Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:33

Mirziyoyevning ma’naviyatga bag‘ishlangan yig‘ilishidan so‘ng yana bir turk seriali efirdan olindi


"Qanotsiz qushlar" seriali Sevimli TV efiridan olib tashlandi
"Qanotsiz qushlar" seriali Sevimli TV efiridan olib tashlandi

Sevimli TV kanali Turkiyaning bir yarim yildan beri namoyish qilib kelingan “Qanotsiz qushlar” seriali namoyishini to‘xtatib qo‘ydi.

Telekanal rahbariyati buni “efir setkasidagi o‘zgarishlar” bilan izohlamoqda.

19 - yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan selektor majlisida ba’zi telekanallar efir setkasida xorijiy kino va seriallarning ulushi ko‘proq ekani tanqid qilingandi. Yig‘ilishda "ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish" haqida so‘z borgan.

Sevimli TV kino tahririyati xodimining Ozodlikka aytishicha, ana shu majlisda aytilgan tanqidlardan so‘ng, kanal efir setkasi tubdan o‘zgartirilib, xorijiy seriallar o‘rnini milliy seriallar bilan to‘ldirishga kirishilgan.

"Sevimli TV kanali “Qanotsiz qushlar” (Kanatsiz kuşlar) turk seriali namoyishini 29 - yanvardan to‘xtatishini e’lon qildi.

Ushbu serial Sevimli TV kanali orqali 2019 - yilning iyunidan beri namoyish qilib kelinayotgan edi.

Bir yarim yil ichida o‘zbek tomoshabinlari serialning 91 qismini tomosha qilishga ulgurdi.

Sevimli TV kanali Instagram sahifasida "Qanotsiz qushlar" efirdan olingani haqidagi xabar ostidagi izohlardan serialni efirdan olish qarori aksar tomoshabinlarning hafsalasini pir qilganini ko‘rish mumkin.

"Oxiriga yetib qolganda, birdaniga to‘xtatib qo‘yishi bizga yoqmayapti. Mening buvijonim bilan bobojonim shu serialning vaqtini bilib, televizor oldiga o‘tirib olardilar, hozir serial boshlanadi, deb. Shu keksalarning hurmati uchun ham oxirigacha ko‘rsatishsa bo‘lardi. "Istanbullik kelin"da ham shunday bo‘lgandi", - deb yozdi tomoshabinlardan biri.

"Qanotsiz qushlar" turk seriali O‘zbekistonda o‘z tomoshabinlarini topgan va katta qiziqish bilan kutib olingan.
"Qanotsiz qushlar" turk seriali O‘zbekistonda o‘z tomoshabinlarini topgan va katta qiziqish bilan kutib olingan.

28 - yanvar kuni Ozodlik bog‘langan Sevimli TV kanalining o‘zini tanishtirmagan xodimi serial namoyishi to‘xtatilishini “efir setkasini yangilash” bilan izohladi.

“O‘zimizning o‘zbek seriallariga ko‘proq o‘rin beriladigan bo‘ldi. Shu sabab hozir “Qanotsiz qushlarga”ga setkada joy yo‘qolib qoldi. Lekin tomoshabinlarimiz bu filmni Internetda tomosha qilishlari mumkin", -dedi telekanal xodimi.

Ayni paytda Sevimli TV kanali kino tahririyatining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan boshqa xodimiga ko‘ra, “Qanotsiz qushlar” 19 - yanvar kungi hukumat majlisidagi tanqidlardan so‘ng efirdan olinayotganiga e’tibor qaratdi.

“O‘sha majlisdan so‘ng "olib tashlanglar", deyildi. O‘rniga o‘zimizning mentalitetimizga to‘g‘ri keladigan filmlarni qo‘yinglar, deb aytildi. Hozir mahallaning roli haqida “Ona zamin” degan serialni ishlashga kirishilgan. O‘ttiz seriyali film. Bundan tashqari, yana uchta o‘zbek seriali tayyor bo‘lib qolgan, shular qo‘yiladi", - dedi Sevimli TV kanali xodimi.

Turkiyaning "Koliba film"studiyasi suratga olgan “Qanotsiz qushlar” seriali erta yoshda otasidan judo bo‘lgan va hayotda qolish uchun tinimsiz kurashayotgan to‘rt opa-singil hamda ular uchun turli qiyinchiliklarga dosh bergan yosh va chiroyli onaning dramatik hayot hikoyasini tasvirlaydi.

Turkiyaning ATV kanali bu serialni bir yil oldin namoyish qilgan va kinokartina eng ko‘p tomoshabin yiqqan filmlardan biriga aylangandi.

"Turk seriallari Mirziyoyev iqtidoridan oldin butkul taqiqda edi, 4 yil tanaffusdan so‘ng o‘zbek kanallarida ularning quyoshi yana botyapti. Texnik va syujet jihatidan dunyoda etakchi o‘rinlarda turuvchi turk seriallari o‘rnini sifat va mazmun bo‘yicha juda past darajadagi o‘zbek seriallariga bo‘shatish buyrug‘i tepadan tushgani aytilmoqda", - deb yozdi Instagram sahifasida mahalliy blogerlardan biri.

Ba’zi ulamolar ham norozi

O‘zbekistonda ba’zi Islom dini ulamolari ham turk seriallariga qarshi chiqishgan.

Turk seriallari atrofidagi bahsga yangi jihat qo‘shgan toshkentlik imom Rahmatulloh Sayfutdinov:

“Turk seriallaridagi chiroyli yigitlarni tasavvur qilyapti ayollar, qizlar. “Tush ko‘ribman, tushimda falonchi aktyorni ko‘ribman”, degan gaplar ijtimoiy tarmoqqa kiring¸ to‘lib yotibdi. Eri bor xotin shularning rasmini olib yuradi, turk seriallaridagi aktyorlarni rasmlarini ko‘tarib yuribdi. Tasavvur qilsa nima bo‘ladi, ana shunday holatda "havorang" bolalar tug‘iladi, sababi ayolning tasavvurida boshqa erkak bo‘lyapti. U jimo vaqti, to‘shak vaqtida ikki kishi emas, uch kishi jimo qilayotganday bo‘ladi. Xuddi shunday erkaklar ham ayollar bilan jimo qilayotganda bu narsa lesbiyanka degan balolarni keltirib chiqaradi”, - degan edi Toshkentning Yunusobod tumanidagi "Mirza Yusuf" jome’ masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov 2018 - yilning 2 - mart kuni qilgan juma va’zida.

"Sevimli" telekanalida o‘tgan yil sentabr oyida namoyish etilgan "Gunesh (Quyosh-tahr.) qizlari" turk serialida kalta ishton kiygan qizlarning oyoqlari xiralashtirilgani bahsu-munozaraga sabab bo‘ldi.

Telekanal tahririyati ochiq kiyingan serial qahramonlarining tana qismlari muharrirlar tomonidan xiralashtirilganini tan olgandi.

Lekin kadrlarni xiralashtirish bo‘yicha davlat tomonidan hech qanday talab yoki yo‘l-yo‘riq bo‘lmagani bildirgan: "Agar ochiq kiyimlar tufayli e’tirozlar bo‘lsa, bunday hollarda biroz kiyimlarni yopishga harakat qilamiz. Ayrim hollarda kino yoki serialning mazmuniga ta’sir ko‘rsatmasa, bunday kadrlarni to‘liq olib ham tashlashimiz mumkin", — deya bildirgan telekanal rahbari muovini Qahramon Saidaliyev mahalliy jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Ayni paytda o‘zbek tomoshabinlari o‘z mamlakati aktyorlari suratga tushayotgan "Qurilish: Usmon" serialini ham Internetdagi boshqa kanallar orqali tomosha qilishga majbur bo‘lmoqda.

O‘zbekistonlik taniqli aktyor Ma’ruf Otajonov turk kino yulduzi Burak O‘zchivit bilan birgalikda ushbu tarixiy serialda mo‘g‘ul imperatori Geyhatu rolini ijro etmoqda.

Turk seriallariga taqiq

O‘zbekiston telekanallarida turk seriallarining efirdan olib tashlanishi birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q.

O‘tgan yil yozida "Poytaxt Abdulhamid" tarixiy serialining efirdan olinishi tomoshabinlar noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Bundan oldin Sevimli TV kanali "tepadan kelgan ko‘rsatma bo‘yicha" “Chuqur” turk seriali namoyishini to‘xtatib qo‘ygan.

Serialda jangovar sahnalar ko‘pligi uning to‘xtatilishiga sabab bo‘lgani aytilgandi.

Bir yil avval esa, ZO’R TV kanali turk kinoijodkorlari suratga olgan “Sevgi iztirobi” seriali namoyishini to‘xtatdi.

Ayni serial dastlab 2018 - yilning 16 - fevralida Bosh vazir tarafidan to‘xtatib qo‘yilgani aytilgan edi. Ikkinchi bor ham aynan bosh vazir e’tirozi sabab serial to‘xtatilgani bildirildi.

Bosh vazir tanqididan oldin ijtimoiy tarmoqlarda serial islomiy ahloq normalariga zid ekani tanqid qilingan va .serialga ovoz bergan aktyorlarga tahdidlar bo‘lgani aytilgandi.

O‘zbekistonda namoyishi ikkinchi marta to‘xtatilgan “Sevgi iztiroblari” filmi Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligining Telegram kanalida qoralangan.

2018 - yilda ZO’R TV kanali namoyish qilgan “Hovli” turk seriali ham islomiy axloq normalariga zid, deya to‘xtatilgandi.

O‘tmishda turk seriallariga taqiq Islom Karimov boshqaruvining Turkiya bilan murakkab munosabatlari bilan tushuntirilgan. Turkiya bilan yaqin siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlar o‘rnatishga harakat qilayotgan Mirziyoyev ma’muriyatining xorijiy, xususan turk seriallari borasidagi qarori ortida siyosiy sabab bor yoki yo‘qligi ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG