Toshkent shahri markazidagi 70 yillik bino - sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) eski binosi bo‘lgan - “Markaziy bino” xususiy qo‘llarga sotilgani ochiqlangan kuni Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan chiqarilgan.
Turizm va sport vazirligi qoshidagi Madaniy meros agentligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining (VM) tegishli qarori 2021 - yil 17 - iyunda chiqarilgan. Binoning sotilgani haqidagi xabar ham ayni shu kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi saytida e’lon qilingandi.
Bu binoning METROPOL GROUP mas’uliyati cheklangan jamiyatga (MChJ) sotilgani, shirkatning 100 foiz aktivi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li - Doniyor Komilovga tegishli ekani haqidagi xabarlar ham iyun oyida paydo bo‘lgandi. Shirkat esa O‘zbekistonda joriy yil mart oyida ro‘yxatga olingan.
“Markaziy bino”ni shaxsan ko‘zdan kechirgan san’atshunoslardan biriga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ro‘yxatdan chiqarib yuborilgan bu obyektni madaniy meros o‘laroq saqlab qolish lozim.
Ayni kunda “chiqarilgan-sotilgan” meros
Turizm va sport vazirligi qoshidagi Madaniy meros agentligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi madaniy meros milliy ro‘yxatidan chiqarilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu haqdagi Vazirlar Mahkamasi qarori 2021 - yilning 17 - iyunida qabul qilingan va ayni qaror bilan yana 10 ga yaqin ob’ekt madaniy merosga oid ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan olib tashlangan. Agentlik vakili bu hujjatni Ozodlikka taqdim qila olmasligini bildirdi.
Aynan 2021 - yilning 17 - iyunida bu bino Rossiya fuqarosi 100 foiz ulushiga egalik qiladigan, ammo Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilgan METROPOL GROUP mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotilgani rasman e’lon qilingan edi.
Agentlik matbuot xizmati, 1950 - yillarda qurilgan va mustaqil O‘zbekistonning yangi tarixida maxsus xizmatlarning markaziy idorasi sifatida vahima solib turgan bino nega ro‘yxatdan chiqarilganiga oid savolga javob bermadi.
Agentlik raisi Tursunali Qo‘ziyev: "Masalaning tafsilotlarini to‘liq o‘rganib chiqmagunimga qadar izoh berolmayman", deb javob berdi. Ozodlik agentlikdan rasmiy javob kutmoqda.
“Ulug‘vorlik va dabdaba mujassam”
Avvalroq Rost24.uz nashri, tahririyat so‘rovi bilan, hozirda tugatilgan tashkilot - Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniy meros departamenti ishchi guruhi sobiq MXX binosini ko‘zdan kechirgani va madaniy meros milliy ro‘yxatida qolishi kerak, deb xulosa berganini xabar qildi. Nashr binoning sotilishi qonuniy bo‘lganini savol ostiga olgan.
Madaniy meros departamentining MXX eski binosini shaxsan borib ko‘rgan sobiq xodimining Ozodlikka bildirishicha, ekspertlar o‘tgan asrning 50 - yillarida qurilgan binoni, uning yaqinidagi yana bir tarixiy ob’ekt - Romanovlar saroyi bilan birga saqlab qolish haqida xulosa bergan.
“Ikkala binoda ham bo‘lganman. Romanovlar saroyi uy muzeyiga aylantirildi. Ilmiy kengash bilan bahorda SNB binosini ham ko‘rdik. Madaniy meros ro‘yxatidan chiqarmaslik va muzeyga aylantirish bo‘yicha xulosa berilgan edi”, dedi ismini sir saqlab gaplashgan sobiq mulozim.
Mulozim MXX eski binosi qay asosda madaniy meros ro‘yxatidan chiqarilganiyu sotilganidan bexabarligini aytadi. Ammo u binoning madaniy meros obyekti sifatidagi ahamiyatiga shubha qilmaydi.
“SNB binosining Buyuk Turon ko‘chasida joylashgan eski qismi 1950 - yilda qurilgan. O‘zida sovet klassitsizmi uslubining eng yaxshi an’analarini aks ettirgan. Binoda ustunlardan, bezaklardan unumli foydalanilgan. O‘zida ulug‘vorlik va dabdaba mujassam, mustahkam va go‘zal bino. Aslida sovet davridan beri madaniy meros ro‘yxatida. Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 4 - oktabrdagi 846-sonli qarori bilan madaniy meros milliy ro‘yxatidan joy olgan”.
Sirli “savdo g‘olibi”
Toshkentning Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) hujjatlarida “Markaziy bino” deb nomlangan sobiq MXX binosi joylashgan yer uchastkasining umumiy maydoni 2,2 gektarga teng.
Bino va inshootlarning maydoni 40 ming 243 kv.m, unda kommunikatsiya tarmoqlari - suv, gaz, elektr, issiqlik tarmoqlari mavjud. DABA bu binoning sotuvga qo‘yilgani haqida shu yilning 10 - aprelida xabar bergan edi.
