Qozog‘istonda tartibsizliklar boshlanganidan beri mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qayerdaligi noma’lum bo‘lib turibdi.
Rossiya OAVlari yozishicha, Nazarboyev Qirg‘iziston orqali Birlashgan Arab Amirliklariga uchib ketgan. Qirg‘iziston rasmiylari ushbu ma’lumotni tasdiqlashgani yo‘q, ammo inkor ham etishmayapti. Ayni chog‘da Ozodlikning qirg‘iz xizmati manbalari Olmaotada vaziyat keskinlashgan paytda Nazarboyevning ukasi Bo‘lat oilasini olib, Qirg‘iziston orqali chet elga chiqib ketganini tasdiqlashdi.
Nazarboyevlardan faqat bir kishi “sado berdi”: sobiq prezidentning kenja qizi Aliya Instagram’da qisqagina xabar qoldirib, ko‘p o‘tmay o‘chirib tashladi. OAVlar, uning profili geolokatsiyasi orqali xabar BAA hududidan yozilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
O‘z navbatida Rossiya matbuoti Nursulton Nazarboyev Qirg‘iziston orqali BAAga uchib ketgani haqida yozdi. Xususan, “Moskovskiy komsomolets” gazetasi xabaricha, Olmaota voqealari arafasida Nazarboyev ona qishlog‘i Shamalg‘anga kelgan, u yerdan esa Bishkekka yo‘l olgan.
Ushbu ma’lumot e’lon qilinganidan so‘ng Ozodlikning qozoq xizmati muxbirlari Olmaota yaqinidagi Shamalg‘an qishlog‘iga borishdi.
Jurnalist Nurtoy Laxanuli shamalg‘anliklar Yangi yil bayramidan so‘ng Nazarboyev qishloqqa kelgani haqida hech nima eshitishmaganini ma’lum qildi.
“Qishloq turg‘unlari va haydovchilardan so‘rab-surishtirdim: hamma “bilmaymiz”, deb javob berdi. Ehtimol javob berishni xohlashmagandir. Odatda taksi haydovchilari bunaqa gaplardan bexabar qolmaydi. Lekin ular hech nimani bilmaymiz, deyishyapti”, deydi jurnalist.
Qirg‘iz hukumati rasmiylari Nazarboyev BAAga Bishkek orqali uchgani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlashmayapti.
Biroq, o‘rtaga chiqqan yana bir ma’lumotga ko‘ra, sobiq prezidentning ukasi Bo‘lat Nazarboyev Qirg‘iziston orqali xorijga chiqib ketgan. Aniqrog‘i, ismi sir qolishini istagan bir necha qirg‘iz chegarachisi Bo‘lat Nazarboyev 5-6 kishi hamrohligida “Ak Jol” NO‘M orqali Qirg‘iziston chegarasidan o‘tganini aytishgan.
Ularni Qirg‘iziston hukumatiga yaqin odamlar kutib olishgan. Ozodlik bilan suhbatlashgan Chegara xizmati xodimlari ishdan bo‘shatishlaridan cho‘chib, ismlarini ko‘rsatmaslikni va ovozlarini yozib olmaslikni iltimos qilganlar.
6 - yanvar kuni Ozodlik Qozog‘iston fuqarolari – Bo‘lat Nazarboyev, Nursain Nazarboyeva hamda Baurjan Nurgaziulilarning pasportlari nusxalarini qo‘lga kiritdi – hujjatlarda ular Qirg‘iziston chegarasini kesib o‘tishganini tasdiqlovchi qaydlar mavjud.
Ochiq manbalarda Nursain Nazarboyeva haqida ma’lumot yo‘q. Baurjan Nurgaziuli esa Olmaotadagi “Baris” bozori mudiri hisoblanadi.
O‘sha kuni “Ak Jol” NO‘M yonida turadigan kirakash haydovchilar oynalari qoraytirilgan avtomobillar Qirg‘iziston chegarasidan o‘tganini ko‘rganlarini ma’lum qilishgan.
Qirg‘izistonga Kordaydan “Ak Jol” NO‘M orqali kelgan qozog‘istonlik faol Duman Muhamedkarim Nazarboyevning qarindoshlari o‘sha chegara maskani orqali Qirg‘izistonga kelganini odamlardan eshitganini aytdi.
“Shu yerlik turg‘unlar menga “O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik”, deyishdi. Chegarada qirg‘iz sim-kartalarini sotadigan yigitlar bor, ular Nazarboyevning yaqinlari qo‘llarida yosh bolalar bilan chegaradan o‘tishganini aytishdi. Shu gaplaringizni kameraga qarab ayting, deb iltimos qilgandim, qo‘rqib ketib, rad etishdi”, deydi faol.
Bundan tashqari, “Manas” aeroportining bir necha xodimi ularda Nazarboyevning yaqinlari Qirg‘iziston orqali Dubayga uchib ketganiga doir ma’lumot borligini bildirishgan. Afsuski, ular ham o‘z xavfsizliklarini o‘ylab ismlari oshkor etilishini xohlashmadi.
Qirg‘iziston hukumati Bo‘lat Nazarboyev Bishkek orqali uchgani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlashganicha yo‘q. Ammo u rasman inkor ham etilmayapti.
Chunonchi, Chegara xizmati mamlakatga kelganlar to‘g‘risida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Matbuot kotibasi Gulmira Borubayeva ushbu ma’lumotlar qonun bilan qo‘riqlanishini aytdi.
“Qonunchilikka ko‘ra, mamlakatimizga kelgan fuqarolarga doir ma’lumotlar maxfiy sanaladi. Bu ma’lumotni o‘sha fuqaroning o‘zi so‘ragan taqdirdagina bera olamiz. Shuningdek, ma’lumotlar sud yoki huquqni muhofaza qilish idoralarining rasmiy murojaati bo‘yicha ham taqdim etiladi”, deya izoh berdi Borubayeva.
“Manas” aeroporti vakillari esa 6 - yanvar kuni Dubaydan Bishkekka xususiy uchoq uchib kelganini tasdiqlashdi. Aeroport matbuot kotibasi Aliya Qurbonova aytishicha, ularda uchoq yo‘lovchilari haqida ma’lumot yo‘q.
“Bombardier rusumli uchoq “Manas” aeroportiga 2022 - yil 6 - yanvar kuni qo‘ndi. U Dubaydan uchib kelgan edi. Tijorat uchog‘i kimga tegishliligini bilmaymiz, reys yo‘lovchilarini ham. Bu bizning vazifamizga kirmaydi. Yana bir Bombardier uchog‘i Shimoliy Makedoniyadan kelgandi. U texnik zaruratga ko‘ra qo‘ngan. Uchoq aeroportda ekan, ichidan hech kim tushgani yo‘q”, dedi Qurbonova.
Qirg‘iziston rasmiylari Nazarboyevning qarindoshlari Bishkekdan uchib ketishgani haqidagi xabarlarni rad etishmadi, shu bilan birga tasdiqlashmadi ham.
Jogorku Kenesh deputati Doston Bekeshev Qozog‘istonning sobiq prezidenti qarindoshlari mamlakatdan Qirg‘iziston orqali chiqib ketishganini yangiliklardan bilganini, ammo unda ushbu ma’lumotni rasmiy idoralardan aniqlashtirish imkoni bo‘lmaganini aytadi.
“Bu haqda saytlarda o‘qidim. Lekin uni rasman tekshirganim yo‘q. Xohlasalar, o‘taverishsin. Biz ularning yo‘lini to‘sa olmaymiz”, deydi deputat.
68 yoshli Bo‘lat Nazarboyev – Nursulton Nazarboyevning tug‘ishgan ukasidir. Akasi iqtidorga kelganidan so‘ng u Qozog‘istonning eng nufuzli va badavlat kishilarian biriga aylangani xususida mustaqil OAVlar bir necha marta yozib chiqqan edi.
Joriy yil boshlarida Qozog‘istonda ommaviy norozilik chiqishlari o‘tkazildi. Mitingchilar dastlab suyultirilgan gaz narxini tushirishni talab qilishgan edi, ammo keyinroq siyosiy talablarni ilgari surishdi. Norozilik aksiyalari mamlakatning boshqa hududlariga ham yoyildi.
5 - yanvarda ommaviy norozilik – tartibsizliklarga aylanib ketdi va bu Olmaota va Chimkentda o‘nlab odamlar nobud bo‘lishiga olib keldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda tartibsizliklarga ishtirok etganlikda gumon qilinib 10 mingdan ziyod kishi hibsga olingan. Qurbonlar soni esa 225 kishiga yetgani ma’lum qilindi.