaridan biri.

Zangiota tumanidagi kovid-markaz jamoatchilik uchun yopiq muassasa hisoblanishi bois kasalxona rahbariyatidan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Rasmiy statistikaga tayanilsa, O‘zbekistonda hozirga kelib jami koronavirusga chalinganlar soni 90 ming kishiga yaqinlashgan.

26 - aprel kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinish rekord darajaga chiqqan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, shu kuni mamlakat bo‘ylab koronavirus bilan bog‘liq 300dan ortiq xolat qayd etilgan, shuning yarmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda.

Ayni vaqtda SSV ma’lumotiga ko‘ra, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlar soni 3 mingga yaqin kishini tashkil etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Zangiotadagi kovid-markazda bemorlarga joy yetishmayotganini rad etdi.

“U markaz 2 mingta bemorga mo‘ljallangan, butun respublika bo‘yicha kasalxonaga yotqizilgan kovid bemorlar uch ming atrofida bo‘lyapti. Shuning uchun joy yetishmayapti, deyishayotgani noto‘g‘ri”, - dedi vazirlik rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonda koronavirus yuqtirish hollari keskin ko‘payishi manzarasida boshqa viloyatlarda ham olti oy avval yopilgan Covid-19 bemorlariga mo‘ljallangan markazlar qayta ochilmoqda.

Jumladan, Andijonda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi kovid-markaz o‘tgan hafta qayta ochildi.

Farg‘onaning Rishton tumanidagi Kovid markaz qayta ochilgani haqida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qildi.

O‘zbekcha dezinfeksiya

26 - aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda yong‘in o‘chirish mashinalari bozordagi odamlar ustiga xlorli suv sepayotgani aks etgan videolar keng tarqaldi.

Ozodlikning aniqlashicha, videoda aks etgan xolatlar Andijon viloyati Marhamat hamda Surxondaryo viloyati Denov tumanlarida bo‘lgan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu holatlarni o‘rganayotganini bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, Marhamat va Denov tumanlariga koronavirus infeksiyasining o‘chog‘i aniqlangan hamda virus tarqalishining oldini olish maqsadida, dezinfeksiya ishlari shoshilinch, tartibsiz holda amalga oshirilgan.

SSV: Vaksina yetarli

Ayni paytda ikkinchi marta emlanish uchun vaksina yetishmayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar rad etildi.

"O‘zbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1-dozasini hamyurtlarimiz 1 - apreldan boshlab olishdi. Demak ikkinchi dozani 1 - maydan erta olishmaydi. Va uchinchisini 1 - iyundan boshlab olishadi. Joriy yilning aprel oyi oxirigacha o‘zbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi O‘zbekistonga olib kelinadi", deyiladi Vaksina.uz Telegram-kanalida tarqatilgan xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 27 - aprel kuni koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC 2001 o‘zbek-xitoy vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan olib kelingani haqida xabar qildi. Bir oy avval xuddi shu vaksinaning 1 million dozalik birinchi partiyasi O‘zbekistonga keltirilgandi.

O‘zbekiston hukumati shu yil o‘rtalariga borib, 4 million, yil oxirigacha esa 7 million aholini emlash rejasini e’lon qilgan.

Vazirlikka ko‘ra, 26 - aprelga qadar 400 mingdan ortiq kishi emlangan.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev emlash jarayonlari sust ketayotgani 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar orasida emlanishni istayotganlar soni kamligi, vaksinaga nisbatan ishonch yo‘qligi bilan izohlagan.

XS
SM
MD
LG