Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:26

Majburiy a’zolik. Mirziyoyev yana "O‘zLiDeP"dan prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin


 2016 - yilgi prezidentlik saylovida "O‘zLiDeP" Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgandi.
2016 - yilgi prezidentlik saylovida "O‘zLiDeP" Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgandi.

O‘zbekistonda oddiy ishchilardan tortib davlat xizmatchilarigacha 2016 - yilgi prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini ilgari surgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakatiO‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi - “O‘zLiDeP”ga a’zo bo‘lishga majburlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Farg‘ona, Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridan ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan zavod ishchilari, bank xodimlari va hatto hokimlik rasmiylari ham bosim va po‘pisalar bilan “O‘zLiDeP” a’zosiga aylantirilganliklari”ni aytishdi.

Ulardan partiyaga har oy eng kam ish haqining bir foizi (7 ming so‘m atrofida) miqdorida a’zolik badalini to‘lashga roziligi haqida tilxatlar olingan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lganlar ularning eng katta e’tirozi ham har oy to‘lanadigan ana shu to‘lovlar ekanini aytishdi.

“O‘zLiDeP”ning Toshkentdagi idorasi xodimi Ozodlikka joylarda partiyaga a’zolik bo‘yicha tashviqot ishlari olib borilayotganini tasdiqladi, ammo partiyaga a’zolarni jalb etish mutlaqo ixtiyoriy ekanligini ta’kidladi.

A’zolik kampaniyasi O‘zLiDep partiyasi rasmiy saytida ham e’lon qilindi.
A’zolik kampaniyasi O‘zLiDep partiyasi rasmiy saytida ham e’lon qilindi.

“Partiya Nizomi va mamlakat qonunchiligiga zid harakat”

Farg‘ona viloyatidagi davlat idoralaridan birida ishlovchi, ismi ochiqlanmasligini istagan mulozim Ozodlik bilan suhbatda "O‘zLiDeP"ga yangi a’zolarni jalb qilish partiya Nizomi va mamlakat konstitutsiyasiga zid tarzda amalga oshirilayotganini aytdi:

“Prezident saylovi arafasida “O‘zLiDeP” Farg‘ona viloyat Kengashi buyrug‘i bilan viloyatdagi hamma tuman, shaharlarda partiyaga a’zo bo‘lishga majburlash boshlandi.

Viloyat xodimlarini tumanlarga kurator qilib biriktirib xuddi partiyaga a’zo qilishni viloyat hokimi buyurgan, deb uni nomini sotib ish qilyapti.

Endi viloyatdan kurator qilingan xodimlar bizning boshimizda turib, majburiy a’zo to‘platyapti.

Biz ilojsiz soxta ma’lumot tayyorlashga majbur bo‘lyapmiz. Odamlarni majburiy a’zo qildirish adolatdanmi?

Axir, bu partiya ustaviga ham mamlakat qonunchiligiga ham zid-ku”, - deydi farg‘onalik mulozim.

“O‘zLiDeP” Farg‘ona viloyat Kengashi qarori ekani aytilayotgan hujjat.
“O‘zLiDeP” Farg‘ona viloyat Kengashi qarori ekani aytilayotgan hujjat.

“Partiyaga a’zo bo‘laveramiz, lekin har oy vznos to‘lash yoqmayapti”

Buxoro Neftni qayta ishlash zavodining Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ishchisi “O‘zLiDeP”ga e’tirozi yo‘qligi, ammo a’zolik badali o‘zlari uchun og‘irlik qilishini aytdi.

“Boshlig‘imizni o‘rtaga qo‘yib, bizni hammamizni a’zo qildirishyapti. Xohlamaganlarni ro‘yxat qilib, rahbarning stoliga qo‘yishar ekan. Bizga qolsa, xohlagan partiyaga a’zo bo‘laveramiz, lekin har oy vznos to‘lash yoqmayapti ko‘pchilikka”, - deydi buxorolik ishchi.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani tibbiyot muassasalari xodimlari ham tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga majburan a’zo qilinmoqda.

Ulardan eng kam ish haqining 1 foizi miqdorida O‘zLiDepning Samarqand viloyati Pastadrg‘om tumani Kengashi hisob raqamiga “har oy pul o‘tkazib borishga roziman” degan mazmunda tilxatlar ham olingan.

O‘z iddaosiga isbot sifatida u Ozodlikka O‘zLiDePga a’zolik va partiyaga to‘lov arizalari nusxalarini yubordi.

O‘zLiDep partiyasiga har oy eng kam ish haqining bir foizi (7 ming so‘m atrofida) miqdorida a’zolik badalini to‘lashga roziligi haqida tilxat.
O‘zLiDep partiyasiga har oy eng kam ish haqining bir foizi (7 ming so‘m atrofida) miqdorida a’zolik badalini to‘lashga roziligi haqida tilxat.

“O‘zLiDeP” Markaziy kengashining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi partiya safini kengaytirish uchun barcha viloyat va tumanlarda yangi a’zolarni jalb etish ishlari olib borilayotganini tasdiqladi.

Ayni paytda mulozim partiyaga yangi a’zolarni jalb etish mutlaqo ixtiyoriy asosda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Hozir partiya saflarini kengaytirish uchun joylarda ishlar ketyapti. Lekin hech qanaqa majburlash bo‘layotgani yo‘q, odamlarning o‘zlari istab qo‘shilyapti”.

