Propan narxini sun’iy oshirish bilan bog‘liq o‘yinlar davom etmoqda
Antimonopoliya organi esa hech narsa bo‘lmaganday, o‘zbekistonliklarni talash bo‘yicha bu jirkanch harakatlar ularga aloqador emasdek, sukut saqlashni ma’qul deb bilmoqda.
Narxlar sun’iy ravishda, kelishilgan va til biriktirilgan holda oshirilayotganini ko‘rishingiz uchun, o‘tgan haftada qanaqa manipulyatsiyalar amalga oshirilganini qisqa tushuntiramiz.
22-oktyabr kuni birjaga 892 tonna, ya’ni avvalgi kundan 561 tonna kam propan chiqarilgan. Natijada o‘rtacha narxlar 430.3 ming so‘mga irg‘igan.
Ertasi va indiniga birjaga chiqarilgan propan hajmi biroz oshirilgan va narxlar go‘yoki barqarorlashgandek bo‘lgan.
Lekin juma kuni yana birjaga chiqarilgan hajm 145 tonnaga qisqartirilgan va narxlar yana sakragan va tonnasiga 9 362,8 ming so‘mga chiqqan. Bu shonli energetiklar qanoti ostidagi bir to‘p oligarxlar tomonidan propan o‘yinlari boshlangandan beri yangi absolyut rekord narx.
Siz o‘ylashingiz mumkin, faqat o‘tgan hafta shunday bo‘lgandir deb. Har hafta shunday metodichka qo‘llaniladi. Hajm keskin qisqartiriladi, narx oshiriladi. Bir ikki kun hajm oshiriladi va narx tushirilib. barqarorlashtirilgandek aldamchi kartina hosil qilinadi. Lekin narx oshirilishi bo‘yicha umumiy maqsadli tendensiya o‘zgarmaydi. Masalan, o‘tgan hafta tushish va chiqishlar bilan propan narxi 7%ga yoki 610,5 ming so‘mga qimmatlagan.
Bu shoxobchalarda yaqin kunlarda propan yana 400-500 so‘mga, 8 000 so‘mgacha qimmatlaydi degani. Sovetcha OBXSS roliga kirganlar, aslida oligarxlarning sheriklari tepadagi qaroqchi muttahamlar qolib, yana shoxobchalarda tadbirlar boshlab qolishsa, hayron bo‘lmaysiz.
Shonli energetiklar o‘zbekistonliklar uchun do‘st emasmi?
Qaysi sog‘lom aql harorat nolga yaqinlashgan ayozli kunlarda qishga tayyorgarlik ko‘rish bahonasi bilan butun boshli tumanda gazni o‘chiradi?
Xo‘p, yozgi diafragramani qishgisiga almashtirishmoqchi ekansizlar, shu paytgacha, masalan, o‘tgan hafta, harorat 20dan yuqori kunlarda nima qildinglar? Nega aynan kuzning eng sovuq kunini tanladinglar?
Xo‘p, mayli ulgurmadi, deb yaxshi gumon qilsak, shu ishni masalan, harorat 20 darajadan yuqoriga ko‘tariladigan shanba yo yakshanbaga qoldirsa bo‘lmasmidi?
Sizlar do‘stmisizlar o‘zi? Kimga do‘stsizlar?
Shonli energetiklar o‘zgacha aql egalari
Ertaga, butun boshli tumanda gaz o‘chirilishi bu hali holva. Kuzning eng sovuq kunida gazga qo‘shib, shonli energetiklar svetni ham o‘chirishadigan bo‘layapti (svet bo‘lmasa, suv ham bo‘lmaydi).
Bu shonli energetiklarning o‘zbekistonliklar ustidan sado-mazoxistik tajribasi emas, ularning aqli shunday. O‘zgacha. Anomal.
Ko‘p bora ta’kidlaganimizdek, o‘zbek energetikasining muammosi anomal qish, anomal kuz, anomal yoz, anomal bahor yo anomal yog‘inlar emas, anomal energetiklar. Ular almashmaguncha, ochig‘ini ayta qolay, sehrgar ustozlaridan tortib yugurdak shogirdlarigacha daf bo‘lmaguncha, anomallik saqlanib qolaveradi.
Otabek Bakirov
Iqtisodchi, bloger
Telegramdagi Bakiroo kanalidan olindi. (Imlo o‘zgarishsiz qoldirildi)
Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtayi nazari tahririyat nuqtayi nazarini aks ettirmaydi.