Shu yilning 17 - iyun kuni agentlik MXX eski binosi sotilganini qisqagina qildi, boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi:
“Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi manzilida joylashgan sobiq “Markaziy bino” bo‘yicha 210,0 milliard so‘m sotib olish narxi bilan – “METROPOL GROUP” MChJ savdo g‘olibi, deb topildi”.
Reestr hujjatiga ko‘ra, Toshkent markazidagi binoni 210,0 mlrd. so‘mga (qariyb 20 million AQSh dollari) sotib olgan METROPOL GROUP MChJ shu yilning fevral oyida ro‘yxatga olingan shirkatdir. contenteditable="true" src="https://d32dl1gkb8k4sf.cloudfront.net/caab0000-0aff-0242-5a80-08d9b4c70f08_w268_r0_.png" title="This is just placeholder, it will be replaced on public site." />Doniyor Komilovga tegishli shirkatning reestr qaydi
Faoliyat turi tijorat faoliyati va menejment bo‘yicha konsalting, ta’sischisi - Doniyor Abdulazizovich Komilov, rahbari Yakushevich Georgiy Igorevich.
Ustav kapitali 5 milliard so‘mni tashkil qilgan shirkat ulushiga to‘liq Doniyor Komilov egalik qiladi. Ozodlik tasarrufidagi ma’lumotlarga ko‘ra, D. Komilov O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘lidir.
Rossiya fuqarosi bo‘lgan D. Komilov, kichik tadbirkorlik subyekti sifatida qayd etilgan shirkatni O‘zbekistonda ochgan sana bilan davlat aktividagi madaniy meros ko‘rilgan binoni sotib olishigacha bo‘lgan muddat atigi 4 oyga yaqin. Shirkat ustav kapitali 5 milliard so‘m, sotib olingan bino qiymati esa 210 milliard so‘m.
Hozirgacha DABA hamda METROPOL GROUP MChJ bu “oldi-berdi”ni hech bir shaklda izohlagani yo‘q.
Vazirning ishbilarmon o‘g‘li
Rusprofile bazasida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Doniyor Komilov Rossiyada “Selena” va “KTS” kompaniyalari ta’sischisidir.
“Selena” MChJ 2016 - yil oktabrda Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan, qimmatli qog‘ozlar sohasida faoliyat yuritadigan shirkat. “KTS” shirkati esa, oradan 2 yil o‘tib, 2018 - yil oktarbda Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan, moliyaviy sohada xizmat ko‘rsatuvchi shirkatdir.
Bundan tashqari, D. Komilov 2010–2014 - yillarda Gazprombankka qarashli “Upravlyayushchaya kompaniya-Strategicheskie aktivi” yopiq aksiyadorlik kompaniyasini boshqargan. 2015-2016 - yillarda “Uralmashzavod” direktorlar kengashi a’zosi ham bo‘lgan.
2018 - yilda esa “O‘zbekko‘mir” AJ hukumat qarori bilan, Doniyor Komilovning Rossiyadagi “Selena” va “KTS” kompaniyalarida bosh direktor sifatida keltirilgan Nikolay Yemelyanov nomiga ochilgan “ProgressGorTex” MChJga ishonchli boshqaruviga berilgan. Ammo 2019 - yilga kelib, prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarordan voz kechgan edi.
O‘tmishda Abdulaziz Komilov bilan birga ishlagan va uning o‘g‘li Doniyor Komilovning Rossiyadagi biznesini yaxshi bilgan sobiq hukumat mulozimiga ko‘ra, ko‘mir konini sotib olish qaroridan prezident emas, balki Rossiyadagi biznes hamkorlar voz kechgan bo‘lishi ehtimoli katta.
“U ko‘mir koni biznesi juda charchagan, u yerdan katta daromad ko‘rish mumkin emas. Ramatov boshqaruvi paytida ko‘mir koni shaxtalari, kraterlari juda nochor ahvolga kelib bo‘lgan. Shuning uchun bular keyin O‘zbekistonda shirkatlar ochib, davlat aktivlarini arzimagan pulga sotib olish biznesiga o‘tdi”.
Sobiq mulozim iddaosiga ko‘ra, D. Komilov Toshkentda yaqinda ochgan shirkat ortida asli o‘zbekistonlik milliarderlardan biri turadi va bunaqa biznes hamkorlik O‘zbekistonda uzoq yillar tashqi siyosatga ma’sul bo‘lib kelgan Abdulaziz Komilovning aloqalari ustiga qurilgan.
“Doniyorning Rossiyaga kelib joylashishi, Gazprombankdan ish topishi va bankning O‘zbekistonga oid sektorini boshqarishi - bularning hammasi otasining dastagi bilan bo‘lgan”, deydi ismini sir saqlab gaplashgan sobiq mulozim.
Avvaldan kelishilgan savdo
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 - yilning oktabrida “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan.
Mazkur farmonda “3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati to‘liq o‘rganilgani” va “davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish”ga qaror qilingani aytilgan.
Farmonda 500 ga yaqin korxona va tashkilot hamda davlat aktividagi 15 ta ko‘chmas mulkni xususiy sektorga sotish ko‘zda tutilgandi.
Xususan, MXX binosini sotib oluvchidan kelgusida ofis, savdo, savdo-ko‘ngilochar, madaniy-xordiq, sport, turistik va boshqa xizmatlar ko‘rsatish faoliyati yo‘nalishlaridan biri yoki bir nechtasini amalga oshirilishi talab etilishi aytilgan.
O‘zbekiston hukumatining shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan yana bir sobiq mulozimiga ko‘ra, prezident farmoni chiqishidan bir necha oy o‘tib, Toshkentda METROPOL GROUP MChJ shirkatining uncha katta bo‘lmagan ustav fondi bilan ochilishi - Toshkentdagi yerlaru mulklarni oligarxlarga arzimagan pulga sotish sxemasining ochiq ko‘rinib turgan modelidir:
“Toshkent markazidagi shirin luqmalarni arzimagan pulga sotib olishning oddiygina sxemasi bu. Buni hamma biladi va prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi shu sxemani qo‘llayapti, afsuski. Tashqaridan puldorlarimiz kelib, sarmoya kiritsin, degan bo‘m-bo‘sh gaplar bilan. Bu kelayotganlarning hammasi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan sherik bo‘lib, “lyubaya biznes xorosha” qabilida ish qilyapti. Markazdagi yerlarni arzimagan pulga sotib olib, mehmonxonalarni qurib yotibdi yoki bo‘lib, katta pulga sotyapti”.
Bunday sxemalar haqida Ozodlik avval ham yozgan, qator surishtiruvlar o‘tkazgan. Ammo rasmiylar bu boradagi savollarni muttasil javobsiz qoldirib keladi.
"Milliy falokat"
“Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi, mamlakatda 12000 ta deb ro‘yxatga olingan madaniy meros obyektlaridan hozirgi kunda 9000 ga yaqini qolganini bildirgan.
Ozodlik bilan gaplashgan san’atshunoslar, madaniy meros obyekti sifatida yaxshi saqlangan binolar va yer uchastkalarini turli sabablar bilan ro‘yxatdan chiqarib-sotish va shuningdek, tarixiy binolarni savodsizlarcha ta’mirlashga urinib, ularga zarar yetkazish muttasil davom etayotganidan jiddiy xavotir bildirmoqda.
Joriy yilning 7 - aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Madaniyat vazirligidagi eng katta tashkilot - Madaniy meros agentligi yangi tashkil qilingan Turizm va sport vazirligiga o‘tkazilgan edi.
O‘zbekiston turizm va sport vazirligi huzurida yangi tuzilgan Madaniy meros agentligining 21 - iyun kuni bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ilishida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov departamentning so‘nggi yillardagi restavratsiya faoliyatini “milliy falokat” deb atagan edi.
Buxorodagi Sitorai Mohi Xossa saroyini ta’mir qilish davomida qadimiy naqshlarni vayron qilgan Madaniy meros restavratsiya guruhi ustidan jinoyat ishi ochilgani haqida Ozodlik xabar bergan.
Bundan tashqari, Xivaning “Tosh hovli” majmuasida olib borilgan restavratsiya ham “o‘ta malakasiz”, deb tanqid qilingan. Ozodlik “Tosh hovli” majmuasida olib borilgan restavratsiya oqibatida qadimiy naqshu nigorlar vayron qilingani haqida mutaxassislarning xavotirlari aks etgan videolavhalarni e’lon qilgan edi.
Bu reportaj efirga uzatilganidan bir necha kun o‘tib, Xorazm viloyat prokuraturasi YuNESKO himoyasidagi tarixiy obida - Xiva "Ichan qal’a" muzey-qo‘riqxonasidagi Tosh hovli saroyining qadimiy devori qonunga xilof ravishda olib borilayotgan ta’mirlash-tiklash ishlari oqibatida buzilgani yuzasidan kuni jinoyat ishi ochilgan edi.
O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida prezidentning besh tashabbusini taqdim qilganidan ikki yil o‘tib, bu yerdagi 4-asrga oid arxeologik yodgorlik ustiga qurilgan yoshlar majmuasi vayronaga aylandi.
Aholi orasida Muxtepa yoki Ajdartepa deb ham nomlanadigan bu qadimiy shaharni 2019 - yilda kim vayron qilganligini Bo‘ka tumani sud va prokuratura xodimlari tekshirgan, sudi qaroriga ko‘ra, qadimiy shaharga 239 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.