“O‘zLiDeP” Markaziy Kengashi mulozimi partiyaga nega odamlar a’zo bo‘lishga intilayotgani va ularga partiyaga a’zolik qanday naf berishi haqidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.

Ammo partiyaning Ozodlik bilan anonim tarzda suhbatda bo‘lgan boshqa bir xodimi bu ishlar Mirziyoyev nomzodini prezidentlikka ilgari surishga tayyorgarlik ishlari bilan bog‘liqligini aytdi.

”O‘zLiDeP” bu yilgi saylovda ham Mirziyoyev nomzodini prezidentlikka ko‘rsatadi, ana shunga tayyorgarlik bo‘lyapti”, - dedi partiya xodimi.

O‘zbekistonda 1 - martdan shu yil oktabrida o‘tadigan prezident saylovlariga rasman start berilgan esa-da, hozirga qadar ro‘yxatdan o‘tgan partiyalarning birontasi o‘z nomzodini ilgari surganicha yo‘q.

"O‘zLiDeP" ustavida a’zolik yakka tartibda, ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi aytilgan.

2003 - yilda ta’sis etilgan partiyaning rasmiy saytida qancha a’zosi borligi haqida ma’lumot yo‘q.

"O‘zLiDep" 2016 - yilda O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimida bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevni o‘sha yili dekabrda o‘tkazilgan prezident saylovida prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan edi.

“7 ming so‘mlik vznosga qiynalyaptimi, demak xalq “O‘zLiDeP”ga bahosini berib qo‘yibdi”

Mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripov ham “O‘zLiDeP” a’zosi.

O‘zbekiston parlamentidagi besh siyosiy partiyaning hammasi hukumat siyosatini dastaklab keladi.

“O‘zLiDeP”ga majburan yangi a’zolarni jalb qilish kampaniyasi O‘zbekistonda ilk muxolifat partiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun imzolarni topshirgan paytda kuzatilmoqda.

7 - aprel kuni “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasining bir guruh faolari Adliya vazirligiga ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan imzolarni topshirish uchun borishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda partiya yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulovning imzolarni qabul qilayotgan vazirlik vakili bilan siyosiy munozarasi aks etgan.

Adlia vazirligiga to‘plagan imzolarini topshirish uchun borgan Allaqulov vazirlikning Avaz ismli mulozimidan "nega partiya tashkiliy qo‘mitasining 76 nafari ro‘yxatini IIV va DXXga topshirdingiz, sizlarga kim bunday huquqni berdi", deya savolga tutadi.

“Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi rahbari Adliya vazirligi mulozimidan qaysi qonun asosida o‘z partiyadoshlari ro‘yxatini kuch ishlatar tizimlariga berganini ham so‘raydi.

O‘z navbatida Adliya vazirligi mulozimi Allaqulovni provokatsiyada ayblaydi.

Xidirnazar Allaqulov 20 mingga yaqin imzo to‘plab kelganini aytar ekan "amalda shunday imzolar asosida biror bir partiya yo‘q O‘zbekistonda, shunday imzo to‘planganini isbotlab bera olasizmi?", deydi.

Xidirnazar Allaqulov.
Xidirnazar Allaqulov.

Yangi tuzilayotgan muxolifat partiyasi faollaridan Bahrom G‘oyib “O‘zLiDeP”ga odamlar a’zolikka majburlanayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirarkan, “7 ming so‘mlik vznos to‘lashga qiynalyaptimi, demak xalq “O‘zLiDeP”ga o‘zini bahosini berib qo‘yibdi”, - deb aytdi.

5 - aprel kuni O‘zbekistonning 30 yillik mustaqillik tarixida prezident saylovlarida ishtirok etgan yagona muxolifat partiyasi "Erk" oktabr oyidagi saylovlarda prezidentlikka nomzodini ilgari surish rejasini e’lon qildi.

"Qariyb 30 yildir tazyiq va ta’qiblar ostida faoliyatini davom ettirib kelayotgan va 1991 - yil O‘zbekiston Adliya Vazirligidan qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan mamlakat tarixidagi ilk mustaqil partiya – O‘zbekiston “Erk” Demokratik Partiyasi ham yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surishga qaror qildi",deyiladi 5 - aprel kuni partiyaning uzerk.org veb-saytida e’lon qilingan.

Bayonotda, "amaldagi hukumatning yangi qurilayotgan partiyalar ro‘yxatga olinishiga to‘sqinlik qilayotgani va ularga qarshi zo‘ravonlik ishlatilib, Konstitutsion huquqlarini toptayotgani" qoralangan.

O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘tgan yil yanvarida "Erk" demokratik partiyasi faollarining partiya faoliyatiga izn berishni so‘rab qilgan murojaatini rad etgan edi.

2020 - yil 10 - yanvarida "Erk" partiyasi faollaridan bir guruhini qabul qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, ularning Ozodlikka aytishicha, "bu partiya tarixda qoldi" deya uqtirishga uringan.

"Erk"chilar fikricha, partiya nizomi 1991 - yilning sentabrida rasman qayd etilgan va u bekor qilingan emas.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovlarida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kiradimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

O‘zbekiston parlamentidagi mavjud beshta partiyaning hammasi hukumatparast partiyalardir. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga ko‘ra, aynan shu partiyalarning rahbarlari prezident saylovlarida amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG